Ajabtovur idrok usuli

0
149
marta koʻrilgan.

yoxud Anvar Obidjonning “Oltiariq hangomalari” kitobidan qolgan ilk taassurot

 

Bu dunyoda birov urib yengadi, birov kulib. Ajabki, urib yengganlarning gʻalaba nashidasi zaxm yetgan tananing tuzalishi bilan chippakka chiqaveradi – oqqan daryolar yana oqaveradi. Hayotda yana bir kurash usuli va uning ortidan keladigan muzaffarlik lazzati borki, uning dovrugʻi yetti iqlimga yoyiladi. Yodingizda boʻlsa, hali birovdan ketiga biror marotaba tepki yeb koʻrmagan fashistlar sardori Gitlerning, Charli Chaplin degan nomni eshitsa, tutqanogʻi tutib qolar, “qoʻngʻiz moʻylovli bu nekrofil – oʻliksevar” (Erix Fromm) buyuk masxarabozni bir kun tutib olib, Yevropaning eng baland daraxtiga osajagi toʻgʻrisida hamma yoqqa jar solgandi. Raqibni jirillatib yuboradigan bu gʻoliblik usulining nomi esa Kulgidir!

Olam va odamni idrok etish usulining ham son-sanogʻi yoʻq. Dadamning hikoyalariga ishonadigan boʻlsak, shunday odamlar oʻtgan ekanki, ular “Bu dunyoda oʻzi bor-yoʻgʻi yetmish-sakson yil yashasak, shunga ham uy-joyu darvoza-hovli qilib oʻtiramizmi?” – deya baqaterakning pastki shoxlarini egib, chayla yasab, shuning ichida tirikchilik qilib qoʻyaverishgan…

Boshqa bir odam boʻlsa, olamga xuddi birovlar yeb u quruq qolgandek nuqtai nazar bilan razm soladi va oʻzining yogʻiga oʻzini qovurib oʻynaydi.

Xoʻsh, bu gʻalatiroq kirish soʻzining nishabi qayoqqa ketyapti, deb oʻylarsiz. Javob beraman: gap tarix tegirmonidan har safar butun chiqishga quvvati yetgan oʻzbek xalqining betakror tabiati, shu tabiatdan bahra olib oʻsgan ijodkor akamiz Anvar Obidjonning yaqinda “Maʼnaviyat” nashriyoti “tandiridan pishib chiqqan” yangi kitobi – “Oltiariq hangomalari” ustida ketyapti.

Boya tiriklikni idrok etishning turfa yoʻllari haqida gapirdik. Oramizda Anvar Obidjon singari noyob isteʼdod va idrok egalari borki, ular dunyoning ishlarini zavq prizmasi orqali qabul qiladilar, shunga mos tarzda uni anglaydilar va anglatadilar. Yuzaki qaraganda, hayotning bu singari idroki voqelikdagi jiddiylikka putur yetkazadigandek, uning tahlilu talqinida yengil-yelpilikni keltirib chiqaradigandek tuyulishi mumkin. Biroq, bu – ayni tafakkur tarziga mensimay yondashish oqibatigina, xolos. Aslida esa baʼzan oʻta jiddiy yondashuv va talqinlar erisha olmagan natija va taʼsirga aynan shunday idrok va talqin usuli bilan bemalol yetishish mumkin.

Masalan, yaxshi soʻz ilonni iniga kiritsa, kulgi uni inidan qaytarib chiqarmaslikka garov boʻladi. Odamning qoʻli gʻazab va nafrat orqasida pichoqqa yoʻnalsa, sehrli tabassum uni suyukli yorining sochlarini siypalashga daʼvat etadi. Farosatli elchining mavridida va topib ishlatgan lutfi necha-necha davlatlar va qanchalab insonlarni xonavayron boʻlishdan saqlab qolganiga tarix guvohdir. Qolaversa, shoir kuyinib uqtirganidek, “Nechun har narsaga koʻz yosh daryosi, koʻz yoshi darkordir buyuk ishlarga…”

Yaqin tarixda “buyuk ishlar” deb sifat berilgan ne-ne gʻayriinsoniy kuchanishlarga guvoh boʻlmadik. Shoʻro hukumatining bir vaqtning oʻzida ham sharmsiz, ham shafqatsiz siyosatining bu oʻyinlari haqida jiddiy tadqiqotlarni chanqoqlik bilan mutolaa ham qildik. Anvar Obidjon qishloqdoshlarining esa bu sharmanda hukumat ishlari toʻgʻrisida oʻzlariga tushunarli jaydari xulosalari bor. Mana oʻshalardan bittasi:

“Ahmadjon togʻa 30-yillari kolxozda bosh hosilotchi boʻlgan davrda almashlab ekishning ahvolini tekshirgani kelganlar dala aylanishibdi. Bir joyga borishsa, xaritada “beda” deb belgilangan maydonda gʻoʻzalar shonalab turganmish.

– Bu zamonning ishlariga juda hayronman, – deya gʻalvaning oldini olib, yelka qisibdi Ahmadjon aka. – ekkanda beda deysan, oʻsganda qarasang – gʻoʻza, Trotsskiyning kechagi gapini eshitsang – dohiy, bugungi ishini koʻrsang – shpiyoʻn…”

Alohida izohsiz ham sezish mumkinki, xalq donishmandligida gap koʻp. Boʻlmasa, mustabid hukumat uchun inson taqdirini belgilash (u kim boʻlishidan, ne yumush qilishidan qatʼi nazar) xuddi beda bilan gʻoʻzani almashlab ekishdek arzimas gap ekanligini bu qadar zukkolik bilan isbotlash qaysi donishmandning aqliga kelar edi? Qolaversa, subutsiz tuzum va uning oriyatsiz rahbariyati ustidan Ahmadjon akachalik oʻxshatib kulish uchun millat ruhiyatida qanchalar quvvat boʻlmogʻi kerak?..

Insonni qayta kashf qilmoq bilan bogʻliq barcha sanʼat turlarida xarakter yaratish eng ogʻir va hal qiluvchi mehnat ekanligi bugun isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Baʼzan yostiqdek romanlar oʻqib bitta tirik odamni topa olmay, hafsalasi pir boʻladi kishining. Bu tipik muvaffaqiyatsizlikning tipik sababi ham Aristotel zamonidan buyon ayon: agar ijodkor oʻzidan kelib chiqib yozmasa, aksariyat hollarda esa, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzini yozmasa – oʻzidan qochsa, oʻzligini yashirishga, oq qogʻoz qarshisida turib yolgʻon soʻzlashga urinsa, bilingki, Sizga tanishtirmoqchi boʻlgan odamni uning oʻzi ham tanimaydi.

Adabiyotda hozirga qadar kimki muayyan yutuqqa erishib, oʻzidan nom qoldiribdi, ularning hammasi, birinchi navbatda, qoʻrqmasdan, ikkilanmasdan, yashirmasdan oʻzini yozgani tufaylidir (albattaki, “oʻzini yozish”ning xilma-xil usullari bor ekanligini hammamiz yaxshi tushunamiz).

Anvar Obidjon ijodiga, xususan, “Oltiariq hangomalari”ga jiddiy nazar tashlasak, koʻramizki, muallif eng avvalo oʻzini yozadi – oʻzidan kelib chiqib, oʻzidan oʻtkazib, oʻziga oʻxshatib yozadi. Shuning uchun ham jild-jild kitoblarda anqoning urugʻi boʻlgan odam qiyofasi Anvar akaning bir tishlamgina hangomalarida manaman deb qarshingizga kelib turadi. Bu gapning isboti uchun oʻshanday hangomalardan bittasini eshitaylik:

“Yakkaxoʻjaliklarni tugatish, umumxoʻjaliklarni tashkil etish jarayoni ogʻir koʻchib, hukumat faollari uyma-uy tashviqot qilib yurgan davrlar ekan.

Rais Kaltoʻpi mahallasidagi Roʻzi togʻanikiga kirib, “Birov hoʻkizi, birov omochi, birov qoʻy-sigiri bilan umumxoʻjalikka yozilyapti, siz ham bizga qoʻshiling”, deb qistovga olibdi. Roʻzi togʻa: “Menda ketmondan boshqa narsa yoʻq”, degan ekan, tezroq aʼzoni koʻpaytirmasa oʻzi ham ishsiz qolishidan choʻchigan rais: “Boʻpti, ketmon bilan qabul qilamiz”, debdi. Bozori chaqqonligini sezgan Roʻzi togʻa: “Manaviniyam yoz, uka”, deya nariroqda raisga gʻijinib turgan itini koʻrsatibdi.

– Ie, sovet umumxoʻjaligida itga nima bor? – deb oʻqrayibdi rais.

– Gapni oxirigacha eshit, – debdi Roʻzi togʻa. – Sen buni “echki” deb yoz. Itim oʻlsa, umumxoʻjalik mendan bitta echki qarzdor boʻladi.

Shundan keyin ancha bahs ketibdi. Roʻzi togʻa: “Poraga echki bermasang, umumxoʻjaligingga kirmayman”, deb turib olibdi. Oxiri rais kelishishga majbur boʻlib, daftariga yoza boshlabdi: “Roʻzi togʻa oʻn birinchi feybrolda umumxoʻjalikka aʼzo boʻlib kirdi. Oʻrtadagi mulkimizga qoʻshgan hissasi – bir dona sopli ketmon va bir bosh itga oʻxshagan echki…”

Oʻzbekda qadimdan kulgining obroʻsi, martabasi baland tutilgan. Bu xalqni uncha-muncha gap bilan kuldirib ham, qoyil qilib ham boʻlmaydi. Keyingi paytlarda zoʻrma-zoʻraki qiliqlari bilan odamlarni kuldiryapman deb oʻylayotgan “ijodkorlar” tomoshabin ularning oʻzining ustidan kulayotganini yo chindan ham bilmaydilar yoki bilib turib, bilmaslikka oladilar…

…Anvar Obidjon biror masala ustida oʻylanib, jiddiy javob berishga tayyorlanar ekan, mushtiga ohistagina bir yoʻtalib olishni odat qilgan. Yoki uning ensasini qotiradigan, gʻashini keltiradigan gapni eshitsa, kuyib boʻlmaganini koʻrib tursa ham, qoʻlidagi sigaretning beliga qoqib, kulini tushirishga mashgʻul boʻlib qoladi. Nazarimda, “Oltiariq hangomalari” kitobiga ham mushtga yoʻtalib, ham sigareta kulini qoqib oʻtirib yozilgan latifalar, hikoyalar jamlangan.

Mening u-bu tayyor “anekdot”larga qoʻshib-chatib, rolga kirib aytib berib, uncha-muncha odamlarni kuldira olgan joylarim bor. Lekin Anvar akaning hangomalarini faqat oʻzidan eshitish, oʻzidan oʻqishga yetmas ekan. Buning siri – suhbatimiz boshida urgʻu berganimiz ajabtovur idrok usulida boʻlsa, ajab emas.

 

Rahmon QOʻChQOR,

filologiya fanlari nomzodi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.