“Azal naqqoshi tarh aylarda…”

0
484
marta koʻrilgan.

Bugun navoiyshunoslikda hazrat Navoiy gʻazallarini tahlil qilish, sharhlash, umumiy mazmun-mohiyatini ochib berishga intilish muayyan anʼanaga aylangan. Bunday sharafli va ayni damda masʼuliyatli vazifani ado etishga bel bogʻlagan tadqiqotchilar orasida yoshlarimizning ham borligi kishini quvontiradi. Ana shunday jurʼatli yoshlardan biri Abdukamol Abdujalilovdir. Uning hazrat Navoiyning “Azal naqqoshi tarh aylarda…” deb boshlanuvchi gʻazaliga bitilgan sharhi qoʻlingizda turibdi. Taqdiri azalning odam va olam, borliq va tabiatdagi barcha hodisotlarda muayyan tarzda namoyon boʻlishi va qonuniyat kasb etishiga bagʻishlangan ushbu gʻazal navqiron shorih tomonidan oʻziga xos tarzda talqin etilgan.

Hazrat Navoiy gʻazallarini sharhlash murakkab ish. Ularning tom maʼnodagi mohiyatini anglash uchun kamida shoir bilgan narsalarni bilish, u his qilgan holatni boshdan kechirish lozim. Shu maʼnoda har bir tadqiqotchi shoir sheʼrlarini kuchi yetganicha talqin qiladi. Navoiyshunoslikda bir gʻazalning turli-tuman, rang-barang sharhlarga ega boʻlishi ham shu jihat bilan bogʻliq. Bugungi sharh muallifi Abdukamol Abdujalilov ham ushbu vazifani ado etishga oʻz imkoniyati, holatidan kelib chiqib, baholi qudrat harakat qilayotgan ekan, uning bu intilishini tabriklash kerak.

 

Dilnavoz YUSUPOVA,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

 

Buyuk bobomiz Alisher Navoiyning hayot yoʻllari va amalga oshirgan ishlari barchamiz uchun ibratlidir. Hazrat kishi boshiga kelguvchi har qanday baloyu ofat yoki yaxshiliklar taqdirdan ekaniga, banda bu oʻtkinchi dunyoda amali va niyatiga yarasha yashab oʻtishi va shunga mos holda nasiba olishiga ishonganlar. Bu borada har birimiz hazratdan ulgi olsak arziydi.

Alisher Navoiy qazo va qadar haqidagi qarashlarini oʻzining nazmiy va nasriy asarlariga chuqur singdirgan. Jumladan, “Qoshi yosinmu deyin”, “Jongʻa chun dermen”, “Qaro koʻzim” kabi gʻazallarida ham oshiqlik bandaga Haqdan inʼom etilishi, bunday ulugʻ neʼmat har qanday kishiga-da nasib etmasligi uqdiriladi.

“Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining birinchi devoni “Gʻaroyib us-sigʻar”da 489 raqam ostida keluvchi, yuqoridagi kabi mavzu tilga olingan gʻazal mavjud. “Azal naqqoshi tarh aylarda…” deb shartli nomlaganimiz ushbu sheʼrda ulugʻ shoir hayotda mavjud boʻlgan turli gʻaroyib hodisalarning barini qadarga bogʻlaydi: dunyodagi har bir odamzod, hayvonot, nabotot va jamododning asl holati va evrilishlarini yagona, mutlaq qudrat sohibi boʻlgan Ollohdan deb biladi.

Jumladan, gʻazalning birinchi bayti quyidagicha:

 

Azal naqqoshi tarh aylarda gul bargi namudorin,

Magar pargor qildi bulbuli sargashta minqorin.

 

Dastlab baytdagi maʼnosi biroz murakkab boʻlgan soʻzlarning maʼnolarini aniqlab olsak:

Azal – eng avvalgi, boshlanishi boʻlmagan, yaʼni doimo mavjud.

Tarh aylamoq – loyihasini chizmoq, rejasini tuzmoq.

Namudor – koʻrinish, shakl.

Magar – balki, shekilli, – mikan (taxminni ifodalovchi modal soʻz).

Pargor – aylana chizuvchi asbob, sirkul.

Sargashta – boshi aylangan, sargardon.

Minqor – qushning tumshugʻi.

Ushbu soʻzlardan foydalanib baytning nasriy bayonini quyidagicha ifodalash mumkin:

“Ilk naqqosh gul bargining shaklini chizayotganda ehtimol sargardon bulbulning tumshugʻini sirkul qilgandir”.

Azal sifati berilayotgan eng birinchi naqqosh kim? Albatta, bu barcha narsalarning yaratguvchisi boʻlgan Zot. Alisher Navoiy birinchi baytda oʻzi va oʻquvchiga murojaat qiladi. Gul shaklining yaratilishida Olloh bulbul tumshugʻidan foydalangan boʻlsa kerak, aks holda bu qush gulning ishqida bunchalar figʻon chekmagan, atrofida girdikapalak boʻlmagan boʻlardi, deydi.

Shoir bu oʻrinda shakliy va holat oʻxshashligiga urgʻu beradi. Yaʼni gul bargi va bulbul tumshugʻining shakli oʻzaro oʻxshash, qolaversa bulbulning aynan gul atrofida parvona ekanligi uning tumshugʻi bilan bogʻliq. Maʼlumki, sirkul (pargor)ning bir uchi markazdagi qoʻzgʻalmas nuqtada boʻladi, ikkinchi uchi esa, aynan shu nuqta atrofida aylana hosil qiladi. Naqqosh bulbul tumshugʻidan sirkul oʻrnida foydalangani uchun ham bulbul gul atrofida aylanadi. Buni chuqur anglagan shoir bu shakliy va holat oʻxshashliklarini mohirona dalillab, husni taʼlil sanʼatini yaratadi. Bulbul tumshugʻining sirkulga, gul bargining shakliga oʻxshatilishi oʻz navbatida tashbeh sanʼatini vujudga keltiradi. Gul, barg, bulbul, minqor kabi bir-birini taqozo etuvchi tushunchalarning bir oʻrinda qoʻllanganligi tanosub sanʼatidir.

Agar gʻazalning birinchi baytida shoir “magar” modal feʼli yordamida oʻz fikriga taxmin maʼnosini yuklagan boʻlsa, ikkinchi baytda taqdir masalasida deyarli ikkilanmay soʻz yuritadi:

 

Qazo mashshotasi parvonalar jismi kuli birla

Hamonokim, yorutdi shamʼning mirʼoti ruxsorin.

 

Bu baytdagi tushunish qiyin boʻlgan soʻzlar quyidagilar:

Qazo – Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qandoq boʻlishini azaldan bilishi; qismat.

Mashshota – pardozchi, oro beruvchi.

Mirʼot – koʻzgu, oyna.

Baytning nasriy bayoni tubandagicha:

“Olam qismatiga oroyish beruvchi Zot parvonalarning yongan jismi kulidan goʻyoki sham chehrasining koʻzgusiga sayqal berib, yanada porloq qildi”.

Yonib turgan shamning nuriga parvonaning intilishi, oxir oqibat uning taftida kuyib kulga aylanishi hayotiy hodisa. Koʻplab shoirlarimiz bu holatni oʻz ijodida tilga olgan, parvonaning oshiqqa, shamning yorga oʻxshatilishi keng qoʻllanilgan.

Navoiy talqiniga koʻra, shamʼning nurafshonligi, porlab hamma tarafga ziyo taratishi uning ishqida yonib kul boʻlgan parvonalar tufayli yanada quvvat oladi. Olovning ustini kul qoplasa, choʻgʻga aylanib, alanga oʻchadi. Ammo Ishqni qismat qilib yaratgan Husn va Goʻzallik mazhari qudrati bilan muhabbat tufayli yonib ado boʻlgan parvonalarning kulidan shamlar yanada ravshanroq boʻladi.

Alisher Navoiy buning sababini oʻquvchiga boshqacharoq yoʻsinda anglatadi. Yaʼni parvonaning shamga tinimsiz intilishi bejiz emas. Agar biz parvonani qism, shamni butun deb qarasak, qismning butunga intilishi tabiiy holat ekani ayonlashadi. Ilmda Alloh olamni Oʻz jamoliga koʻzgu sifatida yaratdi, degan tushuncha mavjud. Demak, bu oʻrinda Alloh Butun, qolgan jamiki narsalar qismlardir. Qismlar bir paytning oʻzida ham Butunga qarab intiladi ham Unga koʻzgu boʻlib xizmat qiladi. Shoir baytda parvona va shamning holatlarini yuqoridagi kabi tushunchaning kichik koʻrinishi sifatida gavdalantiradi. Mashshota, koʻzgu, parvona, sham soʻzlarining bir yerda kelishi bu baytda ham tanosubni keltirib chiqaradi.

Uchinchi baytda shoir oʻz fikrini kuchaytirib ikkinchi shaxsga bilvosita murojaat qiladi:

 

Degin, Majnun qaro jonining uzgan rishtasidindur

Ki, sunʼ ilgi mutarro qildi Laylo zulfi zunnorin.

 

Oldin quyidagi soʻzlarning maʼnosini aniqlashtirib olsak:

Rishta – ip, arqon, bogʻlab turuvchi narsa.

Sunʼ – yaratish, qudrat.

Ilig – qoʻl.

Mutarro – taralgan, jilo berilgan.

Zunnor – musulmon yurtlarda xristian va yahudiylarning majburan bogʻlab yuradigan belbogʻi, chilvir.

Yuqoridagi baytning nasriy bayoni:

“Har narsani sanʼat darajasida yaratuvchi qoʻl tarab, jilo bergan Layloning zunnordek sochi Majnun qora jonining uzilgan ipidan, degin”.

Demak, Laylo yor sochining qoraligi, ismining Laylo ekani, Majnunning joni ham qora ekanligida ramziylik mavjud. Olloh bu ikki oshiq-maʼshuq hali tugʻilmaslaridan ilgari ularning taqdirlarini oʻzaro bogʻlab qoʻygan. Alisher Navoiy bu baytda Laylo sochini zunnorga qiyoslaydi. Oʻrta asrlarda musulmon mamlakatlarida istiqomat qiluvchi yahudiy yoki nasroniylar boshqalardan ajralib turishlari uchun beliga belbogʻ bogʻlab yurishga majbur qilinardi. Mana shu belbogʻ “zunnor” deb atalgan. Tasavvufda bu soʻzning bir qancha maʼnolari bor. Ishq yoʻliga qadam qoʻygan oshiq bu yoʻlda toyib ketmasligi uchun belini mahkam bogʻlaydi. Layloning sochi boʻlsa Majnunga bu yoʻlda koʻmak berguvchi belbogʻ kabi.

Baytda qoʻllangan yana bir birikma “Sunʼ ilgi”dir. Lugʻatda “sunʼ” soʻzining qudrat, sanʼat kabi maʼnolari bor. “Ilig” turkiycha soʻz boʻlib, qoʻl maʼnosida kelmoqda. Agar biror narsa yuksak mahorat bilan yaratilsa, uning yaratuvchisiga nisbatan sanʼatkor deyiladi. Agar sanʼatkorning barcha yaratiqlari benuqson va goʻzal boʻlsa, ishtiboh yoʻqki, U Ollohdir. Aqida kitoblarida, xususan, Soʻfi Olloyorning “Maslak ul-muttaqin” asarida shunday keladi: “Xudoning sakkiz sifati bor. Uchinchisi – Hayot, yaʼni tirik demak. Ammo tirikligi tan va jon birla emasdur va har nimaki xalq (maxluq)da bor, Anda yoʻqdur”.

Yuqoridagi gapdan maʼlum boʻlyaptiki, Olloh taoloning “Hayot” sifati boʻlsa-da, Uning hayotligi insonlar kabi tana va jonga asoslanmagan. Hech bir maxluqotning shakli Xoliqda takrorlangan emas. Shunday ekan, hazrat Navoiy nazarda tutgan “Sunʼ ilgi” tom maʼnodagi inson qoʻlini anglatmaydi.

Shuningdek, Alisher Navoiy ayni baytda bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan tushunchalarni mohirona ishlatgan. Bular Laylo va qora jon; jon rishtasi, zulf va zunnor soʻzlaridir. Ularning bir bayt tarkibida mujassamlashgani yana tanosub sanʼatini yuzaga chiqargan. Shu bilan bir qatorda Layli va Majnun soʻzlari talmeh sanʼatini hosil qilgan.

 

Magar Farhod jonidin sizib qonidin etti rang

Qadar suvratgari Shirin labi laʼli shakarborin.

 

Baytda kelgan quyidagi ikki soʻzning maʼnosiga toʻxtalsak:

Qadar – taqdir, yoziq.

Shakarbor – shakar yogʻdirguvchi, shakarli.

Baytning nasriy bayoni shunday:

“Balki Taqdir musavviri Shirinning shakarli, laʼli labini chizish uchun Farhod jonidan sizib chiqqan qonni rang sifatida ishlatgandir, ehtimol”.

Parvardigorning Musavvir degan sifati bor. Bu oʻn sakkiz ming olamdagi barcha narsalarning shakl-u shamoilini, rangu feʼl-atvorini belgilab bergan maʼnosidadir.

Baytdan shu narsa anglashilyaptiki, har narsaning qadarini olamlar yaralishidan ellik ming yil oldin “chizib” qoʻygan Zot Farhodning shirin jonidan sizib chiqqan qonni Shirinning shakar sochuvchi labini chizayotgan paytda rang qilib ishlatgan. Labning laʼl kabi qizilligi qondan, shakar sochishi va shirinligi jondandir.

Shoir baytda Farhod, Shirin, jon, qon soʻzlari orqali tanosub va talmeh sanʼatlarini yaratadi.

Nihoyat oshiq shuncha tayyorgarlikdan keyin maʼshuqaga bevosita murojaat qilishga kuch topadi:

 

Tarozi bargi gul, ip rishtayi jon, tosh laʼl etti

Chekarda xozini hikmat labing yoquti miqdorin.

 

Maʼnosi murakkabroq soʻzlar quyidagilar:

Chekmoq – oʻlchamoq, tortib koʻrmoq (bu oʻrinda).

Xozini hikmat – jamiki hikmatlarning xazinadori.

Shakarbor – shakar yogʻdiruvchi, shakarli.

Nasriy bayonni tubandagicha berish mumkin:

 

“Hikmatlar xazinadori labingdagi yoqut miqdorini oʻlchayotganda gul yaprogʻidan palla, jon rishtasidan ip, laʼldan qadoq tosh sifatida foydalangan”.

Dunyoda mavjud narsalarning hikmati faqat Yaratganga ayon. Bu hikmatlarning xazinadori ham Uning oʻzi. Ketma-ket kelgan ikki baytda lab timsolining berilishi bejiz emas, albatta. Tasavvuf ilmida lab ilohiy ishqdan bahra olish, ishq sharobidan totish, abadiy hayotga erishish kabi maʼnolarni bildiradi. Ishq yoʻlidagi bu xazinalarga yetmoqning oʻzi dushvor ish. Chin oshiq esa doimo shunga intiladi, uning hayotdagi eng katta maqsadi ham shu. Shuning uchun ham u yorining har qanday istagini hech ikkilanmay bajarishga tayyor. Keyingi ikki baytda buning isbotini koʻramiz:

Qarogʻlarim emastur, balki topqach koʻzga qoqmishmen,

Itardin vahm etib, raxshing sitomin balki mismorin.

Baytdagi maʼnosi qiyinroq soʻzlar quyidagilar:

Itmoq – ketib qolmoq, yoʻqolmoq.

Raxsh – tez yuguruvchi ot, tulpor.

Sitom – otning egar-jabduqlari.

Mismor – mix, qoziqcha.

Yuqoridagi soʻzlardan foydalanib baytning nasriy bayonini beramiz:

“Koʻzlarimdagi qorachiqlar emas, balki tulporing ketib qolishidan qoʻrqib, uning egar jabdugʻlarini, yoʻq-yoʻq, mismor – mixini koʻzimga qoqib qoʻydim”.

Oshiq maʼshuqaning tulporiga minib ketib qolishidan bezovta. Shuning uchun u otning oyogʻiga – taqasiga qoqilguvchi mixini koʻzlariga qoqib qoʻygan, toki ot biror yerga ketib qolmasin.

Baytda ot, egar-jabduq, mix kabi soʻzlar tanosub sanʼatini hosil qilgan. Ponani koʻzga qoqish esa mubolagʻani yuzaga chiqaradi.

Yettinchi baytda oshiq yana bir jasorat koʻrsatishga qaror qiladi:

 

Ayogʻing kiprigimdin ogʻrigan boʻlsa, yorib koʻksum

Isigʻ qonimgʻa qoʻykim, ul hino-oʻq, cheksun ozorin.

 

Ushbu baytda maʼnosi murakkab soʻzlar deyarli yoʻq. Faqat – oʻq yuklamasi bugungi kun oʻquvchisi uchun biroz tushunarsiz boʻlishi mumkin. Bu yuklamaning ishlatilishi qadimgi turkiy tilga borib taqaladi. Uning darhol, tezda, shu zahoti kabi maʼnolari bor. Turkiy tilda ijod qilgan koʻpgina shoirlar – Lutfiy, Navoiy, Bobur undan oʻz ijodlarida samarali foydalanishgan. Bugungi kunga kelib isteʼmoldan chiqib ketgan.

Nasriy bayon quyidagicha:

“Agar oyoqlaring kiprigimdan ozor topgan boʻlsa, koʻksimni yor. Oyoqlaringni issiq qonimga boskim, toki qon ularga xino kabi taʼsir etib shu ondayoq ogʻrigʻini olsin”.

Oshiq yorning yoʻliga kipriklarini toʻshagan, biroq maʼshuqaning oyoqlari shu qadar nozikki, kipriklar ularga tikan kabi botishi mumkin. Mana shundan xavotirga tushgan oshiq maʼshuqaga koʻksini yorishni va undan chiqayotgan issiq qonga oyoqlarini bosishni taklif etmoqda.

Xinoning faqat chiroy bagʻishlovchi vosita boʻlib qolmay, ogʻriqni ham bartaraf etish xususiyatiga egaligi oʻquvchiga maʼlum.

Bu yerda oyoq va kiprik soʻzlarining bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilishi bilan shoir taʼzod sanʼatini yaratadi.

Navbatdagi sakkizinchi bayt maqtadan oldingi bayt boʻlib, unda shoir yuqorida tadrijiylik asosida yuritib kelayotgan fikrlarini avj pardaga koʻtaradi:

 

Xarobot ahli uru dogʻ, derkim, kuyduring soqiy,

Davo yoʻq sirmabon qochmoqdin oʻzga shayx dastorin.

 

Birinchi galda ayrim soʻzlarning maʼnosiga toʻxtalsak:

Xarobot ahli – mayxona kishilari, vayrona joy odamlari.

Ur – yalangʻoch, kiyimsiz.

Dogʻ – juda qiynalgan, kuygan.

Soqiy – may quyuvchi.

Sirmamoq – yulib olmoq, tortib olmoq.

Dastor – boshga oʻraluvchi mato, salla; taqvodorlik belgisi (bu yerda).

Baytning zohiriy bayoni tubandagicha:

“Xarobot kishilari yalangʻoch va kuygan ahvolda soqiyga yana “kuydiring”, yaʼni sharob bering, deb aytishayapti. Endi shayxning dastorini olib qochmoqdan oʻzga chora yoʻq”.

Xarobot, soqiy, shayx, dastor kabi soʻzlarning tasavvufiy maʼnolaridan bexabar oʻquvchi bu baytda shoir nima demoqchi boʻlganini anglashga qiynaladi. Chunki bu soʻzlarni zohiriy maʼnoda tushunish chalkashlikka olib kelishi mumkin.

Baytdagi xarobot ishq yoʻliga qadam qoʻyganlarning yigʻilguvchi joyi, soqiy esa ularga ilohiy ishqdan taʼlim berguvchi murshid. Shayx oʻzini xalqning koʻziga taqvodor qilib koʻrsatuvchi riyokor. Uning boshiga oʻrab olgan dastori ham xoʻjakoʻrsinga.

Shoir bu oʻrinda “Ishq va maʼrifat toliblari dunyo talablaridan butkul voz kechib (uryon boʻlib), maʼrifat muhabbatidan koʻngillari dogʻ boʻlgan holatda yana koʻproq boda istarlar. Endi zohiriy taqvosiga magʻrur boʻlgan shayxning sallasini olib qochmoqdan oʻzga chora qolmadi. Aks holatda yo u ham shu yoʻlga kiradi, yo soxta kirdikorlari fosh boʻladi” demoqchi, nazarimizda.

Ulugʻ shoir gʻazalning maqtasida yana taqdir masalasiga koʻchadi va oʻzining hukm oʻrnidagi soʻngi xulosasini bayon qiladi:

 

Magar boʻldi quyun tufrogʻ ila yel, may, su birla oʻt

Yasarda masti sargardon Navoiy xilqati zorin.

 

Maqtadagi anglash qiyin boʻlgan soʻzlar:

Sargardon – kezib yuruvchi, sarson boʻlgan.

Xilqat – yaratiq, yaratilish.

Nasriy bayonni quyidagicha ifodalash mumkin:

“Xoliq Navoiyning zor va sargardon xilqatini yaratayotganda tuproq bilan shamol quyunni, suv bilan olov mayni hosil qilgan, shekilli”.

Ilmda bu dunyodagi barcha narsaning asosida toʻrt unsur yotadi deb uqdiriladi. Bular: tuproq, havo, suv va olov. Har bir yaratiqning tarkibida bu unsurlar mavjud. Qaysi birining koʻp yoki kam ekaniga qarab inson feʼl-atvorini belgilash mumkin. Agar kishi tanasida olov koʻp boʻlsa, u tez, jahldor, ehtirosli boʻladi. Agar suvning miqdori koʻp boʻlsa, u kishi sokin va bosiq feʼlga ega boʻladi.

Hazrat Alisher Navoiy esa bu kabi tushunchalardan foydalangan holda ajoyib fikrni izhor qilmoqda. Yaʼni Parvardigor shoirning vujud va ruhini payvandlar ekan, tuproq va havoni bir-biriga qoʻshilib quyun boʻlishini, suv va olov birlashib mayga aylanishini iroda etgan. Shu sabab ham oshiq bir umr sargardon va mast. Chunki bu uning taqdiriga azaldan bitilgan.

Yuqoridagi gʻazalni tahlil qilish jarayonida shu narsaga yana bir bor amin boʻldikki, ulugʻ shoirning sheʼrlardagi badiiyat juda yuqori. Har bir gʻazal fasohat va balogʻat ilmiga toʻlgan qalb xazinasidan inʼom qilingandek. Birikmalar nihoyat darajada tigʻiz, qisqa jumlaga ulkan maʼno yuklash qobiliyati esa, tahsinga sazovor. Har bir baytda kamida ikkitadan badiiy sanʼatning qoʻllanishi ham gʻazal poetikasiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.

Xulosa qilib aytganda, mumtoz adabiyotimizning bu kabi yuksak pogʻonadagi ijod namunalarini oʻrganish biz yoshlarning oldida turgan dolzarb masalalardan biridir. Alisher Navoiy asarlarini chuqur anglash, his etish maʼnaviyatimizning rivojiga beqiyos darajada taʼsir etadi.

 

Abdukamol ABDUJALILOV

 

“Yoshlik”, 2017-2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.