Badiiy tafakkurdagi yangilanish va evrilishlar

0
2074
marta koʻrilgan.

Istiqlol davri qissachiligi XX asr oʻzbek nasri erishgan yutuqlar taʼsirida, ayni chogʻda zamonaviy jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan tutash holda rivojlanmoqda. Natijada jahon adabiyotining ilgʻor tamoyillari oʻzbek adabiyotida, xususan, qissachilikda ham namoyon boʻlmoqda. Oʻtgan asrning saksoninchi yillaridayoq ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotda yuz bera boshlagan demokratik yangilanishlar badiiy tafakkurda ham oʻz aks-sadosini bera boshladi. Bu davrda shoʻro davridan farq qiluvchi yangicha badiiy-estetik idealni aks ettiruvchi asarlar yaratila boshlandi. “Oydinda yurgan odamlar”, “Ot kishnagan oqshom”, “Shoʻrodan qolgan odamlar”, “Momo yer qoʻshigʻi”, “Qora kitob”, “Eski arava” singari qator qissalarda ana shunday yangilanish tamoyillarini his qilamiz. Ayni xususiyatlar XX asrning soʻnggi choragidan boshlangan milliy tafakkur rivojidagi yangilanish jarayonlari bilan chambarchas bogʻliq holda sodir boʻldi.

Aytish joizki, qissachilikda poetik izlanishlar istiqlol davrida yanada kengroq namoyon boʻla boshladi. Insonni ijtimoiy hayotning bir namoyandasi sifatida emas, balki oʻziga xos boʻlgan maʼnaviy olam egasi sifatida kashf etishga eʼtibor kuchaydi. Bunda realistik tasvir bilan birga yangi-yangi tasvir usullariga, jumladan tasvirda shartlilikka, ramziylikka katta eʼtibor berila boshlandi. Isteʼdodli yozuvchi Sobir Oʻnarning “Chambilbelning oydalasi” qissasi ham ana shu jihatdan xarakterlidir.

Qissada oʻz eʼtiqodida sobitlik, oʻktamlik, oriyat tuygʻusi bilan yashash umrining mazmuniga aylangan Otaqul Qirgʻiy obrazi bosh qahramon. Asar voqealari qishloqda roʻy beradi. Yozuvchi Qirgʻiy obraziga xos yetakchi xususiyatlarni kitobxonga qissa boshidanoq tanitadi.

Asarda choʻrtkesar, Qirgʻiy laqabiga monand tinib-tinchimas, ot ustida qirgʻiymisol tik oʻtirib, yeldirib, ne-ne manzillarni zumda kezib chiquvchi, oʻziga xos feʼl-atvor egasi sifatida tasvirlangan bu cholni el ham oʻziga yarasha suyar edi. Aytganini qildiradigan, soʻzi – soʻz, gʻirromligi yoʻq, nafs uchun badnom boʻladiganlardan emasligini el yaxshi bilardi. Yaxshi bilganidan uning soʻzini ikki qilmasdi. Elga oqsoqol boʻlish hazilakam ish emas. Ana shunday odam bir kechada dom-daraksiz yoʻqoladi. Sirli voqealar silsilasi ilmiy tadqiqot instituti xodimi “men”ning avariyaga uchrab oʻlishi, xotiralari, qayta tirilishi bilan bogʻliq xodisalarga ulanib ketadi. Uning “doʻsti” Adbumalik qiyofasi, institut direktori Vaqqosovichning riyokor chehrasi ortidagi tuban “olami” “men”ning xayollari orqali ochib beriladi. Doʻstining sotqinligi tufayli boshiga tushgan musibatlar Qirgʻiy bovanikiga shaklan oʻxshash edi. Uni ham ishongan hamsoyasi aldab, tunda qishloq chetiga chorlab, qul qilib sotib yuborgan. Qirgʻiy tirik murdaga aylangan, qafasda qolgan. Voqealar oqimiga endi “Goʻroʻgʻli” dostonida keltirilgan voqealar kirib keladi. Ayni shu oʻrindan boshlab qissada realistik tasvir bilan xayoliy, folklor asarlarida uchraydigan, xalq qaxramonlari tasvirlangan asarlarga xos sirli, sehrli tasvirlar, sarguzasht janriga xos boʻlgan voqea-xodisalar silsilasi uygʻunlashib ketadi. Garchi qissaning yetakchi mavzusi real voqelik bilan, hayot haqiqati bilan chambarchas bogʻlangan boʻlsa-da, uning ifodasidagi turli-tuman tasvir usullaridan foydalanish uning oʻqilishliligini, poetik yangiligini taʼminlashga xizmat qilgan. Goʻroʻgʻlining tugʻilishi, Ravshanbekning koʻr boʻlib, Shayxlar xonaqosida qolishi, Hiloloy yotgan qabrdan chiqib, echkini emib, yana goʻrga kirib gʻoyib boʻlgan bolakayni togʻasi Hasanboy ushlab, uyiga olib borishi… Bu voqealarning barchasi bir nuqtada kesishadi, yaʼni bir konsepsiya atrofiga yigʻiladi. Inson bolasi odamlar bilan tirik. Uning hayotda orttiradigan obroʻsi ham odamlar, yaʼni jamoa tufaylidir. Yolgʻizlikda, tutqunlikda Qirgʻiy bovaday odam qulga aylandi, qaddi bukildi, hayotga boʻlgan ishonchi sindi. “Men” esa hayot sinovlaridan oʻtib, “qayta tiriladi”, odamlarni suyganidan, ularga yomonlik qilolmaganidan, hatto, “raqiblari”dan oʻch olishga qasd qilolmaganidan, Chambilbel dalalaridan ruh-kuch olganidan, ona zaminga, odamlarga, yaqinlariga qattiq bogʻlanganidan, hatto “u dunyodan” qaytib keladi.

Asarda ifodalangan sinkretik tasvir – real hayotiy voqealar bilan xayoliy olam, xalq dostonlari motivlarining bu tarzda uygʻunlashib ketishi shunchaki asar shaklini, ifoda usulini yangilash niyatida qilingan emas. Ushbu tasvirlar fonida asarning maʼno-mazmuni qatida yashiringan gʻoyaviy-estetik maqsad, ijodkor ideali mujassam. Qissada insonning botiniy olami, uning nafaqat ijtimoiy, balki ruhiy olami, tiriklik mohiyati oʻz ifodasini topgan. Asardagi poetik yangilanishlar shu jihati bilan ham qimmatlidir.

Togʻay Murodning “Momo yer qoʻshigʻi” qissasida esa buning aksi, qaysiki, oʻzligidan, oʻz ona yeridan, qondoshlaridan ruhan uzoqlashib, begonaga aylangan inson taqdiri-fojeasi tasvirlangan.

Ushbu qissa adibning boshqa asarlaridan bir muncha farq qiladi. Unda real hayot hodisalari, Denov qishloqlaridagi oʻzbekona turmush tarzi, urf-odatlar, milliy oʻziga xoslik samimiyat ila chizib berilgan. Asarda shoʻro davri fojealari oʻziga xos xarakterli hodisalar tasviri orqali fosh etiladi.

Yozuvchi shoʻro armiyasida xizmat qilib kelgan serjant Orziqulov obrazi orqali milliy zamindan, millati, oʻzligi, tili, eʼtiqodidan uzoqlashib, yotlashgan inson qiyofasini gavdalantiradi. Oʻzinikilar ichida “begona-yot”ga aylangan, oʻz oilasi, yaqinlari, qishlogʻi, yurtiga begona boʻlib qolgan yigit fojeasi iztirobli tarzda ifoda qilingan boʻlib, dardli kuyday vujudimizni zabt etadi. Bu fojea sabablari oʻtgan asrning istibdod iskanjasidagi muhitiga borib taqalganligini tushunib yetamiz. Millatlarni tilidan, dinidan, oʻzligidan ayirishga xizmat qilgan siyosatning mudhish oqibatlari qanday dahshatli kechishini dildan anglab yetamiz. Asarda askarlikdan “Serjant Orziqulov” boʻlib qaytgan oʻgʻilni ota qanday qayta tarbiyalashiga guvoh boʻlamiz.

Asarning keyingi qismlarida ana shu serjantning oʻgʻli, yaʼni avlodi tasvirlanadi. Tursunqulning shaharga oʻqishga ketishi, u yerdan ajabtovur qiyofada: gʻalati kiyimlarda, sochini oʻstirib, ogʻzida papiros tishlab, palovni qoshiqda yeydigan boʻlib qaytishi tasvirlanadi. U oʻz ismi-sharifidan, oʻzligidan or qiladi. Ismini oʻzgartirib Pahlavon Daho deb ataydi. Barchadan oʻzini olib qochadi, oʻzini daho deb biladi.

Qissada shoʻro davri fojealari “Daho”ning barchadan oʻzini katta olib, begonasirab, ikki farzandi bilan ayolini, ota-onasini tashlab qishlogʻidan ketib qolishi, yillar davomida ijarada yashab, goʻyo “zoʻr sheʼrlar” bitishi, isteʼdodlarga hasad koʻzi bilan qarab, igʻvolar toʻqishi, hatto koʻz ochib koʻrgani, pokiza ayoliga ham tuhmat qilishi, bora-bora qarindosh-urugʻlaridan uzoqlashib begonalashib borishi zoʻr mahorat bilan ifoda etilgan.

Xalqimiz hayotining fojiali manzaralarini millat fojeasi tarzida badiiy ifodalash tendensiyasi 80-90 yillar oʻzbek nasrida unib oʻsdi. Chinakam isteʼdod sohiblari mafkuraviy kishan qobigʻini yorib chiqishga qodir asarlar yaratdilarki, ayni tendensiya mustaqillik davri nasrida davom etdi. Ijodkorlar qullikka, uning asoratiga qarshi isyon ruhidagi asarlari bilan tafakkurga yangilanish ruhini olib kirdilar. Togʻay Murod asarlarini ana shunday namunalar sarasi deyish mumkin.

Demak, yuqoridagi kuzatishlardan xulosa qilish mumkinki, milliy tafakkurdagi yangilanishlar taʼsirida oʻzbek qissachiligida hayot hodisalari va inson shaxsiga yondashuv tamoyillari ham oʻzgardi, yangi shakllarda namoyon boʻla boshladi. Qator qissalarda turli davrlar osha oʻzligidan, imon-eʼtiqodidan ayrilmagan, maslagiga sodiq, mard insonlar obrazlarini uchratamiz. Ayni chogʻda mafkuraviy tazyiqlar ostida “zamonasozlik”ka ruju qoʻygan, eʼtiqodidan yuz oʻgirgan, aldamchi va zoʻravon mafkura maddohiga, xizmatkoriga aylangan kimsalarga duch kelamiz. Bunday obrazlarga xos riyokorlik butun dahshati bilan tasvirlanganligiga guvoh boʻlamiz. Oʻzbek qissalarida millatning oʻziga xos tabiati, betakror olami, koʻngil kechmishlariyu tuygʻularini aks ettirishga intilish muayyan estetik tamoyilga aylanganligini, bunday ijobiy izlanishlar esa qissachilikka ham sezilarli oʻsish-oʻzgarishlar olib kirayotganligiga zamin boʻlib xizmat qilayotganligini kuzatish mumkin. Biz tahlilga tortgan asarlar nafaqat epik tafakkurni u yoki bu jihatdan yangilamoqda, balki adabiy hayotda yangi tendensiyalar, oqimlar va yoʻnalishlarning vujudga kelishiga ham negiz boʻlib xizmat qilmoqda. Natijada, ijtimoiy-maʼnaviy va badiiy estetik tafakkur taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatmoqda.

 

 

Dilobar Saydahmetova,

Nizomiy nomidagi TDPU aspiranti

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.