Azaliy armonlar dostoni

0
3448
marta koʻrilgan.

Mashhur “Hakim va ajal” liro-epik asarida Abdulla Oripov oʻzining badiiy-falsafiy konsepsiyasiga sodiq qoladi, oʻzbek xalqining buyuk mutafakkir farzandi Abu Ali ibn Sino hayoti va taqdiri misolida olis moziy voqeligidan ezgulik, adolat gʻoyalarini, betimsol maʼnaviy-axloqiy goʻzallik namunasini koʻradi. Yuksak mahorat bilan badiiy-falsafiy yoʻsinda koʻrsatishga muvaffaq boʻladi. Asar voyealari lirik qahramon tilidan hikoya qilinadi.

 

Hakimda ham turfa xislat edi mujassam,

Xususan, u tabiblikda pur hunar edi.

Har bir giyoh koʻzlariga goʻyoki malham,

Malham esa giyoh boʻlib koʻrinar edi.

 

Shu narsani taʼkidlash joizki, hayotiy materialning badiiy talqini ilmiy-tarixiy jihatdan bagʻoyat nuktadonlik ila asoslangan. Yaʼni, shoir ona xalqining oʻtmish hayotini, voqeligi jarayonlarini nihoyatda nozik his etganligini, bilimdonlik bilan oʻrganib-oʻzlashtirganligini koʻrishimiz mumkin. Xalqimizning buyuk oʻgʻlonlari Amir Temur (“Sohibqiron”) va Abu Ali ibn Sino (“Hakim va ajal”) hayoti, taqdirining oydin sahifalari yoritilgan asarlari tahlilidan shu narsa ayonlashyaptiki, Abdulla Oripov nafaqat oʻz ona xalqi tarixini, yana shuningdek turkiy millatlar oʻtmishini, Yevropa xalqlari tarixini ham xassoslik ila bilishligini, oʻrganganda ham teran oʻzlashtirganligini his etib turasan. Bu narsa, avvalo, inson hilqatiga nisbatan bashariy qadriyat tariqasida yondoshish hamda oʻrganish madaniyatida namoyon boʻladi. Ikkinchidan, xoh Amir Temur yoki Abu Ali ibn Sino boʻladimi, xoh Alisher Navoiy yoki Mirzo Bobur, Ahmad Yassaviy yoxud Mirzo Ulugʻbek hayoti sahifalariga murojaat etiladimi, oʻsha olis zamonlar puchmogʻida oʻzbek eli – turkiy ulus, Turonzamin va Turkiston xalqlari va davlatlari qoʻshni yondosh mamlakatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy sohalarda olib borgan doʻstona hamkorlik aloqalarining mazmun-mohiyatini ham teran anglab yetganligini tuyamiz. Ushbu omillar olis oʻtmish voqeligi hamda tarixiy shaxslar taqdiri oʻrganilgan badiiy-tadqiqotchilik mohiyatini ham koʻp jihatdan asoslagan.

Abdulla Oripov “Hakim va ajal” dostonida ham moziy voqeligini millat manfaatlari nuqtai nazaridan yoritadi. Xususan, Abu Ali ibn Sino taqdiri, hakimlik faoliyati yoritilgan sahifalardan ezgulik va adolat yoʻlida kechgan qutlugʻ umr mazmuni balqib turadi.

Hakim dedi:

Ikki narsa mubham men uchun,

Biri ajal, biri esa muhabbat dardi…

Koʻhna rivoyatlarda, Abu Ali ibn Sino oʻz faoliyati badalida oʻlimdan boʻlak hamma dardlarga davo topa olgan, deyiladi. Va ushbu ezgu yumushlarini shaxsiy manfaatlardan yuksak qoʻygan holda insoniyat iqboliga bagʻishlaydi. Darhaqiqat, hayotning eng sirli va moʻjizakor kuchi – bu ajal va muhabbat. Sevgi-muhabbat tiriklik barhaqligini taʼminlasa, Oʻlim uning maʼlum poyoni, muayyan nuqtasidir.

Ibn Sino ajalni daf qilish niyatida qirqta shishada darmon dorilarni yaratishga muvaffaq boʻladi. Bu, albatta, Abdulla Oripovning hayot materialidan badiiy xulosa chiqarishga intilishidagi oʻziga xos poetik nigohi samarasidir. Ibn Sinoning ilmiy faoliyati ezgulikka tayanganligi boisidan ham bizda ehtirom tuygʻularini uygʻotadi. Bu, albatta, dostonda ilgari surilayotgan badiiy gʻoya. Va lekin, hayot haqiqatini, ilmiy haqiqatni izlash, topish va yoritishga qaratilgan mazmuni bilan katta qiziqish ham uygʻotadi. Ilmiy haqiqatni badiiy namoyon etishga yoʻnaltirilgan ezgu mohiyati bilan ham ahamiyat kasb etadi.

Abdulla Oripov estetik qarashlaridan balqib turgan yana bir yorugʻ mazmun bor. Xususan, adabiyot va sanʼatning bosh vazifasi – bu millat shaʼni-shavkatini himoya qilishdan, ulugʻlashdan, qalbiyu qadrini baland koʻtarishdan iboratdir. Abu Ali ibn Sino qalbidagi Ziyo nafaqat yakka bir Shaxsning, shuningdek xalqning buyuk mulki edi. Shu jihatdan ham buyuk isteʼdodlar insoniyatga daxldordir. Bani bashar ahli hayotining umrzoqligini taʼminlash uchun nozil etilgan Olloh inoyatidir. Bu – “Hakim va ajal” dostonida vasf etilgan hayotiy mazmunning, bashariy qadriyatning bir qirrasidir.

Demak, kuzatishlardan xulosa sifatida aytish mumkinki, birinchidan, “Hakim va ajal” liro-epik dostonida buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino hayoti va taqdiri misolida hayot va oʻlim masalasi ijtimoiy-falsafiy yoʻnalishda oʻrganiladi. Ezgulik va Yovuzlikning boqiy kurashi tarzida badiiy talqin etiladi. U yana sof milliy boʻyoqlarga ham ega. Xususan, turkiy xalqlarda umrni yaxshilik, ezgulik uchun safarbar etish qutlugʻ anʼana sifatida avlodlardan avlodlarga oʻtib keladi. Ijtimoiy-siyosiy voqeliklar mohiyatiga koʻra, har bir avlodning maʼnaviy-intellektual ehtiyojlari taqozosi bilan turli yoʻnalishda badiiy-estetik tadqiq etib kelinayotir.

Ikkinchidan, shoir dostoni va sheʼriy dramasi (“Sohibqiron”, “Hakim va ajal”) xalqimiz hayotining turli tarixiy davrlari voqeligini hamda yorqin shaxsiyat egalari boʻlgan buyuk siymolari taqdirini asos qilib olgan esa-da, turli xil ijtimoiy-axloqiy masalalar qalamga olingan boʻlsa-da, ularni shaxsning gʻoyaviy-badiiy konsepsiyasi birlashtirib turadi. Shoir sheʼrlariyu dostoni va sheʼriy dramasiga yaxlit estetik butunlik bagʻishlaydi. Bu – oʻzbek xalqining buyuk saxovatli qalbini koʻrsatishdan, millatimizning nechogʻlik maʼnaviy-intellektual, axloqiy boy ekanligini aniq fakt-maʼlumotlar, voqealar, taqdirlar asosida tasdiqlashdan iboratdir. Zero, qanchadan-qancha bosqinchilarning zulmkor qilichi xalqimiz boshida qayrilmasin, uning qalbidan Ezgulik, Adolat, Ozodlik tuygʻularini quvib chiqarishga harakat qilmasin, millatimiz ruhini aslo buka olmadi; qanotlarini qayirsa-da, sindira bilmadi. Xalqimiz koʻnglidagi Ezgulik, Adolat va hur fikrlilikning alal-oqibatdagi tantanasiga boʻlgan beqiyos Ishonchini aslo soʻndirolmadi.

Uchinchidan “Hakim va ajal” dostonida kuzatilganidek, asar voqealari lirik qahramon tilidan hikoya qilinadi. Hayot hodisalari, voqelik jarayonlari, qahramon va personajlarning xatti-harakati lirik qahramon nuqtai nazaridan baholanadi. Ana shu jarayonda hakimning ezgulik himoyasiga safarbar etilgan hayotini baholashda ahloqiy pozitsiyasida yuksak bashariy qadriyatlar meʼzoni asos qilib olingan. Ijtimoiy-falsafiy umumlashma fikrlarda bugungi kunning yuksak maʼnaviy-axloqiy talab va ehtiyojlari mujassamlashgan. Asarning nafaqat bugungi kun, yana shuningdek, kelajak avlodlarning ham ruhoniy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishligi sirlari shundadir.

 

Isoq JABBOROV

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.