Arman adabiyoti

0
712
marta koʻrilgan.

Kavkaz orti respublikalari, Turkiya, Eron, Hindiston va Shimoliy hamda Janubiy Amerika mamlakatlari hududlarida uzoq zamonlardan beri yashab kelayotgan arman xalqi qadimiy, boy madaniyat va adabiyot yaratdi. Bu toʻgʻrida bizgacha yetib kelgan xilma-xil folklor asarlari va arman yozma adabiyotining Matanadaron (qadimgi nodir qoʻlyozmalar instituti)da saqlanayotgan noyob namunalar qimmatli maʼlumotlar beradi.

Arman xalq ogʻzaki ijodi asarlari orasida ertak, qoʻshiq va termalarni, epik dostonlar va afsonalarni, maqol va hikmatli soʻzlarni koʻp uchratish mumkin.

Arman xalq qahramonlik dostonlari orasida eng mashhuri “Sosunlik Dovud” dostonidir. Bu dostonda xalqning VIII-X asrlarda arab bosqinchilariga qarshi olib borgan ozodlik kurashi zoʻr badiiy mahorat bilan tasvirlangan. Unda uzoq asrlar davomida haqiqat va adolat uchun qon toʻkkan arman xalqining ozodlik sari intilishi yorqin ifodalangan. Arman xalq ogʻzaki ijodida, ertak va eposlardan tashqari, marosim qoʻshiqlari ham keng oʻrin tutadi. Chin sevgini targʻib etuvchi, mehnatni ulugʻlovchi, jamiyatdagi nuqsonlarni hajv oʻti bilan kuydiruvchi bu lirik qoʻshiqlar orasida mehnat va qalandarlar kabi darbadarlik bilan hayot kechiruvchi gʻariblarning qoʻshiqlari oʻzining ijtimoiy mazmuni bilan ajralib turadi. Bu qoʻshiqlarda oʻz vatanini tark etib darbadar kezuvchi, baxt axtaruvchi armanlarning ayanchli ahvoli aks ettirilgan. IV asrning boshlarida xristian dini qabul qilinishi bilan yozma adabiyotning bu qadimiy yodgorliklari yoʻq qilib yuborilgan.

V asrga kelib armanlarning mustaqil davlat boʻlib birlashishga intilishlari kuchaygan bir vaqtda adabiy hayotning birmuncha jonlanishi arman tilida yozma adabiyotning paydo boʻlishiga ehtiyoj tugʻdirdi. IV asrda (393) mashhur maʼrifatparvar olim-yepiskop Mesrop Mashtots tomonidan arman yozuvining ixtiro qilinishi original va tarjima adabiyotning tez surʼatlar bilan rivojlanishi uchun turtki boʻldi. Arman yozma adabiyotining shakllanishi V asr boshlariga toʻgʻri keladi.

XII asrga kelib “grabar” deb ataluvchi qadimgi arman tili oʻlik tilga aylana borib, shoirlar oʻz asarlarini “oʻrta arman tili” deb yuritiladigan tilda yoza boshladilar. XIII asr arman adabiyoti tarixida reaksion-feodal yoʻnalish bilan mehnatkash xalq manfaatini yoqlovchi progressiv yoʻnalish namoyandalari oʻrtasidagi kurash keskinlashdi. Cherkovga zid gumanistik adabiyotning mafkurachilari boʻlgan Frik va Konstantin Yerznkatsilar panteistik ruhdagi ishqiy lirik sheʼrlar bilan chiqdilar. Vardan Aygeksi nomli mashhur masalchi ham shu vaqtlarda yashadi. Uning xalq latifalaridan keng foydalanib yaratilgan masallarida feodallar va cherkovga qarshi qaratilgan xalq realistik hajvchiligining ruhi sezilib turardi.

XIX asrda yangi arman adabiyoti shakllandi. Uning asoschisi va yirik vakillaridan biri buyuk maʼrifatparvar-demokrat shoir Xachatur Abovyan edi. A. S. Pushkin davri rus adabiyoti taʼsirida voyaga yetgan X. Abovyanning xizmati shundaki, u cherkov tarafdorlarining oʻlik grabar tilini qayta tiklash yoʻlidagi urinishlariga qaqshatqich zarba berdi. Oʻzining turli janrlardagi ajoyib asarlarini “ashxarabar” deb ataluvchi yangi arman tilida yozdi. Uning eng yaxshi nasriy asarlaridan biri “Armaniston jarohatlari” asari boʻlib, bu birinchi arman romani edi.

50-60-yillarda taraqqiyparvar yoʻnalishdagi arman matbuotining faoliyati kuchaydi. Ana shunday jurnallardan biri Moskvada nashr etiladigan “Yusisapayl” (“Shimol yogʻdusi”) jurnali boʻlib, uning atrofida koʻp isteʼdodli yozuvchilar uyushgan edilar. bular orasida isteʼdodli shoir va olim Mikael Nalbandyan alohida ajralib turadi. Nalbandyanning barakali adabiy-ilmiy ijodi inqilobiy demokratik ruh bilan sugʻorilgan edi.

XIX asr oxiri, XX asr boshlarida Armanistonda kapitalizmning taraqqiy etishi munosabati bilan asta-sekin patriarxal munosabatlar yemirila boshladi. Dehqonlar hayoti ogʻirlashdi. Arman yozuvchilaridan A. Aganyan, A. Adeyan, A. Shaxnazaryanlarning ijodi ana shu tarixiy davrga toʻgʻri keldi. Xuddi shu vaqtlarda oyda bir marta chiqib turgan “Murch” (“Bolgʻa”) jurnali atrofiga uyushgan Ovanes Tumanyan, Avetik Isaakyan, Akop Akopyan, Derenin Demirchyanlar arman demokratik adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdilar. Bular orasida O. Tumanyan ijodi alohida ajralib turadi. U oʻz toʻrtliklari, doston, masal va ertaklarida klassik adabiyot anʼanalarini davom ettirdi; xalq hayotining realistik lavhalarini chizib berdi; optimistik gʻoyalarni tarannum etdi. Uning eng yaxshi asarlariga misol qilib “Anush”, “Eski kurash” va “Sosunlik Dovud” syujeti asosida yozilgan dostonlarni koʻrsatish mumkin.

Yangi arman adabiyotining yana bir yirik vakili A. Isaakyan oʻsha vaqtlarida Gʻarbiy Armanistonda yuz bergan arman qirgʻinining guvohi boʻldi. Shu sababli xalqning fojiali ahvoliga qaygʻurish hissi uning asarlari (“Qoʻshiqlar va yaralar”) toʻplamida chuqur iz qoldirdi.

Soʻnggi yillar prozasining asosiy ulushini romanchilik tashkil etdi: jang mavzui keng koʻlamda yoritilgan yirik badiiy asarlar vujudga keldi. R. Kocharning “Katta xonadon bolalari”, M. Armenning “Yasva”, A. Sirasning “Ararat”, V. Alazanning “Shimol yulduzi” romanlari bilan bir qatorda, chet el xalqlari hayoti va kurashi taviriga bagʻishlangan “Tehron” (G. Sevuns), “Sahroda”, “Magʻlubiyat” (S. Alajanyan) nomli romanlari shular jumlasidandir.

Soʻnggi yillarda milliy adabiyotlar oʻrtasida hamkorlik kuchaydi, madaniy aloqalar kengaya bordi. Armanistonda Navoiy, Hamza Hakimzoda, A. Qahhor, Gʻ. Gʻulom, Uygʻun, K. Yashin, Sh. Rashidov, Zulfiya singari oʻzbek yozuvchilarining asarlari (“Oʻzbek hikoyalari”, “Oʻzbek pyesalari” toʻplamlari, Sh. Rashidovning “Boʻrondan kuchli” romani, A. Qahhorning “Sinchalak” povesti, H. Gʻulomning “Sheʼrlar”, Zulfiyaning “Lirika” kitoblari, “Kichkintoy doʻstlar” nomli majmualar) arman tilida nashr ettirildi. Arman yozuvchilaridan O. Tumanyanning “Anush” dostoni, Ye. Charensning “Charensdan salom” kitobi, N. Zaryanning “Asavan” romani, G. Sevunsning ikki jildli “Tehron” epopeyasi, S. Kaputikyanning “Sheʼrlar” toʻplamlari oʻzbek tilida bosilib chiqdi. Bu tadbirlar Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” (M. Koryun tarjimasida) dostonining arman tiliga, “Sosonlik Dovud” eposining (M. Shayxzoda va Gʻ. Gʻulom tarjimasida) oʻzbek tiliga tarjima qilinishi bilan 30-yillardano boshlangan doʻstona aloqalarning davomi boʻldi.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.