Alisher Navoiy

0
1983
marta koʻrilgan.

(1441–1501)

 

XV asrning ikkinchi yarmi ijtimoiy-siyosiy hayotdagi nisbiy koʻtarilishlar yuz beradi. Bu davrda Temuriylar siyosatining oʻziga xos qirralari yanada koʻproq namoyon boʻla boshlaydi. Amir Temur boshlab bergan buyuk rivojlanish davom ettirildi. Endilikda hokimiyat tepasida Temurning farzandlari, nabiralari hukmronlik qilishardi.

Andijon, Toshkent, Xoʻjand, Sayram, Turkiston, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Hisor, Qunduz, Marv shaharlari rivojlandi. Ayniqsa, Husayn Boyqaro zamonida Hirot gullab-yashnaydi.

Ulugʻbek zamonida Samarqandda ilm-fan nihoyatda yuksaldi, oʻzbek fanining dunyoga yoyilishida bu davr oʻziga xos oʻrin tutadi. Xususan, aniq fanlar rivoji, ayniqsa, matematika, astronomiyadagi yutuqlar salmoqli boʻldi. Birgina Ulugʻbek observatoriyasining yutuqlari natijasida 1018 ta yulduzning holati oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, yulduzlarning oʻrnini belgilashdagi aniqlik hozirgi zamon yutuqlari bilan deyarli uygʻun keladi. Ulugʻbekning otasi Shohruh mirzo qurdirgan kutubxona salmogʻi va boyligiga koʻra ham oʻz zamonasida tengsiz edi.

Samarqandda Bibixonim, Shohizinda, Ulugʻbek madrasasi, Amir Temur maqbarasi, Ulugʻbek rasadxonasi oʻsha davr meʼmorchiligining goʻzal obidalari sifatida bugun ham xalqimizning faxr-u iftixoriga sabab boʻlib kelmoqda.

Hirotda Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning tashabbus va rahbarliklarida koʻplab binolar, madrasa va xonaqohlar, shifoxona, hammom va karvonsaroylar qurilgani, ariq va kanallar qazilgani, bogʻ-rogʻlar barpo qilingani yaxshi maʼlum.

Temuriylarning oʻzaro nifoq va kurashlari Shayboniyxonning (1451–1510) tarix maydoniga kirib kelishi va bu maydonda barqaror turib qolishi uchun imkon beradi. Shayboniyxon koʻchmanchi oʻzbeklarning xoni Abulxayrxonning (1428–1468) nabirasi edi. U 1499-yilda temuriylarga dastlabki zarbalarni bera boshlagan boʻlsa, koʻp oʻtmay ularning oʻrnini deyarli egallab oladi. Shayboniyxonning oʻzi ham katta iqtidor egasi, yirik salohiyatli ijodkor edi.

Bu davrda Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar ijodi jahon adabiyotining eng porloq namunalari sifatida eʼtirof etildi.

Badiiy ijodning ikki tilda yaratilishi ham shu davrning muhim xususiyatlaridan edi. Navoiy, Bobur mirzo, Husayn Boyqaro, Sulton Ahmad mirzo (1451–1494) singari ijodkorlar ikki tilda sheʼrlar yaratgan. Zullisonaynlik anʼanasi ham Navoiy timsolida oʻzining oliy choʻqqisiga koʻtarildi. Alisher Navoiy boshchiligidagi adabiy harakat turkiy til mavqeyi uchun qattiq kurash olib bordi va bu borada olamshumul gʻalabalarni qoʻlga kiritdi.

Alisher Navoiy faqat oʻzbek emas, balki butun turkiy xalqlar adabiyoti, jahon xalqlari adabiyoti tarixidagi eng noyob hodisalar silsilasiga mansub boʻlgan buyuk shaxsdir. U qoldirgan merosning soni va hajmigagina emas, balki ularning mazmun va yuksak badiiyatiga koʻra ham tengsiz adibdir. Navoiyning kichik zamondoshi Zahiriddin Muhammad Bobur buni juda muxtasar tarzda ifodalab bergan: “Alisherbek naziri yoʻq kishi erdi. Turkiy til bila to sheʼr aytibturlar, hech kim oncha koʻp va xoʻb aytqon emas. Olti masnaviy kitob nazm qilibtur, beshi “Xamsa” javobida, yana biri “Mantiq ut-tayr” vaznida “Lison ut-tayr” otliq. Toʻrt gʻazaliyot devoni tartib qilibtur: “Gʻaroyib us-sigʻar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoyi ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar” otliq. Yaxshi ruboiyoti ham bor. Yana “Mezon ul-avzon” otliq aruz bitibtur… Forsiy nazmda “Foniy” taxallus qilibtur. Yana musiqiyda yaxshi nimalar bogʻlabtur. Yaxshi naqshlari va yaxshi peshravlari bordur”.

Navoiy adabiyotshunos sifatida oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga xizmat qiladigan koʻplab ilmiy asarlar muallifidir. Xususan, uning oʻzbek adabiyoti va madaniyati tarixi uchun noyob manba sifatida katta ahamiyatga ega “Majolis un-nafois” asarida 459 ta shoir, yozuvchi, ijodkor haqidagi maʼlumotlar jamlangan. “Bu aziz kitob hazrati xoqon Shohruh mirzo podshohligi davridan boshlab, shu zamonga qadar yer yuzini ravshan vujudlari bilan bezagan va bezab turgan olim va shoirlardan koʻplarining baʼzi sifatlaridan va ahvollaridan bayon qiladi”[1], – deb bildiradi Xondamir.

Asar 8 majlisdan iborat: dastlabki majlislar xronologik tartibda, yaʼni vaqtning qadimdan shoirning zamonasigacha boʻlgan yoʻnalishi qamrovida olingan. Keyingi majlislarda ijodkorlarning yashash joylariga koʻra tuzilgan, yaʼni bunda mintaqaviy (geografik) tamoyil amal qilgan. Yettinchi majlis Temur va temuriylarga, sakkizinchi majlis esa birgina Husayn Boyqaroga atalgan.

Asar faqat adiblarning hayoti va ijodiga oid materiallar bilan cheklanib qolmagan. Unda adabiyot nazariyasi, sheʼr sanʼatlari, madaniy hayot voqealari ham oʻziga xos tarzda aks etgan. Ayrim maqolalarda adiblarning shaxsiy fazilatlari, alohida xususiyatlari ham ochib berilgan. Masalan, mashhur shoir Yahyo Sebak haqida shunday deydi: “Xuroson mulkining rangin fozili erdi, koʻp ulum va fununda mohir erdi. Sanoyeʼ va aruz fanida barcha el ani musallam tutar erdi… Bu faqir aruz fanida vosita bila Mavlononing shogirdimen”. Biz Navoiyning aruz ilmini Darvesh Mansurdan oʻrganganligini yaxshi bilamiz. Darvesh Mansur esa Yahyo Sebakdan tahsil olgan. Bu yerda mana shu “vosita” nazarga olingan.

Asarda Navoiyning shaxsiy hayotiga, tarjimayi holiga aloqador koʻplab fakt va voqealar ham aks etgan. Jumladan, ikkinchi majlisda Mavlono Sharafiddin Ali Yazdiy haqida gapirib turib, oʻzi bilan bevosita bogʻliq bir hodisani ham qayd etadi. Taqdir taqozosi bilan (Xurosondagi nomunosib shart-sharoit tufayli) Alisherlarning oilasi ham oʻz yaqinlari bilan Iroqqa yoʻl olishadi. Ular Taft shahrida bir muddat dam olish uchun toʻxtashadi. Bu shaharda mashhur tarixchi olim Sharafiddin Ali Yazdiy yashar erdi. Tasodifan, jamoa shu olim yashaydigan joy yaqinida toʻxtagan ekan. U kishi oʻynab yurgan bolalardan birini chaqiradi. Bu bola yosh Alisher edi. “Faqir alar sari borurgʻa muvaffaq boʻldum. Har neki soʻradilar javob ayttim. Tabassum qilib tahsin qildilar, dagʻi soʻrdilarkim, maktabgʻa boribmusen? Dedimkim: boribmen. Dedilarki, ne yergacha oʻqibsen? Dedimkim, “taborak” surasigʻacha. Dedilarkim: bu jamoa atfoli (bolalari)din biz tilaganda, sen kelib biz bila oshno boʻldung. Sening uchun fotiha oʻquli (oʻqiylik) deb oʻz fotihalarigʻa musharraf qildilar. Hamul zamon faqirning volidi (otasi) va ul xayl ulugʻlari kelib, Mavlono xizmatida anvoyi niyozmandligʻlar (iltijo va iltifotlar) qilgʻondin soʻngra, faqirgʻa andoq shuur hosil boʻldi angakim, “ne kishi erkandurlar”.

Navoiy aruz ilmiga bagʻishlab “Mezon ul-avzon” degan asar ham yozgan. Unda aruz vazning mohiyati, tuzilishi, bu vaznning turlari, juzv va ruknlari, bahrlari haqida maʼlumot beradi. Bu asarida tuyuq, qoʻshiq, chinga (yor-yor), muhabbatnoma, aruzvoriy, turkiy singari sheʼriy shakl va janrlar haqida ham maʼlumot beradi.

Xondamir qayd etganiday: “Haqiqatan, ul hazratning sheʼr nozikliklari toʻgʻrisida mahoratlarining koʻpligi bu risoladan anglanadi. Chunki oʻtmishdagi shoirlar sezgilarining nuri tushmagan bir qancha maqbul bahrni aruz doirasiga qoʻshganlarki, u qimmatli nusxa mutolaa qilinsa, bu nukta maʼlum boʻladi”.

Navoiy muammo haqida “Mufradot” nomli bir asar ham yozgan.

Alisher Navoiy yirik va hassos tilshunos olim hamdir. Uning 1498-yilda yaratilgan “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari tilshunosligimiz xazinasidagi bebaho gavhardir. Unda alloma adib, oʻz tili bilan aytganda “nazm gulistonining andalibi nagʻmasaroyi” sifatida eski oʻzbek tilini, uning badiiy uslubini ilmiy-nazariy jihatdan har tomonlama asosladi, turkiy til imkoniyatlarini amaliy jihatdan isbotlab koʻrsata oldi.

Alisher Navoiy tilning ijtimoiy hodisa ekanligiga alohida urgʻu qaratadi. Oʻzbek tilidagi ifoda imkoniyatlarining boyligini namoyish qiladi. Har bir soʻzdagi maʼno nozikliklarini juda ishonchli tarzda, mantiqiy dalillar bilan koʻrsatib beradi. U arab, fors, hindiy tillari qatorida oʻzbek tilining ham eng qadimiy tillardan biri ekanligini alohida taʼkidlaydi.

Fikrlarini qiyoslash usulidan foydalangan holda bayon etadi. Buning uchun u fors-tojik tilini jalb etadi. Biroq biror oʻrinda ham u xolislikdan chekinmaydi. Adib turkiy tildagi yuzta feʼlni keltirib, ularning maʼnosini anglatadigan soʻzlarning fors tilida mavjud emasligini koʻrsatadi. Yoki soʻz maʼnolari orasidagi tafovutlarga alohida urgʻu beradi.

Asarda yigʻlamoq feʼlining eng baland va doimiy maʼnosi qayd etiladi. Uning yonidagi yigʻlamsinmoq feʼlida esa maʼnoning ozayishi hisobiga yangilanishi aks etadi. Ingramoq va singramak ham yigʻlash maʼnosini beradi. Faqat ularda “dard bila yashurun ohista yigʻlamoq” maʼnosi ustunroq. Siqtamoq esa “yigʻlamoqda mubolagʻadur”. Turkiylarda “biyik un bila”, yaʼni qattiq tovush chiqarib yigʻlash ham bor. Bunga oʻkurmak deyiladi. Adib fikrini davom ettirib shunday yozadi: “Chun oʻkurmak muqobalasida forsiy tilda lafz yoʻqtur”.

Bunday fikrlar keltirilar ekan, adib ularni koʻpincha sheʼriy misralar vositasida tasdiqlaydigan misollarni ham keltiradi. Jumladan, qabogʻ soʻzining maʼnosi koʻz va qoshlar orasini bildirishi bilan izohlanib, bu maʼnoni ifodalaydigan alohida soʻzning fors tilida mavjud emasligini aytarkan, quyidagi baytni dalillovchi misol sifatida keltiradi.

Mengizlari gul-gul, mijalari xor,

Qaboqlari keng-keng, ogʻizlari tor.

Alisher Navoiy ona tilidagi soʻzlarning barcha imkoniyatlaridan imkoni boricha toʻliqroq foydalanishga harakat qildi. Zamondoshlari tilidagi faol va nofaol soʻzlarni oʻz asarlariga kiritib, ularning bizning zamonamizgacha yetib kelishini taʼminladi. Oʻzi koʻplab yangi soʻzlarni yaratdi, oldindan qoʻllanib kelayotgan soʻzlarning yangicha maʼno tovlanishlarini kashf qildi, tilning ifoda imkoniyatlarini amaliy jihatdan ham juda kengaytirdi.

Olimning sinonimlar, omonimlar, atamashunoslik borasidagi fikrlari ham qadrlidir. Asarda it, tush, yoq, bor, sogʻin, tuz singari soʻzlarning bir necha maʼnolarni ifodalay olish imkonini koʻrsatuvchi misollar keltirilgan. Jumladan, koʻk soʻzining osmon, kuy, kuylamoq, qadoq, sabza – oʻt-oʻlan maʼnolarida qoʻllanilishi koʻrsatiladi. Ayrim soʻzlarning toʻrt, besh, olti maʼnoda qoʻllanishiga misollar keltiradi.

Alisher Navoiy hassos tilshunos sifatida forsiy til amaliyotida turkiy tildan oʻtgan soʻzlarga ham eʼtibor qaratadi. Masalan, tubichoq, argʻumoq, yaka, yobu, totu singari ot turlarini, dastor, qalpoq, toʻppi, shirdogʻ, yogʻligʻ singari bosh kiyimlarini, qoʻrchi, suvchi, qushchi, qoʻruqchi, kiyikchi, kemachi, qoʻychi singari kasb va hunarlarning nomlarini forsiylar ham turkiycha soʻzlar bilan yuritishi koʻrsatiladi.

Shundan soʻng adib “bu xalq orasida paydo boʻlgʻon tabʼ ahli salohiyat va tabʼlarin oʻz tillari turgʻoch oʻzga til bila zohir qilmasa erdi” degan istakni bildiradi. Yana qoʻshib qoʻyadiki, “agar ikala til bila aytur qobiliyatlari boʻlsa, oʻz tillari bila koʻprak aytsalar erdi… agar mubolagʻa qilsalar, ikala til bila teng aytsalar erdi”.

Garchi asar ona tilining imkoniyatlari va qonuniyatlari borasida bahs yuritsa-da, unda adabiyotshunoslikka oid koʻplab fikr va mulohazalarni ham koʻrish mumkin. Xususan, soʻz maʼnolari orasidagi tafovutlar, qofiya, vazn, sheʼr tuzilishiga oid qaydlar shular jumlasiga kiradi. Unda Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Saʼdiy, Hofiz Sheroziy singari koʻplab buyuk soʻz ustalarining ijodlariga oid qaydlar ham mavjud.

Asarda Husayn Boyqaroning turkiy tilga alohida eʼtibor bergani, uning rivojini koʻzda tutib maxsus farmonlar chiqargani ham aytib oʻtiladi: “Va iltifot va ehtimom[2] yuzidin baʼzi maʼnilar topib, nazm qilurgʻa hukmlar ham joriy boʻldi”.

Olim “Sabʼat abhur” (“Yetti dengiz”) nomli bir lugʻat ham tuzgan. U arab tilining izohli lugʻatidir.

Navoiy 1485–1488-yillarda “Tarixi anbiyo va hukamo” (“Paygʻambarlar va hakimlar tarixi”) kitobini yozadi. Bu kitobda paygʻambarlar tarixi Odam Atodan boshlab yoritilgan. Ikkinchi qism obidlar (Allohga toat-ibodat qiluvchilar), uchinchi qism esa hakimlar haqida. Bu qismda Luqmoni hakim, Fishogʻurs (Pifagor), Jomosb, Buqrot (Gippokrat), Suqrot, Jolinus (Galen), Batlimus (Ptolemey), Buzurjmehr va boshqalar haqida maʼlumotlar berilgan. Muhimi, ular haqida oʻquvchilarda dastlabki tasavvurni uygʻotish uchun ularga xos boʻlgan eng muhim fazilatlar, xususiyatlar sanab oʻtiladi.

1488-yilda “Tarixi muluki ajam” (“Ajam shohlari tarixi”) yaratiladi. Bu asarlar adibning tarix ilmini juda chuqur bilganligining yorqin nishonasi. Unda tarixiy shaxslarning, hakimlarning hikmatlaridan namunalar ham keltiriladi: Buqrot hakim “debturkim, umr qisqadur, ish uzun. Oqil uldurkim, bu qisqa umrni bir nimaga sarf qilgʻaykim, zaruratroqdur, yaʼni oxirat maslahati va Tengri taolo rizosi”. Yoki, “Aristotilis hakim Aflotunning shogirdidur, Iskandarning vaziri erdi. Aning soʻzlaridin budurkim, podshoh ulugʻ rud (soy, daryo)ga oʻxshar va atboi (tobelari, tarafdorlari, izdoshlari) arigʻlargʻakim, ul ruddin ayrildilarkim, ud rud suyigʻa har hol boʻlsa, arigʻlargʻa hamul holdur. Ul chuchuk boʻlsa, bular chuchuk; ul achigʻ boʻlsa, bular achigʻ; ul sof boʻlsa, bular sof; ul loy boʻlsa, bular loy. Pas, podshohgʻa vojibdur – gʻoyat hikmat va eʼtidol (oʻrtachalik, yarashiqlilik, toʻgʻrilik) bila, to mulk barqaror boʻlgʻay. Yoʻqki, barchagʻa nima bergay beeʼtidolliq (nomavzunlik, yarashiqsizlik) bila, to mulk buzulgʻay”.

Navoiyning diniy mavzularda qalam tebratgani ham yaxshi maʼlum. “Siroj ul-muslimin” (“Musulmonlik chirogʻi”), “Arbaʼin” (“Qirq hadis”), “Munojot” (“Tavba-tazarru”) shular jumlasidan. Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” (“Ulugʻlik xushboʻyliklarini taratuvchi muhabbat shabbodalari”) asari tasavvuf tarixiga bagʻishlangan. Bu kitob, aslida, Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns min hazarot ul-quds” (“Pok zotlar huzuridan esgan doʻstlikning xush islari”) kitobining erkin tarjimasidir. Bu kitobda tasavvuf tarixi, uning nazariyasi, buyuk soʻfiylarning hayoti va faoliyati yoritib berilgan. Xoja Ahmad Yassaviy, Adib Ahmad (Yugnakiy), Shayx Fariduddin Attor, Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Shayx Kamol Xoʻjandiy, Nosir Xusrav, Mavlono Lutfiy, Mavlono Ashraf, Sayyid Nasimiy, Shamsuddin Muhammad Hofiz Sheroziy singari buyuk adiblarning hayoti va ijodiga oid lavhalar ham shu kitobdan oʻrin olgan. Kitob tasavvufga oid hikmatli soʻz va oʻgitlarni ham jamlagan. Ularning ayrim namunalari bilan tanishishimiz mumkin:

“Har bir narsaning zangi boʻladi, qalb nurining zangi esa, toʻyib ovqatlanishdir”. (Abu Sulaymon Doroniy)

“Igna bila togʻni qozmoq takabburni koʻngullardin chiqarmoqdin osonroqdur”. (Abuhoshim Soʻfiy)

“Nazm ul-javohir” (“Gavharlar tizmasi”) ham axloqiy-didaktik gʻoyalar targʻibiga bagʻishlangan. U ayrim hadisi shariflarning sheʼriy talqinidir. Unda hadislardagi asosiy tushuncha va tamoyillar nihoyatda sodda va tushunarli, taʼsirchan tilda, sheʼriy shaklda talqin qilinadi.

Navoiy – tarixiy-memuar ruhidagi qator asarlarning ham muallifi. Bu silsilaga “Vaqfiya”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” asarlari kiradi.

Alisher Navoiy ichki intizomga muntazam rioya qilar edi. Shuning uchun u hatto oʻz maktublarini ham tartib bilan saqlab qoʻygan. Natijada 1499-yilda “Munshaot” (“Maktublar”) degan kitobi tuzilgan edi. Maktublar turli kishilarga yozilgan. Xususan, Husayn Boyqaroning katta oʻgʻli Badiuzzamon mirzoga, oʻgʻilxoni Mir Ibrohimga yozilgan maktublar yuksak saviyasi, goʻzal badiiyati va katta tarbiyaviy jihatlari bilan eʼtiborlidir.

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

 


[1] Xondamir, Makorim ul-axloq. – Toshkent: Fan, 1967.58-bet.

[2] E h t i m o m – gʻamxoʻrlik, muhofaza qilish, asrab-avaylash.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.