Ahmad Yassaviy

0
2648
marta koʻrilgan.

Yetti yoshda Arslonbobgʻa qildim salom:

Haq Mustafo omonatin qiling inʼom.

Oʻshal vaqtda ming bir zikrin qildim tamom,

Nafsim[1] oʻlub lomakonga[2] oshdim mano.

Ahmad Yassaviy

 

Tarixda shunday zotlar oʻtishganki, ular oʻzlarini, oʻzliklarini anglab yetish uchun inson kim, uning asli qayerdan, dunyoga nima uchun kelgan, nima uchun yashaydi va qayerga ketadi kabi savollarga javob axtarganlar va har birlari bu haqiqatga yetishish uchun oʻz yoʻllarini (tariqatlarini) kashf etganlar. Shunday muborak zotlardan biri Ahmad Yassaviy edi.

Rivoyat qilinishicha, paygʻambarimiz sahobalari bilan xurmo yeb, suhbatlashib oʻtirganlarida ularga qarab: “Qay biringiz mana bu omonatimni kelgusi izdoshlarimizga yetkazgaysiz?” deb soʻraydilar. Bu vazifani bajarishni Arslonbob[3] oʻz zimmasiga olishini bildiribdi. Shunda paygʻambar alayhissalom unga bir xurmo beribdilar va: “Mendan keyin Ahmad ismli bir bola dunyoga keladi. Siz, albatta, uni izlab toping va unga bu xurmoni bering, u ummatimda islom dinini quvvatlantiruvchi eng yetuk kishi boʻladi”, degan ekanlar. Hazrati paygʻambarning duoi barokati ila Arslonbob uzoq umr koʻribdi va omonatni topshirish uchun koʻp yurtlarni kezib chiqibdi. Ahmadning otasi vafot etgan yili Turkistonga kelib, paygʻambarimiz tavsiflagan bolani koʻribdi va unga salom beribdi. Salomga alik olgach, bola Arslonbobga qarab: “Bobo, omonatimni bering”, deb soʻrabdi. Arslonbob nogahoniy savoldan shoshib qolib, undan: “Yey valiy, sen buni qaydin bilursan”, deb soʻrabdi. “Olloh bildirdi”, deb javob beribdi bola. Paygʻambar alayhissalom omonatlarini egasiga topshirgach, Arslonbob Olloh huzuriga rixlat qilgan ekanlar.

Har kimga ham nasib etavermaydigan bunday sharaf Olloh oshigʻi boʻlmish zotlargagina karomat qilinadi. Ahmad Yassaviy hayoti va ijodiga nazar solsak, rivoyat va sheʼrdagi karomat ayon boʻlganday boʻladi.

“Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi” (Navoiy, “Nasoyim ul-muhabbat”) Ahmad Yassaviy Qozogʻistonning Sayram viloyatida maʼrifat va javonmardlikka ixlosi baland boʻlgan eng nufuzli Ibrohim ota oilasida 1041yilda tugʻilgan. Onasi Muso shayxning qizi Oysha xotun edi. Ahmad ota-onasidan juda erta judo boʻladi. Yetti yoshida Yassiga borib birinchi maʼnaviy ustozi Arslonbob bilan uchrashadi va ilk saboqni undan oladi. Arslonbobning daʼvati bilan Buxoroga boradi. Oʻsha paytlar Buxoro ilm-maʼrifatning nufuzli markazlaridan boʻlib, u yerda Ahmad Yassaviy, eng avvalo, diniy va tasavvufiy ilm sirlarini oʻrganishga kirishadi. Arab, fors tillarini oʻrganadi. Ahmad Yassaviy hayotidagi eng muhim voqea mashhur mutasavvuf olim shayx Yusuf Hamadoniy bilan uchrashgani va unga murid tushgani boʻldi. Yassaviy tezda shayxning eʼtiborini qozonadi, undan olgan ilmlari bilan komillik martabasiga erishadi. Shundan soʻng Turkiston sari yuzlanadi va yangi bir tariqatga asos soladi. Bu tariqat turkiy xalqlar orasida “Yassaviya tariqati” nomi bilan shuhrat qozondi.

Yassaviy tariqati ilk marta turkiy tilda talqin etilganligi, islom dini va uning muqaddas kitobi Qurʼonni baland rutbada tutganligi, fors tilidagi tasavvuf tajribalaridan foydalanganligi, shuningdek, turkiy axloq, eʼtiqod va ishonchni aks ettirganligi bilan boshqa tariqatlardan farq qiladi. Yassaviy tariqatining keng xalq ommasi qalbi va shuuriga oson oʻrnashganligi boisi ham shundadir.

Ahmad Yassaviy hikmat yozish anʼanasini boshlab bergan ijodkor. U “Devoni hikmat”ida shariat (islom dini qonun-qoidalari va urf-odatlari), tariqat (tasavvuf maslagi), maʼrifat (ishqi ilohiy), haqiqat (Olloh va unga erishmoq)ni targʻib qildi.

Ahmad Yassaviyning fikricha, haqiqat qalbda. Qalb esa Ollohning mulki. Butun olam bilan ruhan uygʻunlashish oliy saodat. Saodat maʼrifat nurlari bilan ong va ruhni tiniqlashtirishdir.

Ayo doʻstlar, hech bilmadim men yoʻlimni,

Saodatqa bogʻlamadim men belimni.

Gʻiybat soʻzdan hechyigʻmadim men tilimni,

Nodonligim meni rasvo qildi, doʻstlar.

Shoir insondagi ruhiy boylikni muqaddas tutadi. Illatlar ichida eng xavflisi nafsdir, deydi:

Nafsim meni yoʻldan urib xor ayladi,

Termultirib xaloyiqgʻa zor ayladi.

Ahmad Yassaviy hikmatlari mavzu jihatdan rangbarang. Ularni chin dildan oʻqib, anglashga harakat qilsangiz, “Inson” degan mavjudotni kashf eta boshlaysiz, oʻz-oʻzingizni taftish etasiz, oʻz ichingizga kirasiz. Bu “kashfiyot” (oʻz-oʻzini anglash) sizni asta-sekin oʻtkinchi hoyu havaslardan uzoqlashtiradi, mohiyatga yuzlantiradi. Odamlikka undaydi.

Ahmad Yassaviy XII asrning birinchi yarmida vafot etgan. Rivoyatlarga koʻra u oltmish uch yosh (paygʻambar yoshi)ga yetgach, yer ostiga hujra yasatadi va kirib ketadi. Qolgan umrini riyozatda, toat-ibodatda oʻtkazadi.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan

 


[1] N a f s – yemak-ichmak, mol-mulkka hirs qoʻyish.

[2] L o m a k o n – zamon va makondan tashqari, makonsiz, yaʼni xudoning huzuri.

[3] B o b, b o b o – ulugʻ mashoyix, shayx, pir, valiy.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.