Amir Temur Husayn Jovid talqinida

0
605
marta koʻrilgan.

Husayn JOVID tavalludining 130 yilligiga

 

Amir Temur shaxsiyati barcha davrlarning ijodkorlarini qiziqtirga – ni uchun sohibqiron yashab oʻtgan zamonlardan to bugunga qadar u toʻgʻrida son-sanoqsiz asarlar yaratilgan. Uygʻonish davrining vakili ingliz shoir va dramaturgi Kristofer Marlodan tortib, Temur shaxsiyati gʻarb ijodkorlarining eʼtiborini ham qayta-qayta oʻziga tortib kelmoqda. Marloning 1587–90 yillarda yozilgan ikki qismdan iborat “Buyuk Temurlang” tarixiy fojiasi botishliklar uchun ulugʻ jahongir siymosini badiiy tadqiq etish sari qoʻyilgan ilk qadam boʻldi. Fojiada Temur timsoliga bir qadar erkin yondashilgan boʻlsa-da, muallifning bosh qahramonga oʻtli muhabbati, uning shaxsiyatiga doir maʼlumotlarni imkon qadar puxta oʻrganib chiqqani sezilib turadi. XVII asrda fransuz Lui de Gevaroning “Buyuk Temur”, shu davrda Drezdenda nomaʼlum muallifning “Temurlang”, XVIII asrda Buyuk Britaniyada Nikola Povaning “Temurlang”, XIX asrda fransuz Nikola Pradoning “Temurlang yoki Boyazidning oʻlimi” dramalari yaratilib, sahnalashtirildi.

Fransuz maʼrifatchiligining otasi Volter esselaridan birini Amir Temurga bagʻishlagani sohibqiron siymosining gʻarbda katta eʼtiborga egaligidan dalolatdir. 1710 yilda Vena teatrida kompozitor Gaspirining “Temur” operasi sahnalashtirildi. 1722 yilda esa Neapol teatrida bastakor Leoning “Temurlang” operasi qoʻyildi. Manbalarda shu davrda yashab oʻtgan italyan bastakori, virtuoz skripkachi Antonio Vivaldining ham Amir Temur toʻgʻrisida opera yaratgani qayd etiladi. “Injil”dagi rivoyatlar syujetlari asosida koʻplab musiqiy asarlar yaratgan buyuk nemis bastakori Georg F. Gendel (1685–1759)ning “Temurlang” operasida jahongir bagʻrikeng inson, tadbirkor hukmdor, jasur va omadli sarkarda sifatida ulkan muhabbat bilan tasvirlanadi. Muhimi shundaki, Kunbotish mualliflari sohibqiron shaxsini xaloskor sarkarda, adolatli hukmdor, oqil odam sifatida aks ettirganlar.

Birovlarning koʻnglida shuncha mehru muhabbat uygʻotgan shaxsning oʻz yurtdoshlari orasida cheksiz obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishi va bu munosabat qator ilmiy, tarixiy hamda badiiy asarlarda oʻz aksini topishi ajablanarli emas, albatta. Temur toʻgʻrisida koʻplab folklor asarlari yaratilgan, buyuk sohibqiron yashab oʻtgan davrdan boshlab to oktyabr toʻntarishigacha boʻlgan oraliqda dunyoga kelgan deyarli barcha ilmiy-tarixiy va badiiy asarlarda jahongir siymosiga qayta-qayta murojaat qilingan. Qizigʻi shundaki, Temur shaxsiyati borasida qalam surgan ijodkorlar qaysi turkiy etnosga mansub ekanligidan qatʼi nazar, jahongirni oʻziniki deb bilgan.

Shunga oʻxshash yondashuv dunyoga mashhur ozar shoiri va dramaturgi Husayn Jovidga ham xosdir. Isteʼdodining koʻlami, shaxsiyatining yirikligi, idealining yuksakligi bilan butun turkiy dunyoga tegishli ijodkor boʻlmish Husayn Jovidning Amir Temur siymosiga murojaat qilishi tasodifiy emas. U Temurda oʻzining odam toʻgʻrisidagi idealini, u qurgan saltanatda esa, turkiy xalqlar oʻtmishinigina emas, balki kelajagining maketini ham koʻrdi. 1925 yilda yaratilib, taniqli oʻzbek shoiri Usmon Qoʻchqor tomonidan oʻgirilgan “Amir Temur” dramasida bu jihatlar yaqqol koʻzga tashlanadi.

Maʼlumki, sahnalashtirilgan drama badiiy hodisani hayot hodisasiga aylantirib, tomoshabinning sezgi aʼzolariga bevosita taʼsir etish qudratiga ega boʻlgan yagona adabiy turdir. Drama janrining shu imkoniyatga egaligini hisobga olgan Husayn Jovid asarida Temur obrazini turkiy millatlarning shonli oʻtmishi tarzidagina emas, balki bu millat vakillarini yorqin kelajak yaratishga undovchi shaxs sifatida ham tasvirlashga urindi. Dramaturg ayni kunlarda turli bosqinchilar zulmi ostida ezilayotgan turkiy uluslar bir zamonlar bashariyatning taqdirini hal qilganliklarini shunday mahorat bilan tasvirlaydiki, oʻqirman va tomoshabin koʻnglida bunday ulugʻ millat yana yuksalajak degan ishonch uygʻonadi.

Ayrim tadqiqotchilar H. Jovid dramaturgiyasida romantik pafos yetakchilik qiladi, u olam va odamni asldan koʻra koʻtarinkiroq, yorqinroq, boʻyoqdorroq koʻrsatishga moyil deb hisoblaydilar. “Amir Temur” asarida dramaturg realist ijodkor sifatida tasvirga olingan shaxsiyat va voqea-hodisalarning sirtqi qirralarini emas, balki ichki mazmunini, tashqaridan koʻrinib turadigan jihatlarini emas, balki asl botiniy mohiyatini teran ilgʻaydi. Shu holat asarga umidbaxsh koʻtarinkilik bagʻishlaydi. Baʼzi ijodkorlar odamni voqeada koʻradilar. Husayn Jovid esa voqeani odam orqali idrok etadi. Sanʼatkor voqeani fon, odamni esa badiiy maqsad hisoblaydi. Shuning uchun ham buyuk Temurning qanday jang qilganini, qaysi yoʻl bilan gʻalaba qozonganini emas, balki boshidan oʻtgan oʻylarni, koʻnglidan kechgan sezimlarni, sohibqironning odam, hukmdor, lashkarboshi, tashkilotchi sifatidagi xususiyatlarini tasvirlashga birlamchi eʼtibor qaratadi.

Dramaturg Temurni turli rakurslarda, turli-tuman shaxslar, doʻstu dushmanlar nigohi bilan koʻrsatadi. Aslida buyuk Temurga ham, uni oʻrab turgan muhitga ham mutlaqo begona, faqat navkar Oʻrxonga boʻlgan tiyiqsiz muhabbati tufayligina turkiylarga bogʻlanib turgan Olga tilidan urushga otlanayotgan Temur holatining:

“… uning yuzida hech qanday shiddat va hayajon izi yoʻq. Har doimgidek viqorli va jiddiy, har doimgidek xotirjam…”, – tarzida chizilishi hali sahnaga kirib kelmagan Temur timsoli haqida oʻquvchida ilk yoqimli tasavvur uygʻotadi.

Muallif bosh qahramonni bevosita harakatda koʻrsatadi. Dramaturg Temurni aytgan gaplari, oʻylari, qilgan xatti-harakatlari, koʻnglidan kechirgan tuygʻulari vositasida ichdan tasvirlashga erishgan. Mamayxon degan zolim hokimning xalqqa zulm qilayotgani haqidagi xabarni eshitgan Amir Temurning: “Ul anglamaydirki, raiyatni ranjitgan hokim oʻz inini buzgan hayvon kabi befarosatdir”, – degan soʻzlarida uning oqil odam va adolatpesha hukmdorligi namoyon boʻladi. U shunchaki rahmdil, olijanob odamgina emas, balki saltanat tinchi uchun birinchi navbatda xalqni rozi qilish lozimligini yaxshi biladigan donishmand hukmdor sifatida tasvirlanadi.

Muallif Temurning shoir Kirmoniyga qarata aytgan: “Sizlar (sanʼatkorlar – Q. Y, M. Y.) koʻrshapalaklar oʻlkasinda, koʻrlar mamlakatinda porlagan bir quyoshsiz. Afsuski, inson nomi ila yurgan ikki oyoqli hasharot juda qabih va razil bir narsadir… Hayhotkim, shu qabih hasharotni tartibga solmoq uchun, ularning qurum bosgan chirkin vijdonlarini tozalamoq uchun faqat Temur qilichi lozim”, – soʻzlari orqali uni sanʼatkorlarning jamiyat hayotidagi yuksak oʻrnini tan olib, ularga xayrixohlik bilan qaraydigan va chin hukmdorning tarixiy vazifasini teran anglagan sulton sifatida koʻrsatadi. Asarda Temur qalamravidagi yerlarni kengaytirishga intiluvchi qanoatsiz bosqinchi emas, balki oʻz zimmasida ulkan tarixiy vazifa borligini yaxshi anglagan ulugʻ shaxs tarzida namoyon boʻladi. Temurning: “Savdogar va sanʼatkorga juda katta eʼtibor, izzat-hurmat koʻrsatmoq lozim. Chunki jahon faqat tijorat va sanʼat soyasidagina yuksaklikka erishgay”, – degan soʻzlari orqali dramaturg jahongir shaxsiyatiga xos yuksak maʼnaviy sifatlarni tasvirlaydi.

Mamlakatni tijorat va sanʼatgina yuksaltirishi mumkinligini teran anglagan, yurtini eng porloq maorif va madaniyat oʻchogʻiga, eng nafis sanʼat va tijorat markaziga aylantirishni niyat qilgan buyuk jahongirning faoliyat kishisi ekani, tinimsiz harakatdagi odam esa baʼzan xatolar qilishi quyidagi tasvirlarda koʻzga tashlanadi. Devonbegining: “… har ikkingiz Turon olamining ikki qutbidirsiz. Shul ikki qutb bir-biri bilan chopishsa, oʻrtada falokatli bir oʻpqon paydo boʻlgay. Va bu nifoqdan foydalanish ilinjida yurgan atrofdagi ajnabiy davlatlarga turk dunyosini zabt etmoq uchun imkon tugʻiladir”, – tarzidagi ogohlantirishiga quloq solmasligi sohibqiron tabiatidagi oʻsha jihatlarni haqqoniy koʻrsatishga qaratilgani bilan muhimdir.

Muallifning mahorati tufayli, “Amir Temur” asari kishini tarixiy voqelardan xabardor qilibgina qolmay, unga shu tarixni yashab oʻtish imkonini berish asnosida davlatni boshqarish rohat emas, ogʻir qismat ekanligini anglatadi. Asarda Amir Temur umri ogʻir sinovlarda oʻtayotgan, shaxsiyatida hamisha hukmdorlik bilan insoniylik oʻrtasida kurash boradigan kishi sifatida koʻrsatilgan. Asarda sohibqironning tarixiy yurishlaridan koʻra, uning kuchli tuygʻularini tasvirlashga koʻproq eʼtibor qaratilgan. Dramada Amir Temurning hodisa va odamlar haqidagi qarashlari tasviriga alohida urgʻu berilgan. Adibning tarixiy voqealardan koʻra, ularni yaratgan shaxsga eʼtibor qaratishi oʻqirmanni Amir Temurga yanada yaqinlashtiradi. Saltanatni ulugʻ qiluvchi narsa uning tepasida turgan shaxsning buyukligi ekani, shu buyuklik Amir Temur shuhratining boqiyligini taʼminlagani asarda ishonarli koʻrsatilgan. Oʻzini tahqirlab maktub bitgan, elchilarini qatl ettirgan Yildirim Boyazidga urush chiqishiga yoʻl qoʻymaslikning soʻnggi imkonni berishga uringani sohibqironning nafaqat harbiy qoʻmondon, balki nozik diplomat ham boʻlganini koʻrsatadi: “Darhol Yildirimga bir sulh maktubi yoz! Subutoy olib borgay. Faqat Yildirimning maktubi qanchalar qabohatli boʻlsa, bizniki shuncha nazokatli boʻlsin”.

Amir Temur asarda faqat el tinchligi, mamlakat yaxlitligi, adolat va haqiqat tantanasini oʻylaydigan arbobgina emas, shaxsiy hayoti ham bor hamda shu haqda bosh qotirishga mahkum oddiy bir odam sifatida tasvirlanadi. Xalq taqdiri oldidagi majburiyatlari tufayli oʻz koʻngil istagidan yuz oʻgirib keta olishi bu oddiy odamga oddiy boʻlmagan fazilat ato etadi.

Dramaturg Amir Temurni tengsiz sarkarda, usta siyosatchi, xolis va odil hukmdor kabi sifatlarga ega lider tarzidagina koʻrsatib qolmay, uning murakkab hamda serqirra ruhiyati jilvalarini aks ettirib, koʻpchiliknikidan farqli oʻz Temurini yaratdi. Bunda adib na atay joʻnlashtirish, na sunʼiy ulugʻlash yoʻlidan bordi, balki sohibqiron ham xom sut emgan, ammo buyuk banda ekanini, shu bois u qilayotgan ishlar, qabul qilayotgan qarorlar, koʻnglidan kechayotgan tuygʻular ham oddiy odamlarnikidan keskin farq qilishini koʻrsata bildi. Jahongirni ideallashtirmagani holda uning tarix oldidagi xizmatlarini, tarixning esa Temur oldidagi qarzlarini ishonarli aks ettirdi: “… mamlakatimiz arslonlar yurti, burgutlar maskani boʻlib qolmogʻi lozim. Turk avlodi faqat bosib-qirmoqdan emas, yashamoq va yashnatmoqdan ham zavq olur, yolgʻiz yoqib-yiqmoqnigina emas, balki tiklab-yaratmoqni ham bilur… Yolgʻiz besh-oʻn shahar emas, butun mamlakat taraqqiyot va goʻzalliklar uchun namuna boʻlmogʻi lozim” singari qarashlar Temur shaxsiyatining asl magʻzini koʻrsatishi jihatidan muhimdir. Sohibqiron bosib olish uchun emas, adolat oʻrnatish istagida, buzish uchun emas, obod qilish ilinjida ot suradi. Lekin uning davrida ham tili bilan dili boshqa, nafsidan boʻlak sigʻinadigan ilohi yoʻq yoxud burnining tagidan uzoqni koʻrolmaydigan kimsalar koʻp boʻlganini, bu hol Temurning egardan tushmay yashashiga asl sabab ekani asarda juda taʼsirli koʻrsatib beriladi.

Muallif bosh qahramonda sarkarda yoki jahongirni emas, odamni koʻradi. Temurda odamiylik ustuvor boʻlgani uchun ham boshqalarni tushunadi, ularning ojiz va qudratli ekanliklari sababini aniq biladi. Birovni tushungani va bilgani uchun odam tanlashda kam adashadi. Asarda Amir Temur oʻziga Yaratgan tomonidan berilgan beqiyos dahoni shunchaki isrof qilib yubormaydigan, har bir qadamini oʻlchab va oʻylab bosadigan yirik shaxs ekanini ishonarli aks ettiriladi. Unga tabiat tomonidan berilgan ulugʻ aqliy va jismoniy imkoniyatlar ulkan mehnatkashlik, buyuk intizom, adoqsiz fidoyilik bilan uygʻunlashgani taʼsirli ifodalangan.

Husayn Jovid oʻquvchiga aql oʻrgatib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatmaydi, balki unda tuygʻu qoʻzgʻashga urinadi. Asardagi har bir qahramonga kishini iztirobga soladigan, quvontiradigan, umuman, bezovta qiladigan qandaydir bir jihatni taqdim etadi. Shu bois ham dramadagi timsollarning koʻpchiligi hech kimga oʻxshamagan, betakror tiplar sifatida tasvirlangan.

Husayn Jovid asarda Temurdan faqat fazilat qidirib, uni nuqul yorqin boʻyoqlarda koʻrsatish yoʻlidan bormaydi. Uning inson sifatidagi xatolari ham dramada taʼsirli koʻrsatilgan. “Amir Temur” boshqa asarlardan xolisligi, muallifning personajlarga boʻlgan shaxsiy munosabati ochiq sezilmasligi, xulosa chiqarish oʻqirmanning oʻziga qoldirilgani bilan ajralib turadi. Temurning suyukli ayoli Dilshodga aytgan: “Siyosatda marhamat yoʻq”, – tarzidagi sokingina gapi davlat ishlarining hissiyot izmida boʻlishiga yoʻl qoʻymaydigan sovuqqon arbobga xos jihatni namoyon qiladi. Ishongan navkari Oʻrxonni Boyazid huzuriga aygʻoqchi qilib joʻnatmoqchi boʻlar ekan, uni xiyonatda ayblab orqavorotdan oʻlimga hukm qiyalganida, Boyazid yengilib, oʻsha “xiyonatkor” askar qoʻlga olingach, sohibqironga tortiq etilgan Olgani soʻrovsiz olib qochgani sababli yasoqqa torttirmoqchi boʻlganida qanchalik qatʼiyatli, soʻzidan qaytmas, qahrli hukmdor sifatida gavdalantirilsa, Oʻrxonni nafaqat oʻldirish, balki unga adoqsiz mehr koʻrsatishida inson sifatidagi buyukligi yaqqol koʻzga tashlanadi.

Dramaturg buyuk Temurga nisbatan boʻlgan tuygʻularini asar oxiriga qadar ham yaqqol koʻrsatmaydi. Muallif masxaraboz Joʻja singari sohibqironning buyukligini bilgan va eʼtirof etgani holda unga yotsirab qaraydimi yoki Oʻrxon kabi oʻzidan kechar darajada eʼtiqod qoʻyganmi yoxud Temirqoya yangligʻ sadoqat koʻrsatadimi ekanini anglash ogʻir kechadi. Bu holat oʻqirmanga xayol qilish erkini, soʻnggi gapni aytish imkonini beradi. Muhimi, dramada Amir Temur murakkab va betakror shaxs sifatida talqin etilgan. U asarda jonkuyar sarkarda, goʻzallikni his qilish tuygʻusiga ega erkak, qoʻl ostidagilarni jiddiy sinovlarga roʻpara qila oladigan siyosatchi tarzida koʻrsatilgan. Adib kitobxonni Amir Temurning ichki olamiga olib kirib, sohibqironning hamma kabi gʻazab, quvonch, zavq va hayrat tuygʻularga ega, ushalmagan orzulari, yechilmagan muammolari bor inson ekanini koʻrsatishga erishgan.

Maʼlumki, dramatik asarlarda voqea ham, tuygʻu ham emas, balki shaxs xarakteri asosiy oʻrin tutadi. Dramani boshdan-oyoq xarakterlar toʻqnashuvi tutib turadi. Chunki dramatik asar ichki dramatizmga – personajlardagi ruhiy xavotir shiddatidan kelib chiqadigan kolliziya asosiga qurilgan boʻladi. Busiz konflikt yuzaga kelmaydi. Dramatik asar har doim qahramonlar uchun hayot-mamot ahamiyatiga ega boʻlgan qandaydir narsalarning qoʻldan berilishi yoki amalga oshmay qolishi xavfi asosiga qurilgan boʻlishi kerak. Personajlar hadigu xavotir ogʻushida harakatlansagina dramatizm yuzaga chiqadi. Bu jihatdan “Amir Temur”ni bekamu koʻst ishlangan asar deyish mumkin. Dramaturg piyesada ishtirok etgan har bir obrazni oʻziga yarasha hadigu xavotir bilan taʼminlay olgan.

Dramadagi har bitta timsol oʻziga yarasha badiiy-estetik yuk bilan taʼminlangan. Muallif Temurning bosh vaziri Devonbegi obraziga ham kerakli badiiy yuk orta bilgan. U − sohibqironga dono maslahatlar berguvchi ayongina emas, dramadagi ziddiyat chiziqlaridan birini harakatga keltiruvchi personajlardan boʻlmish Olmosning otasi, yovqur Oʻrxonning qaynotasi, yaʼni voqealar qozonida bevosita qaynashi kerak boʻlgan shaxs. Sogʻlom va begʻaraz fikrlay olgani uchun ham ochun miqyosidagi voqealar rivojining oqibati qanday boʻlishini toʻgʻri tasavvur qila oladi.

Husayn Jovid turkiy dunyo yaxlitligini yaqqol his etgan va hamisha unga intilgan oydin shaxs boʻlgani bois Temurga Turkistonningina hukmdori sifatida qaramaydi. U sohibqironni butun turkiylarni birlashtirgan va ularga farovonlik bergan, millat shaʼniga munosib tirikchilik manbai bilan taʼminlagan, demakki, ularni boshqarishga haqli boʻlgan saltanat egasi sanaydi. Bu hol dramada Devonbegining amir Temur bilan suhbati sahnasida yaqqol koʻzga tashlanadi. Suhbatda ozarbayjonlarning Qoraqoʻyin amiri Qora Yusuf taʼsirida Mironshohga qarshi isyon koʻtarishlari munosabati bilan Devonbegi: “Ozarbayjon xalqi begonalarning soyasi boʻlmoqlikdan nihoyatda zavqlanadir va xorijiylar taʼsiriga juda qattiq beriladir”, – deydi. Oʻz koʻnglidagi fikrni Devonbegi tili bilan aytgan muallif Temurni oʻziniki sanaydi, ozarbayjonlarning oʻzgalar taʼsiriga berilishidan esa norozi boʻladi.

Yildirim Boyazidning masxarabozi Joʻja – oʻzida asar pafosini aks ettirib, muallif idealini tashiydigan timsol. Lekin u – shunchaki rupor emas, balki betakror oʻziga xoslikka ega tirik odam. U imperator Boyazid va uning atrofidagi barcha kimsalarning kirdikorlarini yaxshi biladi hamda ularni ayamay masxara qiladi. Joʻja kulgi toʻniga oʻralgan achchiq istehzolari bilan kaltabin siyosat yurgizayotgan Boyazidni, saltanatni halokat sari boshlayotgan saroy aʼyonlarini chaqib oladi, ularning koʻzini ochishga urinadi. Shu bois u Temur qiyofasida chiqar ekan, uning qanchalik olijanob va yuksak shaxsligini anglatib, Boyazidga namuna qilib koʻrsatadi. Oʻzining asl qiyofasida namoyon boʻlganda esa, Boyazidning aʼyonlar va ayollar qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlib qolgan kimsa ekaniga bot-bot ishora qiladi. Dramaturg Joʻjani shunchaki masxaraboz emas, balki hukmdorlari umumiy yov oʻrniga shaxsiy istaklari uchun kurashib, oʻz-oʻzini gʻorat qilayotgan turkiy ochunning taqdiriga achingan yurtsevar odam sifatida tasvirlaydi.

Muallif kaltabinlik xiyonatga yoʻl ochishini, Boyazid kabi kibrli va maqtovsuyar hukmdor oxir-oqibat tilyogʻlama sotqin kimsalar qoʻlida oʻyinchoq boʻlib qolishini Ali posho, Melicha kabi personajlar orqali aks ettiradi. Saltanatga egalikni javobgarlik emas, aysh-ishrat vositasi deb hisoblagani uchun ham Boyazidning atrofini oʻzi singari huzuridan boshqa narsani oʻylamaydigan, nafsiga sajda qiladigan mayda kimsalar oʻrab olgani asarda ishonarli tasvirlanadi.

Dramadagi shayx Buxoriy timsoli hukmdorga haqiqatni aytguvchi va uni ezgulikka yoʻllovchi kishi sifatida namoyon boʻladi. Shayxning Boyazidga qarata: “Temur bilan urushmoqdin koʻra oʻz nafsingga qarshi jang eʼlon etgil. Jurʼatim uchun meni maʼzur tut! Ammo imkoni qadar raqqosalarga oʻralashib qolmagil! Serbiston malikasining nufuziga uchmagil! Va sarxush vazirlarning ermagi boʻlib qolmagil!” – deyishi uning naqadar yurakli va halol odam ekanini koʻrsatadi.

H. Jovidning mahorati shundaki, Yildirim Boyazidni ham faqat johil, toʻgʻri gapga quloq osmaydigan oʻjar va nodon kimsa qilib emas, balki oʻziga xos insoniy jozibaga ega shaxs sifatida koʻrsatadi. Buni Buxoriyning achchiq gaplariga javoban: “Achchiq boʻlsa-da, soʻzlaringda haqiqat bor. Lekin Temurga qarshi jim turmak qoʻlimdan kelmaydir”, – tarzidagi iqroridan, Temurdan yengilib, unga asir tushgach, xatosini mardona tan olib aytgan gaplaridan bilish mumkin.

Dramatik asarda qahramon nutqi hal qiluvchi oʻrin tutadi. Negaki, muallifda na bayon qilish, na munosabat bildirish, na tasvirlash imkoni boʻlib, faqat koʻrsatishigina mumkin boʻlgan ushbu adabiy turda nutq deyarli barcha badiiy tasviriy vazifalarni oʻz zimmasiga oladi. Monolog shakli bilan tomoshabinlarga, dialog va polilog tarzida sahnadosh sheriklarga murojaat qilish voqealar rivojining, dramatik xarakterlar ochilishining vositasi boʻladi. Shuning uchun ham dramada nutq alohida badiiy quvvatga egadir. Dramatik nutqqa doir yana bir jihat shundaki, sahna asarining tili, albatta, bir qadar koʻtarinki, jarangdor, aniq eshitiladigan boʻlishi lozim. Sahnadan turli masofada oʻtirgan tomoshabinlarga birday eshitilishi uchun qoʻllaniladigan soʻzlarning akustik jihatdan ham jarangdorligi talab etiladi. Koʻpchilik dramatik qahramonlarning bir qadar sunʼiyroq koʻtarinki tilda soʻzlashining bosh sababi shunda. Drama qahramonlari quyuq tuygʻular, kuchli hissiyotlar boʻroni ogʻushida yashab, ayovsiz toʻqnashuvlarni boshdan kechiradilar, otashin va jarangdor ovozda soʻzlashadilar, har qanday voqea-hodisaga kutilmagan keskinlik bilan munosabat bildirishga moyil boʻladilar.

Shu xususiyat “Amir Temur” asarida bosh vazir − Devonbegining qizi, sohibqironning xos jangchisining ayoli Olmos, uning raqibasi Olga, metinday mustahkam, oʻlimni pisand qilmaydigan, ammo suluv Olga qoshida irodasidan mahrum boʻladigan hissiyotli oshiq, xotini shaddod Olmos oldida masʼuliyatli er boʻlgan Oʻrxon, xayolparast shoir Kirmoniy kabi personajlar nutqida ayricha boʻrtib koʻrinadi.

Jangu jadal, oʻlimu qon toʻkishlarni oddiy bir kundalik yumush tarzida qabul etadigan Oʻrxonning: “Biz turklar chodirlarda tugʻilib, bepoyon sahrolarda, qonli janglarda halok boʻlurmiz”, – shaklidagi iqrorida muallif dramatik nutq unsurlaridan mahorat bilan foydalangani koʻrinadi. Asardagi har bir obraz oʻziga xos qiyofaga ega qilib tasvirlangan. Hatto, butun drama davomida ikki oʻrindagina koʻrinadigan, xoʻjasi Oʻrxonga oʻta sodiq, oʻlimdan qoʻrqishni tasavvuriga ham keltirolmaydigan, xoʻjasining buyrugʻidan boshqa narsani tan olmaydigan kamoʻy Temirqoya ham, saroydagi ayollarni bir-biriga tezlab rohatlanadigan oʻshakchi Qoraqush ham, birgina sahnada koʻrinadigan Temur oʻtovining ikki nafar qoʻriqchisi ham faqat oʻzlariga maxsus boʻlgan tabiatga ega holda tasvirlanganki, bu dramaturgning tengsiz mahoratidan dalolat beradi.

Ijodiy umrining ilk davridayoq “Mening Tangrim goʻzallikdir, sevgidir”, – soʻzlarini ulgu qilib olgan Husayn Jovid “Amir Temur” dramasida ham oʻz kredosiga sodiq qolib, shoir Kirmoniy tilidan eskirmas bir haqiqatni bayon etadi: “Muhabbat! Muhabbat! Zotan, butun bashariyatni xalos etadigan yagona narsa muhabbatdir… Agar dunyoning shonli yurishlari, qonli urushlari oqibat-natijada bir muhabbat, bashariy bir muhabbat tugʻdirmasa… butun hayotga, butun koinotga nafratlar boʻlsin!” Shu tarzda tiriklikning mazmun-mohiyatini goʻzallik va sevgida koʻrgan yozuvchi dramada ayollar timsolini ishlashga alohida eʼtibor berishi tabiiy edi. Garchi, umri savashlarda oʻtgan jahongir hayotini koʻrsatishga bagʻishlangan boʻlsa-da, “Amir Temur” dramasida ayollar obrazi hal qiluvchi oʻrin tutadi. Dramada dastlab umr yoʻldosh, maʼshuqa, ona, farzand boʻlibgina gavdalantirilgan ayollar bora-bora ziddiyatlarga toʻla ijtimoiy turmushning faol ishtirokchilari sifatida tasvirlanadi. Ammo har qanday holatda ham xotin-qizlar obrazi oʻz serqirraligi va betakrorligini yoʻqotmagan: baʼzilari jangari tabiatli, yovvoyi, isyonkor; ayrimlari muloyim, mehribon, kechirguvchi, keng feʼlli ayol sifatida tasvirlangan, baʼzisida birvarakayiga bir necha xil feʼl-atvor aralash namoyon boʻladi.

Dramada Temurning ayollarga hurmatu eʼtibor bilan qarashi, ayni vaqtda siyosat ishlariga ularni aralashtiravermasligi ham katta mahorat bilan koʻrsatilgan. Asarda Temurning rafiqasi Dilshod xonim xoʻjasini mayda-chuyda tashvishlar bilan bezovta qilmaslik, uni davlat ishlaridan chalgʻitmaslik maʼqulligini savqi tabiiysi bilan his etishi tasvirlanadi. Shu bois u bir ayol kabi Qoraqushning qutqulariga ishongani holda Olgaga nisbatan chora koʻrishga oshiqmaydi. Chinakam aslzoda ayol sifatida oʻzini sohibqiron bilan rus goʻzali oʻrtasidagi munosabatdan bexabarday tuta biladi. Saroy intrigalarida tajriba orttirmagan tezob Olmos esa Qoraqushning kichik bir hiylasi bilan oʻzini oʻtga-choʻqqa urib, dramadagi voqealar yoʻnalishiga faol taʼsir koʻrsatgan obrazga aylanadi. Rashk oʻtida yonganidan qatʼiyatli, shiddatli, tuygʻulari tizginsiz Olmos jahonni titratgan sohibqirondan choʻchimay, unga: “Yoʻq, yoʻq! Sen bunday qilolmaysan! Ha, juda buyuksan, butun dunyoga hukmronlik qila olursan, biroq zinhor Oʻrxonning qalbiga emas!” – deya oladi. Ayol erini jonidan ortiq koʻrgani uchun oʻzining sevimli yor ekanini his qilmagani bois koʻngli yorishmaydi. Hayoti toʻkis boʻlgani holda yolgʻiz qolgan, eng yaqin kishisi tomonidan tashlab ketilgan ayolning shijoati, tap tortmasligi tasviri kishini oʻziga rom qiladi.

Asardagi Qoraqush obrazi ham kishini oʻylatadi: uning aslzoda ayollar orasiga nifoq solishdan maqsadi nima edi? Uning Oʻrxon yoki Temurdan qanday ilinji yoki Olga, Olmos yoxud Dilshod xonimda qanday xusumati boʻlishi mumkin ediki, Temur saroyida fitna qoʻzgʻashga jurʼat topdi? Bu timsol alamzada ayol ichki dunyosining naqadar xunuk, qahrli boʻlishini koʻrsatishga xizmat qiladi. Qoraqush goʻyo odamlarda qolib ketgan haqi borday ulardan norozi va alamzada, atrofdagilarning asabiga tegib, biror zaif, ogʻriqli nuqtasini bilib olib azoblashni, oʻzidan balandroq ayolni pastga tushirishga urinishni kasb qilib olgan kinchi kimsa sifatida taʼsirli tasvirlangan. Bular Qoraqush ichki dunyosidagi maʼnaviy boʻshliq, ezgulikka undaydigan aʼmolning yoʻqligi tufayli yuz beradi. Qoraqush Olganing mavqei oʻzinkidan pastroq boʻlishi lozim deb hisoblaydi. Saltanat ustunlari bu sanamning atrofida parvona ekanligi esa unda hasad uygʻotadi. Qoraqushning urinishlari oqibatida paydo boʻlgan tarang vaziyat Temurning bosiq va sermulohazaligi tufayli oʻt olib ketmaydi. Bu hol sohibqironning Olga va Olmos bilan uchrashuvi tasvirida yaqqol koʻrinadi:

Husayn Jovid dramasida ayollar adabiyot ahli necha ming yillardan buyon koʻnikkan latofatli, nazokatli jihatlari bilangina namoyon boʻlmaydi, balki juda dadil, jasur, qaytmas, makkor, maqsadi yoʻlida ogʻishmay harakatlanadigan shaxslar tarzida koʻrsatiladi. Yozuvchi ayollar obrazini ortiqcha tarashlab, silliqlamay, ularning asl mohiyatini koʻrsatishga intiladi. Olmos, Olga, Qoraqush obrazlari tabiatlaridan kelib chiqqan holda xilma-xil boʻyoqlarda tasvirlangan. Ayolni koʻklarga olib chiquvchi ham, tuban ketkazuvchi ham, qudrat baxsh etuvchi ham, ojizlashtiruvchi ham mehr va eʼtibor ekanligi dramada ishonarli aks etgan. Temurning goʻyo Oʻrxonni oʻldirmoqchi ekanini eshitgan Olmosning holati asarda juda ishonarli berilgan.

Asarda Olmos, Dilshod xonim, Olga timsollari ayollarga xos mayda maishiy muammolar fonidan balandda tasvirlangan. Ularning intilishlari maishiy tirikchilik uchun bevosita kerak boʻlmaydigan narsalarga qaratilgani ularning chinakam shaxslar ekanini koʻrsatadi.

Odam − yaralishidan taqdirga bandi. Shuning uchun ham u banda ataladi. Taqdir ishiga aralashmoq, uni oʻzgartirmoq inson ixtiyoridagi yumush emas. Buni har bir Chiqish kishisi singari Husayn Jovid qahramonlari ham chuqur anglashadi. Ammo tabiatan faqat beshik tebratishga qobilday koʻringuvchi ayol olamni tebratishi, hech narsani daʼvo qilmagani holda tarix oʻzanini burib yuborishi mumkinligi asarda juda ishonarli aks ettirilgan. Serb qirolining singlisi Melicha Yildirim Boyazid inqiroziga sabab boʻlgani, Olganing Oʻrxonni Amir Temur buyrugʻiga boʻysunmaslikka majbur qilgani, Olmosning raqibasiga xanjar bilan urgʻochi arslonday tashlangani, Qoraqushning voqealar rivojiga taʼsir koʻrsatgani kabi tasvirlar “Amir Temur” dramasida ayollar timsoli juda teran ishlanganidan dalolat beradi.

Ulkan sanʼatkorning teran nazari va sehrli qalami “Amir Temur” dramasida uzoq oʻtmishda yashab oʻtgan shaxsiyatlarni badiiy aurada jonlantirib, ularning buyukligini avlodlarga koʻrsatib, ulardan saboq olishga undabgina qolmay, shunday bobolarning avlodlari yanada erkin yashashi, ular qadimiy shaʼnlarigamunosib boʻladilar, degan ezgu qarashlari bilan maʼnaviyatimizga xizmat qiladi.

 

 Qozoqboy YOʼLDOSH,

OʻzMU professori,

Muhayyo YOʼLDOSHYeVA,

OʻzMU dotsenti

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.