Anvar Obidjon

0
253
marta ko‘rilgan.

Hozirgi zamon bolalar adabiyotining taraqqiyotiga juda katta hissa qo‘shib kelayotgan Anvar Obidjon 1980-yilda “Bahromning hikoyalari” nomli to‘plami chiqqanidan so‘ng adabiy jamoatchilikning e’tiboriga tushdi. Oradan shuncha vaqt o‘tib ham, u o‘zining munosib o‘rnini mustahkam saqlab turibdi, uning ko‘p qirrali ijodiga bo‘lgan qiziqish tobora ortmoqda. Ibrohim G‘afurov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Abdug‘afur Rasulov, Said Ahmad, Safo Matjon, Rahmon Qo‘chqor, Miraziz A’zam, Mahmud Sattor, Kavsar Turdiyeva, Tursunboy Adashboyev, Lola Sodiqova-Zvonaryova, Rahmatulla Barakayev, Hulkar Hamroyeva kabi munaqqid va adiblarimiz bu ijodkorning asarlari to‘g‘risida bir-biridan ko‘tarinki maqolalar yozishdi. Izlanuvchi olima Zamira Ibrohimovaning “Quvnoqlikka yashiringan iztiroblar” nomli kitobida (A. Navoiy nomidagi Milliy kutubxona nashriyoti, 2005) adibning nazm va nasrdagi asarlarining nihoyatda o‘ziga xosligi, o‘quvchini o‘ziga mahliyo eta olish sirlari keng talqin qilib berilgan.

Anvar Obidjon ijodi yuzasidan fikr bildiruvchilarning barchasi doimo bir narsaga, ya’ni uning bolalar adabiyotiga yangicha bir yo‘nalish olib kirganiga alohida urg‘u berib o‘tishadi. Kichkintoylar shoiri Tursunboy Adashboyev bu holni soddagina ta’riflab: “80-yillarga kelib Anvar Obidjon bolalar she’riyatidagi ob-havoni bir yo‘la yangiladi”, deb yozgan edi.

Haqiqatan ham, bolalar adabiyotida o‘tgan asrning 80-yillarigacha chop etilgan kitoblardagi she’rlarga nazar tashlasak, ularning aksariyat qismi o‘sha mahaldagi tuzumni ulug‘lashga, turmushimizning o‘ta farovon, kelajagimizning behad yorqin ekanligiga o‘quvchini ishontirishga qaratilgan “yalang‘och mafkura”li she’rlar, bog‘, maktab, oromgohlardagi g‘amxo‘rliklarni, yosh avlodning dunyoda eng baxtiyorligini aks ettiruvchi quruq ma’lumotlardan nariga o‘tolmaydigan asarlardan iborat edi. Ko‘r-ko‘rona pand-nasihatlar, xalq ertaklari va latifalari asosida yengil-elpi hazillar to‘qish ham avj olgan edi. Bunday asarlarning vazifasi bir xil bo‘lib, ular bolalarning ongiga ta’sir o‘tkazishga xizmat qilar edi. Shunday sharoit mavjud bo‘lgan, bolalarni “Imperiya mafkurasi” chizib bergan chiziqdan chiqarmay tarbiyalash qonunga aylanib qolgan muhitda boshqacha yo‘lda ijod qilish mumkin emasdek tuyular edi. Anvar Obidjon shu chiziqdan yorib o‘tishni uddalashga urina boshladi.

Anvar Obidjonga xos kashfiyotning siri shundaki, shoir bolalarning ongidan ko‘ra ko‘proq ko‘ngliga ta’sir o‘tkazish yo‘lidan bordi. Binobarin, ko‘ngilga qattiq o‘rnashmagan narsa ongda uzoq vaqt saqlanishi, saqlanganda ham faol harakatga sabab bo‘lishi qiyin.

Tahlil qilib ko‘rish uchun “Bahromning hikoyalari” kitobidagi “Bezori” degan she’rni olaylik:

Qarg‘a kirdi

Kinoga,

O‘xshab

Buratinoga.

Hamma joylar

Edi band.

Borib dedi

Nopisand:

Menga qara,

Vey, Laylak,

Yeganmisan

Hech kaltak?

Qani,

Tur-chi o‘rningdan.

He, o‘rgildim

Burningdan!

“Eski maktab”da suyagi qotgan shoir bezorilikni qoralamoqchi bo‘lsa, kuchim ko‘p deb boshqalarga ozor yetkazaverma, hammaga xunuk ko‘rinib, oxiri nazardan qolasan, sen bilan hech kim o‘rtoq bo‘lmay qo‘yadi, deganga o‘xshash mazmunda she’r bitishi tabiiy hol edi. Bu bilan u o‘quvchining ongiga ta’sir qilmoqchi bo‘ladi. “Bezori”da esa, Anvar Obidjon she’rxonning ko‘ngliga yo‘l izladi va o‘quvchiga quvnoq kayfiyat bag‘ishlovchi qiziq holat, kulgili obraz yaratish orqali bunga muvaffaq bo‘la oldi. Dilozor bezorining ko‘pchilik uncha xushlamaydigan, isqirt joylarda ivirsib yuruvchi qarg‘a qiyofasida berilganining o‘zi jajji kitobxonning ko‘nglida unga nisbatan ijirg‘anish hissini uyg‘otadi va bolaning g‘ashiga tegishi mumkin bo‘lgan quruq nasihatlarni aytishga hojat qolmaydi.

“Bahromning hikoyalari”dagi “Parvarda” degan boshqa bir she’rda esa yosh Bo‘richa onasi quyon go‘shtini, otasi kiyik go‘shtini uning tug‘ilgan kuniga sovg‘a qilishmoqchi bo‘lsa-da, bunga ko‘nmay, hali o‘zi totib ko‘rmagan, juda shirinligini birovlardan eshitib bilgan parvarda olib berishlarini talab qilishga tushadi. Ota-onasi kuyunib, parvarda faqat shaharda sotilishini, u yoqqa borish xatarli ekanini tushuntirishga urinishadi. Ammo, Bo‘richa bu gaplarga quloq solmay, jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham, parvardani yeb ko‘rish ishtiyoqida yonganicha shaharga qochib ketadi. Shaharga borganidayoq uni tutib olishib, ajoyibxonadagi qafasga tiqib qo‘yishadi, hammaga tomosha bo‘lib, endi parvardani o‘ylamay, o‘zi tug‘ilgan adirni sog‘ina-sog‘ina kun ko‘ra boshlaydi. Oradan bir necha yil o‘tgach, taqdirga ko‘nikib, yuvoshgina bo‘lib qolgan Bo‘richaga aynan u tug‘ilgan kunda bir qizcha parvarda tashlab o‘tadi. Endi unga parvarda kerakmikan, degan savol tug‘iladi o‘quvchida.

O‘sha davrda bolalar adabiyotida hukm surib turgan muhitni hisobga olganda, bu singari she’rlarni yozish o‘ziga xos bir o‘jarlik, hatto shakkoklik sanalardi. Chunki u davrlarda qishloqlardagiga qaraganda shaharlardagi hayot darajasi bir necha o‘n baravar yuqori bo‘lib, u yerdagi maoshi ko‘p zavodfabrikalarga boshqa respublikalardan kelgan ishchilarni joylashtirishar, mahalliy aholini qishloqda ushlab turish uchun ko‘pchiligiga hatto pasport ham berilmas, ulardan birovi shaharga borib kelsa, falon g‘aroyibotlarni ko‘rdim, deb u yoqdagi turmushning shirinligini maqtashga tushar, barchaning havasi kelar edi. Shoir “Parvarda” she’rida, bir tomondan, qishloqdan narini bilmay kun kechirayotganlarga achinsa, ikkinchi tomondan, shaharning o‘ziga xos hayot tarzini yaxshi bilmay turib borganlarning hammasiga ham “shirin” luqma nasib etavermasligini sha’ma qiladi. Bu she’r real hayot haqida edi, faqat bolalarni emas, katta yoshdagilarni ham o‘ylantirib qo‘yadigan kuchga ega edi. Zamonaga esa, saviyasi qay darajada yuqori bo‘lmasin, bunga o‘xshagan she’rlar kerak emasdi, bolalarimizning ko‘nglini cho‘ktiradigan, pessimistik (tushkunlik) ruhdagi narsalar bizga yot, biz turmushimizdagi qahramonliklarni, kishilarimizdagi yaxshi xislatlarni targ‘ib etishimiz zarur, degan g‘oya hukmron edi.

Sharoit shunday ekaniga qaramasdan, Anvar Obidjon baribir o‘z uslubiga sodiq qolib, o‘zi tanlagan yo‘lda turib, tinimsiz ijod qilaverdi. Hali qishloqda yashab turgan vaqtlarida, asosan, o‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalaridan boshlab yaratgan turkumturkum she’rlari avvaliga matbuotda bitta-ikkita bo‘lib ko‘rinib turdi. Shoir 80-yillar boshida Toshkentga ko‘chib kelgach, she’rlariga endi matbuotdan kengroq o‘rin berib borildi, bolalar adabiyotini nazorat qilib turuvchi ko‘zlar ham uning uslubiga asta-asta ko‘nika borib, yangidan yangi kitoblari nashr etildi.

Shoir poytaxtga kelib ish boshlaganida yoshi o‘ttiz beshdan o‘tib qolgani bois, tanilishga kechikkanga o‘xshab tuyulardi. Lekin oradan ikki-uch yil o‘tmayoq keng adabiy jamoatchilikning e’tiborini tortdi, tez nom qozondi. Uning “Siz eshitmagan qo‘shiqlar”, “Dalalardan bolalarga”, “G‘alati maktublar”, “Botirvoyning kundaligi”, “Kulchalar” kabi turkumlarga jamlangan hamda turli buyumlar, jonzotlar, o‘simliklar olamini yosh kitobxonga sirdosh etib, ularda tabiatga mehr uyg‘otuvchi, ohang va uslub jihatdan juda o‘ziga xos, ham kulgi, ham falsafaga boy she’rlari o‘zbek bolalar she’riyatida yangi bir oqimni shakllantira bordi. “Bulbulning cho‘pchaklari” turkumi esa, garchi muallif ularni shaklan g‘azal holati deb baholagan bo‘lsada, bolalar adabiyotiga g‘azal janrini olib kirdi.

Professor Abdug‘afur Rasulov “Ijodiy o‘zlik sari yo‘l” maqolasida (“Sharq yulduzi”, 2-son, 2008) shunday deydi: “Anvar Obidjon bolalar uchun nimaiki yozmasin, go‘zallikni, kuyni, shakl va mundarija mutanosibligini nazarda tutadi. Bulbul qo‘shiqlari turkumida hamma narsa go‘zal, mukammal. Ohangga mos so‘zlarni tanlaydi, qahramonlarning fazilatlarini topib-topib, o‘rniga qo‘yibqo‘yib tasvirlaydi:

Musichalar yuvosh-u

Chumolilar tirishqoq,

Suvaraklar bebosh-u

Kuchukchalar urishqoq.

Xo‘tiklar zo‘r yallachi,

Qo‘y, Sigirlar dalachi,

Sho‘x Qo‘chqorlar kallachi,

Takalar ham suzishqoq.

Shoir “Juda qiziq voqea” kitobidagi izohda, qat’iy bir ohangga rioya qilaman deb, so‘zlarning bolalar uchun oson tushuniladigan tizimda ravon bo‘lishiga putur yetkazmaslik maqsadida aruz qoidalariga ataylab to‘liq rioya qilmaganini ta’kidlasa-da, “g‘azal shaklidagi” she’rlar baribir tekis va jarangdor chiqqan. Shoir bu bilan o‘z zamonasi bolalarining aruzdan butunlay begonalashib ketmasligini ta’minlashdagi oliyjanob istagiga erishgan.

Anvar Obidjonning she’riy turkumlari haqida so‘zlaganda bir narsani qayd etib o‘tish lozim bo‘ladi. Ba’zi qalamkashlar turli yillarda bitilgan she’rlarining mazmuni yaqinroqlarini jamlab, keyinchalik turkumga aylantirishadi. Anvar Obidjon esa, avval o‘ziga xos mazmunga ega bo‘lgan turkumni kashf etib, keyin shu yo‘nalishda she’rlar yaratgan. Buni qaysi bir turkumga razm solmang, undagi she’rlarning shakli, hajmi, vazni deyarli bir xil ekanligidan sezish mumkin.

“Siz eshitmagan qo‘shiqlar” turkumi ko‘pchilik o‘quvchilar uchun eng sevimlisi bo‘lsa, ajab emas. Bolalar adabiyotining keyingi avlodi vakillaridan bir qanchasi shu turkumga taqlid qilib talay she’rlar yozgani bundan dalolatdir.

“Siz eshitmagan qo‘shiqlar”da har bir jonivor, har bir buyum barchamizga tanish bo‘lgan o‘z ovozida kuylab, biz hali eshitmagan gaplarini aytishadi. Masalan, “Hakka qo‘shig‘i”ni tinglaylik:

Qornim ochsa bo‘g‘ilmayman,

Shaq-shaq-shaq.

U-bu narsa o‘g‘irlayman,

Shaq-shaq-shaq.

Nafsimni hech tiyolmayman,

Shaq-shaq-shaq.

Qo‘lga tushsam, uyalmayman,

Shaq-shaq-shaq.

Hakka uchragan narsani olib qochib, iniga to‘plab yuradigan o‘g‘ri qush ekanini yaxshi bilgan bolalar bu quvnoq she’rdagi so‘zlarni rostdan ham Hakka aytayotganiga aslo shubha qilishmaydi. “Qo‘lga tushsam, uyalmayman” jumlasi esa, Hakka fe’lli yulg‘ich odamlar shu darajada surbetki, ular hatto qo‘lga tushgan taqdirda ham boshqalardan uyalish tuyg‘usidan begonadir, degan xulosaga olib keladi.

Hali maktab o‘quvchisi bo‘lgan Anvar Obidjonning dastlabki she’rlari “G‘uncha” jurnalida bosilishiga sabab bo‘lgan shoir Miraziz A’zam “Bolakaylarning minnatsiz xizmatkori” maqolasida (“Hurriyat”, 2007-yil, 4-iyul) dunyo bolalar adabiyoti namoyandalaridan yuzga yaqinining asarlarini o‘zbekchaga o‘girgani, ularni Anvar Obidjon ijodi bilan chog‘ishtirib, shunday xulosaga kelganini aytadi: “Qani, o‘ylab ko‘raylik, Anvar o‘sha shoir yoki yozuvchilarning qaysi biridan kam? Rus klassik bolalar shoirlari Korney Chukovskiy va Samuil Marshak, italiyalik Karlo Kollodi va Janni Rodari, amerikalik Doktor Siyuz va Jon Chiardi, nemis bolalar adiblari Erix Kestner va Jeyms Kryustlardan Anvarning kamlik joyi bormi? Yo‘q, albatta.

Nemis shoiri Bertold Brext “Molingizni ko‘rsating” deydi. Biz jahonga Anvarning “mollari”ni, ya’ni ijod namunalarini ko‘rsata olmadik. Yo‘qsa, uning nomi ham jahon bo‘ylab jaranglagan bo‘lardi”.

Anvar Obidjonning ijodi bilan batafsilroq, chuqurroq tanishgan kishi yuqorida aytilgan so‘zlarda hech qanday mubolag‘a yo‘qligini tan olmasligining iloji yo‘q. “Kulchalar” turkumidagi “Obbo, kalamush-ey!” degan she’rni o‘qib ko‘raylik:

Kalamushvoy,

Kalamush,

Savoding

Sal chalamish.

 

Yoz desalar

“Temir” deb

Sen yozibsan

“Kemir” deb.

Yoki “G‘alati maktublar” turkumidagi “Osmachiroqning Oymomoga yozgan xati”ga nazar tashlaylik:

To‘lishibsiz, Oymomo,

Kirib olib darmonga.

Shisham sindi…

Buguncha –

Chiqib turing osmonga.

 

Men ham yordam qilarman

Nochor qolgan chog‘ingiz.

Omon bo‘ling,

Baxtimga

Tugamasin yog‘ingiz.

Ketmon traktorni o‘ziga qiyoslagandek, kerosinda yoqiladigan osmachiroq ham oymomoni o‘ziga taqqoslab, yog‘i bevaqt tugab qolmay, doimo charaqlab turaverishini tilaydi. Bularga o‘xshash she’rlarni yozish uchun nechog‘li yuksak iste’dod kerakligini, bunday pishiq, tagdor, mag‘zi to‘q, aksariyati sof milliy tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan she’rlar boshqa tillarga tarjima qilinsa, qanday baho olishligi, bu hol millatimizga qanchalar g‘urur bag‘ishlashi mumkinligini sharhlab o‘tirish ortiqcha.

Anvar Obidjonning she’riy dostonlari ham talaygina. “Odil Burgutshoh va “Zamburug‘” laqabli josus haqida ertak”da agar yurt ichidagi odamlar ahil bo‘lib, hushyor bo‘lib yashamasa, tashqi g‘animlar har qanday qudratli va obod o‘lkani ham hiyla-nayranglar bilan kuchsizlantirishi, vayron qilishi mumkinligi to‘g‘risida so‘z boradi. “O‘g‘irlangan pahlavon haqida ertak” esa bir qarashda, asosan, bosqinchilikni qoralagandek tuyulsada, bunda eng asosiysi millatning tili masalasidir. Dostonda go‘dakligida boshqa yurtga o‘g‘irlab ketilgan bola tengsiz pahlavon bo‘lib ulg‘aygach, bosqinchilarga qo‘shilib o‘z xalqiga qarshi jang qilgani, hatto o‘z onasi bilan olishib, onaning tilini tushunmagani bois, halok bo‘lishiga sal qolgani hikoya qilinadi.

Necha yillar yig‘lab-yig‘lab, sog‘inib yurgan farzandini bilmay o‘ldirib qo‘yishdek fojiadan bolaning yelkasidagi tanish tamg‘a tufayligina saqlanib qolgan ona falakka shunday iltijo qiladi:

Hech bandani,

Ey, Tangrim,

Judo qilma elidan.

Farzandlarni onadan

Hamda ona tilidan!

Bu doston 1986-yilda chiqqan “Masxaraboz bola” nomli kitobda, o‘zbek tili davlat tili bo‘lmagani uchun rasmiy doiralarda nufuzini tamoman yo‘qotib, turli tahqirlashlarga uchrab turgan bir zamonda e’lon qilinganini nazarda tutsak, bu chinakam jasorat edi. Bunday asarlar rasmiy doiradagilarning qattiq jig‘iga tegishi tabiiy hol edi. Anvar Obidjon asarlari o‘quvchilar orasida mashhur bo‘lishiga qaramay, muallif Mustaqillikdan ilgari unvon, nishon u yoqda tursin, hatto biron-bir oddiy adabiy mukofot bilan ham taqdirlanmaganining boisi balki shundadir.

Anvar Obidjon ijodi haqida yozgan munaqqidlarning bir qanchasi uning o‘ta kurashuvchanligi, qaramlikdan qutulishga, erkinlikka intilishga da’vat mavzusini bolalar adabiyotiga dangal olib kirganini alohida ta’kidlab kelishadi. Garchi Anvar Obidjonning o‘zi, istibdodga nafrat mavzusini “O‘ychan ko‘zlar egasi”, “Bizda” singari she’rlari bilan Miraziz A’zam 60-yillardayoq bolalar adabiyotiga olib kirgan, deya yuqoridagi fikrlarini inkor etishga urinsa-da, bu masalaga xolislik va adolat bilan yondashib aytish joizki, munaqqidlar baribir haq. Qaramlik bois millatimiz boshiga tushgan ko‘rgiliklarni bolalar adiblaridan ba’zilari ilgari ham onda-sonda sha’ma qilib o‘tishgan, Anvar Obidjon esa bu mavzuga keng ko‘lamda yondashdi, talay she’rlarida, dostonlarida, hikoyalarida, ayniqsa, “Alamazon va uning piyodalari”, “Dahshatli Meshpolvon” qissalarida, “Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi” pesasida bosqinchilikni o‘z nomi bilan atab, o‘z millati bolalarini kishanlardan xalos bo‘lishga tinmay da’vat etadi, muntazam ravishda kurashadi.

Anvar Obidjon nihoyatda serqirra ijodkor: nazmda, nasrda, dramaturgiyada birdek ijod qiladi. Publitsistika va adabiyotshunoslikda ham o‘z o‘rniga ega. Kattalar uchun ham turli janrlarda asarlar yaratgan. Ayniqsa, Gulmat Shoshiy tilidan yozgan g‘azallari, oddiy kishilarning tiliga yaqinligi bilan ajralib turuvchi o‘ta quvnoq va tagdor hajviyalari, “Oltiariq hangomalari” turkumi tilga tushgan. Munaqqidlarimiz hajvchilikda uni Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Said Ahmad an’analarining davomchisi sifatida baholashadi. Shundan kelib chiqib aytilsa, munaqqidlar Anvar Obidjon ijodi haqida talay maqolalar yozganiga qaramay, uning asarlari har bir janr bo‘yicha yanada chuqur tadqiqotlarini kutmoqda.

Bolalarning sevimli yozuvchisi, asarlari jahondagi o‘nlab xalqlar tiliga tarjima qilingan dovruqli adib Xudoyberdi To‘xtaboyevning so‘zlari Anvar Obidjon har tomonlama keng o‘rganilishga arziydigan ijodkor ekanini tasdiqlaydi. “Polosonlik Anvar Obidjon” nomli maqolada (“Xalq so‘zi”, 2006-yil 20may) X. To‘xtaboyev shunday yozadi: “Mark Tven, aka-uka Grimmlar, Sharl Perro, Janni Rodari singari jahonshumul yozuvchilarni o‘qiganda… ularning o‘ziga xosligi, adabiyotga hech kim aytolmagan gaplarini aytib kirib kelganligini o‘ylab, “Yo, Xudo, bizga ham ana shunday yozuvchilardan bersang edi”, deb ich-ichimdan orzu qilgan paytlarim ham ko‘p bo‘lgan. Ana shunday ijodkorni Alloh bizga polosonlik Anvar Obidjon qiyofasida berganga o‘xshaydi”.

Yetuk ustozlarning mehrini qozongan Anvar Obidjon yurtimiz mustaqillikka erishgach, nihoyat o‘zining munosib bahosini oldi. U 1987-yilda hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi, 1988-yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvoniga sazovor bo‘ldi.

Anvar Obidjonning bolalarga atalgan “Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi” nomli birinchi pesasi 1983-yilda Respublika yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirilgan. Keyinchalik mazkur teatrda va Farg‘ona, Guliston, Qarshi, Qo‘qon teatrlarida uning “Pahlavonning o‘g‘irlanishi”, “Topsang, hay-hay”, “To‘tiqul”, “Samozvanets”, “Qorinbotir”, “Alamazon”, “Navro‘z va Boychechak” kabi pesalari namoyish etildi. “O‘zbekfilm” kinostudiyasida uning ssenariylari asosida “Tilsimoy – g‘aroyib qizaloq”, “Dahshatli Meshpolvon” kinolari suratga olingan.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.