Begʻubor dunyo kuychisi

0
239
marta koʻrilgan.

Anvar Obidjon hozirgi zamon oʻzbek bolalar adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshayotgan isteʼdodli shoir, nosir. Uning ijodi 60-yillarning oʻrtalaridan boshlangan boʻlib, hozirgacha yigirmadan ortiq sheʼriy, nasriy, dramatik asarlar toʻplami nashr etilgan.

Anvar Obidjonning ijodiy yoʻliga nazar tashlar ekanmiz, 80-yillar oʻzbek bolalar adabiyotining oʻsish jarayonida uning ijodi barakali ekanini koʻramiz. Uning dastlabki sheʼrlari “Gʻuncha” jurnali sahifalarida eʼlon qilingan. Muallifning birinchi sheʼrlar toʻplami “Ona Yer” nomi bilan 1974 yilda nashr etildi. Bu davrda muallif unchalik katta hayotiy tajribaga ega boʻlmasa-da, ijodining salmoqli qismi pand-nasihatlardan iborat edi. Sheʼrlarining sodda va joʻnligi, tetapoyaligi shundaygina sezilib turardi. Badiiy shakl va mazmunda ham mutanosiblik hamishi saqlanmasligi yaqqol koʻzga tashlanardi.

Shunga qaramasdan, “Ona Yer” toʻplamida “yaxshi emas degandek shox tebratib qoʻydi bosh”, “berolmaysan endi pand, seni yeyman… xoʻrozqand” kabi original obrazlar koʻplab uchraydi. “Nafsi buzuq”, “Tayyorga ayyor”, “Suhbat”, “Non”, “Ishbuzarmon”, “Qoʻgʻirchoqlar” kabi sheʼrlari kichkintoylarni parrandalar, hayvonlar, hasharotlar olamining oʻziga xos xususiyatlari bilan tanishtiradi. Shoir tasvirda narsa-predmetlarni tashxis va intoq sheʼriy sanʼatlaridan foydalanib, ularni “soʻzlatadi”. “Tayyorga ayyor” sheʼridan misol:

 

Qoʻy boqmadim ter toʻkib,

Yedim barra qoʻzini.

 

Shoir boʻrini sodda, aniq, bolalarbop tilda soʻzlatadi. Ayni vaqtda boʻrining jirkanch xususiyati yumorga yoʻgʻrilgan, u oʻz-oʻzini fosh etadi. Sheʼr uchun qiziq syujet va kompozitsiya chizigʻi tanlangan. Shoir tasvirda narsa-predmetlarning oʻziga xos jihatlarini mos tarzda “soʻzlatish” bilangina cheklanib qolmaydi, balki bu orqali oʻzining maʼlum bir estetik kontsepsiyasini ham ifodalashi koʻzga tashlanadi. Yaʼni tasvirda narsa-predmetlarni “soʻzlatish” vositasida ularning individual xususiyatlarini tasvirlash “Masxaraboz bola”, “Juda qiziq voqea” sheʼriy toʻplamlarida rang-barang, oʻsib boruvchi poetik uslub darajasida koʻrinadi.

“Juda qiziq voqea” toʻplamiga kirgan sheʼrlarda ekin va dov-daraxtlardan “intervyu”lar olinadi, yaʼni ularni ham mohirlik bilan oʻz tilida “soʻzlatish” yetakchilik qiladi. Xuddi shu nuqtalarda shoirning yangi ijodiy topilmalar izlayotganligining guvohi boʻlamiz. “Tut” sheʼridagi tutning qalb hasratlari, dardlariga quloq tutaylik:

 

Oʻzimda turib

Ipak,

Qishda qoldim

Bekoʻylak.

 

Shoir ijodiga xos yana bir xususiyat har bir sheʼrida voqelik quvnoq ritmda ifodalanishi bilan diqqatni oʻziga tortadi. Masalan, “Bahonachilar kasalxonasi” sheʼrida voqelik quvnoq, yumoristik ritmda, sodda, hayotiy tasvirlangan:

 

Boʻri keldi inqillab,

Chivin chaqib oldi deb.

Ayiq yotar,

Olmaxon –

Yongʻoq bilan soldi deb.

 

Soʻzlarni fonetik boʻlaklarga boʻlib yuborish ham shoir uslubidagi ritm va quvnoqlikni yanada orttiradi. Shoir sheʼrlarida soʻzning faqat ohangi, maʼno qirralaridan foydalanibgina qolmay, balki uni boʻlaklarga boʻlib yuborish orqali narsa-predmetlar xususiyatlarini badiiy tasvirlaydi.

“Juda qiziq voqea” sheʼriy toʻplamidagi “Siz eshitmagan qoʻshiqlar” turkumiga kirgan sheʼrlar, “Masxaraboz bola” toʻplamiga kirgan ayrim sheʼrlarda narsa-predmetlar xususiyatlarini sheʼriy ritmga solish usuliga murojaat qilish ancha chuqurlashadi. Bu usulda shoirning mahorati takomillashib borganligi koʻzga tashlanadi. Natijada shoir anʼanaviy ritm koʻrinishlaridan foydalanib, yangi-yangi ritmik elementlarni kashf qilishga intiladi. Ular zaruratsiz, shunchaki zebi suxan uchun emas, aksincha, misrada nazarda tutgan, muhimroq ahamiyat berish lozim boʻlgan biron-bir narsa-predmet ovozining taʼsirini oshirishga, maʼno jarangini kuchaytirishga, voqea ravishi va xarakter tamoyili talabiga koʻra tabiiy holda keltiriladi. Masalan, “Egiz qoʻzilar qoʻshigʻi” sheʼrida egiz qoʻzilar ovozi quyidagicha sheʼriy ritmda ifodalanadi:

 

Serka boshliq podaga,

Asli nodon u oʻzi.

Orqasidan ermaklab

Yurar hamma qoʻy-qoʻzi,

Be-ye-e,

Ba-a-a.

 

Shoir sheʼrlarida soʻzlarning koʻp maʼnoligiga asoslanadi. Bunda u badiiy boʻyoqdorlikni kuchaytiradi. Shuni ham qayd etish joizki, soʻzlarni ritmik, fonetik boʻlaklarga boʻlish hamma vaqt ham oʻzini oqlayvermasligini unutmaslik kerak. Bu hol shoir ijodining dastlabki bosqichida yaqqol seziladi.

Quvnoqlik, yumor Anvar Obidjon ijodining tez koʻzga tashlanadigan tomonlaridan biridir. Nazarimizda, voqelikni yumoristik usulda ifodalash shoirning oʻziga xosligini tashkil etadi. Chunki, shoir xarakteridagi quvnoqlik shu uslubni taqozo qiladi. Kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, ushbu uslub shoirning sheʼriy toʻplamlaridagina emas, balki “Olovjon va uning doʻstlari”, “Ey, Yorugʻ dunyo”, “Meshpolvon”, “Qorinbotir” nomli qissa va dostonlarida ham koʻzga tashlanadi.

Shoir ijodining oʻziga xosligi soʻz tanlashda ham koʻrinadi. U soʻzlarni shunchaki illyustratsiya yoki sunʼiy bezak uchun ishlatmaydi, balki voqealardagi vaziyat taqozosi bilan tanlab-tanlab ishlatadi. Qahramon holatini, psixologiyasini, ichki dunyosini ochishda, uning nutqini individuallashtirishda soʻzlarni meʼyorida sodda, qisqa, quvnoq ritmda qoʻllaydi. Shu sababli uning har bir satri kitobxonni loqayd qoldirmaydi, uni tafakkur qilishga chorlaydi. Masalan, “Guldor pufakcha” sheʼrida soʻz qoʻllash sanʼatini kuzataylik:

 

…Havas qildi Chigirtka:

– Chir-r-roylik-ku ja!

 

Hoʻkiz aytar:

– Uy emas,

Moʻ-oʻ-jiza, qarang!

“E-ha, e-ha!, der eshak,

Boʻlib hangu mang.

 

Shuningdek, shoirning poetik mahorati voqelikni aniq, sodda, hayotiy, real obrazlarda tasvirlashda ham koʻrinadi. Masalan, “Tulki haqida qoʻshiq” sheʼrida tulki xarakteriga xos xususiyatlar shunchalar aniq, tabiiy, haqqoniy tasvirlanganligi bilan diqqatni tortadi:

 

Uzun dumi supurgidir,

Tunda kelar “shipir-shipir”

Tulki xola –

Kulki xola.

 

Yoqtirgani malla xoʻroz,

Qargʻani ham xushlar biroz

Tulki xola –

Kulki xola.

 

Quyonchani quvlab qolar,

Tutolmasa uvlab qolar

Tulki xola –

Kulki xola.

 

Muallif tulki ruhiyatidagi qaysarlikni ortiqcha boʻyoqlarsiz haqqoniy koʻrsata olgan. Tasvirda muallif achchiq istehzo bilan kulayotganini oʻquvchi sezib turadi. Koʻz oʻngimizga hayotdagi tulkisifat odamlar keladi.

Umuman shoir ijodining keyingi yillarini kuzatganimizda toʻplamlardan joy olgan sheʼrlarning mavzu doirasi kengayib borganligi, “joʻgʻrofiy kattalikni” tashkil qilganligi bilan eʼtiborni tortadi.

Birinchidan, shaklda rang-baranglik koʻzga tashlanadi. Ikkinchidan, shoir obrazli tasvir yoʻli bilan bolalarni narsa-predmetlar tabiati, ichki dunyosi bilan oʻzlarini “soʻzlatish” orqali bolalarga tanishtiradi. Bu uslub shoir sheʼrlarining badiiy boʻyoqdorligi va taʼsirchanligini yanada oshirgan. Har bir sheʼrida bolalarga mos obrazli ifodalar, badiiy detal topishi, uni bola tushunchasiga muvofiq suratda tasvirlash uslubi tadrijiy takomillasha boradi.

Shoir ijodida inson va tabiat munosabati mavzusi ancha keng oʻrin egallaydi. Tasvirda narsa-predmetlar xususiyatini quvnoq sheʼriy ritmga solish, ularni oʻz tilida “soʻzlatish” vositalari orqali oʻquvchilarni tabiatning sirli olami bilan tanishtirishga erishadi. Bu hozirgi zamon bolalar sheʼriyatida kam ishlatilgan poetik uslubdir. Tabir joiz boʻlsa, Anvar Obidjonning hozirgi zamon sheʼriyatidagi yangicha milliy tafakkur yoʻnalishlarini ushbu uslubdan qidirmoq oʻrinlidir.

 

Xoʻjamurod MIRHAYDAROV,

GulDU qoshidagi akademik litsey oʻqituvchisi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.