Arosatdagi shaxs fojiasi talqini

0
78
marta ko‘rilgan.

Annotatsiya: Maqolada N. Eshonqulning “Xayol tuzog‘i” asaridagi real hayotda o‘z o‘rnini topolmagan, savdoyi shaxsning achchiq taqdiri tahlil etiladi. Asar qahramoni Voqif xarakterining ziddiyatli qirralari chuqur psixologizm orqali ochib beriladi.

Annotatsiya: V dannoy statye issleduyetsya tragicheskaya sudba geroya proizvedeniya N. Eshonkula “Kapkan fantazii”, cheloveka, ne nashedshego svoye mesto v realnoy jizni. Cherez glubokiy psixologicheskiy analiz raskri’vayetsya protivorechivi’y xarakter Vakifa.

Annotation: Not only the tragic life of man in personality of main hero Vakif in N. Eshonkul’s work named “The trap of imagination” is learned in given article but also contrast distinctions in his character is shown from deep psychological point.

Tayanch so‘zlar: hikoya, qissa, xayol, uslub, modernizm, psixologik tahlil, yo‘qlik, xayoliy bino, qiyofasiz odam, ramziylik, ruhiy olam.

 

Taniqli adib N. Eshonqul “Xayol tuzog‘i” asarini o‘zining “Yalpiz hidi” to‘plamida hikoyalar sirasiga kiritgan.[1] Aslida, bu asar g‘oyaviy-badiiy “yuk”ining salmog‘i va janriy belgilariga ko‘ra qissaga xos xususiyatlarga ega. Zero, qissa – hikoya bilan roman orasidagi janr bo‘lgani bois goho ulardagi ba’zi xususiyatlarni ijodiy qabul qiladi, tasvir va ifodada qisman sintezlashadi, yangilanib boradi. Darhaqiqat, ayrim hikoyalarda qissaga xos epik bayon va estetik mohiyatning aks etishi badiiy ijodda favqulodda hodisa emas. Binobarin, “qissada qahramon hayotining bir bosqichi qalamga olinib, uning markazida qahramon turishi”[2] bu asarda yorqin ko‘rinadi.

Ushbu qissada N. Eshonqul uslubiga xos muhim bir xususiyat aks etgan. Bu adib asarlarida an’anaviy realistik va noan’anaviy zamonaviy tasvir tamoyillarining o‘zaro uyg‘unligidir, ya’ni muallif “Urush odamlari”, “Momoqo‘shiq” qissalaridagi realizm bilan “Tun panjaralari”, “Qora kitob”, “Muolaja” asarlaridagi modernizmni badiiy diffuziyalash yo‘li bilan bir asarga jamlay olgan.

Voqif xarakteri dinamikasining ilk bosqichi roviyning u haqidagi tavsifida tipik an’anaviylikka yo‘g‘rilgan: “To‘g‘ri, uning na ishda, na oshiqlikda omadi yurishdi, hamma joyda betgachoparligi pand berar, u esa hech egilishni istamas edi. Oylab ishsiz, cho‘ntagida pulsiz yurgan paytlarida ham hech tushkunlikka tushmagandi. U palla Voqif ehtirosli va ko‘ngli toza yigit edi”.[3] Bu tasvirda qahramon sajiyasining zohiriy jihatlari, oddiy odamlarga xos tipologik xislatlar Voqifdagi biron favqulodiy belgiga ishora qilinmaydi, aksincha, “ehtirosli va ko‘ngli tozaligi” undagi ijobiylikni ta’kidlaydi. Ammo xarakter rivojida ikkinchi bosqichdagi telbanamo va savdoyilik sabablariga real hayotdagi turmushda zamin yaratilishi mantiqan anglashiladi.

Nazarimizda, Voqifning bu olamdan yuz o‘girib, aqldan oza borishi va bedarak yo‘qolishini asoslovchi sabablar va vaziyatlar yetarli emasday. Negaki, u sevgan qizi Robiyaga uylanishga uning o‘jar otasi dastlab qarshilik qilgani, “boshpanasiz, ijarama-ijara izg‘ib yurgani”, nufuzi yo‘q ro‘znomada ishlashga majbur bo‘lgani va bo‘lim mudirining “bo‘limdagi eng bebosh sizsiz”, deya tanbeh berishi roviy muallif ta’biridagi “irodasi va fikr yuritishiga havas qilgudek” bu yigitning birdaniga fojiaviy yo‘lni tanlashi biroz erish tuyuladi. Shunga qaramay, muallif irodasi sust, e’tiqodi beqaror shaxsning ma’nisizlik maskani – xayol olami girdobidagi ayanchli holati va qiyofasiz “qiyofa”sini chuqur psixologik rakursda modernistik tasvir orqali ko‘rsatishga erisha olgan.

Ma’lumki, inson siyratining butligi vujud (jon qafasi), aql (insoniylik mohiyati) va ruh (abadiylik) yaxlitligida shakllanadi. Bularning bittasiga putur yetsa, inson o‘zligidagi tabiiy muvozanat buziladi. Voqif – ana shu noqis holatga giriftor shaxs. Aqlining darz ketishi bilan yuzaga kelgan bo‘shliq uni arosat – absurd yo‘llarga boshlaydi. Bu jarayonda ruh fenomeni hal qiluvchi omilga aylanadi. Chunki tanning barcha qarshiliklarini aql yengsa, aqlni ruh soflashtiradi va behushlik holati namoyon bo‘ladi. Ruhiyatda zamon tushunchasi yo‘q, makon bor, shakl tushunchasi yo‘q, mazmun bor. Darhaqiqat, Voqif yo‘qolgach, qo‘nim topgan makonning ramziy va mavhumligi (yo‘qlik), mazmunning ma’nisizligi modernistik uslubning muhim belgisidir. Bu xususiyatlar talqini kundalik daftardagi yozuvlar mazmunini tashkil etadi. Voqif tafakkuridagi tanazzul va g‘alati tasavvurlarida shahar markazidagi salobatli, xayoliy bino xususidagi fikrlar katta o‘rin tutadi. Chunki bino Voqif yashayotgan dunyoning kichraytirilgan modeli bo‘lib, muhim badiiy funksiya bajaradi: “Bugun ham ishga borishda binoning oldidan o‘tdim, nazarimda, bino kechagiga qaraganda biroz kattalashganday tuyuldi. Qiziq, darvozasi ham biroz kengaygan edi” (373). Bu o‘rinda binoning tobora “kattalashib”, darvozasining “kengayib” borishidagi kinoyaviy ohangga yashiringan tagma’noni anglash qiyin emas: bular real hayotdagi nosozlik va yovuzlikning qahramon xayolida suratlanishidir.

Qissa qahramoni idrokidagi parokandalikni yanada ravshanlashtirishda qon va bolta detallarining ramziy talqinlari ham xarakterlidir. Bu tushunchalarning ramziylik mohiyatidagi salmoqli ijtimoiy-estetik bosim qissaning umumiy mazmunini qabartib ko‘rsatishga xizmat qiladi. Bu jarayonda tush detali voqea va ruhiy holatni uyg‘unlashtiruvchi vosita rolini bajaradi. Zero, “tush – qisqa o‘limdir” ta’birining badiiy ifodasi qahramon xayoliy fikrlari in’ikosi o‘laroq, tushda dahshatli tarzda sodir bo‘lishi, bejiz emas. Zotan, tush, bolta va qon uchligi tasvirida suvrat va siyrat nisbati mavjud. Tush – voqea va ruhiyatning pardalangan suvrati (shakl), bolta va qon munosabati ifodasi esa ongostidagi ramziy ma’no (mazmun) zuhurotidir. Buni Voqifning chuqur psixologik tahlilga evrilgan so‘zlarida yorqin ko‘ramiz: “Uyqumda halovat bo‘lmayapti. Ko‘zimga har xil sharpalar ko‘rinadi. Kunduzlari kimga qaramay, u qo‘yniga juda o‘tkir bolta solib yurganday tuyulaveradi. Men uning (bo‘lim mudirining – F. R.) yon cho‘ntagida xiyla katta bolta borligini sezdim. Ishdan keyin biroz dam olish uchun televizor qo‘ygan edim, bolta yasaydigan qandaydir ustaxonani ko‘rsatishdi. Muxbir boltani rosa maqtadi: “Bolta hatto toshni ham kesib o‘tadi”, – dedi u. Agar toshni kessa, odamning boshini kesishi hech gap emas” (379).

“Qon” badiiy ijodda ko‘pincha dahshat va o‘lim belgisi sifatida qo‘llanilib kelinadi. Muallif ushbu qissasida ana shu an’anani ijodiy davom ettirib, “qon”ni qahramon fojiasiga ishora qiluvchi atributga aylantiradi. Bir paytlar qamoqxona bo‘lgan ishxonada “qon hidi”ning anqib turishi, “jo‘mrakdan suv o‘rniga qip-qizil qon otilib chiqishi”, hamkasblarga “hammangizning qo‘lingiz qon” deya baqirishi, “dorilfunun o‘qituvchisi qo‘llaridan qon oqib turganini ko‘rish” lavhalari Voqif ruhiyatidagi tahlikaning qator yangi qirralari ifodasidir.

To‘g‘ri, adib estetik konsepsiyasi savdoyilikka mubtalo bo‘lgan inson qismatining o‘kinchi va dahshatini, iste’dodli a’zosini himoya qilolmagan va aksincha, jinni bo‘lishga majbur etgan muhitning kasallik ildizlarini ochib ko‘rsatishga yo‘naltirgan. Shu bilan birga, Voqifning ruhiy xastalikka yo‘liqishiga faqat ijtimoiy muhitgina emas, balki shaxsning tabiati, sajiyasidagi zaiflik, shaxsidagi ilinjning ojizligi ham sababchi ekanligini unutmaslik joiz. Chunki har bir inson betakror, murakkab xislatlar sohibi ekan, unda muayyan individual nuqsonlarning bo‘lishi tabiiy holdir.

Shuningdek, tasvir va ifoda rang-barangligi hamda ta’sirchanligini ta’minlagan omillardan biri, fantastik motivlardir: tush ko‘rish, inson ruhining abadiyligi, qiyofadoshlik, havoyi mubolag‘a. Bulardan tush fantastik talqinning asosiy qamrovli nuqtasi bo‘lib, qolganlari uni to‘ldirishga, izohlashga qaratilgan.

Yuqoridagi mulohazalarga asosan xayol tuzog‘idagi vos-vos Voqifning ma’nisizlik olami sari yo‘lining manzillarini shartli ravishda shunday tasavvur qilish mumkin: botindagi iztirob, chuqur tushkunlik, jamiyatdan begonalashuv = Yo‘qlik. Ammo Yo‘qlik o‘lim emas. Zero, tiriklar orasida ham, o‘liklar orasida ham topilmagan qahramon abadiy tiriklik timsoli – Ruh dargohida. Voqifdan ayro qolgan Robiyaning uch oydan so‘ng bedarak yo‘qolishi, oshig‘i dargohiga – xaloskorlik manziliga yo‘l olishda ham ramziy ma’no yashirin.

Umuman, asarning mazmun-mohiyati, struktural – shakl va ifoda qatlamlarida realistik, fantastik, romantik va modernistik uslublar mavjudligi sinkretizmni vujudga keltirgan. Bular adibning estetik kontekstga ikki yo‘nalishda yondashuvida aks etadi: 1) an’anaviy; 2) noan’anaviy (zamonaviy). Bulardan birinchisi, nisbatan muxtasar bo‘lib, unda, asosan, real hayotdagi voqealarning zohiriy talqini, ikkinchisida esa, ruhiy olamning botiniy evrilishlari qamrovli va ustuvordir.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Nazar Eshonqul. Yalpiz hidi. Qissalar va hikoyalar. – T.: Sharq, 2008. – B. 370-386
  2. Quronov D., Mamajonov Z., Sheraliyeva M. Adabiyotshunoslik lug‘ati. – T.: Akademnashr, 2010. – B. 380-381.
  3. Normatov U. Umidbaxsh tamoyillar. – T.: Ma’naviyat, 2000. – B. 47

 

Feruza RAJABOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1] N. Eshonqul. Yalpiz hidi. To‘plam. – T.: Sharq, 2008. – B. 370-386.

[2] Quronov D., Mamajonov Z., Sheraliyeva M. Adabiyotshunoslik lug‘ati. – T.: Akademnashr, 2010. – B. 380-381.

[3]Nazar Eshonqul. Yalpiz hidi. Qissalar va hikoyalar. – T.: Sharq, 2008. – B. 370. (Keyingi ko‘chirmalar shu kitobdan olinib, qavs ichida sahifasi ko‘rsatiladi. – F. R.)

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.