Ahmad Yassaviy

0
863
marta koʻrilgan.

 (1166-yilda vafot etgan)

 

Ahmad Yassaviyning hayoti haqida maʼlumotlar yetarli emas. U Yassi yaqinidagi Sayram shahrida tugʻilgan. Uning otasi Ibrohim Turkistonning taniqli shayxlaridan boʻlgan. Onasi Qorasoch momo nomi bilan mashhur.

Ahmadning yoshligi ancha qiyin kechadi: juda erta yoshligida otasi vafot etadi.

Ahmad Yassaviy yirik mutasavvif olim Arslonbobo qoʻlida tarbiyalanadi, soʻng Buxoroga borib Yusuf Hamadoniy qoʻlida tahsil oladi.

Ahmad Yassaviy tasavvuf ilmini shu qadar chuqur egallaydiki, xalq orasida “Madinada Muhammad, Turkistonda Xoja Ahmad” degan naql paydo boʻladi.

Ahmad Yassaviy 1166-yilda vafot etadi. Uning shuhrati vafotidan keyin ham pasaymagan. Amir Temur unga alohida hurmat bilan qarab, 1395–1397-yillarda Turkistonda Ahmad Yassaviyning qabri oʻrnida muhtasham maqbara qurdiradi. U hozir ham mavjud.

Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Ahmad Yassaviyga shunday taʼrif beradi: “Xoja Ahmad Yassaviy – Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixidur. Maqomati oliy va mashhur, karomoti matavoliy (hayratlanarli) va nomahsur (chegarasiz) ermish. Imom Yusuf Hamadoniyning asʼhobidindur (suhbatdoshi)”.

“Hikmat”lar Ahmad Yassaviy merosini jamlagan asardir. Unda 240 ga yaqin sheʼr bor. Asar xalq orasida “Devoni hikmat” nomi bilan mashhur boʻlgan. Hikmatlarga “Qul Xoja Ahmad”, “Xoja Ahmad Yassaviy”, “Ahmad ibn Ibrohim”, “Sulton Xoja Ahmad Yassaviy”, “Yassaviy miskin Ahmad”, “Miskin Yassaviy”, “Xoja Ahmad”, “Ahmad”, “Ahmadiy”, “Qul Ahmad”, “Miskin Ahmad” kabi taxalluslar qoʻyilgan.

Ahmad Yassaviy – mutasavvuf shoir. Tasavvufdagi toʻrt asosiy bosqich: shariat, tariqat, maʼrifat, haqiqat mohiyatini sheʼriy misralariga singdirgan Ahmad Yassaviy shu yoʻnalishda katta shuhrat qozondi. Bu bejiz emas. Adib tasavvufni inson maʼnaviyatini yuksaltiruvchi muhim omil sifatida biladi. Bundan maqsad insoniyatni toʻgʻri yoʻlga daʼvat etishdir. Toʻgʻri yoʻl haqiqatni anglashga olib kelmoq kerak. Haqiqatni anglash oʻzlikni anglashdir. Bunga erishmoq uchun kishining hidoyat yoʻliga kirmogʻi, butun kuch va vujudini shu yoʻlga qaratmogʻi kerak.

Ahmad Yassaviy sheʼriyatidagi obrazlar tuzilishi ham tasavvuf taʼlimoti bilan, ham ogʻzaki ijod anʼanalari bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Pir, darvish, oshiq, obid, oqil, zohid, ishq, tolib, ummat, rasul, shayton, iymon kabi obrazlar bevosita tasavvuf bilan bogʻlansa, yoʻl, rabot, karvon, oʻq kabilar ogʻzaki ijod anʼanalari bilan aloqador holda yuzaga kelgan.

Ahmad Yassaviy hikmatlari xalqona ruhi bilan oʻziga xoslik kasb etadi.

 

Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.