Berdaq

0
915
marta koʻrilgan.

(1827–1900)

 

Berdimurod Qargʻaboy oʻgʻli Berdaq Qaroqalpogʻistonning hozirgi Moʻynoq tumanida baliqchi oilasida tugʻildi. U yoshlikda ota-onasidan yetim qolib, bir burda non uchun ovulma-ovul Oʻrta Osiyo shahar va qishloqlarini kezib chiqdi. Berdaq avval ovul maktabida, keyin madrasada tahsil oldi. Lekin madrasada oʻqishni oxiriga yetkazolmay, uni tashlab ketishga majbur boʻldi. Shundan soʻng butun umrini muhtojlikda oʻtkazib, 73 yoshida vafot etdi.

Berdaqning ijodi 18-19 yoshlarida dembira chertib sheʼr aytishdan boshlandi. 25 yoshida u isteʼdodli shoir sifatida xalq orasida tanildi. Berdaqning sheʼrlari mehnatkash xalqning ogʻir hayotini aks ettirishga, Xiva xonlari va chor hukumati amaldorlarining zulmiga qarshi xalq noroziligini ifodalashga bagʻishlangan edi.

Berdaq xalq hayotini, uning ezgu orzu-istaklarini yaxshi bilgan shoir edi. Shuning uchun uning sheʼrlarida xalqparvarlik ruhi kuchli. Masalan, oʻzining “Xalq uchun” nomli sheʼrida shoir yoshlarni mehnatkash xalq uchun jonini ayamaslikka chaqiradi.

Berdaq sheʼrlarida xotin-qizlar obrazini yaratishga katta oʻrin berilgan. Berdaq “Shajara”, “Xorazm”, “Amongeldi”, “Aydoʻsbiy” va “Ahmoq podsho” dostonlarining ham muallifidir. Bu dostonlarda, xususan, “Ahmoq podsho” dostonida u zolim hukmdorlarni shafqatsiz tanqid qildi.

1961 yilda Berdaqning sheʼrlar toʻplami oʻzbek tilida bosilib chiqdi.

 

Berdaq ijodidan:

 

Boʻlgan emas

 

Dunyo yaralgandan beri

Podshoh odil boʻlgan emas,

Shoirlar qalam olganda

Xatga toʻgʻri solgan emas.

 

Inaqu bekning bollari,

Har neki yetdi qoʻllari.

Ochiq, keng edi yoʻllari,

Hech vaqt horib, tolgan emas.

 

Boʻlmadi qilgan niyatim,

Xoʻr boʻldi xalqim, himmatim,

Yigʻlay-yigʻlay oʻtdik yetim,

Yigʻlamas vaqt boʻlgan emas…

 

Bizning xalqning biylari,

Sozdir jahonda uylari,

Doim tarala kuylarim,

Toʻgʻri javob aytgan emas.

 

Mening bu aytgan chin soʻzim,

Soʻzim emas, mening oʻzim,

Yumilgancha ikki koʻzim,

Hech vaqt yoshsiz boʻlgan emas.

 

Birovlar juda zor boʻldi,

Birovlar juda xor boʻldi.

Lochinga qurgan toʻr boʻldi,

Toʻrni hech kim uzgan emas.

 

Qaragʻay emas, soʻkit boʻldim,

Qari emas, yigit boʻldim,

Togʻdan uchgan burgut boʻldim,

Qoʻnar yerim boʻlgan emas.

 

Gul boʻldimu, yayramadim,

Oqil boʻlib, oʻylamadim,

Bulbul boʻlib sayramadim,

Hodisa kam boʻlgan emas.

 

Qurgʻoq kunda yogʻin boʻldim,

Boʻron boʻldim, chaqin boʻldim,

Palak yozgan qovun boʻldim,

Betashvish kun boʻlgan emas.

 

Zolimlarning jabri oʻtdi,

Yigʻlay-yigʻlay esim ketdi,

Nega muncha shoʻrlik yetdi,

Yorugʻ kunim boʻlgan emas.

 

Qanchalar och, qanchalar toʻq,

Toʻq odamlar qaygʻusi yoʻq,

Ochlarning hech uyqusi yoʻq,

Uni toʻqlar bilgan emas.

 

Qoraqalpoq – xalq boʻlgandan,

Xalq atogʻin olgan kundan,

Haq taolo yoʻl solgandan –

Bir tenglikni olgan emas.

 

Eshonlarda muruvvat yoʻq,

Biy-biylarda adolat yoʻq,

Fuqaroda saodat yoʻq,

Xalq oʻynab-kulgan emas.

 

Ey yoronlar, sirtim butun,

Bagʻrim yonib boʻldi tutun.

Zolim oshirib oʻz haddin,

Aslo rahm qilgan emas.

 

Bu dunyo dunyo boʻlmadi,

Erkimizga hech qoʻymadi,

Dushmanning guli soʻlmadi,

Tilagim hech boʻlgan emas.

 

Bu dunyoning dardi yomon,

Quvon, boshing qolsa omon,

Tushdi boshga oxir zamon,

Inon, doʻstlar, yolgʻon emas.

 

Kundan-kunga boʻldi battar,

Har kim oʻz gʻamin tortar,

Qora tuman qachon ketar?

Soʻngan chiroq yongan emas.

 

Dunyoga keldim, ne koʻrdim,

Qaygʻu-hasratlarda yurdim,

Ado boʻlmas dilda dardim,

Hech kim nazar solgan emas.

 

Berdimurod – mening oʻzim,

Kunxoʻjani koʻrdi koʻzim,

Ojiniyozdan uqqan soʻzim,

Ular ham shod boʻlgan emas.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.