Atoyi

0
1982
marta koʻrilgan.

(XV asr)

Atoyi XV asrda Balxda[1] tugʻilgan. Atoyining hayot yoʻli, shaxsiyati haqida maʼlumotlar juda kam. U asli Ahmad Yas­saviylar nasabiga mansub boʻlgan Ismoil Ota avlodlaridan. Samarqand, Buxoro va Balxda yashagan. Mirzo Ulugʻbek saroyida xizmat qilgan.

Atoyi turkiy, fors va arab adabiyotlarini chuqur oʻrgangan. Turkiy va fors tillarida ijod qilgan. Taxallusini mashhur shayx ota-bobolariga ishora qilib, «Ato» («Ota») deb olgan.

Hozirgi Qozogʻistonning Turbat qishlogʻida unga nisbat berilgan qabr bor.

Navoiy («Majolis un-nafois») Atoyi hayoti va ijodi haqi­da toʻxtalib: «Mavlono Atoyi Balxda boʻlur erdi. Ismoil ota farzandlaridindur, darveshvash va xushxulq, munbasit (ochiq chehrali) kishi erdi. Oʻz zamonida sheʼri atrok (turkiy tilda soʻzlovchilar) orasida koʻp shuhrat tutti. Bu matlaʼ aning­durkim:

Ul sanamkim suv yaqosinda paritek oʻlturur,

Gʻoyati nozuklukindin suv bila yutsa boʻlur.

… Mavlono koʻp turkona (sodda, ravon) aytur erdi…» – deydi. Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» («Muhabbat shabada­lari») asarida Ismoil ota Ahmad Yassaviyning inisi Ibrohim otaning oʻgʻli ekanini aytadi. Atoyi devoni qoʻlyozmasining oxirida «Devoni Shayxzoda Atoyi» degan qayd Atoyining shayxlar oilasidan kelib chiqqaniga qoʻshimcha dalolat boʻladi.

Atoyi gʻazallarida muhabbat bilan bir qatorda boshqa hayotiy mavzular ham kuylangan. Atoyi ijodida Umar Xayyom ruboiylari va Hofiz gʻazallaridagi kabi hayot zavqi, uning barcha goʻzalliklari va lazzatlari may timsolida vasf etiladi.

Atoyi lirikasida xalq iboralari, taʼbirlar, maqol va matallar, ogʻzaki nutqqa oid soʻzlar koʻp. Gʻazallarini, asosan, aruzning turli bahrlarida yozgan, ular orasida ramalda yozil­ganlari koʻproq; vazni yengil, misralari qisqa, soʻzlari oddiy, uslubi sodda va ravon. Shuning uchun ham uning sheʼrlari xalq qoʻshiqlariga aylanib ketgan. Atoyi tajohil ul-orif, laff va nashr kabi oʻziga xos tasvir vosita va usullaridan ham unumli foydalangan. Shoir ijodi bizgacha toʻla yetib kel­magan. Devonining taxminan XVI asrda koʻchirilgan, 260 gʻazalni oʻz ichiga olgan qoʻlyozma nusxasi Sankt-Peter­burgda saqlanadi.

 

Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

 


[1] B a l x – hozirda Shimoliy Afgʻonistondagi koʻhna shahar.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.