Anvar Obidjonning “Moʻttivoymisan, Mittivoymisan?” asarining xususiyatlari

0
247
marta koʻrilgan.

Bolalik insonning eng serzavq va hayotni anglash jarayonidagi begʻubor davridir. Bu davrdagi bola ruhiyatini ulgʻaygach ham bola ruhiyatini saqlab qolgan insongina his eta olishi mumkin. Bu borada bolalar adabiyoti, ayniqsa, bolalik shoʻxliklari va hayotni anglash jarayonidagi fikrlarni yumoristik tarzda ustalik bilan aks ettiruvchi hajviy bolalar adabiyotining oʻrni beqiyos. Bu anʼanani hozirgi zamon yutuqlari va yangiliklari bilan mujassamlashtirish esa bolalar adabiyotining dolzarb masalasidir, chunki bolalar adabiyoti zamon yutuqlari, ijodkor novatorligi bilan boyitilsa uning tarbiyaviy, taʼlimiy va estetik jihatlari yanada mukamallashadi.

Bu borada hajviy adabiyot anʼanalarini muvaffaqiyat bilan rivojlantirgan shoir, nosir va drammaturg sifatida oʻnlab kitoblar nashr ettirib kelayotgan isteʼdodli adib Anvar Obidjon ijodiga toʻxtalmaslikning iloji yoʻq. U adabiyotda oʻziga xos yoʻl va yoʻnalishga ega, bolalar va oʻsmirlar ruhiyatini anglab, barchaga birday bolalik zavqini bera oladigan mahoratli ijodkor. Toʻgʻri, keyingi yillarda yurtimizda hajviy janrdagi kitoblar koʻplab nashr etilmoqda. Lekin hammasi ham kitobxonga zavq berolmaydi, hammasi ham xotirada saqlanmaydi.

Anvar Obidjon oʻz asarlarida kitobxonni kuldirishga ataylab harakat qilmaydi, koʻpincha hayotiy voqealarga jiddiy yoʻsinda takrorlanmas badiiy boʻyoq beradi, joiz topilgan paytdagina yumorga oʻtadi. Bu oʻrinda Anvar Obidjon asarlari tilining oddiyligi va xalqchilligiga tasanno aytmaslikning iloji yoʻq. Uning asarlarini oʻqigan kitobxon oʻzi bilmagan holda bolaligiga tushib qoladi va goʻyoki asar qahramonlari oʻzining hayotida yashagan va hozir ham yashayotganday tasavvurni, hissiyotni boshidan oʻtkazadi. Ijodkor oʻzi taʼkidlaganiday, uning “Moʻttivoymisan, Mittivoymisan?” asarini oʻqish jarayonida: “Yashamoqqa boʻlgan bu sevgimning mavjudligiga ajdodlarim va yaqinlarim bilan bogʻliq asal-asal xotiralar ham sababchi ekanini turmushda qut-qut ilgʻab turaman”, degan eʼtirof haqiqatiga iqror boʻlamiz.

Diqqat berib qaralsa, Anvar Obidjon qalamiga mansub ushbu asarning bir qator oʻziga xos xususiyatlari borki, bu haqida alohida toʻxtalish lozim. Bu asar “Yoshlik” jurnalining 2016 yilgi dastlabki sonlarida nashr etilgan boʻlib, xalqona ohang, milliy meʼros va anʼnalarni saqlash masalasiga ham katta eʼtibor qaratilgan. Asar qahramoni endigina oltinchi sinf boʻsagʻasidagi shoʻx, oʻjar, shu bilan birga, oʻta qiziquvchan bola. Qissa ichidagi “Yasama yoʻlbars hangomasi” hikoyasida yozgi taʼtilining atigi besh kuni ichidagi ajabtovur sarguzashlar bilan butun mahallani lol qoldiruvchi voqealar aks ettirilgan. Asarni oʻqish jarayonida kuzatamizki, hodisalar rivoji Gʻ. Gʻulomning “Shum bola” asaridagi Qoravoydan-da shoʻxroq, qiziquvchan, behad taʼsirchan Moʻttivoyning taʼtil eʼlon qilingan zahoti “Kallani ishalatishdan qutildik!” degan qichqirigʻi bilan boshlanadi-yu, quvnoqlik va jiddiylik qorishmasidan iborat boʻlgan voqealarning davomida ajabtovur bir tasodif tufayli chigal ahvolga tushib qolgan va atrofidagi samimiy, insofli, pokizaqoʻl insonlar taʼsiri bois oʻsmirlikdanoq oʻzi uchun yorugʻ yoʻl topib olishga tirisha boshlagan yosh zamondoshimiz kechinmalari joʻshqin tarzda birma-bir hikoya qilinaveradi. Oʻqib, balki, oʻzimizning oʻsmirlik davrimizdagi eʼtibor qaratmagan jihatlarni va turli voqealarni beixtiyor yodga olarmiz.

Qissaning tili alohida ahamiyatga ega boʻlib, unda oʻziga xos shevaga oid soʻzlardan: havva-huvva, nokchiroq, choʻbak, lozimanda, boʻjikoʻz, koʻchma ajoyibxona, saman tayoq; qargʻishga aylanib ketgan olqish-alqashlardan: “Kinnang ichingda ketgur”, “He, yeganing tanangga botgur-a!”, “Oshing sovimagur”; turgʻun oʻxshatishlardan:”… indamasdan oʻtlayvermay uchragan hayvonga kalla solib, boʻridek tezgir quvlashga tushadi”, “toʻnkarilib qolgan doshqozon atrofida betoʻxtov chopayotgan yasama yoʻlbars kaftdagidek aniq-tiniq koʻrinib turardi”.”… Maxay xoʻrozboz chap qoʻlida choynak, oʻng qoʻlida piyola bilan menga qora bulut uyuridek yaqinlasha boshladi”, “poʻkanimga zildek botdi”,”… mistovoq koʻtargan choyxonachi uchqurlab kelib, tepamdan mushukdek irgʻib oʻtdi”, “Boshimdan jala boʻlib quyilayotgan olqishu maqtovlar menga asal choydek yoqayotgan edi” hamda bolarning hayotni anglash borasidagi falsafiy fikrlari: “Bu dunyoning ishlarini yaxshi bilaman – qopogʻondan hamma oʻzini chetga oladi, qoʻrqoqni hech kim hurmat qilmaydi”, “Uvvos solib yigʻlash oʻgʻil bolaning qimmatini bir pul qiladi-qoʻyadi”, “Kunlarim izzatda oʻtsin deguchilar, jangarilik bilan yuvoshlikning oʻrtasini topib yashashni uddalashi kerak, shekilli” kabilar asarning badiiy salmogʻini koʻtarishda alohida ahamiyatga ega. Qargʻishdan qoʻrqan bolakayni Sangin tandirchining: “Seni xudoyim oʻzi jazolasin – yarim odam, yarim it boʻlib oʻtib ket!” degan qargʻishi asarning oxiriga qadar taʼqib qiladi va Moʻttivoy manashu qargʻish tufayli oʻzining takrorlanmas “ezgu qiliqlari”ni oʻzgalar oldida taftish qiladi. Koʻrgan tushi taʼsirida xalqni anqaytirish maqsadida amalga oshirgan chapanicha harakatlari va koʻpchilikning xayoliga kelmas yoʻlbars yasash voqeasi kitobxonga oʻzgacha zavq berib, qayta-qayta eslashga undayveradi: qoʻyning tanasiga oʻrikning yelimi aralashtirilgan tezakni surtib, qoʻngʻir rangga boʻyab chiqdim, qozonkuyada yoʻl-yoʻl chiziqlar tortdim. Keyin, boshiga kanop xalta kiydirdim, qaychida ikkita koʻz ochdim, jagʻi bilan boʻynining atrofiga uvada tiqib, yoʻlbarsning kallasidek qilib shishirdim, uniyam ola-bulaga boʻyadim. Tumshugʻiga tishlari irshayib turgan kattakon ogʻiz chizdim. Chipor arqondan dum yasab, orqasiga osiltirdim. Vah! Yoʻlbarsmisan yoʻlbars boʻldi!

Moʻttivoy har qancha shoʻxlig-u ayyorlik qilmasin, har bir nojoʻya qiligʻini oʻzicha muhokama etib, qilmishlariga xolisona baho bera olishi bilan boshqa asar qahramonlaridan farqlanib turadi. Qissaning nihoyasida, katta hayotga qadam tashlayotgan oʻsmirning ruhiyati oʻziga xos usulda, yorqin tuygʻularda ifoda etilgan. Bu asar oʻquvchilarga ozmi-koʻp shavq ulashibgina qolmay, turmushda koʻrganlaridan tegishli xulosalar chiqarib, kimligini jahonga koʻrsatib qoʻyish uchun oʻzini ham aqlan, ham jismonan chiniqtirib yashay boshlagan Moʻttivoy timsoli ularning koʻngillarida oʻziga ishonch, yurtparvarlik tuygʻularini yanada jonlantirishga ulush qoʻsha olishi shubhasizdir.

 

Gulruxsor ERGASHYeVA,

oʻqituvchi (ToshTYSI qoshidagi AL)

 

Sadoqat HOMIDJONOVA,

oʻqituvchi

 

 


Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. A. Obidjon. Ajinasi bor yoʻllar. T.: “Oʻzbekiston”. 2015.56-b.
  2. A. Obidjon. Moʻttivoymisan, Mittivoymisan. “Yoshlik”. 2016.1, 2-sonlar.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.