“Anʼanalar kushandasi”

0
69
marta koʻrilgan.

Hikoya nasrning boshqa janrlariga nisbatan yengil mutolaa qilinishi bilan ajralib turadi. Buning boisi – siqiq va loʻndalikda. Toʻgʻri, bugun adabiy jarayon shunchalik rang-baranglik kasb etdiki, romandan yirikroq hikoya yoxud barmoq bukib sanash mumkin sahifalardan tarkib topgan romanlar paydo boʻlayapti. Gohida nasr janrlarini hajmi va qahramonlari soniga qarab emas, ilgari surilgan syujetning oʻquvchi ongiga taʼsir doirasi kengligi bilan baholash toʻgʻriga oʻxshab koʻrinadi.

Jahon adabiyoti buyuk namoyandalari qalamiga mansub hikoyalar jozibador sehridan yutoqib qonganing on beixtiyor shunday xulosaga kelasan kishi. Ayniqsa, bu borada Lotin Amerikasi mamlakatlarining Borxes, Onetti, Markes, Benedetti, Fuentos singari oʻnlab favqulodda buyuk adiblari yaratgan maktablar jahoniy adabiyotni yangicha ruh, oʻzgacha mazmun va shakl bilan boyitdi. Qaysidir adabiyot ixlosmandini Gabriel Garsia Markesning fusunkor realizmi oʻziga rom etsa, kimdir butun ijodi davomida adabiyotdagi aksar yoʻnalishlarni rad etgan Xorxe Luis Borxesning afsonalarga moyil, atigi 5-6 betlik moʻjizaviy hikoyalari muxlisi.

Oʻtgan asr intihosida Lotin Amerikasi yozuvchilarining katta toʻlqin bilan koʻtarilishi, ijodiy parvozini jahonning yirik adabiyotshunoslari bejiz “Amerikaning ikkinchi bor kashf qilinishi” deb baholashmagandi. Mana shunday ulkan eʼtirof sababchilaridan biri argentinalik buyuk adib Xulio Kortasar umri davomida barakali ijod qildi. Uning qalamiga mansub “Rouela”, “Yutuq”, “62. Toʻplam uchun andoza”, “Imtihon”, “Manuelning kitobi” singari romanlar, “Kun tevaragida aylanayotgan 80 ming olam” roman-kollaji jahon adabiyoti noyob durdonalari safidan munosib oʻrin oldi. Kortasar ayniqsa hikoya janrida unumli ijod qildi. Afsuski, oʻzbek kitobxoni adib ijodi bilan yetarli darajada tanish emas. Adashmasam, “Jahon adabiyoti” jurnalining shu yil iyul sonida eʼlon qilingan “Onamning maktublari” uning oʻzbek tiliga oʻgirilgan oʻn birinchi hikoyasi. Ammo shugina tanishuvning oʻziyoq atoqli yozuvchi sehrli realizm oqimining yetakchi namoyandalaridan biri ekanligi haqida yetarli tasavvur hosil qilishimizga kifoya qiladi.

Umrining katta qismini Yevropada oʻtkazgan Kortasar ijodi muqaddimasida urugvaylik Orasio Kiroga hamda vatandoshi Xorxe Luis Borxesni maʼnaviy ustozi deb bilardi. U “Qisqa hikoya va uning hududida” deb nomlangan maqolasida Kiroganing hikoya yozish sanʼati sirlari haqida quyidagi maslahatini alohida eʼtirof etadi: “Shunday hikoya qilginki, goʻyo bu hikoya oʻzing yaratgan adabiy personajlaringning moʻjazgina davrasi uchun qiziqarli boʻlsin. Bu personajlardan biri oʻzing boʻlishing ham mumkin. Faqat shundagina hikoyang hayotiy chiqadi”.

Darhaqiqat, ijodi davomida bu oʻgitga amal qilgan Kortasar hikoyalarining katta qismi birinchi shaxs nomidan bayon etiladi, ammo yozuvchi sira qahramonlari ustidan hukmfarmolik oʻrnatmaydi, ortiqcha izohlarga oʻrin bermaydi, voqealar oqimiga aralashmaydi, bitiklar tili va tuzilishi qanchalik murakkab, oddiy kitobxon uchun tushunish qiyin boʻlmasin, ravon oʻqiladi. Bir qarashda Kortasar hikoyalarida fantastikaga moyillik bordek tuyuladi. Har bir hikoya oʻziga xos olam, qizigʻi shundaki, ularning hammasida moʻjiza roʻy beradi, biz kutmagan horiqulodda hodisalar qahramonlar hayotini algʻov-dalgʻov qilib tashlaydi. Misol sifatida shapaloqdek kitobchaga joylansa, nari borsa bir betni egallashi mumkin boʻlgan “Oʻtayotgan bogʻlar” (Sharifjon Ahmedov tarjimasi) hikoyasini olaylik. Nomi hikoyada aksini topmagan sarmoyador ishlari koʻpayib ketgani tufayli ilgariroq oʻqiy boshlagan kitobini safardan poyezdda chorbogʻiga qaytar ekan tagʻin qoʻlga oladi. “Asar qahramonlarining qiyofalari va voqealar rivoji uni tobora oʻziga tortib borardi. Chorbogʻda advokatiga maktubni yozib tamomlagach, ish boshqaruvchisi bilan ijara jihatlarini fikrlashgunicha kech kirdi. Bugunning majburiyatlari adogʻiga yetganidan mamnun tarzda oynalari emanzor boqqa qaragan xos boʻlmasida yana oʻsha kitobga tutindi. Uni baayni oʻziga chorlayotgan va shu qadar koʻnikilgan oromkursiga qulayroq oʻrnashar ekan, oʻrindiqning zangor barqutini allanechuk mehr bilan siladi.

Eshikka ters qoʻyilgan kursining bu holati istalgan mehmon xayolida uning tashrifi aslida bemavrid ekani haqidagi noqulay fikrlar uygʻotishini oʻylab, miyigʻida kulib qoʻydi. Soʻnggi bob sahifalari ortda qolar ekan, qahramonlar feʼl-atvori va ismlarini osongina eslab qolardi, zum oʻtmay voqealarning makkor girdobida oqa boshladi. Kitob domiga tortilib, oʻzi qoʻnim topgan mana shu uyning, oynalar ortidagi mana shu bogʻning odatiy qurshovidan allanechuk nosogʻlom bir maroq bilan olislab borardi, ammo ayni paytda bugunning tashvishlaridan toliqqan vujudi oromkursiga qulay oʻrnashib olgani, tamakidoni shundoqqina qoʻli ostida ekani, oyna ortida – emanlar aro esa bu oqshomning musaffo epkinlari esmoqda ekanini ham yaqqol sezib turardi”.

Sarmoyador tomonidan mutolaa qilinayotgan kitob voqealari tobora yuqori nuqtasiga koʻtarilib boradi. Unda aytilishicha, togʻ bagʻridagi kulbada ayol jazmani bilan kim nechanchi bor uchrashadi. Ammo bu gal ular har doimgidek ehtiroslar ogʻushiga tushish maqsadida emas, pinhona suiqasd rejasini tuzishga kelishgan va bu reja tuziladi. Voqealar rivoji shunday koʻrinish oladi: “Rejaga koʻra, qoʻriqchi itlar sukut saqlashi lozim edi – ular chindan jim edi.

Uy boshqaruvchi ham bu mahal oyoq ostidan chiqmasligi lozim edi – atrofda undan chindan nishon yoʻq edi. Jazman uch boʻlmali zinadan ayvonga koʻtarilib, uy ichkarisiga qadam qoʻydi. Yuragi hapriqib ura boshladi, ayolning unga necha bor uqtirgan soʻzlari ogʻriq kirgan qulogʻi ostida jaranglab eshitildi: avvaliga moviyrang mehmonxona, undan soʻng dahlizga oʻtiladi, dahliz soʻngida esa gilam toʻshalgan pillapoya. Pillapoya adogʻida ikki eshik. Birinchi xonada hech kimsa yoʻq edi, keyingisi ham boʻm-boʻsh. Mana, nihoyat xos boʻlma eshigi, qoʻlda esa hamlaga shay xanjar, oynalarda ohista akslanayotgan fonus shuʼlasi va… va zangor barqut qoplangan, eshikka ters qoʻyilgan baland oromkursida qulay oʻrnashib olgancha allaqanday kitobni berilib mutolaa qilayotgan bir odam…”

Hikoya aynan shu soʻzlar bilan nihoyasiga yetadi. Endi yuqorida keltirilgan ikki parchada tasvirlangan xos boʻlma, zangor barqut qoplangan, eshikka ters qoʻyilgan baland oromkursida qulay oʻrnashib olgancha kitob mutolaa qilayotgan bir odam… Ha-ha, hayratingiz oʻrinli, bu odam butun borliqni unutib, kitobxoʻrlikka berilgan oʻsha sarmoyadorning oʻzginasi emasmi? Voajab, deysan beixtiyor, yozuvchi fantaziyasi oʻquvchini shu darajada shok holatiga tushirib qoʻyadiki, unga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay qolasan. Endi voqealar rivojini oʻzingiz xohlagan oʻzanga burib yuboravering. Kortasarning buyukligi ham shunda, u oʻz asarlarini shunchaki kitobxonlar uchun emas, mulohazakor, fikr yuritishga moyil oʻquvchi uchun yozadi va uni ham oʻzi bilan birga ijod qilishga chorlaydi.

“Biri kam dunyo” (Olim Otaxon tarjimasi) hikoyasi qahramoni esa radioteatrda aksar salbiy qahramonlarga ovoz beruvchi aktyor. Teatr rejissyori Lemos taʼbiri bilan aytganda uning gʻaroyib ovozi bor, odamlarga yomon koʻrinish uchun kimgadir xiyonat qilishi yoki qadrdon doʻstini zaharlab oʻldirishi shart emas, tovushini eshitgan zahoti yarim Argentina goʻriga gʻisht qalaydi.   Boshqa – ijobiy rollarni ijro etuvchi aktyorlar kuniga bir savat ishqiy maktublar olishsa, uni bironta muxlis nomiga boʻlsin eslamaydi. Shunday kunlarning birida u Lusiana degan muxlisadan maktub oladi. Lusiana uning boshqalar razilona deb ataydigan ovozini sevadi. Qizning fikricha, u ijro etayotgan rollar tinglovchini chalgʻitadi. Pirovard natijada tinglovchi asar salbiy qahramoni bir chetda qolib, rolni ijro etgan aktyorni, yaʼni – uni yomon koʻradi.

Lusiananing ikkinchi maktubidan soʻng ular Almagro koʻchasidagi qandolat doʻkoni yonida uchrashishadi. Roviy (asar birinchi shaxs nomidan hikoya qilingan) uchrashuvdan oldin qizni oʻzi tengi (qahramon oʻttiz beshga kirgan), nozik, nigohlari sokin boquvchi juvon, qiz esa uni baland boʻyli, sochlari jingalak, qoʻyqoʻzli yigit sifatida tasavvur etishadi. Ilk uchrashuv ularning har ikkalasi tasavvurlari xato ekanligini koʻrsatadi. Lusiana yoyilgan timqora sochlari husnini ochib turgan, koʻzlari chaqnoq qiz, yigit esa sochlari silliq, ushoqqina gavdali boʻlib chiqadi. Shunday boʻlsa-da, ilk turmushlari buzilgan ikki taqdirdosh birga yashay boshlashadi. Vaqt oʻtgani sayin ularning hayoti zerikarli tus olib boradi. Hikoya nihoyasida ish tartibi oʻzgarib, choshgohga yaqin shahar markaziga borgan yigit olisdan Lusianani, yaʼni turmush oʻrtogʻini koʻrib qoladi. U mehmonxona eshigidan bir yigit bilan qoʻltiqlashganicha chiqib kelar, yonidagi norgʻul yigit egilganida jingalak sochlari qizning jigarrang sochlariga chirmashib ketardi. Darvoqe, Lusiana birgalikda yashay boshlaganlarining ilk kunlarida chiroyli qora sochini uning talabi bilan shu rangga boʻyatgandi…

Ikki hikoya muxtasar bayoni orqali Kortasarning “kichik janr”dagi bitiklari favqulodda yakuni bilan oʻquvchini oʻziga rom etishiga ishonch hosil etgan boʻlsangiz ajab emas. Negaki, Kortasar asarlarida bayon etilgan xayoliy voqelik, bizni qurshab turgan real hayotni inkishof etish uchun xizmat qiladi. Goʻyoki u yaratgan asarlar oʻziga xos bir chamanzor, bu chamanzorga tashrif buyurgan kishi oʻzining adabiyotga munosabati, tushunish va fikrlashlari doirasida bahramand boʻladi, kimdir bu bogʻ gullaridan oʻzi uchun goʻzal va fusunkor guldasta terishga erishsa, boshqa kishi anglami qiyin bu dargohni quvvai xafizasi boʻm-boʻsh holda tezroq tark etishga shoshiladi. Zero, buyuk adibni nafaqat “Argentinaning birinchi raqamli yozuvchisi” sifatida ulugʻlashadi, balki u hali hayot vaqtidayoq “Adabiyot olamidagi Kolumb”, “Anʼanalar kushandasi”, “Buyuk kashfiyotchi” kabi turfa sifatlashlarga sazovor boʻlgandi.

 

Abdunabi ABDIYEV,

Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.