Aleksandr Sergeevich Pushkin

0
872
marta koʻrilgan.

(1799–1837)

 

Rus adabiyotining dahosi, hozirgi zamon rus adabiy tilining asoschisi A. S. Pushkin 1799 yil 6 iyun kuni Moskva shahrida dvoryan oilasida tugʻildi. Otasi Lvovich Sergey zamonasining ilgʻor kishilaridan edi. Oʻz uyida fransuz va rus yozuvchilarining kitoblaridan kutubxonasi bor edi. Uning ukasi, yaʼni A. S. Pushkinning amakisi Vasiliy Lvovich Pushkin shoir boʻlib, karamzinchilar oqimida ijod qilardi.

Aleksandr 12 yoshigacha uyida oʻqidi, keyin uni 1811 yil Sarskoye Selo shaharchasida yangi ochilgan litseyga oʻqishga berishadi. Bu litsey davlatning yuqori ishlari boʻyicha chinovniklar yetkazib berardi. Litseyda u oʻziga Delvig, Pushin, Kyuxelbeker va shunga oʻxshash doʻstlar orttirdiki, ular bir umrga qadrdon boʻlib qolishdi. 1817 yilda litseyni bitirgan Pushkin Tashqi ishlar Kollegiyasida ish boshladi. Bu yerda u 1820 yilgacha ishladi. Shu yerda u A. S. Griboyedov bilan tanishdi.

1820 yil 9 mayida Pushkin shaxsan Aleksandr I buyrugʻiga asosan general Inzov qoʻl ostiga xizmatga yuborishadi. Shu yilning yoz oylarida Inzov ruxsati bilan Rayevskiy oilasi bilan sayohatga boradi. U Shimoliy Kavkaz, Qrimda boʻlib, Simferopol va Odessa orqali Kishinyovga qaytadi.

Kishinyovda u Pestel, Davidov, Yakushkin singari dekabristlar bilan tanishadi. Bu yerda uning birinchi “janubiy” poemasi “Kavkaz asiri” yuzaga keladi (1822). 1823 yilda ikkinchi poemasi “Bogʻchasaroy fontani”, 1823 yilda esa oʻzining “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romanini boshlaydi. 1824–26 yillarda yana surgun qilinadi.

Bu safar Pskov gubernyasiga qarashli Mixaylovskoye qishlogʻiga yuborishadi. Shaharda yurib oʻrgangan Pushkin qishloqda judayam zerikadi. U koʻpincha boʻsh vaqtlarini Osipova xonimning xonadonida oʻtakazardi. 1825 yil dekabr qoʻzgʻoloni va uning magʻlubiyatidan juda ham afsuslanadi. 1826 yil 8 sentyabrda u podsho Nikolay I bilan uchrashadi. Bu yerda, yaʼni shoh qabulida u ochiqdan-ochiq podshoning savoliga “men dekabristlar tomonida boʻlardim” deydi.

1829 yil u Kavkaz boʻylab sayohatga chiqadi. Uning asl maqsadi surgun qilingan dekabrist oʻrtoqlari bilan uchrashish edi. 1830 yilda u Moskvaning eng goʻzallaridan boʻlmish N. Goncharovaga uylanadi. Lekin oradan 4 yil oʻtar-oʻtmas har xil gaplar, uning oriyatiga tegadigan igʻvolar koʻpayadi. Uning N. Goncharova bilan oralari bir muncha sovuqlashadi. Oxiri borib bu gaplar uni Gollandiya elchisi Gekkernning saqlab olgan oʻgʻli – Dantesni duelga chaqirishga majbur qiladi. Duel payti ogʻir yaralangan Pushkin 1837 yil 27 yanvar kuni 38 yoshida vafot etadi.

Pushkin ikki buyuk jahonshumul voqealar taʼsiri ostida oʻsib, maʼnaviy ulgʻaydi: Vatan urushi va dekabristlar qoʻzgʻoloni.

U litseyda oʻqib yurgan paytlarida Derjavin, Batyushkov, Jukivskiylarga oʻxshab yozishni istar va shularning asarlariga taqlid qilib oʻz asarlarini yaratardi. Uning asarlari yuqorida aytib oʻtilgan shoirlarnikiga koʻra barkamol yaratildi.

Uning litseyda oʻqib yurgan paytlaridayoq “Shoir doʻstimga” (1814), “Mening doʻstlarimga vasiyatim” (1815), “Mening epitadiyam” (1815), “Mening Aristorximga” (1815), “Hijron”, “Ayriliq” nomli sheʼrlari odamlarning diqqat eʼtiborini oʻziga tortgan edi.

Pushkin janubga surgun qilingan paytlarida litseyda oʻqib yurgan chogʻlarida boshlab qoʻyilgan “Ruslan va Lyudmila” poemasini yozib tugatdi.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.