Alisher Navoiy

0
1833
marta koʻrilgan.

Oʻzbek xalqining buyuk farzandi, yirik mutafakkir shoir, olim va davlat arbobi Alisher Navoiy hijriy yil hisobi bilan “oʻn yettinchi ramazon oyi sana 844-tovuq yili[1]” (milodiy 1441-yil 9-fevral) Xuroson davlatining yirik shahri Hirotning Bogʻi Davlatxona mavzeyida xizmatchi oilasida dunyoga keladi.

Alisher bolaligidanoq oʻzining oʻtkir zehni, ziyrakligi, xush xulqi va xushfahmliligi bilan tengdoshlari orasida alohida ajralib turgan.

Alisher uch-toʻrt yoshidayoq sheʼr eshitish, sheʼr oʻqish va yodlashga qiziqadi, sheʼriyatga mehr qoʻyadi.

Buyuk zotlar dunyoga kelishlaridan ilgariyoq ishq dardiga mubtalo boʻlar ekanlar. Bu dunyoga kelgach, ularning amallari, xulqlari, deganlari va bitganlari ishq bilan yoʻgʻrilar, vafo va sadoqat bilan ziynatlanar ekan.

Alisher Navoiy ham shunday buyuklardan edi. Uning asarlarida yuqoridagi fikrning isbotini koʻplab uchratish mumkin. Chunonchi, “Farhod va Shirin” dostonida shunday bayt bor:

Dedi: Qay vaqtdin oʻlding ishq aro mast,

Dedi: Jon ermas erdi tanga payvast.

Yoki toʻrt-besh yoshli goʻdakning tojik shoiri Qosim Anvor gʻazallarini yod aytishi, maktab yoshida Farididdun Attorning “Mantiq ut-tayr” falsafiy dostonini yodlashi, yetti-sakkiz yoshidan gʻazallar bitishi, oʻn ikki-oʻn uch yoshlarida mamlakat boʻylab shuhrat taratishi, hukmronlar eʼtiborini qozonishi Alisher Navoiyning dunyoga buyuk boʻlib kelganligi kafolatidir.

Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirat ush-shuaro” asarida yozadi: “Sulton Abulqosim Bobur (1422–1457) [2] soʻzamol va hunarparvar podshoh edi. U baʼzi paytlarda ulugʻ amir bitgan turkiycha, forsiycha sheʼrlarni mutolaa qilar, taʼbining qudrati va sharofatli soʻzlarining shirinligidan hayratlanar, taajjubga tushar, ziyrakligi, muloyimligi uchun ofarinlar oʻqir edi”.

Nizomiy Aruziy Samarqandiy “Majmaʼ un-navodir” asarida yozishicha, u vaqtlarda shoir boʻlishni istagan kishi oʻzidan oldin oʻtganlar ijodidan yigirma ming bayt, zamondosh shoirlar ijodidan oʻn ming bayt sheʼrni yod olishi kerak ekan. Navoiy Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonidan tashqari (dostonni toʻliq yod bilgan) “Muhokamat ul-lugʻatayn”da oʻzi qayd etishicha, yigitlik yillarida oʻzi sevgan shoirlarning “shirin ashʼori va rangin abʼyotidin” ellik mingdan ortiq baytni yod bilgan ekan.

Alisher oʻn ikki yoshida (1455) otasidan yetim qoladi va Xuroson podshosi Abulqosim Bobur saroyiga xizmatga kiradi.

Abulqosim Bobur adabiyot va sanʼatni sevar, ijodkorlarni qadrlar, oʻzi ham oʻzbek va fors tillarida gʻazallar yozar edi. Maʼrifatparvar hukmdor Alisherni oʻz tarbiyasiga oladi. Uning iqtidorini, qobiliyatini eʼzozlab, bilim olishi, ijod qilishi va shoirlik malakasini oshirishiga eʼtibor qaratadi. 1456yil Abulqosim Bobur oʻz poytaxtini Xurosondan Mashhadga koʻchiradi va Alisherni ham oʻzi bilan olib ketadi. 1457yil Abulqosim Bobur vafot etdi. Alisher Mashhadda qolib oʻqishni davom ettirdi. U mantiq, falsafa, riyozat (matematika) kabi fanlar bilan shugʻullandi. Ayni vaqtda, oʻzbek va fors tillarida goʻzal gʻazallar bitib, el orasida zullisonayn shoir sifatida tanildi. Alisher oʻzbek tilidagi sheʼrlarida “Navoiy”, fors tilidagi sheʼrla-rida “Foniy” taxallusini qoʻllaydi.

Navoiy Mashhadda Sayid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammadlar bilan yaqin doʻst boʻladi va bu maʼrifatparvar kishilar haqida keyinchalik “Holati Sayid Hasan Ardasher”, “Holati Pahlavon Muhammad” kabi adabiybiografik asarlar yozadi.

Navoiy taxminan 18-19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi. Navoiyning bilim saviyasi, qobiliyati va sheʼriy iqtidoridan xursand boʻlgan Jomiy uni ham farzand, ham shogird sifatida qadrlaydi. Keyinchalik bu ikki ulugʻ shoir oʻrtasidagi ustozlik va shogird munosabatlari yanada mustahkamlanib, hamkorlikka aylanadi.

Alisher 1466-yil Samarqandga keladi va u yerda dastlab moddiy qiyinchilikda yashaydi. Shunga qaramay, Samarqand madrasalarida tahsil oladi, ilm-fan, adabiyot va sanʼat ahli bilan tanishadi. Oʻzining iqtidori, qobiliyati bilan tez orada obroʻ va eʼtibor qozonadi.

Bu davrda Samarqand Hirotdan keyin ikkinchi yirik ilmiy-madaniy markaz hisoblanar edi. U bu yerda mashhur olim Xoja Fazlulloh Abulaysdan saboq oladi va unga farzanddek boʻlib qoladi. Navoiy Vafoiy taxallusi bilan sheʼrlar bitgan Samarqandning maʼrifatparvar hokimi Ahmad Hojibekning diqqatini oʻziga tortadi. Hokim uni oʻz homiyligiga olib, moddiy va maʼnaviy yordam beradi. Samarqand Navoiyning hayoti va ijodida muhim ahamiyat kasb etadi.

1469-yili Husayn Boyqaro taxtni egallagach, Alisher Navoiyni Hirotga, oʻz yoniga taklif etadi.

Navoiy Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan “Hiloliya” qasidasini bitadi.

Husayn Boyqaro uni muhrdorlik vazifasiga tayinlaydi. Keyinchalik (1472) bosh vazir lavozimiga koʻtaradi, unga “Amiri kabir” (Ulugʻ vazir) unvonini beradi. Navoiy oʻzining olijanob va eng yuksak orzulari xalqqa xizmat qilish, mamlakat osoyishtaligini saqlash, hokimiyatni mustahkamlash, fan va adabiyot, obodonchilik madaniyatini rivojlantirishdek ulkan ishlar qanchalik ogʻir va masʼuliyatli boʻlmasin, ularni katta mehr-muhabbat va ulugʻvorlik bilan amalga oshirdi. “Ixlosiya” madrasasi, “Xalosiya” xonaqohi, “Shifoiya” tabobatxonasi, Jomeʼ masjidi, “Dorul-huffoz” (qiroatxona) va shunga oʻxshash boshqa oʻnlab binolar, rabotlar qurdiradi, kanallar qazdiradi. Har yili 2 mingga yaqin beva-bechoraga kiyimkechak, oziq-ovqat ulashadi. U oʻz atrofiga oʻsha zamondagi eng mashhur olimlar, sanʼatkorlar, quruvchilar, naqqoshlar, shoirlar va xattotlarni yigʻadi va ularga har tomonlama homiylik qiladi. Ular bilan doimo madaniyat taraqqiyoti va hatto davlat ishlari toʻgʻrisida ham maslahatlashib turadi.

1476-yili igʻvolardan qattiq charchagan Alisher Navoiy vazirlikdan isteʼfoga chiqishga podshohdan izn soʻraydi. Uning birdan bir orzusi haj safariga borish va tamoman ijod bilan shugʻullanish edi. Sulton noiloj uning iltimosini qondiradi.

Alisher Navoiy 1472–1476-yillar birinchi sheʼriy devoni “Badoye ul-bidoya”, 1486-yilda ikkinchi devoni “Navodir un-nihoya”ni yaratdi.

1483–1485-yillar davomida “Xamsa” asari yaratildi.

1491–1492-yillarda u oʻzbek tilida yozgan hamma sheʼrlaridan yaxlit bir devon tuzishga kirishadi. Devon ustidagi ish 1498–1499-yillargacha davom etdi. U toʻrt qismdan iborat boʻlib, har qaysisi tugal bir devon edi. Unga shoir “Xazoyin ul-maoniy” (“Maʼnolar xazinasi”) deb nom beradi. (Bu devon xalq orasida “Chor devon” nomi bilan ham ataladi.) Bu devon tuzish tarixida katta voqea edi.

Alisher Navoiy “Tarixi muluki Ajam”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, 1491-yilda “Majolis un-nafois” tazkirasini,

1491-yil adabiyot nazariyasiga oid “Mezon ul-avzon” risolasini, 1495–1496-yillarda “Nasoyim ul-muhabbat”, 1498–1499-yillarda “Lison ut-tayr”, 1499-yil “Muhokamat ul-lugʻatayn”, 1500-yil “Mahbub ul-qulub” kabi bir qancha asarlar yaratdi.

Alisher Navoiy 1501-yil 3-yanvarda ogʻir betoblikdan soʻng hayotdan koʻz yumdi.

Hurmatli oʻquvchi! Siz Navoiy ijodi bilan maktabning 5-sinfidan boshlab tanishib kelyapsiz. “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Sher bilan durroj” hikoyati bilan tanishgansiz, oʻninchi maqolat haqida tasavvuringiz bor.

“Xamsa”ning birinchi dostoni “Hayrat ul-abror”da Navoiy zulm va qabohat, jaholat toʻla jamiyatni, undagi turli tabaqa odamlarning xatti-harakatlarini haqqoniy tasvirlaydi, tahlil qiladi, ularni oʻzgartirish, tarbiyalash, maʼnaviyatni, jamiyatni yuksaltirish masalasini koʻtarib chiqdi.

“Hayrat ul-abror” dostonining Oʻninchi maqolatidan (“Rostliq taʼrifida”) va “Layli va Majnun” dostonidan parchalar nasriy bayoni bilan taqdim etilmoqda. Asarlar matni ustida ishlaganingizda, avval har bir baytni oʻzingiz tushunishga harakat qilib koʻring. Soʻng tushunchangizni, kashfiyotingizni nasriy bayon bilan taqqoslang. Mehnat va mashaqqat bilan kashf qilingan haqiqat totli boʻladi. Koʻnglingizda kashf qilish lazzatini tuyasiz. Mana shu lazzat sizni ulugʻ bobokaloningizni anglash sari yetaklaydi.

 

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan.

 

 


[1] X o n d a m i r. Makorim ul-axloq. T.: Gʻ. Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1967. 27-bet.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.