Anvar Obidjonning nurli ijodi

0
1083
marta koʻrilgan.

“Bolalar adabiyoti” deganda bolalarning yosh xususiyatlariga mos keladigan, tabiat va jamiyatdagi voqea-hodisalar xususida yosh kitobxon tushunchasi darajasida maʼlumot beradigan shoʻx va oʻynoqi, tarbiyaviy ahamiyat kasb etadigan asarlarni tushunish qon-qonimizga singib ketgan. Shu sababli ham shoiru nosirlarimiz hazilkash, shoʻx, oʻyinqaroq, topqir bolakaylar haqida hazil-huzilga boy yumoristik sheʼru hikoyalar, dostonu qissalar bitadilar; nabotot va hayvonot dunyosini bolalarning hayratomuz nigohi bilan qayta-qayta kashf qiladilar; parranda, darrandalarni misol qilib, ibratomuz ertagu masallar yozadilar; Vatan – kindik qoni toʻkilgan muqaddas Ona tuproqqa sadoqat, ustozlar va ota-onalar hurmatini sharaflash ruhidagi sheʼru dostonlar yaratadilar; bolalarni ilm-maʼrifat nuridan bahramand boʻlishga chorlovchi – maktab, kitob va boshqa turli oʻquv qurollarini madh etuvchi asarlar bitadilar va hokazo. Albatta, bu mavzularning har biri ham umrboqiyligi va bolalar adabiyotimiz mahsulida doimo sezilarli mavqe kasb etishi isbot talab qilmaydigan haqiqatlar. Biroq “ana shu haqiqatlarni har bir avlod qanday qayta kashf qilayapti va bu kashfiyotlarning badiiyat darajasi qanday?” degan savol doimo oldimizda koʻndalang turishi ham, shu boisdan tabiiydir.

1947 yilda Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi Poloson qishlogʻida tugʻilgan, 1979 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tugallagan, 40 yildan ortiqroq vaqt mobaynida nihoyatda serqirra faoliyati bilan adabiyotimiz rivojiga samarali hissa qoʻshib kelayotgan, kichkintoylar sheʼriyati va nasrining bugungi yetakchi namoyandalaridan boʻlmish Anvar Obidjon ijodi, shu maʼnoda, bolalar adabiyotimizning tom maʼnodagi nurli sahifalarini tashkil qiladi.

Ijodi XX asrning 70-yillaridan boshlangan shoir bolalar uchun “Ona Yer” (1974), “Bahromning hikoyalari” (1980), “Ey, Yorugʻ dunyo…” (1983), “Olovjon va uning doʻstlari” (1983), “Masxaraboz bola” (1986), “Juda qiziq voqea” (1987), “Oltin yurakli Avtobola” (1988), “Dahshatli Meshpolvon” (1989), “Ajoyibxona” (1993), “Alisher ila Husayn yoki uch dono va oʻgʻri” (1996), “Bulbulning choʻpchaklari” (2001), “Odobli boʻlish osonmi?” (2001), “Oʻgʻirlangan pahlavon” (2006), “Soliq nima?” (Bolalarga huquqiy-iqtisodiy mavzuda badiiy-publitsistik qoʻllanma. 2008), “Oʻq oʻtmas bolakay yoxud oltin yurak” (2011), “Mushuk bibi miyovladi yoki jonivorlar bilan soʻzlashuv” (2012), “Mitti Baroq berar saboq” (Bogʻcha bolalari uchun yoʻl harakati qoidalari haqida sheʼriy yoʻriqlar. 2012), “Jajji-jajji kulchalar” (2013), “0099 raqamli yolgʻonchi” (2014), “Atrofimizdagi qiziqchilar” (2014), “Mulla baqaloq” (2014), “Kezargon Boychechak” (2016) singari sheʼrlar, hikoyalar, qissalar va dramatik asarlari toʻplamlarini yaratgan. Chop etilgan ellikka yaqin kitobining toʻrtdan uch qismi kichkintoylarga atalgan.

Anvar Obidjonning adiblik faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, oʻzining oʻxshashi yoʻq ijodi bilan bolalar adabiyotimiz sheʼriyati, nasri va dramaturgiyasini, shak-shubhasiz, yangi taraqqiyot pogʻonalariga koʻtarganining guvohi boʻlamiz. Asarlarining janrigina emas, mavzu koʻlami ham nihoyatda rang-barang boʻlib, u bolalar adabiyotimiz uchun xarakterli boʻlgan deyarli barcha yoʻnalishlarda qalam tebratgan. Eʼtiborli tomoni shundaki, hatto “eski mavzular”da ham yangicha talqin yarata olgan.

Jumladan, anʼanaviy mavzudagi bahor taʼrifiga bagʻishlangan sheʼrlar orasida uning “Bahor” sheʼri oʻzga adiblarnikidan tamoman boshqachaligi bilan ajralib turadi. Shoir “Bulbulning choʻpchaklari” turkumidagi bu sheʼrida koʻklam tarovatini Bulbul nigohidan quyidagicha tasvirlaydi:

 

Shimol tomon qochdi qish bahoroydan zirillab,

Iliq shamol janubdan kirib keldi gurillab.

 

Gullab yupun butoqlar, shona ochdi boychechak,

Maysazorda yayrashar Chigirtkalar chirillab.

 

Shoshib uzoq oʻlkadan qaytar qushlar galasi,

Oldin keldi marraga shx Chumchuqlar pirillab.

 

Keldi soʻngra Maynaxon Chugʻurchiqqa ergashib,

Faqat Qargʻa shimolga ketib qoldi jirillab.

 

Kezar dala-qishdoqni kuylab daydi Hakkavoy,

Yurar turli narsa yeb, tomogʻi sal xirillab.

 

Koʻkqurt chiqdi tuxumdan, Pashshalarga kirdi jon,

Qovogʻari uzoqka uchib koʻrdi dirillab.

 

Chaman boʻlib togʻlarda ochilganmish lolalar,

Soz boʻlardi, Bulbuljon, borib kelsang gʻirillab.

(“Masxaraboz bola”. T.“Yosh gvardiya”, 1986,13-14 b.)

 

Sheʼr qishning bahordan shimol tomonlarga qochishi tasviri bilan boshlanadi. Bu tasvirda yosh bola nigohi Bulbul nigohiga payvasta. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Anvar Obidjon sheʼrlarining oʻziga xosliklarini taʼminlovchi unsurlardan biri boʻlmish harakat bu sheʼrda ham barq urib turadi, sheʼrga jon bagʻishlaydi. Qishning “zirillab” qochishi, iliq shamolning “gurillab” kirib kelishi, bahor kelishi bilan “yupun” (!) butoqlarga jon kirib, boychechaklarning “shona ochishi” (!), maysazorlarda Chigirtkalarning “chirillab” sayrashlari, chaqqon va shoʻx Chumchuqning uzoq oʻlkalardan shoshib kelayotgan qushlar orasida “pirillab”, marraga hammadan oldin yetib kelishi, bahorda barcha qushlarning kelishidan alami qoʻzigan Qargʻaning “jirillab” shimol oʻlkalarga ketib qolishi, koʻziga koʻringan hamma narsani yeyaveradigan ochkoʻz Hakkaning tinmay chagʻillayverganidan ovozi “xirillab” qolgani, bahorda tabiatga jon kirib, Koʻkqurtu Pashshalar tuxumdan chiqishi, Qovogʻarining tetapoyalanib, ilk bora uzoqqa uchoq (samolyot)day “dirillab” uchishi – xullas, bularning barchasi bahorda qayta jonlangan tabiatning harakatlaridir. Har bir harakatning shu harakatni bajarayotgan obʼyekt bilan uygʻunligi esa sheʼr tabiiyligini taʼminlaydi, jon baxsh etadi.

Yosh kitobxon nazarida ijodkor sehrgardir (V. Berestov). Agar sehrgar cholning qoʻlidagi sehrli tayoqchasi hayratomuz moʻjizalar yaratsa, ijodkorning sehrli qalamidan ham ana shunday moʻjizalar yaraladi. Shu sababli ham haqiqiy shoir qalamidan yaralgan oddiygina soʻzlar yosh kitobxon koʻz oʻngida sehrli tosh singari turfa qirralari bilan namoyon boʻladi. Oddiy soʻzlarning sehrli soʻzlarga aylanishida esa, bizningcha, eng katta imkoniyat hajviy-yumoristik asarlardadir. Bolalar adabiyoti sheʼriyatini tarozining ikki pallasiga boʻlsak, bir pallasini hajviy sheʼrlar egallashi, ehtimol, aslida shundandir?! Chunki haqiqiy hajv, dastavval, kitobxonning dilini ravshan, tilini burro qiladi. Bunday asar kitobxonni dastroʻmolga piqillashga emas, balki bor ovozi bilan kah-qah otib kulishga majbur qiladi.

Jumladan, Anvar Obidjon ham “Bulbulning choʻpchaklari”, “Kumush uy”, “Gurungdagi gaplar”, “Gʻalati maktublar”, “Ajoyibxona”, “Ignalarim chiroyli”, “Mening kolleksiyam”, “Oʻzimizning ansambl”, “Shirin soʻylar jajjivoylar”, “Kalamushlar kemasi” kabi turkumlariga kirgan koʻplab sheʼrlarida hajv va majozning ajoyib namunalarini yaratadi. Bu sheʼrlarda goh turli jonzotlar tilidan majoziy yoʻlda, goh bolakaylarning oʻziga xos shirin tillaridan baʼzan begʻubor kulgi yaratilsa, baʼzan kitobxonlarni oʻylatib qoʻyadigan, kechagi kunimizning gʻam-anduhli manzaralarini koʻz oldiga keltirib, erk, istiqlol tuygʻularini majoz pardasi ostida yaratishi bilan xarakterlidir.

“Bulbulning choʻpchaklari” turkumidagi “Ajoyibxonaga marhamat” sheʼriga jon baxsh etib turadigan holat har bir jonzotning tashqi koʻrinishiga muvofiq keladigan oʻxshatish bilan tasvirlanishida aks etadi:

 

Ana qoʻpol Begemot, burni qumgʻonni koʻring,

Chaynab yotar tekin oʻt, Jiraf narvonni koʻring.

 

Yegan kabi qalampir beti bujmoq, qarang bir,

Ogʻzida tish yoʻq “kampir” – Baqa shodonni koʻring.

 

Shoxda karnay chaladi, toʻni ola-buladir,

Nomi Hakka xoladir, gapi yolgʻonni koʻring.

 

Oʻtdan gulni ajratmas, koʻproq xashak yesa bas,

Esi kirsa ajabmas, Xoʻtik nodonni koʻring.

 

Kamzulchasi ja tarang, kiyim-boshi rango-rang,

Tumshugʻi oʻtkir, zarang, Jiblajibonni koʻring.

 

Sher narigi xonada, Shoqol nega panada,

Kuch boʻlmasa tanada, zoʻrdan gumonni koʻring.

 

Boʻrsiq soʻrar barmogʻin, Suvsar qashlar qulogʻin,

Qoplon charxlar tirnogʻin, nafsi yomonni koʻring.

 

Bulbul toʻkin yoz chogʻi ochdi jonzotlar bogʻi,

Qushlarning yoʻq sanogʻi, har xil hayvonni koʻring.

(“Masxaraboz bola”, 17-18-betlar).

 

“Burni qumgʻon” Begemot, Jiraf “narvon”, qalampir yegan kishi kabi beti bujmayib ketgan, ogʻzida tishi yoʻq “kampir” – Baqa, toʻni ola-bula, yolgʻonchi Hakka xola, oʻt bilan gulning farqiga bormaydigan, koʻziga uchragan narsani xashak sifatida yeyaveradigan nodon Xoʻtik, kiyim-boshi rango-rang, oʻtkir tumshugʻi zarangday qattiq Jiblajibon, narigi xonada yurgan hayvonlar shohi – Sherning qadam tovushidanoq panaga urib ketgan qoʻrqoq Shoqol, tirnogʻini charxlayotgan yirtqich Qoplon singari turfa jonivorlarning har biri oʻz qiyofasi bilan yosh kitobxon koʻz oʻngida yorqin namoyon boʻlishining asosiy sababi, yuqorida taʼkidlanganiday, ularning bosh tashqi xususiyati tesha tegmagan oʻxshatishlarda tabiiy aks ettirilganidadir. Anvar Obidjon sheʼrlarini yosh kitobxonga manzur qiladigan asosiy sifatlardan biri ham ana shunda.

Bolalar sheʼriyatida ramzlar va timsollar oʻrni haqida fikr yuritilar ekan, Anvar Obidjon sheʼrlari, ayniqsa, bu borada alohida ahamiyatga molikdir. Uning sheʼrlarida istibdod tigʻi ostida boʻyni egilgan boʻlsa-da, erk his-tuygʻulari qalbini tark etmagan xalqimiz timsoli ramzlarga oʻralgan holda tasvirlanadi. “Kumush uy” turkumidagi “Yaylovni sogʻingan qoʻy” sheʼri ana shunday asarlardandir. Avvalo, turkum nomiga eʼtibor beraylik. Aslida “Kumush uy”ning oʻzi ham Vatan ramzi. Zero, Ipak qurti qurgan eshik-derazasi yoʻq kumush uy aslida xalqimizni yetmish yil tentiratgan kelajagi qorongʻu, xayoliy sotsialistik tuzum, “Yaylovni sogʻingan qoʻy” esa istibdod zanjirlari ostida ezilgan, qorni toʻq boʻlsa-da, qadri yoʻq, boshi egiklar timsoli:

 

Ishlar qalay, –

Desam, Qoʻy

Javob berdi

Surib oʻy:

 

– Kamchilik yoʻq

Oziqdan…

Bezor boʻldim

Qoziqdan.

(“Masxaraboz bola”, 24).

 

“Aka-uka” sheʼrida mustaqil Vatan kelajagi boʻlmish oʻsib kelayotgan yosh avlod ramziy yoʻsinda kechagi kunimizdagi qoʻli bogʻliq, koʻzi bogʻliq, istibdoddan yurak oldirib qoʻygan aka katta avlodga qiyoslanadi. Akaning pastga, jarlikka “taka-puka termilishi” bejiz emas, chunki jarlik aslida tubanlik ramzi, ikkinchidan esa, uning koʻz oldida xalqimizning istiqlol yoʻlida qurbon boʻlgan minglab farzandlari taqdiri turibdi:

 

Jar boʻyida turishar

Aka-uka.

Aka pastga termilar

Taka-puka.

 

Yuksakdagi lochinga

Boqar uka.

Goʻyo koʻkda jim qanot –

Qoqar uka.

(“Masxaraboz bola”, 23-24).

 

Ukaning nigohi esa koʻkda parvoz qilayotgan lochinga tikilgan. Chunki koʻk ham, unda parvoz qilayotgan lochin ham aslida erk ramzlari, ukaning esa parvozi baland, nigohi istiqlolning yorishib kelayotgan porloq nurlariga tikilgan. Shu bois uka yosh kitobxon koʻz oʻngida Lochin yangligʻ Erkin, erki uchun kurashga tayyor Inson timsoli sifatida namoyon boʻladi.

“Uchinchi polapon” sheʼrida “Aka-uka”dagi mavzu davom ettiriladi, yanada rivojlantiriladi. Sheʼrda erkin qush – Lochin farzandlarining yovuzlik ramzi Oqilon bilan hayot-mamot jangi qalamga olinadi. Yovuz Oqilon onasini yordamga chaqirib chinqirgan ikkita polaponni bnr zumda qoniga boʻyaydi. Lekin inda Lochinning uchinchi polaponi ham bor. Garchi u norasida goʻdak boʻlsa-da, uzoqlardagi onasini yordamga chaqirib yigʻlashdan manfaat yoʻqligini tushunib yetadi va oʻzini oʻzi himoya qilib, qattol dushmanni choʻkib tashlaydi. Sheʼr kelajakka ishonch ruhi bilan sugʻorilgan:

 

Ajdod qoni, oʻch hissi

Berdi unga kuch, dalda.

Choʻqib oldi raqibin

Boʻyin choʻzgan mahalda.

 

Choʻchib oʻtli nigohdan

Yov toʻlgʻanar dovdirab.

Magʻrur turar yosh Lochin,

Boqmas koʻkka jovdirab.

 

satrlarida erk uchun kurashgan, dushmanga qarshi doimo omonsiz kurashib kelgan ajdodlar ruhi mard farzandlarga bir umr kuch, dalda berishi tuygʻulari yetakchilik qilsa, sheʼr:

 

U biladi,

Onasi –

Hozir olis bir joyda.

Boʻm-boʻsh koʻkka termilib

Qichqirmoqlik befoyda.

 

chkor boqar qotilga

Onaning mard Lochini…

Omon qolsa,

Bir kun u –

Yanchar Ilon boshini.

(“Masxaraboz bola”, 59-60)

 

satrlari bilan tugar ekan, qotilga oʻchkor boqayotgan uchinchi polaponning bir kun Ilon boshiga yetishi, dushmanidan omonsiz oʻch olishiga ishonch ruhi yosh kitobxon qalbiga ham koʻchib oʻtadi, hayot uchun, erk uchun kurash tuygʻulari barhayotligiga ishonch tugʻdiradi. Uchinchi polapon – shoʻro istibdodidan aziyat chekib kelgan millatimizning gʻururi yuksalayotgan uchinchi avlodi ramzi boʻlsa, ajabmas.

“Yantoqlar haqida qoʻshiq” ham ozodlik, erk uchun kurash tuygʻulari yetakchilik qilishi bilan eʼtiborga molikdir. “Suvsizlikdan soʻlmasdan, garmseldan jon saqlab, yovuz sahroni yengib” yashayotgan “yantoqlar” ham aslida xalq ramzi. Garchi u “yovuz sahro”da “suvsizlikdan soʻlish”ga, “garmsel”ning oʻtli shamollari taʼsirida asta-sekin oʻlimga mahkum qilingan boʻlsa-da, biroq “yantoqlar”ning chuqur oʻrnashgan, mustahkam ildizi har qanday sharoitda ham yashash uchun kurashga chorlaydi, shu boisdan yantoqlar doimo yangitdan gullayveradi, meva tugaveradi, kelajak avlodni yarataveradi. Binobarin, zukko kitobxonning sinchkov nigohi bu sheʼrda xalqimizning istibdod tigʻi ostida oʻtgan keyingi yuz yildan ortiqroq davr mobaynidagi tarixi ramziy yoʻsinda aks ettirilganini darrov payqab oladi. Shoir:

 

Ezib oʻtdi yilqilar,

Ezib oʻtdi nortuya.

Tiklandingiz qaytadan

Olamda biz bor, deya,

Balli sizga, yantoqlar!

 

Yancholmadi boʻronlar,

Kuymadingiz otashdan

Gʻanimlar ham hayrondir

Bunday chidam, bardoshdan,

Balli sizga, yantoqlar!

(“Masxaraboz bola”, 82)

 

der ekan, bu misralardagi “yilqilar” va “nortuya” yurtimizga bostirib kelgan turli gʻanimlar timsoli yangligʻ namoyon boʻladi. Chingizxon suvoriylarining yilqilari va arablarning tuyalari oyogʻi ostida ezilgan, toptalgan xalqimiz oʻzini baribir tiklab olgani, uni turli talotoʻplarning boʻronlariyu otashlari ham yoʻq qilolmaganidan hatto gʻanimlarning oʻzlari ham hayronliklari ishonarli tasvirlangan. Ehtimol, yosh kitobxon bu imo-ishoralar, ramzlarni toʻla tushunmas, biroq masal koʻrinishidagi (ramzlar, timsollarga asoslangan) asarlar aynan shunisi bilan xarakterliki, ulardan har bir kitobxon oʻziga kerakli narsani uqib oladi. Barcha yoshdagi kitobxonlarga moʻljallangan bunday asarlar mazmunan koʻp qatlamli boʻladi.

“Yelpigʻichga yozilgan sheʼr”da esa shoir ramz vositasida hayotnmizda uchrab turadigan irodasiz, birovlar qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlgan shaxslar qiyofasini yaratadi, bundaylarning gʻanimlar uchun ayni muddao, xohlagan koʻyga solishda qoʻl keladigan yelpigʻich yangligʻ tuban ekanligini taʼkidlaydi. “Boʻron qoʻzgʻay olmaydigan” bunday maʼnaviy nogiron shaxslar uchun qorin tashvishi, xalqini sotish evaziga erishiladigan boyliklar, mansablaru omonat obroʻ-eʼtibor tashvishidan kattaroq gʻam, bundan ulkanroq orzu-umid yoʻqligi tasviri ushbu toʻrtlik mohiyatini toʻla aks ettiradi:

 

Sendaylarni saqlashar

Omon,

Chunki qoʻzgay olmaysan

Boʻron.

(“Masxaraboz bola”, 73).

 

Anvar Obidjonning tengsiz iqtidori yosh bola tabiatining oʻziga xosliklarini tasvirlashda oʻzini yanada yorqinroq namoyon qiladi. “Oyim sezmasin” sheʼrida ana shunday yorqin tasvirning guvohi boʻlamiz;

 

Choʻpillatib

Jajji labin,

Shokoladga

Dedi Nabi:

– Sekin ochay

Qogʻozingni,

Chiqarmay tur

Ovozingni!

(“Masxaraboz bola”, 30)

 

Yosh bola nazarida hatto oddiy shokolad ham jonli mavjudot. U shokoladga “Ovozingni chiqarmay tur, oyim sezib qolmasin” deb murojaat qilar ekan, bu gapni faqat yosh bola ayta olishi mumkinligiga shak-shubhasiz ishonasiz, koʻz oʻngingizda shokoladning qogʻozini avaylab ochayotgan bolakay qiyofasi paydo boʻladi.

“Guldor pufakcha” sheʼrida esa shoirning taqlidiy soʻzlar vositasida badiiy sanʼat yaratish mahorati namoyon boʻlgan. Sheʼr Ninachining guldor pufakcha topib olishi va undan oʻziga gʻaroyib uycha qurib olishi tasviri bilan boshlanadi:

 

Topib oldi Ninachi

Guldor pufakcha.

Undan shinam uy qurdi

Urinib picha.

 

Bu gʻaroyib uychani koʻrgan barcha jonivorlar hang-mang boʻlib qolishadi. Sheʼr ushbu hayratlar ifodasi oʻlaroq yaralgan. Uychani koʻrgan Chigirtkaning hayrati “Chir-r-roylik-ku ja” deyish bilan ifodalansa; Xoʻkiz “Moʻ-oʻ-oʻjiza, qarang!” deydi; Eshak esa hangu mang boʻlib, “E-ha, e-ha” deyishdan boshqa soʻz topolmaydi. Shu tarzda boshqa jonivorlarning hayrati ham har birining oʻziga xos unlari vositasida ishonarli ifodalanadi. Chunonchi:

 

Koʻzi kuyib der Baqa:

– Vaq-tim sal chatoq.

Qur-r-volardim men ham uy

Bundan durustroq.

 

Mushuk kelib,

Tomga bir –

Purkab koʻrdi suv.

Xoʻroz boqdi ichkari:

– Qupquruq-ku bu…

 

Kalondimogʻ Xoʻrozga

Oʻqraydi Gʻulgʻul:

– Muhimi,

Uy boʻlsa bas,

Topilar ul-bul.

 

– E-e…

Be-ye…

Echki taʼrifga

Topolmadi soʻz.

– Ir-r…

Bir-r uyga kiray, der

Jilpanglab Toʻrtkoʻz.

 

Mezbon uni toʻxtatdi:

Axir, xona tor.

Mayli,

Kirsin Itpashsha,

Itga nima bor?

 

Voqea yakkamaxov, birovning xursandchiligini koʻrolmaydigan Qargʻaning aralashuvi bilan davom etadi va oxiri voy boʻlib tugaydi:

 

Qargʻa dedi:

– Qar-r-r…

Qar-r-shi

Boʻlmasang agar,

Kengaytirib ber-r-rayin

Uyingni, jigar.

 

Soʻng pufladi pufakni –

Qargʻavoy

“Qagʻ-qagʻ…”

Uy tarvuzdek boʻlgan choq

Portlab ketdi – “Paq!”

(“Masxaraboz bola”, 53-54)

 

Tovush oʻxshatishlari asosida yaratilgan ushbu sheʼrda shoir, avvalo, yosh kitobxon koʻz oldida turli jonivorlarning jonli qiyofasini namoyon qila olgan boʻlsa, ikkinchidan, ularnnng tabiati, xarakteriga tegishli bir-ikki soʻz, imo-ishora bilan har bir jonivorning portretiga ham chizgilar chizishga erishgan.

Anvar Obidjonning istiqlol davridagi sermahsul ijodi istiqlol sharofati bilan milliy, madaniy, adabiy qadriyatlarimiz bor boʻy-bastini qayta rostlayotgan bugungi kunda shoir ijodida maʼrifiylik-tarbiyaviylik masalalari alohida oʻrin egallab borayotganligi, bolalar adabiyotimiz ming yillik tarixi bilan insoniyatni tom maʼnoda maʼnaviy-axloqiy kamolot sari chorlagan oʻz milliy oʻzanlari, sarchashmalaridan tobora dadillik bilan bahra olayotganligini tasdiqlashga xizmat qiladi. Jumladan, uning “Maktab” sheʼridagi

 

Qunt ila qirq hunar olmoqqa shahd aylang,

Shamoldan ham shakar olmoqqa shahd aylang.

Zamondan-da yurib ilgʻor, boʻlib koshif,

Har ilmdan samar olmoqqa shahd aylang.

Oʻqing, qudrat ila shuhrat kerak yurtga,

Maʼrifatga tashna millat kerak yurtga[1].

 

satrlari fikrimizning yaqqol dalilidir.

Olti toʻrtlikdan tashkil topgan va har bir toʻrtlikka “kerak yurtga” radifi bilan tugallanuvchi ikkita misra qoʻshilgan kattagina hajmli ushbu sheʼrda yosh avlod dunyoga dongʻi taralgan ajdodlarimizdan oʻrnak olib, buyuk kashfiyotlar qilishga, dunyo sari yoʻl ochib, millat nomini besh qitʼada doston etishga daʼvat etiladi.

Faxriya tarzidagi ushbu sheʼrning maʼrifiy-tarbiyaviy ahamiyati nihoyatda beqiyos. Zero, aynan istiqlol sharofati ila xalqimiz minglab yillik tarixga ega boʻlgan milliy, madaniy, adabiy, diniy, tarixiy qadriyatlari bilan faxrlanish imkoniyatiga ega boʻlgan esa, ushbu faxrlanish tuygʻusi mustaqil davlatimizning porloq ertasini yaratuvchi yosh avlodga yoʻlchi yulduz boʻlib, ularni ilm-maʼrifatda kamolga erishib, buyuk ajdodlarimizga munosib izdoshlar boʻlishga chorlashi ham shu qadar tabiiy.

Sheʼrning birinchi toʻrtligida maktab “baxt narvoni”, “bilim koni”, “zakovat donining xirmoni” singari anʼanaviy baland pardalarda taʼriflanib, “oʻgʻil-qizlar” ulkan murodlarni koʻzlab oʻqishga daʼvat qilinar ekan, toʻrtlikka naqarot sifatida kelayotgan “Oʻqing, minglab ahli dono kerak yurtga, Yana Bobur, Ibn Sino kerak yurtga” misralarida shoir yurtimizga Boburu ibn Sino singari “minglab ahli donolar” kerakligini alohida taʼkidlaydi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki mustaqil mamlakatimizning porloq kelajagi, dunyo hamjamiyatida oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishi, avvalo, bilimdon avlod bilan belgilanishi shubhasizdir.

Shunisi diqqatga sazovorki, sheʼrning har bir toʻrtligida ulugʻ ajdodlarimiz ilm sharofati bilan erishgan darajalarning alohida bir qirrasi qalamga olinadi. Jumladan, ikkinchi toʻrtlikda qiyoslar yanada baland avjda jaranglab, Navoiy soʻzni zar darajasiga koʻtargani (yaʼni soʻz zargari ekanligi), imom Buxoriy paygʻambarimizning ishonchli (sahih) hadislarini izlab dunyo kezganligi, Xorazmiy riyoziyot shohi maqomiga erishganligi, Mirzo Ulugʻbek yulduzlarga yetganligi – barchasi ilm istash (izlash)ning munavvar natijalari deya taʼriflanadi va yana qissadan hissadan sifatidagi naqarot misralarda yosh kitobxonga murojaat qilinib, bugungi kunda yurtimizga ilmi bilan Fargʻoniy, Huvaydo, Beruniy, Termiziy, Najmiddin Kubrolar izdoshlari, oʻrinbosarlari darajasiga koʻtarilajak avlod kerakligi haqidagi xulosaga kelinadi.

Uchinchi toʻrtlikda yurtimiz tarixiga murojaat qilinib, bugungi mustaqillikka oʻz-oʻzidan erishilmaganligi, xalqimizning minglab yillik tarixi ozodlik, mustaqillik uchun kurashlar tarixidan iborat ekanligi, demakki, bugungi navqiron avlod ilm choʻqqilarini egallash bilan buyuk yurt tarixini anglab, yurtimiz ozodligi uchun sohibqiron Amir Temur, Shiroqdek vatanparvar, idrokli posbonlar boʻlishlari kerakligi haqida fikr yuritiladi.

Bu fikrlarni boshqa toʻrtliklar tahlili misolida yana davom ettiraverish mumkin edi. Biroq, qiyoslar asosiga qurilgan oxirgi band (“maʼrifatsiz elat maqsadda jam boʻlmas”, “maʼrifatli oʻlka yotga qaram boʻlmas”, “maktab quyosh ersa, ilm nurdir”), nazarimizda, sheʼrda ilgari surilgan barcha fikrlarning mantiqiy yakuni, qaymogʻi yangligʻ jaranglaydi hamda yurtga ertangi taraqqiyot uchun “fikri yorugʻ avlod” kerakligiga yosh kitobxonni qatʼiy ishontiradi va ruhlantiradi.

Bir qarashda Anvar Obidjonning yuqorida tahlilga tortilgan barcha asarlari bolalar adabiyotimizning anʼanaviy mavzularida yaratilganday taassurot qoldiradi. Lekin, aslini olganda, haqiqiy ijodkorning ijodkorligi ham umrboqiy anʼanaviy mavzuni qay darajada yangilay olganligi bilan belgilanadi. Shu maʼnoda Anvar Obidjon har bir asarida oʻz qiyofasi, oʻz soʻzi, oʻz tasviri, oʻz talqini bilan namoyon boʻladi, shoir asarlarining oʻziga xosligi ham, dastavval, ana shularda yorqin aks etadi.

“Anvar” soʻzining maʼnosi “eng nurli” deganidir. Bolalarimizning sevimli shoiri Anvar Obidjon oʻzining anvoyi nurlarga burkangan salkam yarim asrlik ijodi bilan yosh avlodni maʼnaviy kamolot sari chorlashga beminnat xizmat qilib kelayapti. Unga oʻzbek bolalar adabiyoti taraqqiyotiga qoʻshgan samarali xizmatlari uchun 1998 yilda “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni berilgan hamda “Shuhrat” medali (1997) va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni (2011) bilan taqdirlangan. Sevimli shoirimizni tavalludining 70 yilligi bilan muborakbod etar ekanmiz, unga mustahkam sogʻlik, uzoq umr, bolalar adabiyotimiz taraqqiyoti yoʻlidagi munavvar ijodiga yanada barkamollik tilaymiz.

 

 

Rahmatulla BARAKAYEV,

filologiya fanlari nomzodi

 

Zafar MAMADALIMOV,

katta oʻqituvchi

 


[1] Anvar Obidjon. Jajji-jajji kulchalar. – Toshkent: “Oʻqituvchi”, 2013. 9-bet.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.