Arxitip ilk obraz demakdir

0
1197
marta koʻrilgan.

Har bir xalq adabiyotining ildizlarini aniqlashda maʼlum bir obrazlarga, detallarga tayanish samarali natijalar beradi. Mifologik mazmun asosiga qurilgan bu vositalar, oʻz mohiyatiga koʻra, qadimgi xalqlarning badiiy tafakkuri qonuniyatlari va imkoniyatlarining oʻziga xosligini ham koʻrsatadi. Zotan, bu obraz va detallar mazkur xalqning tafakkur va mushohada tarzini ifodalaydigan muhim omillardir. Jumladan, qadimgi turkiy adabiyotining shakllanishi va taraqqiyotida muhim vazifa bajargan arxitiplar buning bir namunasidir.

Arxitip atamasi yunonchadan olingan boʻlib, “ilk obraz” degan maʼnoni bildiradi. Bu atama fanga birinchi marta shveysariyalik olim Karl Gustav Yung tomonidan kiritilgan. U aslida arxitipni psixologiya faniga aloqador termin sifatida ishlab chiqqan edi. Yung arxitiplarning ramziy obrazlarga aylanishi haqida oʻz talqinlarini ilgari surdi. Jumladan, u mifologik obrazlarning ibtidosini, ularning oʻzaro bir-biriga taʼsirini va bogʻliqligini ibtidoiy ongning mahsuli sifatida qaradi hamda bu oʻzaro bogʻliqliklarni goh analogiya (oʻxshashlik), goh birining taʼsiri natijasida paydo boʻlgan boshqa bir yangi hodisa sifatida baholadi.

Arxitip har qanday holatda ham mifologiyani nazariy jihatdan tahlil qilishda foydalaniladigan tushunchadir. Zotan, biz yuqorida aytgan ramziy obraz ostida mif yotishini hisobga olsak, Yungning qarashlari psixologiyagagina emas, balki yozma va ogʻzaki adabiyotning ham muhim jarayoni hisoblanadi.

Rus va yevropa adabiyotshunosligida Yungdan keyin ham arxitiplar haqida ayrim qarashlar ilgari surilgan. Masalan, Freydenbergning arxitip obrazlarga qarashi Yungnikidan keskin farq qilmaydi. Uningcha, arxitip obrazlar har doim insonning borliqqa boʻlgan gʻayriixtiyoriy munosabati natijasida sodir boʻladi[1]. Bu jarayon natijasida mif shakllanadi. Soʻz orqali ifodalangan obrazli tasavvurlarni mif, deb atash qabul qilingan boʻlsa-da, sanʼatda mif ramziy obrazlar orqali oʻz ifodasini topadi. Shu bois arxitip obrazlar mifologiya sanʼatning manbai hisoblanadi. Badiiy tafakkurdagi sinkretizm bosqichi ana shu ikkita omilda namoyon boʻladi. Bu ham madaniy hodisa boʻlib, ularda chalkash-chulkash va vahimali obrazlarning asta-sekin sayqallanish jarayoni yuz beradi, ular ramzga aylanadi, shakl jihatidan chiroy, mazmun jihatidan umumiylik paydo boʻladi. Ana shuning uchun ham arxitiplarga katta maʼno yuklanadi va alohida eʼtibor beriladi. Xullas, mifologiya arxitip obrazlarga ishlov berishning dastlabki usuli sifatida ilk bosqichni tashkil etadi.

Bu oʻrinda diqqatga sazovor jihat shundan iboratki, Freydenberg arxitiplar yoki arxitip obrazlarning paydo boʻlishi va ularning manbai haqida oʻz qarashlarini ilgari surganda, “vahimali obrazlar”ga eʼtibor qaratadi. Zotan, gʻayritabiiy timsollar “vahimali obrazlar”dan shakllangan boʻlib, bu turkum obrazlarning manbai ham arxitip obrazlarga borib taqaladi.

Mif ijod qilish obraz ijod qilish demakdir, shuning uchun ham uni folklor va sanʼatning bir qismi degan qarash qabul qilingan. Biz Yung va Freydenbergning nazariyasi asosida qadimgi turkiy yozma yodgorliklardagi tarixiy va mifologik obrazlar ham arxitiplarning mahsuli sifatida yuzaga kelgan deymiz. Soddaroq qilib aytganda, qadimgi turkiy yodgorliklardagi ramziy yoki metaforik obrazlar arxitiplarning asosi hisoblanadi deb qarash, bizning nazarimizda, masalaning mohiyatini anglashga yoʻl topib bera oladi.

Arxitip obrazlarning shakllanishi sinkretizm hodisasiga tayanadi. Sinkretizm “ajralmaslik, yaxlitlik” degan maʼnolarni bildirib, ilk davrdagi adabiy jarayonni ifodalaydi. Sinkretizm adabiy hodisa sifatida arxitip obrazlarni oʻzida ifoda etadi. Buning eng jonli namunasi – mifopoetik ijod mahsuli boʻlgan sinkretik mazmundagi qadimgi amaliy va tasviriy sanʼat asarlaridir. Ularda badiiy ijodni ham, falsafiy qarashlarni ham, sanʼatni ham koʻramiz. Jamoatchilikka va ilm ahliga yaxshi tanish boʻlgan “Amudaryo xazinasi” yodgorliklari (miloddan oldingi IV-II asrlarga oid boʻlib, Ahmoniylar sulolasiga tegishli), Issiq qoʻrgʻonidan topilgan ashyolar ham (miloddan oldingi IV-V asrlarga mansub) shular jumlasidandir[2]. Qadimgi sanʼat asarlarida, xalq ogʻzaki ijodida arxitip obrazlarni koʻplab kuzatish mumkin, umuman, arxitiplar yozma yoki ogʻzaki adabiyotda boʻladimi, tasviriy va amaliy sanʼatdami, maqsadi bitta – qadimgi davrlardagi badiiy tafakkur mahsulini muhrlab qoldirish.

Arxaik davrdagi inson hissiy bilish aʼzolari orqali olgan maʼlumotlarni, oʻzi bilan tabiatni, “men” bilan “boshqalar”ni, sanʼat bilan hayotni, soʻz va u ifodalaydigan predmetni, udumlarga va maishiy faoliyatga asoslangan maʼlumotlarni sinkretik tarzda – ajralmas holda qabul qilavergan. A. N. Veselovskiyning qarashicha ham olamga yaxlit qarash arxaik ongning ifodasidir[3]. Arxitiplar orqali soʻzlaydiganlar goʻyo minglab ovozlar chiqarayotganday boʻladi. Bu esa adabiy hodisaning yaxlitligidan, bir badiiy tasvir vositasida yoki obrazda bir necha adabiy hodisa yoki jarayon mujassamlashuvidan darak beradi. Arxitiplar – butun adabiy jarayonning ibtidosi, kelgusida adabiy turlarga va janrlarga ajralish tamoyillari ham shulardan boshlanadi, yaʼni adabiy tur va janrlarning shakllanishi zaminida ham arxitiplar yotadi. Arxitip obrazlar ramziy obrazlarga aylanganda, adabiy turlar va janrlarga ajralish jarayoni yuz beradi.

Qadimgi turk davriga oid madaniy va yozma yodgorliklar arxitiplar haqida soʻz yuritish uchun eng ishonchli omillardir. Jumladan, qadimgi turkiy yodgorliklarda yarmi inson, yarmi hayvon, qanotli jonzotlar, olam daraxti, yer, osmonning hozirgidan tamomila oʻzgacha timsollari borki, arxitiplar qadimgi turkiy yodgorliklarning yozma adabiyot sifatida shakllanishida asosiy vazifalardan birini bajargan.

Shuni taʼkidlash kerakki, arxitiplar qadimgi turkiy yodgorliklardagi olamning mifopoetik modeli tarkibida mavjud. Ayniqsa, Irq bitigi (VIII asr) arxitip obrazlarning qadimgi turkiy adabiyotda mavjudligini koʻrsatadigan muhim yodgorlikdir. Irq bitigidagi 65 ta hikoyachaning har biri arxitip obrazlar asosida shakllangan va ulardagi har bir obraz ramziy maʼnoga ega. Masalan, tovushqon, burgut, ilon kabi qator obrazlarning zaminida arxitiplarni koʻramiz. Yoki Kul tigin bitigtoshida Birinchi turk xoqonligining hukmdorlari Boʻmin va Istami obrazlariga eʼtibor beraylik. Kul tigin bitigtoshining birinchi satri olamning mifopoetik modelini ifodalaydi: Uza kok tangri asra yaghiz yar qilintuqta akin ara kisi oghli qilinmis. Kisi oghlinta uza achum apam Bomin qaghan Istami qaghan olurmis, oluripan turk bodunin alin torusin tuta birmis itu birmis – “Yuqorida koʻk osmon, pastda qoʻngʻir yer yaratilganda, ikkisining orasida inson bolalari yaratilgan. Inson bolalari ustidan ota-bobom Boʻmin xoqon, Istami xoqon oʻtirgan, oʻtirib, turk xalqining davlatini, qonun-qoidalarini tutib turgan”.

Mifologik fikrlash jarayonida arxitiplar obrazga oʻsib oʻtar ekan, tangri va er timsollari bilan birga, Boʻmin va Istami arxitip obrazlar sifatida tasavvur uygʻotadi. Chunki Kul tigin bitigtoshida ular ilk insoniyatning vakillari obrazi sifatida talqin qilingan. Bu oʻrinda Boʻmin va Istami tarixiy shaxslar boʻlgani holda, ularni oʻzgarmas obrazlar deb qarash kerak. Zotan, qadimgi turkiylar har ikkala obrazni hamma zamonlarda ham turkiy qavmlarning ilk ota-bobosi, madaniy qahramoni sifatida tasavvur qilganlari maʼlum. Shuning uchun ular qadimgi turkiylarning tarixi bayon qilingan yodgorliklar tarkibida ham mifologik mazmunga ega boʻldi, yaʼni qadimgi turkiylarning tasavvurida Boʻmin va Istami xoqonlar haqida soʻz ketganda, “ilk insoniyat” tushunchasi saqlanib qoldi, real tarixiy shaxslar ideallashtirildi va miflashtirildi. Markaziy Osiyodagi eng qadimgi mifning mazkur parchada mavjudligi har ikkala obrazni arxitiplar sifatida tasavvur qilishni yanada aniqlashtiradi. Bu jihatlarni nazarda tutib, turkiy eposlarning aksariyatida, jumladan, “Oʻgʻuznoma”da, yoqutlarning “Qudratli er Sogotox” olonxosida va boshqa bir qator turkiy eposlarda ham Kul tigin bitigtoshidagi olamning mifopoetik modeli borligini va bu modellar tarkibidagi qahramonlar arxitip obrazlar ekanini eʼtirof etish maqsadga muvofiqdir. Misol sifatida “Oʻgʻuznoma”da saqlangan olamning mifopoetik modeli bilan Kul tigin bitigtoshi boshlanmasidagi oʻzaro bogʻliqlik, taʼsirlanish haqidagi fikrlarimizni oʻrtaga tashlamoqchimiz.

Kul tigin bitigtoshi mazmun va tuzilish jihatidan “Oʻgʻuznoma”ga yaqin. “Oʻgʻuznoma”da voqealar xronologiyasida, Kul tigin bitigtoshi xronologiyasi singari, sanalar aniq koʻrsatilmagan boʻlsa ham olamning va yer yuzidagi ilk insoniyatning paydo boʻlishi haqidagi arxitip obrazlar mavjud. Oʻgʻuz, xuddi Boʻmin va Istami singari, oʻgʻuz turklarining ilk ota-bobosi va yer yuzidagi birinchi qahramondir. Ayni paytda diqqatga sazovor tomoni shundaki, “Oʻgʻuznoma”, aynan Kul tigin bitigtoshidagi singari, olamning yaratilishi va insoniyatning paydo boʻlishi haqidagi mifni oʻzida mujassam etgan. Doston ibtidosida insoniyatning yaratilishi haqidagi mifning qisqa bayoniga duch kelamiz: “Bolsunghil deb dedilar. Anung angaghusi oshbu turur. Taqi mundan song sevinch taptilar. Kena kunlardan bir kun Ay qaghanning kozi yarub bodadi. Erkak oghul toghdi (I-IV) – Shunday boʻlsin, dedilar. Uning qiyofasi shundaydir. Yana shundan keyin sevindilar. Kunlardan bir kun Oy xoqonning koʻzi yorib bolaladi. Oʻgʻil tugʻdi”.

Doston mazmunidan anglashilishicha, tugʻilgan chaqaloq – Oʻgʻuz yer yuzidagi birinchi inson, u gʻayritabiiy tugʻilgan. Gʻayritabiiylik, yuqorida aytganimizdek, arxitiplarning bitta belgisi ekanini eʼtiborga olsak, mifologik mazmun gʻayritabiiy obrazlarning muhim qismi sifatida yashaganiga guvoh boʻlamiz. Nafaqat qadimgi turkiy yodgorliklarda, balki keyingi davrlarda yaratilgan afsona va rivoyatlarda ham birinchi inson gʻayritabiiy tugʻilgani haqida misollar koʻp. Jumladan, S. P. Tolstov “Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab” nomli asarida Qayumars afsonasi Xorazm oʻlkasida yaratilgani, Qayumars asli Gavomard boʻlib, Buqa-odam degan maʼnoni bildirishi haqida yozadi. Yoki Gerodotning “Tarix” kitobida skiflar toʻgʻrisidagi afsonalarning birida Skif yarmi ayol, yarmi ilon koʻrinishidagi jonzotdan tugʻilgani haqida hikoya qilinadi[4]. Bu afsonaga yana murojaat etishimizdan maqsad shuki, Oʻgʻuz bilan Skifning tugʻilishi va faoliyatida ham uygʻunlik bor. Umuman olganda, insoniyatning paydo boʻlishi haqidagi koʻp afsonalarda ilk insonning qiyofasi gʻayritabiiy xususiyatga ega. Bu oʻrinda gʻayritabiiy obrazlarning paydo boʻlishini mifologiya bilan birga eʼtiqodlarga ham bogʻlash oʻrinlidir. Zotan, eʼtiqodlar obrazlar yoki maʼlum hodisalarning qadimiy qatlamini oʻzida saqlaydi.

Oʻgʻuzning keyingi gʻayritabiiy faoliyatida ham eʼtiqodlarga asoslangan kosmogonik yoki mifopoetik davrning izlarini koʻramiz. Bu oʻrinda epik qahramonlar – Oʻgʻuz va qoʻrqinchli maxluq oʻrtasidagi kurash ilk eposlar uchun xos boʻlgan mifologik syujet. Bunday syujetlar epos shakllanishida muhim vazifa bajaradi.

Qadimgi turkiylarning turli tabiiy jismlarga topinishi, ulardan madad tilashi mifopoetik davrni gavdalantiradi. Masalan, Oʻgʻuz bir joyda Tangriga (osmonga) yolvorganda, osmondan koʻk nur tushadi. Koʻk nurning orasida bir qiz oʻtirgan edi. Bundan keyingi voqealar qizning taʼrif-tavsifiga va Oʻgʻuzning maishiy hayotiga oid boʻlib, kosmogonik mifning bir koʻrinishidir. Bu mif Kul tigin bitigtoshidagi Boʻmin va Istamining Tangri (osmon) va yer nikohidan tugʻilgani motiviga hamohangdir. Umuman, Oʻgʻuz, Boʻmin xoqon, Istami xoqon singari qahramonlarni arxitip obrazlar sifatida bir qatorga qoʻyish mumkin. Qadim turkiylarning badiiy tafakkuridagi alohida oʻziga xoslik tarixiy shaxslar Boʻmin va Istamini ham epik qahramon sifatida yaratishga asos boʻlgan.

Nima uchun Boʻmin va Istami xoqonlar tarixiy shaxslar boʻlgani holda (ularning hukmronlik davri milodiy 551dan boshlangan), xoqonlik faoliyatiga nisbatan yil hisobi qoʻllanmagan degan savol tugʻilishi mumkin. Ular taxtga oʻtirgan sanani bitigtosh muallifi koʻrsatmaganining sababi – mifologik mazmunga asoslangan arxitip obrazlarni yaratish edi. Arxitip obrazlar Boʻmin va Istamining milodiy V asrda emas, balki insoniyat tarixining eng ibtidoiy davridayoq hukmronlik qila boshlagan degan gʻoyani yaratishga asos boʻldi. Bu jihatdan har ikkala tarixiy shaxs obrazi Oʻgʻuz xoqon yoki turkiy xalqlar eposlari “Maday Qara”, “Altin Arigʻ”, “Er Sogotox” kabi eposlardagi singari qahramonlarni oʻzida gavdalantiradi. Kul tigin bitigtoshidagi va turkiy eposlardagi obrazlarning hammasi ideallashtirish mahsulidir. Ideallashtirish yoki ideal obrazlar tarixiylikdan holi boʻladi. Osmon va yerning paydo boʻlishi haqidagi tasavvur bilan Boʻmin va Istamining taxtga oʻtirish voqeasi birin-ketin yuz bergan jarayon sifatida uqdirilishi bois qadimgi turkiylar ajdodlari yer va osmon paydo boʻlgandan keyin yaratilgan eng qadimgi nasl sifatida qaralgan, yer yuzidagi hayot ana shu qavmlardan boshlangan, degan tasavvurlarni shakllantirgan. Natijada, tarixiy xoqonlar, epos qahramonlari singari arxitip obrazlar sifatida tasavvur qilingan.

 

Hamza ALLAMBERGENOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–4

 


[1] Freydenberg O.M. Mif i literatura drevnosti. –Moskva, Glavnaya redaksiya vostochnoy literaturiʼ, 1978, 28-b.

[2] Qarang: Allambergenov H. Gʻayritabiiy obrazlarning mifologik asoslari. – Toshkent, “Muharrir” nashriyoti, 2013, 28-30-betlar.

[3] Veselovskiy A.N. Istoricheskaya poetika. –Moskva, 1940, 125-126-betlar.

[4] Gerodot. Istoriya. Moskva: Ladomir, 1993, 189-190-betlar; Oʻzbek mumtoz adabiyoti namunalari. –Tuzuvchilar N.Rahmonov, H.Boltaboyev, “Fan” nashriyoti, Toshkent – 2003, 16-17-betlar.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.