Adolat gʻalaba qilishi zarur. Chingiz Aytmatov – jurnalist va publitsist

0
178
marta koʻrilgan.

Taniqli yozuvchilar odatda taniqli publitsistlar ham boʻlishadi. Mashhur yozuvchilarning koʻpjildlik kitoblarini varaqlab koʻrsangiz, keyingi jildlarini publitsistika – maqola, taqriz, intervyu, suhbat, esse, ocherk, feleton, nutq, xat, kundaliklari egallaganiga ishonch hosil qilasiz.

 

TAHLILGA KAM TORTILGAN

Ulugʻ adib Lev Tolstoy toʻrt jildlik epopeyasi – “Urush va tinchlik”ka soʻnggi nuqta qoʻyishdan oldin yana nimadir, juda muhim narsa qoʻshish zarurligini botinan chuqur his etgan va oʻziga xos falsafiy-didaktik, badiiy-publitsistik traktat yozib, kiritgach koʻngli joyiga tushgan. 92 jildlik toʻla asarlar toʻplamining bir necha jildi “sof” publitsistikani tashkil etadi. Hikoya, qissa, roman, dramalarining koʻpchiligi publitsistik ruh bilan yoʻgʻrilgan. Mashhur yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning yaqinda nashr etilgan besh jildligining toʻrtinchi jildi publitsistikadan iborat boʻlsa, beshinchisi uning ijodi, hayoti, taqdiri aks etgan maqola, esse, xotiralarni oʻz ichiga olgan.

Mashhur yozuvchining boy va rang-barang publitsistikasi va munaqqidligi – maqola va taqrizlari, intervyu va suhbatlari, ocherk va esselari, nutq va xatlari, kundalik va qaydnomalari, jurnalistlik va muharrirlik faoliyati nisbatan kam oʻrganilgan, tahlilga tortilgan.

 

UCH SOHA UNSURI

Chingiz Aytmatov mashhur soʻz sanʼatkori, isteʼdodli publitsist boʻlishi barobarida ayni chogʻda nozik va teran munaqqid ham edi. Kasb-koriga koʻra adabiyotshunos, tanqidchi emasligini pisanda qilgani holda maqola, suhbat, xat, tadqiqot, kitoblarida madaniyat, maʼrifat, adabiyot, sanʼat, kino, televideniye, fotografiya, matbuot, tarjima, tanqidchilikning tub, dolzarb masala, muammolari xususida shunday muhim fikrlar, nazariy qarashlar bildirar, teran tahlillar qilar, eʼtiborga loyiq dalil, misollar keltirar ediki, ular tezda tilga tushar, kitob, tadqiqotlardan oʻrin olardi. Muhim bir jihatni alohida qayd etish joiz. Adib tanqidiy asarlari publitsistik ruh bilan sugʻorilar, badiiyat unsurlari bisyor, ayni chogʻda publitsistikasida tanqidchilik, adabiyot, sanʼatning muhim masalalari qalamga olinar, har uch sohaning unsurlari oʻzaro uygʻunlashib ketardi.

Jurnalistika – publitsistika – badiiyat – falsafa – tarix. Chingiz Aytmatov ijodiy takomilini pogʻonama-pogʻona, bosqichma-bosqich shunday taʼriflash mumkin. Boʻlgʻusi adib ilk ijodini jurnalistikadan boshlagan edi, qirgʻiz qishloq xoʻjalik institutida oʻqigan kezlari gazetalarga xabar, hisobot, taqriz, maqola, ocherklar yozib qalamini charxlab borardi. “Sovetskaya Kirgiziya” gazetasining 1952 yil 24 yanvar sonida uning “Qirgʻiz tili terminologiyasi haqida” maqolasi bosilib chiqadi. Toʻrtinchi kurs talabasining ushbu maqolasi mavzusining dolzarbligi, fikrlarining dadilligi bilan jamoatchilik eʼtiborini tortadi. Xususan, qirgʻiz maktablari 5-6-sinflari uchun rus tili darsligi, “Ruscha-qirgʻizcha lugʻat” koʻpgina imloviy tarjimaviy xatolar, mantiqiy noaniqliklar bilan chiqqanini koʻrsatadi, aniq misollar keltiradi. “Asliyatdan uzoq tarjimalar” maqolasida (1953) A. Nekrasov asarlari tarjimasida uchragan saktalik, xatoliklarni aniq misollar bilan koʻrsatib beradi.

 

ALAM

Badiiy adabiyot talaba Aytmatovni ohanrabo yangligʻ oʻziga torta boshlaydi, qirgʻiz va rus adiblarining asarlarini qoʻymay oʻqib boradi, tengdoshlarining xotirlashicha, uni harbiy mavzuda, ura-vatanparvarlik ruhidagi qissa, romanlar, soldat, partizan, razvedkachilar jasorati koʻproq qiziqtirarkan. Talabalik kezlari, tarjima qonun-qoidalari, sir-asrorlaridan yaxshi xabardor boʻlmasa-da, oʻz bilganicha, tavakkal qilib, V. Katayevning “Polk oʻgʻli”, M. Bubennovning “Oq qayin” asarlarini ona tiliga oʻgiradi, qoʻlyozmalarini qoʻltiqlab nashriyotga borsa, ular tarjima qilingani, yaqin orada kitob boʻlib chiqishini aytishadi. “Oʻshanda xoʻp alam qilgan edi, lekin shu narsa ijodiy faoliyatimning boshlanishi boʻlgan, bu ishga qattiq bel bogʻlagandim”, – deb eslaydi keyinchalik adib. Jurnalistika adabiyot dargohiga oʻtishida oʻziga xos koʻprik boʻladi. “Gazetachi Dzyuydo”, “Ashim”, Sepoyachi”, “Olgʻa borayotibmiz” kabi ilk hikoyalari bu yoʻlda qoʻyilgan ilk qadamlar boʻlib, ularda taqlidchilik, bayonchilik kabi nuqsonlar koʻzga tashlanadi. Masalan, “Gazetachi Dzyuydo” hikoyasida yapon bolasi gazeta sotayotib tinchlikni saqlash boʻyicha Stokgolm chaqirigʻiga imzo yigʻadi, “Olgʻa borayotibmiz”da oʻsha paytlarda buyuk qurilish deb hisoblangan Volgo-Don kanali qazilishi bayon qilinadi, ushbu yuzakiroq bitiklar keyinchalik adib kitoblaridan joy olmagani boisi shunda.

1956–1958 yillarda Moskvada Oliy adabiyot kurslarida oʻqishi Chingiz Aytmatov ijodiy faoliyatida burilish davri boʻldi. Ijodiy muhit: taniqli soʻz ustalari seminarlari, maroqli uchrashuvlar, institut dargohi va yotoqxonasida adabiyot, sanʼat, matbuot mavzuida qizgʻin bahs-munozaralar, nomdor yozuvchi, munaqqid, tarjimon, publitsistlar bilan tanishuv, gazeta, jurnal tahririyatlari bilan aloqa oʻrnatish, “Yuzma yuz”, “Raqiblar”, “Jamila” singari asarlari ustida ishlash, markaziy nashrlarda ilk chiqishlar yosh adibga juda koʻp tajriba beradi.

Yurtiga qaytib kelgach “Adabiy Qirgʻiziston” jurnalini boshqaradi; “Jamila” “Noviʼy mir”da eʼlon qilinib, Lui Aragon sevgi haqida dunyodagi eng zoʻr qissa deya baland baho berib, frantsuz tiliga oʻgirgach, boshqa tillarga ham birin-ketin tarjima qilina boshlagach, yosh adib tez orada favqulodda mashhur boʻlib ketadi. Yurtida, sobiq ittifoqda, chet ellarda chiqadigan koʻpgina eʼtiborli gazeta va jurnallarning, radio va televideniyening doimiy, ardoqli, orziqib kutiladigan mualliflaridan biriga, “Literaturnaya gazeta”, “Drujba narodov” kabi nufuzli nashrlarning tahririyat aʼzosiga aylanadi.

1959–1960 yillarda “Inostrannaya literatura” jurnalini boshqaradi. Eʼtiborlisi, tahririyat jamoasi 17 nomzod ichidan bosh muharrirlikka sirtdan Chingiz Aytmatovni saylaydi. Gazeta muxbirining “Jurnalga, baʼzilar kabi, oʻz komandangizni olib kelasizmi?” degan savoliga: “Bunday rejalarim yoʻq, tahririyat xodimlari oʻz ishiga sadoqatli, professionallar, muharrirga bundan boshqa yana nima kerak? Rus tarjima maktabi hamisha yuqori saviyasi bilan ajralib turgan, jahon adabiyoti tajribasi koʻpmillatli adabiyotimiz rivoji uchun havodek zarur, jahon noshirlik amaliyotida bu oʻziga xos, betimsol jurnal, boshqalar kabi men uchun ham dunyoning haqiqiy koʻzgusi, bu nashrni doimo qiziqib oʻqib kelganman”, – deb javob beradi.

 

“BU SIZNING AYBINGIZ, YURTDOSHLAR!”

1961–1964 yillarda “Pravda” gazetasining Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston respublikalari boʻyicha oʻz muxbiri boʻlib ishlaydi. Markaziy nashrlarda, Qirgʻiziston matbuotida maqola, taqriz, intervyu, suhbat, ocherk, esselari tez-tez bosilib turadi. “Noviʼy mir”, “Oktyabr”, “Drujba narodov”, “Znamya”, “Voprosiʼ literaturiʼ” kabi qalin jurnallarda hikoya, qissalari, adabiy-tanqidiy maqolalari eʼlon qilinadi. Chingiz Aytmatov ijodining keng bilimdoni, teran tadqiqotchilaridan biri, filologiya fanlari doktori, professor Abdildajon Akmataliyev oʻz “Tanlangan asarlari”ning mashhur adib ijodiga bagʻishlangan birinchi jildida oʻtgan asr 50,60-yillarida jurnalistika, publitsistika, muharrirlik bilan shugʻullanish yozuvchiga koʻp narsa berganini taʼkidlab yozadi: “Bu yillarda uning turli muammolar qalamga olingan yorqin publitsistik maqolalari chiqdi, u hamisha xalq hayotining ichida boʻldi va jurnalistik bitiklari personajlari keyinchalik badiiy asarlari prototipiga aylandi”.

Bu oʻrinda, mavzu doirasida, uchta nuqtaga alohida eʼtibor berishni lozim topdik. Birinchidan, har-har zamonda, zavqi, hushi kelganda, bayram, sana kezlari yo boshqa munosabat bilan toʻyxat, maqola, taqriz, esse yozib qoʻyadigan, intervyu beradigan, suhbat-muloqotda qatnashadigan yozuvchilardan farq qilaroq, Chingiz Aytmatov publitsistikani fuqarolik burchi, vijdon, imon daʼvati, zamonaviy ong, sayyoraviy tafakkur, jamoatchilik fikrining kuchli quroli, vositasi deb hisoblagan, mavzu, muammo zudlik bilan bong urish, zarur soʻz aytishni taqozo etganda darhol shu ishga kirishgan, butun ijodiy faoliyati davomida jurnalistika, publitsistika qozonida qaynab kelgan, hamisha sergak, safarbar, sermahsul adiblardan edi. Ikkinchidan, Chingiz Aytmatovning badiiyati bilan publitsistikasi bamisoli et-tirnoq, oʻzaro kirishib, singishib ketadigan, bir birini toʻldiradigan, boyitadigan, taqozo etadigan mahsullar.

Hikoya va qissalari, serqatlam romanlari, drama va stsenariylari, nutq va xatlari publitsistik ruh bilan yoʻgʻrilgani yakdil eʼtirof etilgan. “Jamila”, “Somon yoʻli”, “Oq kema” qissalari, “Asrni qaritgan kun” “Qiyomat”, “Kassandra tamgʻasi”, “Togʻlar qulaganda” romanlari, “Fudziyamaga chiqish”, “Suqrot eslangan tun” dramalari, adabiy-tanqidiy maqola va suhbatlarida publitsistik ruh ayniqsa boʻrtib koʻzga tashlanadi, ularda quyma tasvir, yorqin xarakterlar bilan birga yolqin, ehtirosli monolog va dialoglar, qahramon, personajlarning otashnafas nutq-hayqiriqlari, muallifning oʻychan falsafiy mulohazalari, vazmin, sokin mantiqiy muhokamalari bilan uygʻun holda keladi. Alohida taʼkidlash joizki, ehtiros, hayajon publitsistik uslub uzvlaridan biri. Zohiriy va botiniy publitsistika bor, uning roʻy-rost, oshkora va vazmin, pardali-mulohazali uslublari bor (sohaga bahishlangan kitoblardan biri “Dangal soʻz” (“Pryamaya rech”, deb atalgani bejiz emas).

Odamda qon bosimining ortiqligi kasallik alomati boʻlsa, baʼzan oshkora publitsistikada “qon bosimi”ning baland boʻlishi bardamlik, mavzu-muammo taqozosiga koʻra, tetiklik belgisidir. “Aziz yurtdoshlar, choʻrtkesarligimni, boshdan oxirigacha ochiq, achchiq gaplarimni koʻnglingizga olmaysizlar, qishlogʻimizda roʻy bergan sharmandali hol boʻyicha oʻylaganlarimni toʻla toʻkib solmoqchiman”, – deya boshlanadi “Bu sizning aybingiz, yurtdoshlar!” maqolasi. Yettinchi sinfda oʻqiydigan, otasi frontda halok boʻlgan Asilgulni maktabdan qaytayotganda yalanglikda Diyqonboy degan toʻngʻiztabiat yigit bir oʻrtogʻi bilan uyiga olib qochib keladi, zoʻrlab xotin qilib oladi, koʻp oʻtmay koʻngilsiz, zolim eridan qochib kelgan, oʻqishini davom ettirmoqchi boʻlgan qizni bobosi va togʻasi yana qaytarib yuboradi, yoʻlda xoʻjayini qattiq kaltaklaydi, ichib kelib urishlar davom etgach yana qochib keladi, berahm qarindoshlar yana qaytaradi. Birin ketin ikki oʻgʻilli boʻlishsa ham johil er quyulmaydi, yolchitib ishlamaydi, ichadi, qarzga botib uyini sotadi, och-nahor qiynalib yertoʻlada yashashga majbur boʻlishadi, mastlikda bir ayolni kaltaklagani uchun er olti yilga qamalib ketadi.

Asilgul qadrdon kolxoziga kelib sut sogʻuvchi boʻlib ishga kiradi, mashinada sogʻishni oʻrganadi, oʻzi, bolalariga bir xona ajratib berishadi, radio, elektr oʻtkazishadi. Qamoqdan qaytgan er xotiniga uyga qaytishni talab qiladi, berahm qarindoshlar yana yonini olmaydi, aksincha, togʻasi kuyovni quchoq ochib kutib oladi, qoʻy soʻyib, shisha-shisha araqlar qoʻyib mehmon qiladi, uyiga qaytmasa bogʻlab qoʻyaman deya dagʻdagʻa qiladi. Qatʼiyatli ayol rozi boʻlmagach, qariyalarni ishga solib koʻndirmoqchi boʻladi, ayol ahdidan qaytmagach, ishidan boʻshatishga erishadi, qochishga majbur boʻlgan jiyanini mototsiklda quvadi, shoʻrlik ayol qishloq chetida, yolgʻiz onasinikiga yashirinadi, onaizor qizini somon orasiga yashirib qoʻyadi, yigirma kun somon orasida yashiringan ayol ovulni tashlab shaharga qochmoqchi boʻladi, izgʻirinli yarim tunda uni sut fermasi shofyori, sofdil yigit Anorboy stantsiyaga chiqarib qoʻyadi. Biri biridan dahshatli voqealardan xabardor boʻlgan adib gʻazablanmasligi, bong urmasligi mumkinmidi?

Muallif artel raisi, qishloq soveti raisini, kolxoz partorgini, maktab oʻqituvchilarini, Asilgul otasining frontdosh tengdoshlarini, oʻzining maktabdoshlari – biri selsovet raisi, biri xoʻjalik raisi oʻrinbosarini ayab oʻtirmaydi, dilidagi achchiq soʻzlarni befarq, loqayd kishilarga toʻkib soladi, “ushbu xatimdan keyin baʼzi qishloqdoshlarim men bilan gaplashmasliklari, koʻrishmasliklari ham mumkin, bu – ularning ishi, lekin shuni bilamanki, haqiqat gʻalaba qilishi lozim va bu – eng muhimi” deydi maktubida. Oʻta ayanchli voqealarni eshitib, bilib adibning gʻazablanishi, harakatga tushishi, ochiq, achchiq xat yozishi tabiiy va mantiqiydir.

 

“YIGʻLAGANDA TIZ ChOʻKIB, NAFRATDA TIK TURIB”

Xirosima va Nagasaki fojialariga bagʻishlangan “Yigʻlaganda tiz choʻkib, nafratda tik turib” maqolasi, shahvoniy lavhalar bilan toʻlib-toshgan, zararli, zaharli asarlar muallifi Markiz de Sad haqidagi fikrlari ehtirosli, gʻazabnok bitilganini tushunish mumkin. Oʻta ehtirosli, hayajonli publitsistika bamisoli chopagʻon, tutqich bermas ot, agar tizginini mahkam tutib, tortib turilmasa yoʻldan (mavzudan) uzoqlashib, yoʻlni boshqa tomonlarga solib yuborishi hech gapmas. Ayrim yoshlarning publitsistika deb taqdim etgan, oxiri qoʻsha-qoʻsha undov bilan tugallanadigan dabdabali, balandparvoz maqtovlari, qator-qator soʻroq alomati qoʻyilgan dagʻdagʻali, hukmfarmo tanqidlarini janrning yaxshi namunalari deb boʻlmaydi. Aytmatov publitsistikasi sokin oqadigan chuqur daryo, undagi ehtiros zohiriy emas, botiniy, matn bagʻrida, dalil, detal, misollar ichida boʻlib oʻqigan, taʼsirlangan oʻquvchi, tomoshabin qalbiga oʻtadi, junbushga keltiradi.

Chingiz Aytmatov publitsistikasi, badiiy asarlari singari, maftunkor va jozibador, qamrovli va huzurbaxsh, maroqli va purhikmat, dadil va dalilli, bir soʻz bilan aytganda, mahorat va jasorat hosilasi. Adib ijodining asosiy janrlari hikoya, qissa, roman ekanligi, drama va kinostsenariylar ham yozgani, adabiy-tanqidchilik bilan ham shugʻullangani maʼlum. Publitsistikaga doimiy, muntazam murojaat etganligining boisi nimada? Bu soha bilan deyarli shugʻullanmay, faqat badiiy asarlar yaratadigan yozuvchilar ham bor-ku. Aytmatov ham biri biridan oʻtkir qissa, romanlar, drama va stsenariylar yozib yuraversa boʻlardi-ku. “Jamila”ning oʻzi unga qancha katta shuhrat keltirdi, dunyoga tanitdi. Buning boisi, jiddiy asoslari bor, albatta. Adib nemis munaqqidi Xeynts Plavius bilan suhbatida “koʻpjanrlilik” bir shartga rioya qilingandagina yaxshi. Yozuvchi oʻz saviyasining tushishiga yoʻl qoʻymasligi kerak… Menga kelganda, ijodiy ish turlarini oʻzgartirishga alohida moyilligim bor va bu borada ustasi farangman, deya olmayman. Lekin nimaga qoʻl urmayin, uni maromiga yetkazib bajarishga harakat qilaman”, degan edi.

 

ChOʻNG VA ChOʻGʻDOR FIKR

Chingiz Aytmatovning ocherk va esselari, maqola va xatlari, suhbat va nutqlari, adabiy-tanqidiy naqshlari qamrovining kengligi, maʼnosining teranligi, ohori toʻkilmagan dalil va misollar, bosiq va ehtirosli, choʻng va choʻgʻdor fikrlarga, kutilmagan qiyoslarga, sanʼatkorona mushohada, falsafiy muhokama, publitsistik mulohazalarga boyligi, tilining soddaligi, shiradorligi, obrazliligi, rangdorligi, soʻz va iboralarining aniq-tiniqligi, mantiqan dalillanganligi hamda ishonarli, maftunkorligi va yana koʻp fazilatlari bilan ajralib turardi va bu fazilatlar birdaniga, gʻoyibdan paydo boʻlib qolgan emas. Bu publitsistika hayotiy va ijodiy tajribasi katta, bilimi, saviyasi juda keng, jahon adabiyoti xazinasini koʻp va xoʻp oʻqib, uqib, magʻzini chaqqan, fuqarolik tuygʻusi kuchli, xalq taqdiriga chuqur daxldor, dunyo voqealaridan yaxshi xabardor, olam zarbini yuragi qaʼridan oʻtkazgan, voqea, jarayonlarga zamonaviy ong, sayyoraviy tafakkur yuksakligi hamda teranligidan qarab hukm chiqaruvchi, baho beruvchi yozuvchi asarlari edi. Eng avvalo, mavzu koʻlami, muammo doirasining kengligi, rang-barangligini alohida taʼkidlash joizki, bu, oʻz navbatida, muallif saviyasi, qiziqishi, tafakkuri ufqining kengligi, grajdanlik tuygʻusining oʻtkirligi bilan izohlanadi.

 

Saydi UMIROV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi

 

uzhurriyat.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.