Badiiy-falsafiy tafakkur qirralari

0
1570
marta koʻrilgan.

Intellektual sheʼriyatning tabiati

 

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shuhratning badiiy asar, adabiy jarayon, soʻz sanʼatkorlarining shaxsiyati va isteʼdodining tabiati xususida fikr yuritilgan maqolalarida shoirona ehtiros, teran mushohadakorlik balqib turadi.

Shu jihatdan qaraganda, Shuhratning “Haqgoʻy va nekbin” maqolasi Shayxzoda ijodi misolida falsafiy sheʼriyatning muhim belgilarini koʻrsatishligi, xususiyatlarini ochib berishiga, estetik baholashga qaratilgan mohiyati bilan najib. “Shayxzoda tabiatan mulohazakor, faylasuf shoir edi. Bu narsa mavzuning tub mohiyatini ochib tashlashni, yirik masalalarni, koʻlamli mavzularni qalamga olishni taqozo etardi”. Koʻrinadiki, masala ijodkor shaxsiyatiga kelib bogʻlanyapti. Xususan, mavzuni tanlash, belgilash va unga yondashuv, chiqarilajak badiiy-estetik yoxud ijtimoiy-falsafiy xulosa-fikrlar adabiy asar tabiatini tayin etar ekan. Shayxzoda shaxsiyatini bezagan “ilmiy mulohazalarining barkamolligi, suhbatining shirinligi va koʻnglining ochiqligi” ijodining yuksak saviyasini belgilashda asosiy omillardan biri vazifasini oʻtadi. Adib Shayxzodaning tabiatan oʻta kamtarligi, fikrlari teran va ziyrakligi, chaqindek tiniq va yorqinligi singari sifatlarni alohida koʻrsatib oʻtadi. “Oʻta hozirjavob, oq koʻngil, ziyrak, fikrlari ravon, hazil-mutoyibaga doim mayli bor shoir edi. Suhbatda yengil yumor ishlatishga, kutilmagan iboralar topishga, qisqa va loʻnda fikr bildirishga harakat qilardi”.

Shuhrat ustozi Shayxzodaning shaxsiyatini ziynatlagan xususiyatlarga asosiy urgʻu berarkan, badiiy ijod davr-zamon bilan, el-yurt yumushlariyu tashvishlari bilan bogʻliq voqe boʻladi, deya tushuntiradi. Ana shu omillar adib ijodining ijtimoiy ahamiyatini tashkil qiladi. “Zamonning aniq pozitsiyasida turib eng muhim mavzularga yondashishi, oʻziga xos original, mubolagʻali tasvirlari, kutilmagan va tutilmagan qofiyalari, yangi zarbdor vaznlari” Shayxzoda sheʼriyatining badiiyati nechogʻli oʻziga xos boʻlganligi dalolatidir. Demak, soʻz sanʼatkorining ong-shuuri oʻzligini, intellektual salohiyatini tayin etayotir va shu bilan barobar, ana shu aqliy zakovatni oʻrganishga, tahlil etishga asos yaratayotir. Soʻz sanʼatkorining ong-shuuri oʻzining nechogʻli mavjudligini oshkor etarkan, shaxslik darajasi hayotiy muhit va shart-sharoit bilan koʻp jihatdan bogʻliq namoyon boʻlarkan.

Shuhrat intellektual sheʼriyatning oʻziga xos alomatlarini koʻrsatish barobarida, uch omilning chambarchas uygʻunligiga alohida diqqatni qaratadi. Xususan, isteʼdodning faolligi poetik mohiyatni belgilash barobarida, ijodiy holat mazmunini, yetakchi xususiyatlarini tajassum etadi. Bu borada, asar tili hal qiluvchi omillardan biridir. Falsafiy asar tili alohida charxlangan, tarashlangan, yonib turgan soʻzlar tizimidan tashkil topadi. Oddiy soʻzlashuv nutqi yoki publitsistik qasida yoʻsinidan keskin farq qiladi. Ijodiy gʻoya va poetik obrazlar bilan uzviy aloqadorlikda shoirning muayyan hissiy-emotsional holatini, tafakkur zakosini yoritishga qaratiladi. Shayxzodaning shaxsiyati bilan poetik zakovati uygʻun holda namoyon boʻlganligini “Mirzo Ulugʻbek”, “Jaloliddin Manguberdi” tragediyalari misolida koʻrsatadi. “Shoirning tili yuksak uslubdagi adabiy til. Unda maʼlum darajada ulugʻvorlik, tantanavorlik bor. Bu til uning falsafiy sheʼrlariga juda monand, katta, keng, chuqur masalalarni koʻtarishga qoʻl keladi. Nazarimda, shoir ijodiy tabiatidagi bu oʻziga xoslik tarixning katta qatlamlarini koʻtarishda unga yordam berganligi, shubhasiz. “Jaloliddin Manguberdi” va “Mirzo Ulugʻbek” tragediyalarining koʻpchilik qahramonlari bilimli kishilar, ular chuqur mulohaza yuritadilar, zamon va tarixga, hayotning katta masalalariga munosabat bildiradilar”.

Falsafiy asar hayot, jamiyat, odamlar va taqdirlar toʻgʻrisida fikrlar ekan, badiiy idrok va ifoda madaniyati ham shunga monand kechadi. Teran mushohadakorlik har bir soʻzning zamiriga choʻgʻ solib nurlantiradi. Shuhrat yuqorida qayd etilgan maqolasida Shayxzoda tragediyalarining badiiy-estetik xususiyatlariga, yaratilish tarixiga, poetik tili va obrazlari psixologiyasiga oid qimmatli kuzatishlarini aytadi: “… U Jaloliddin yoki Ulugʻbek hayotini yozmoq uchun juda katta tayyorgarlik koʻrdi. Kishi hayratda qoladigan darajada qunt bilan sinchiklab oʻrgandi, ular oʻtgan yerlarni qayta-qayta borib koʻrdi, turli kishilar bilan suhbatlashdi. Ayniqsa, Ulugʻbek obrazini yaratish murakkab va masʼuliyatli ish edi. Adabiyotda koʻp tilga olingan, talay kitoblar yozilgan bu mashhur zotning yana bir turda, hali hech kim qalamga olmagan fazilat va xislatlari bilan tasvirlash, barkamol badiiy obrazini yaratish ogʻir va zavqli ish edi”.

Shuhrat mulohazalarida Shayxzoda badiiyatini taʼminlagan hayotiy hamda psixologik holatlar uygʻunligi alohida oʻrin tutadi. Xususan, Mirzo Ulugʻbekning fikrlash yoʻsini atrof-muhitning detallashtirilgan aniq holatlari, hayotiy omillar tiniqligi asosida yoritiladi. Xarakter xususiyatlarini belgilovchi fazilat va xislatlar psixologiyasini yaratish orqali teran mushohadalari tabiatini aks ettirish birlamchi ekanligi taʼkidlanadi. Ushbu omillar Mirzo Ulugʻbekdek betakror va benazir shaxs fenomenini yoritishda ham asos, ham yordamchi vositalar vazifasini oʻtayapti. Zero, ular orqali Shayxzodaning badiiy-estetik tajribasini yoritish birlamchi oʻrin tutayotir. Shayxzodaning oʻz qahramonlari hayoti va taqdiriga, maʼnaviyatiga boʻlgan munosabatni ochib bermoqda; beqiyos ijodiy tajribasi Mirzo Ulugʻbekning jamiyatga, ilm-fanga, tiriklik tamoyillariga boʻlgan shaxs va olim timsolini oʻzida mujassamlashtirgan olamgir shaxsiyatini nurlantirishga xizmat qilayotir.

Shayxzodaning ijodiy izlanishlarini yoritish jarayonida (badiiy tajribaning oʻrni ulugʻ, samarasi qutlugʻ deb biladi) Shuhratning falsafiy sheʼriyat tabiati bilan bogʻliq estetik qarashlari namoyonlik topgan. Shu maʼnoda, Shuhrat sheʼriyatni hayot hikmatini oʻzida mujassamlashtirgan, tuygʻularni tarbiyalovchi, tafakkurga quvvat bagʻishlovchi yuksak maʼnaviy-intellektual madaniyat, deb biladi. Voqea-hodisalardan, odamlar qismatidan ibrat va hikmat izlash, ana shu falsafiy mazmunni timsollar, obrazlar tiliga koʻchirish, hayot va taqdirlar toʻgʻrisida, olam, odam va jamiyat sir-sinoatlari xususida mutafakkirona mushohadalarga berilish Shayxzoda uslubining ustuvor xususiyatidir, deb tushuntiradi. Eng muhimi, ana shu jarayonda – intellektual sheʼriyat tabiatini anglash barobarida, Shuhratning ham oʻziga xos individual nuqtai nazari koʻzga tashlandi.

Maʼlumki, voqelikdan, tevarak-atrofimizdan orttirgan taassurotlar, tushunchalar dastlab hissiyotlar silsilasi tariqasida koʻnglimizga koʻchib oʻtadi. Soʻngra esa, u ong-shuurimizda fikr uygʻotadi, tafakkur toʻfonlarini qoʻzgʻaydi. Shuhrat “Mirzo Ulugʻbek” bilan “Jaloliddin Manguberdi” tragediyalarining badiiy-estetik xususiyatlariga toʻxtalar ekan, adabiyotimizda hissiy idrokka asoslangan falsafiy tafakkur madaniyati ustuvor yoʻnalishga aylanganligini Shayxzodaning soʻz sanʼati misolida isbotlaydi.

Shuhratning estetik qarashlarida badiiy ijodning oʻquvchi ong-shuuri, psixologik holatlari bilan bogʻliq jihatlari katta oʻrin tutadi. Ijodkor oʻzining “Quvnoq soz” maqolasida Hasan Poʻlat qalamiga mansub poemalarning badiiy xususiyatlari haqida fikr yuritarkan, davrning maʼnaviy ehtiyojlariga javob izlash, zamonning ijtimoiy talablari koriga yarash singari omillarni asos sifatida koʻrsatadi. “Shu boisdan poema (“Jangovar”) urush arafasidagi yaxshi asarlardan biri boʻlib qoldi. Uning jangovar ruhi kitobxonni hayajonlantiradi, hushyorlikka chaqiradi. Chinakam ijodning vazifalaridan biri ham shu boʻlsa kerak”.

Agar, eʼtibor bersak, Shuhrat qarashlari asar nafosati bilan badiiyatini belgilovchi tuygʻu-tafakkur uygʻunligi masalasiga kelib taqalayapti. Jism-ashyolar, mavjudot yerning tortish kuchidan uzilmagani singari kechinmalar haqiqati bilan fikr-tafakkur salohiyati yaxlit bir vujudga aylanib ketadi. Biri ikkinchisini inkor etmagan holda, qahramon ruhiyati bilan u yashagan jamiyat psixologiyasi vobasta ochishga qaratiladi. Bu borada, Shuhrat “Bizning domla” maqolasida “Sarob” asarining badiiy tarovatini taʼminlagan til xususiyatlariga doir Abdulla Qodiriy bilan Choʻlpon suhbatini keltiradi. “Xuddi shu kunlarda katta proza asarlariga eʼlon qilingan tanlov yakunlangan, “Sarob” romani ikkinchi mukofotni olgan, “Kecha va kunduz” bilan “Obid ketmon” shundaygina taqdirlangan kez edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, bu ikki ulkan yozuvchining suhbati musobaqalashgan kitoblar ustida borardi. Abdulla Qodiriy “Sarob”ning tilini maqtab kelib, “tili juda yaxshi shibbalangan, nam oʻtmaydi”, degan edi. Choʻlpon ham uni quvvatlab toʻldirdi. “Tiliga shak yoʻq, juda puxta. Har soʻzni alohida joyiga mixlaydi. Obrazlari-chi? Yaxshi ishlangan. Lekin tilida sal qurgʻoqlik borga oʻxshaydi. Xotin-qizlarga xos noziklikni ifodalashda mayinlik va nafosat yetmayotganday”. “Menimcha, – dedi Abdulla Qodiriy, – adib siz kutgan koʻtarinki uslubdan ketmas. Unda tanqid va fosh etish kuchli boʻladi. Uslubi yumorga moyil”.

Badiiy til zarofati Abdulla Qahhor isteʼdodining olmos qirralaridan biri tariqasida tahlil etiladi. Ayniqsa, uning ijodiy laboratoriyasida til bebaho xazinadir, deydi adib. “Abdulla aka tili naqadar boy va shirali, naqadar tabiiy va jonli, naqadar rang-barang va musiqiy. Abdulla akaning asar tili ustida juda ogʻir, uzoq, mashaqqatli ish olib borishini bilamiz. Bir asarni qogʻozga tushurib olishidan koʻra, uning pardozi, sayqaliga koʻproq vaqti ketadi. Asarga jilo berishda toqatli, insofli zargarday erinmaydi, tolmaydi, peshona terini ayamaydi. Ana shunday zoʻr qunt, fil bardoshi bilan chekilgan zahmatgina Abdulla Qahhorni zamondosh yozuvchilarimizning peshqadamlari qatoriga, ustozlar davrasiga olib chiqdi”, – deb yozadi Shuhrat.

Koʻrinadiki, voqelikni, inson ruhiyatini realistik idrok va ifoda etishda hissiy tafakkurdan sizib chiquvchi tuygʻu madaniyati birlamchi oʻrin tutadi. Realizm, avvalo, tuygʻu bilan tafakkurning yuksak omixtaligi, sintezi samarasidir. Haq va haqiqatga yetishishning vositalaridan biridir. Ijtimoiy voqelik bilan bogʻliqlikdagi mavzu-mundarija, soʻz sanʼatkorining olam va odam sir-sinoatlariga munosabatidagi maʼnaviy-intellektual qadriyatlar Shuhrat estetik qarashlarining magʻzini tashkil etadi. Sheʼriyatning, soʻz sanʼatining inson ehtiyojlarini qondirishdan, manfaatlarini qadrlashdan ortiq vazifasi yoʻq. Intellektual inson – tabiat va jamiyat haqidagi tafakkur madaniyatining eng baland holati. Ramzlarga, badiiy shartlilikka, timsollarga tayangan fikrlash tarzi tuygʻular realligiga, hayot haqiqatiga yetishish, koʻrish ham koʻrsatish vositalaridir.

Shuhratning qatʼiy ishonchiga koʻra, dunyoni tushunish hamda tushuntirishda hissiy-emotsional idrok bosh omil hisoblanadi. Tuygʻu fikrni uygʻotadi, takomillashtiradi, ezgulik, adolat, goʻzallik maqomidagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni yoqlovchi tafakkur madaniyati tarzida qiyomiga yetkazadi. U bilim, ijtimoiy-falsafiy fikr tariqasida zohir boʻladi. Shoir tuygʻu-tafakkurning quli ham, hukmdori ham emas. Faqat tuygʻu-tafakkurlar haqiqatini roʻyobga chiqaruvchi, bir umr koʻngliga ektivor keltirib yashagan, uning royishlari bilan istaklarini amalga oshiruvchi fidoyi bir shaxs. Shu maʼnoda, shoir hech qachon oʻz koʻnglini yengolmaydi. Koʻngliga farmoyish ham berolmaydi. Uning buyukligiyu ojizligi ham shunda.

Shuhrat estetikasida koʻngil erki masalasi gʻoyat keng va rangin qirralarda voqe boʻladi. Badiiy asar tabiati, ijod psixologiyasi, adabiy jarayon tamoyillari bilan omixta kuzatilgani boisdan u obrazlar qatimiga, soʻz sanʼatkorining tafakkur tarziga, ijodiy individualligiga singdirib yuboriladi. Aynan ana shu qalbga “mutelik” oshnolikka aylanib, hamkor-hamnafas holatida inson quvonchlari va dard-alamlarini ifodalaydi: hayot, inson, jamiyat haqidagi teran mushohadalar tusini oladi. Soʻz sanʼati namunalari shu tariqa qadriyatlar maqomiga ega boʻladi: falsafiy, axloqiy-maʼrifiy mazmun-mohiyati bilan ijtimoiy ahamiyat kasb etadi, estetik hodisaga aylanadi.

 

Falsafiy lirikada tabiat timsollari

 

Agar, chigʻanoqni qulogʻingizga tutsangiz undan ummonning dolgʻali shiddatnok gʻuvuri eshitiladi. Ulkan soʻz sanʼatkorlarining nafaqat maqolalari, suhbatlari, intervyulari, shuningdek, sheʼrlari, poemalari, qissalari romanlaridan ham adabiy-estetik qarashlarining epkini ufurib turadi. Badiiy soʻzlariga quloq tutar, adabiy qahramonlari eʼtiroflarini tinglar ekanmiz, katta ijodkorlarning shaxs va sanʼatkorlik masnadini belgilab beruvchi dunyoqarashi, ijodiy ideali va eʼtiqodi ularning qalbiga singib ketganligidan voqif boʻlamiz. Shu boisdan ham ijodkorlarning fikr-mushohadalari, adabiy qahramonlarining oʻy-kechinmalari yolgʻiz dil eʼtiroflari emas, aslida, ular bizning zamondoshlarimiz hisoblanadi.

Ana shu mazmun-mohiyatga koʻra nafis soʻz sanʼati vujudga kelgan koʻhna zamonlardan beri lirika olam bilan odamni badiiy-estetik oʻrganishdagi ingichka salohiyati bilan badiiy madaniyatimiz tarixida salmoqli oʻrin tutadi. Lirika hissiy nafosati, fikriy teranligi bois, adabiyotning boshqa turlari silsilasida nufuzi oʻzgacha. U olam bilan odam yuragini zabt etgan kechinmalaru mushohadalar uygʻunligida yuzaga kelgan obʼyektiv mohiyati bilan goʻzal. Shu bois, xalqimizning maʼnaviy hayotini, shaxsning fikriy-hissiy kamolotini, millatning ijtimoiy-madaniy taraqqiyotini barkamol lirika asarlarisiz tasavvur etish qiyin.

Shuhrat lirikasida ham mazkur yorugʻ xususiyatlar ustuvor. Badiiy tafakkur tabiatidagi sifat oʻzgarishlari oʻziga xos badiiy shakllarni (ikkilik, toʻrtlik, oltilik, sakkizlik singari) janr (ballada, poema, ertak) va ifoda usullari xilma-xilligini taqozo etadi. Har bir avlod shoirlarining obrazlar tizimi bir-biriga oʻxshamaganidek soʻz sanʼatkorlarining lirik qahramonlari ham har bir sheʼrda betakror yoʻsinda fikrlaydi. Ushbu hol har bir ijodkor avlodining badiiyat tarixidagi oʻzlik qiyofasini belgilab berish barobarida, shoirlarning individual dunyosini ham tayin etadi. Olam sir-sinoatlarini, inson ruhiyati iqlimlarini teran idrok etish borasida Shuhrat tinimsiz badiiy izlanishlar olib borganligidan dalolat beradi.

Qush qanotidagi mayda patlari katta patlariga qanchalik madadkor boʻlsa, har bir ijodkor badiiyatidagi yangi nuqtai nazar, tushuncha va talqinlar badiiy tafakkurning yorugʻlik darajasini oshiradi, yangi-yangi idrok pogʻonalariga koʻtaradi. Shu maʼnoda, badiiy tafakkur mohiyatan hamisha yangilanishga moyil. Bu narsa uning oʻzgaruvchan tabiatidagi oʻzgarmas boqiy xususiyatidir. Shuhrat lirikasi janrlarining boyligi, rang-barang shakliy izlanishlar ildizi ana shu zamindan – hayotni, insonni yangicha tushunish hamda tushuntirishdan oziqlanadi. Tabiat va jamiyat hodisalarini, inson sir-sinoatlarini falsafiy tadqiq etishga moyillik samarasida sonet, ruboiy singari anʼanaviy janrlar, ikkilik, toʻrtlik, fard, oltilik, sakkizlik, oʻnlik singari poetik shakllar Shuhrat ijodidan mustahkam oʻrin egalladi. Badiiy tafakkur tabiatidagi sifat oʻzgarishlari shoir sheʼriyatining estetik ifoda imkoniyatlarini boyitdi. Xilma-xil poetik janrlar va sheʼriy shakllar hisobiga Shuhrat falsafiy lirikasi kanoralarini kengaytirib yubordi.

Baqo va fano, yorugʻlik va zulmat, ezgulik va yovuzlik singari boqiy masalalar Shuhrat lirikasiga yangi nuqtai nazarlar, badiiy talqinlar, ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-maʼrifiy xulosalar, yangi umumlashma fikrlar olib keldi. Voqelikni yangicha estetik oʻzlashtirish, tabiiyki, Shuhrat sheʼriyatida yangi yoʻnalishlarni vujudga keltirdi.

Shuhratning badiiy tafakkur tarzida xalqona hikmat his-tuygʻu va fikrning omixta sintezidan sizib chiqadi. Bu borada, taxayyullar asosiga qurilgan obrazlilik ustuvor. Xususan, ijtimoiy voqelik yuzaga keltirgan, tabiat hodisalari uygʻotgan badiiy fikr lirik qahramonning koʻngil chigʻirigʻidan oʻtadi, tuygʻu-kechinmalarini oʻziga singdiradi, ong-shuurida muayyan poetik obraz sifatida shakllangach, ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-tarbiyaviy maʼno kasb etgan holda teran mushohadakorlik hosilasiga aylanadi. U bir yoʻla oʻquvchi koʻnglida ham fikr gullarini undiradi, xalqona hikmatning goʻzal namunalari sifatida koʻz ochadi:

 

Sen bolta urasan, bechora daraxt

Bir choʻchib, bagʻriga ketar zirqiroq.

Sen undan oʻzingga bunyod etsang baxt,

U esa manguga koʻz yumar biroq.

 

Badiiy fikr tarbiyaviy-maʼrifiy mohiyati bilan yuzaga chiqayotir. Xususan, kimningdir iqboli birovlarning zavoli evaziga boʻlmasligi lozim, degan maʼno yetakchi. Yana, goʻzallikni himoya qilish haqiqatni qaror toptirish bilan vobasta namoyon boʻladi, degan ibratni ham anglash mumkin. Umuman, shoirning tabiat va inson talqinidagi sheʼrlarida (“Bogʻ ichidan qarab oʻtding”, “Injuning taʼrifi bir olam”, “Shu tuproqning qulogʻiman, koʻziman”, “Men sening nomingni toshga oʻyibman”, “Sen suvga tosh otding, baliqqa tegdi”, “Oʻchoqni qazibsan, endi olov yoq”) ona yurt manzaralaridan hikmat uqish, ibrat olish barobarida, insonsevarlik, vatanparvarlik tuygʻularini tarbiyalaydi. Yanayam muhimi, Oʻzbekiston tabiati xalqimizning yuksak axloqiy-gumanistik qarashlari bilan bogʻliq talqin etiladi. Ularda shoir lirikasidagi ona yurt obrazini belgilagan, kechinmalarga toʻyingan, fikrga boy maʼnoli boʻyoqlar yorqin ifodasini topgan:

 

Oʻchoqni qazibsan, endi olov yoq,

Ustiga os, doʻstim, toza bir qozon.

Boʻlmasa nimaga qaziding, oʻrtoq,

Nimaga kerakdir bu chang, bu toʻzon.

Yoki:

Subutsiz soʻzini tonggi tuman bil,

Yo koʻprik oʻrniga solingan bir qil.

Tumanning hayoti quyosh chiqquncha,

Qil holi maʼlumdir chiqsa agar fil.

 

Shuhratning intellektual lirikasida falsafiy maʼno tabiat obrazlari – detallar rangdorligi va boʻyoqlar zamiridan balqib turadi, badiiyatni taʼminlovchi xos xususiyatga aylanadi. Bu, shoir estetik qarashlarining zohir boʻlishida tabiat unsurlari insoniy xislat-fazilatlar kasb etayotir, shoirning olam va odam sir-sinoatlarini tushunish hamda tushuntirishdagi oʻziga xos nuqtai nazarlari tizimini belgilayotir.

Shuhrat tabiatning sirdosh kuychisi deyish kamlik qiladi. Tabiat shoir uchun boqiy betimsol ustoz. Yana, ibrat, hikmat va haqiqat timsoli. Ona oʻlka tabiati, Oʻzbekiston tuprogʻi shoir koʻngliga soʻz sehri va mehrini singdirdi, adiblik zuvalasini pishitib, kamol toptirdi.

Shuhrat estetikasida har bir soʻz qanotli, ramzli. Osmonu falakda qushlar parvoziyu bulutlar xayoli emas, odamlarning tabiat, jamiyat, dunyo haqidagi tasavvur va tushunchalari gʻujgʻon oʻynaydi. Oftob qozonida qaynaydi. Daraxtlarning koʻm-koʻk bulut shaklini olgan fikr-oʻylari nimalarnidir aytishlikka oshiqib entikadi. Qaldirgʻochlar toliqib simyogʻochlarga, tok soʻrilarining yogʻoch bagʻazlariga emas, shoirning kipriklariga kelib qoʻnadi. Boʻgʻotlardan chak-chak tomgan tomchilar bahorning koʻzyoshlari emas, ular daryolaru koʻllarning, ummonlarning urugʻi. Xurmoning koʻm-koʻk shapaloq barglaridan sizib oqqan sim-sim tomchilar, aslida, osmonning yerga aytmoqchi boʻlgan soʻzlari. Yulduzlarning tovushlari, oftobning erib suvga aylangan, silqigan xotiralari.

Yomgʻir tomchilari ham koʻkni yer bilan bogʻlaydi. Koʻngillarni barru bahrlarga ulaydi. Yomgʻirdan keyin tomchilar oydin tiniqlikni, yorugʻ bokiralikni, nurli musaffolikni boshlab keladi. Yer gullaydi. Osmon gullaydi. Olam yomgʻir boʻylariga toʻlib ketadi. Xuddi tunlar ogʻushida tonglar boʻy koʻrsatganidek, tunlar bagʻrida yorugʻlik gullagani misoli.

Timsollar Shuhrat poetikasida soʻz-obrazlar, qiyoslar, ishoralar tizimidan iborat rangin bir olam. Ana shu gʻoyat turfa obrazli taxayyullar orqali aks etgan maʼnolar daraxti u. Qalbning toʻrt fasli shabadalari oshyon qurgan. Shu boisdan ham biz unga hamisha talpinamiz, bahra olamiz.

 

Sen qorda izingni magʻrur koʻrsatib,

Dedingki, muhrdek yonishiga boq.

Ismini qor emas, toshga naqsh etib,

Xokisor yurganlar bordir, ey oʻrtoq.

 

Ushbu satrlarda ifodalangan har ikki holat ham fikrlayapti. Burgut bilan ilonning xatti-harakatiga ramzli maʼno yuklash orqali shoir tabiatdan ibrat olishga, hikmatli maʼno uqishga undaydi. Mazkur xususiyat Shuhrat sheʼriyatida tasviriy sanʼatning taʼsiri samarali va salmoqli kechganligidan dalolat beradi. Aslida, tasviriy sanʼat – his-tuygʻularning ifoda madaniyatidir. U Shuhratning sheʼriy shakllardagi izlanishlarida falsafiy mushohadakorlikni aks ettirishiga koʻra, alohida yoʻnalishga aylangan.

Shuhrat toʻrtliklarida lirik qahramonning psixologik holati, kayfiyati va kechinmalarini suratlantirish timsolning muhim belgilaridan biri sifatida boʻy koʻrsatadi. (“Nurdan oʻz qalbing bebahra ekan, koʻksinga taqqaning gul emas, tikan”; “Tulkilar minbarda nutq soʻzlaganda, Lozimdir xoʻrozlar hushyor tortishi”; “Bu umr nodonga beqiyos uzun, Donoga tuyaning dumidek qisqa”; “Qatiqning yuzini yogʻ bossa agar, “Xoʻp yaxshi boʻpti!” – quvonar onam. Doʻstlarning koʻzini yogʻ bossa agar, faryodki, gʻaflatda qolibdi olam”; “Sen kekkayma! Kekkaygan qamish boʻyra boʻlib yotar, ana boq! Ezgʻilasa koʻksini oyoq, eshitilar hasratu nolish” singari). Mazkur tasvirlarda shoirning ohorli badiiy-falsafiy, axloqiy fikrlari tabiat boʻyoqlari va ranglariga singdirib yuborilgan. Bu – tasviriy sanʼatning samarasidir. Sheʼrga koʻchib oʻtgan ranglar falsafasidir. Tabiat unsurlarining shoir sheʼrlariga insoniylashgan maʼnoli holat va kechinmalari tasviri bizni oʻyga toldiradi, mushohadakorlikka undaydi. Zero, tasvir timsolga, ranglar tafakkurga aylanadi. “Oʻtgan umr…”, “Irmoq oqar…”, “Bahorning koʻrki bor…”, “Kuz ham keldi, yaproqlar…”, “Kechqurun shafaqni oʻgʻirlab…” kabi toʻrtliklari shu jihatdan eʼtiborli.

 

Oʻtgan umr – kuygan koʻmir,

Esga tushsa koʻnglim xira:

Kuydirmaydi, yondirmaydi,

Faqat qilar qoʻlni qora.

 

Bu – benaf kechgan umrning ogʻrigʻi. U kuygan koʻmir singari qora, olqindi. Vaholanki, alangalar hosil qilib yonishi ham mumkin edi. Oʻzidan bozillagan, lovullagan choʻgʻ qoldirardi. Ne tongki, u shunday muhitga tushib qoldi, oqibatda, yona olmadi, gurullay bilmadi. Shu boisdan ham lirik qahramonning koʻngli xira. Bu, aslida, erkka talpingan va soʻnggan niyatning oʻlimi, hurlikka intilgan yorugʻ umidning alal-oqibat qora koʻmirga aylangan qismati. U oʻquvchini oʻylashga, fikrlashga undaydi. Faqat oʻy surish bilan kifoyalanmaslikka, faollikka daʼvat etadi (“Bir onlik ish bilan olamda, nomini umrbod qoldirganlar bor”).

Shuhrat lirikasida tabiat talqini orqali namoyon boʻlgan muhim tamoyillardan yana biri, bu – maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni qadrlash va shu asosda, xalqona hikmatga yoʻgʻrilgan ibratli fikrlarni aytishdir. Xususan, toʻrtlik, oltilik, sakkizlik, oʻnlik singari sheʼriy shakllardagi tabiat va inson talqinlarida, peyzaj lirikasida ana shu xususiyatlar yetakchi. Doʻstlikka, mehrga, sevgi-muhabbat singari qadriyatlar qadrsizlanayotganidan, xiyonat bolalab ketayotganidan qattiq oʻkinadi. Bu xil maʼnaviy-axloqiy qashshoqlik oqibatlari jamiyat ruhiyatiga, intellektual asoslariga raxna soladi, deya yozgʻiradi. Shoirning lirik qahramoni samimiylik, ishonch-oqibat, olijanoblik, ezgulik singari benazir qadriyatlar tobora taqchil boʻlib borayotganidan iztirob chekadi.

Shuhratning peyzaj lirikasidagi tabiat va inson talqinlarida umumbashariy maʼno kasb etgan goʻzal badiiyat namunalari yaratildi. Shaxsning tabiatga munosabati jamiyatning maʼnaviy-intellektual madaniyati bilan uzviy bogʻliqlikda yoritiladi. Boqiy masalalarga munosabatda faol oʻzbekona nuqtai nazar yuksak vatanparvarlik tuygʻularining uygʻunligini yuzaga keltiradi.

Shuhratning “… sheʼrlari kamsoʻz, poydor, xalqchil donolikka moyil, – deb yozadi Asqad Muxtor. – Kitoblarining katta qismini kichik janrdagi lirik mulohazalar, sakkizliklar, toʻrtliklar tashkil qiladi. Ixcham, aforistik ifodaga intilish, umr mazmuni, odamning hayotdagi oʻrni, izi, yoshlik, keksalik, vaqt va mangulik haqidagi fikr hamda hayotiy tajribalarni aytib olishga intilish, harakat qilish uning butun ijodiga poetik bir oʻychanlik ruhini bagʻishlaydi. Poeziyaning bu turida ishlashning oʻz qiyinchiliklari bor. Unda shoirni har qadamda didaktikaga, nasihatgoʻylikka berilib ketish xavfi poylab turadi”.

Shuhrat sheʼriy shakllar borasidagi izlanishlari, xususan, toʻrtliklarining estetik tabiati haqida yozadi: “Yozuvchi… boshqalardan farqli oʻlaroq hayotni ijodkorga xos koʻz bilan koʻradi. Ijodkorga xos qalb bilan his etadi. Nainki hayotni oʻziga xos koʻradi va ijod etadi. Hatto uni oʻziga xos yoʻl bilan tahlil qiladi. Oʻz munosabatini bildiradi. Oʻz fikr-mulohazalarini oʻrtoqlashadi. Shu tahlil va munosabatlarining toʻgʻriligiga keng kitobxon ommasini ishontirishi, uning qalbini hayajonga solishi, zavqlantirishi, ezgulikka mehr, qabihlikka qahr uygʻotishi kerak. Uni yangi nurli choʻqqilarga chorlashi, yuragiga kuch-gʻayrat baxsh etishi lozim. Qabihlikka qarshi oʻt ochishga otlantirishi kerak.

Sheʼr esa, ana shu ijodkor niyatlarini ifodalashda shaklga solingan his-tuygʻu va fikrlardir. Uning oʻz musiqasi, qonun-qoidasi va tartiboti bor… Toʻrtlikdagi ixchamlik, fikrlarni loʻnda qilib aytish menga yoqib qoldi. Lekin bular ruboiylar emas. Hamma toʻrtlik ruboiy boʻlavermaganidek, hamma ruboiy ham toʻrtlikdan yuqori emas. Men ruboiyning anʼanaviy qatʼiy shaklini saqlab oʻtirmadim, oʻzimni erkinroq tutib, qofiyalash tartibini fikr-hisning oqib kelishiga qarab tuzataverdim”.

Tabiat – jamiyat – inson oʻrtasidagi aloqalarni badiiy tadqiq etishda Shuhratga ikkilik, toʻrtlik, oltilik, sakkizlik singari poetik shakllar koʻproq qoʻl keladi. Zero, dunyoni tushunish hamda tushuntirishdagi xalqona hikmatga moyillik shoirga falsafiy maʼnodorlikni oʻzida tajassum etgan ana shu shakllarga koʻproq murojaat etishni taqozo qilgan.

Shu oʻrinda, gʻoyat nozik bir jihat bor. Xususan, ijodkorning faol nuqtai nazari bilan davr gʻoyalarini, aktuallik bilan hozirjavoblikni oʻzaro farqlab olish, bir-biriga chogʻishtirib yubormaslik joiz koʻrinadi.

Ijodkor, avvalo, oʻz davrining faol fuqarosi, oʻz xalqining farzandi. Davrning dolzarb muammolariga munosabat bildirish barobarida millat va Vatan manfaatlarini himoya qiladi.

Shuhrat sheʼriyatidagi badiiy-estetik talqinlarda tabiatning oyoq osti etilishi, bu – insoniylikning puturdan ketishi, intellektual masʼuliyatga kuya tushishi, axloqsizlikning betiyiqligi oqibatidir, degan konsepsiya yetakchilik qiladi. Bu – umumbashariy ogʻriq mundarijasini tayin etadi.

Shu maʼnoda, Shuhratning estetik gʻoyalari tabiat va inson talqinidagi asarlarida yorqin tajassum topganligini kuzatishimiz mumkin. Zero, ular badiiyatning tansiq namunalari sifatida hozirjavoblikni, aktuallik bilan umumbashariylikni chalkashtirib yubormaslikni ham eslatib turadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Shuhratning peyzaj lirikasida tabiat-jamiyat-inson talqini orqali namoyon boʻlgan yetakchi tamoyillardan biri, bu – hayotni, goʻzallikni ulugʻlash orqali xunuklikka qarshi kurashdir. Turmushdagi illatlarni, odamlar feʼli-faoliyatidagi noqislik koʻrinishlarini bartaraf etishga daʼvat alohida yoʻnalish kasb etgan. Ikkinchidan, tabiatga zugʻum, tabiatni oyoq osti qilish inson maʼnaviyatining qashshoqlanishi oqibatlari tariqasida koʻrsatiladi. Uchinchidan, tabiatning tengsiz va mukammal nafosatidan ongli bahramandlik insonning aqliy saviyasi bilan axloqiy madaniyatini anglatuvchi ustuvor mezonlardir, deya baholanadi. Shaxslik masnadini, komillik darajasini bildiruvchi omillar sirasidandir, deyiladi.

Demak, Shuhratning adabiy tajribasi orqali estetik va axloqiy qarashlarining yetakchi jihatlaridan voqif topamiz. Illo, mazkur xususiyatlar sheʼriyatimiz tabiatida kechgan sifat oʻzgarishlaridan ham voqif etadi. Birinchidan, Shuhratning poetik izlanishlarida faol fuqarolik ruhi goʻzallikni his etish, ardoqlash va qadrlash tuygʻusi bilan omixtalikda namoyon boʻldi. Bu – zamondoshlarimizda faol nuqtai nazarni shakllantirish bilan barobar, estetik didini tarbiyalashga, takomillashtirishga ham xizmat qildi. Mazkur jihatlar kelajak nasllarning maʼnaviy-intellektual saviyasini yuksaltirishga, estetik tarbiyalashga, tabiatning goʻzalliklarini, maʼnaviyatning haqiqatni qaror toptirishga qaratilgan mohiyatini asrab-avaylashga daʼvat etayotir.

Ikkinchidan, shoir sheʼriyati tabiatni oʻksintirishga qarshi isyon orqali shaxsning tabiat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlaridan xalqona hikmatga yoʻgʻrilgan ibrat bilan ijtimoiy maʼno izlash, topish va obrazlar tiliga koʻchirish ustuvor. Va, alal-mohiyatan shaxs maʼnaviy madaniyatini boyitishga, kamol toptirishga xizmat qilayotir. Dolzarb masalalarga badiiy javob izlash vositasida kelajak avlodlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasiga qaratilgan badiiy-falsafiy fikr ilgari suriladi. Mazkur fazilatlar sheʼriyatimizda ijtimoiy tadqiqotchilik madaniyati yuksalib borayotganligining tasdigʻidir. Tabiat nafosati jamiyat maʼnaviyatini yanada goʻzallashtirishiga yoʻnaltirilgan mohiyati bilan nufuzlidir. Shuhrat badiiyatining ijtimoiy-estetik ahamiyati ham ana shunda.

 

Noʻmon RAHIMJONOV,

filologiya fanlari doktori,

professor

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.