Adib doimiy izlanishda

0
11
marta ko‘rilgan.

Isajon Sulton – zamonaviy O‘zbekistonning taniqli yozuvchilaridan biri. Uning roman, qissa va hikoyalari O‘zbekistonda munosib e’tirof etilganidan tashqari, adib nomi Germaniyadagi ba’zi davralarga ham birmuncha tanish. Bir necha hikoyasini istisno etganda, uning ijodi chet ellarda keng ma’lum emasligi sabab “Boqiy darbadar” romanini tarjima qilish jarayonida o‘arb o‘quvchisi bu yozuvchini qanday qabul qilar ekan, deya xayolimdan o‘tkazgan mulohazalarimni quyida bayon etmoqchiman. I.Sulton ijodiga Sharq, rus, Yevropa, Janubiy Amerika va postsovet adabiy tajribalarining sintezi sifatida qarash o‘rinli, nazarimda. Meni, asosan, zamonaviy yo‘nalish bo‘lgan postmodernizm bu adib ijodida qanday  namoyon bo‘layotgani qiziqtiradi.

I.Sulton nasri uslubini olsak, undan postmodern belgilarini topish qiyin. Postmodern nasr, odatda, adabiy iqtiboslarga rag‘bati bilan ajralib turadi. Ammo postmoderncha iqtiboslar, aytaylik, rus adabiyotining XIX asr oxiri –
XX boshlaridagi kumush davridan asl ma’nosini yo‘qotgani bilan farq­lanadi. Bunday tendensiyaga ajoyib misol – Dmitriy Prigov she’riyatidir. Ayni she’riyat, Mixail Epshteyn fikricha, turli adabiy iqtiboslarni ular o‘z ma’nosini yo‘qotmaguncha qaytarish va qorishtirishdan iborat. I.Sulton nasrida ham, albatta, iqtiboslar talay, ammo Prigov darajasida emas. Qolaversa, bu adib iqtiboslari o‘quvchi bilan o‘yinga kirishishga emas, balki unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri g‘oyaviy-hissiy ta’sir ko‘rsatishga yo‘naltirilgan.

I.Sulton nasri postmoderncha bayondan ham farq qiladi. Vladimir Nabokovning postmodernga uyqash “Pushaymon” asarida muallif o‘quvchi bilan o‘yinga kirishadi, uni avval ko‘p bor yurilgan yo‘llardan yetaklaydi-da, so‘ng esa kutilmagan xulosaga yuzma-yuz qiladi. I.Sulton o‘z muxlisini sira bu taxlit “chuv tushirmaydi”, uning o‘quvchisi ham yozuvchiga aslo qarama-qarshi bormaydi, o‘quvchi har doim adib falsafasini ma’qullaydi. Shu ma’noda, I.Sulton asarlarida realizm va hatto XIX asr didaktikasi an’analarini ko‘rish mumkin.

Yuqoridagi farq-tafovutlarga qaramay, I.Sulton asarlari, baribir, postmodern g‘oyasiga hamohang. o‘arb dunyosi sho‘ro saltanatining qulashi va kommunizm g‘oyasining halokatga uchrashini tarix intihosi deb qabul qildi. Kommunizm ustidan g‘alaba qozongan kapitalizmga esa endi odamlarga o‘zgacha, farahbaxsh kelajakni va’da qilishiga hojat qolmadi. Kapitalizmning o‘zi utopiya deb e’lon qilindi, undan-da yuksak tuzum haqidagi umidlar so‘ndi. Tarix intihosi — o‘z-o‘zidan g‘oyalar intihosi hamdir: baxtli kelajak haqida umidlar so‘ngan ekan, demak, bu yog‘iga hech bir mafkura yetakchilikka da’vo qilolmaydi.

Oqibatda postmodernizm va unga yondosh poststrukturalizm o‘z g‘oyalarini qayta ko‘rib chiqa boshladi, ya’ni jamiyatning bir qismigagina foyda keltirib, qolgan qismiga zarar yetkazayotgan tartibotni fosh etib, shuning o‘zini g‘oya sifatida ko‘rsatishga tutindi. Kelajakni nazarda tutmagan har qanday mafkura esa yolg‘on fikr paydo qiladi, ­xolos. Shunday qarashni I.Sulton nasrida bot-bot uchratish mumkin. “TODD” hikoyasi yakunida roviy nemis konslagerlarining mahbuslari boshiga tushgan dahshatlarni sanab chiqqach, ularning urushdan keyingi bitmas jarohatlaridan qay­g‘uga tushib, barcha g‘oyalaridan voz kechadi:  “Bildimki, hech bir falsafa hayot hikmatini izohlab bera olmas ekan. Chunki hayot hamisha haq va rang-barang, tovlanuvchi, falsafa esa, uning faqatgina soyasi, boshqa hech narsa emas ekan”. I.Sulton ­nazdida, mafkura (yoki falsafa – ular bir-biridan juda kam farq qiladi) jamiyatdagi fikrlar xilma-xilligini to‘la qamray olmaydi. U ijtimoiy taraqqiyotning boshqa yo‘llarini nazardan soqit qilgan holda, insoniyatning butun kuch-quvvatini birgina yo‘nalishga burib yuboradi. I.Sultonning shu xulosasi aynan postmodernchadir.

o‘arbning aksar ateist postmodernchilaridan farqli o‘laroq, I.Sultonning g‘oyadan voz kechishi tarixning tugagani oqibati emas, balki Xudoga va e’tiqodga qayta yuz burishdir. XIX asr boshlarida Yevropa faylasuflari, chunonchi, Gegel Xudoning irodasini bilishga da’vo qilgan hamda o‘z falsafasiga  dunyoda Yaratgan irodasini qaror toptirish quroli deb qaragan edi. Marks esa Xudodan dar­hol yuz o‘gira qoldi va ayni chog‘da tarixni o‘z nihoyasi sari yetaklaydigan qonuniyatlar borligini ovoza qildi. XX asr tarixi XIX asr g‘oyalari ro‘yobi ekani shundaki, endi insonning o‘zi Xudo yoki A’lo odam bo‘lishga chog‘lanmoqda.

  Yuqorida zikr etganimizdek, post­modernizm – g‘oyalardan voz kechmoqdir. Komil insonni yaratish yo‘lidagi genetik yoki ijtimoiy tajribalar endi, o‘tgan asrdagi xomxayollardan farqli o‘laroq, mo‘jiza ham, g‘alaba ham emas, aksincha, bunday tajribalar xulosasi – insonning Xudo oldida  benihoya zaifligiga iqror bo‘lish va Uning irodasiga so‘zsiz bo‘ysunishdir. “Boqiy darbadar” romanining qahramoni bo‘lmish daydi o‘z irodasini yuzaga chiqarish o‘rniga A’lo odam yoki Xoliqi Mutlaqni izlab ketadi: “Shu bois bu makonni, avvalo, Uni izlab topish va butun olam yaratilishining sabablarini O‘zidan so‘rash uchun tark etmoqdaman”. O‘tgan asrda inson kim o‘zi, yashashdan maqsad nima, degan savollarga javobni zaminning o‘zidan topish mumkin edi. Lekin bizning asrimizda, I.Sulton fikricha, bu savollarga zamindan javob topmoq dushvor. Javob undan tashqarida, ya’ni Xudodadir.

Ma’lumki, tabiatga muhabbat insonni Xudoga yaqinlashtiradi. ­“Sofiya” hikoyasi roviysi shu nom bilan atalgan bo‘ron sabab yuzaga kelgan vayronagarchilik haqida dahshatga tushib hikoya qiladi, ayni chog‘da romantik sifatida Tangri irodasi-la bosh ko‘targan shu falokat go‘zalligidan lol ham qoladi: “Qaytaqol, go‘zal Sofiyam, o‘zing bino bo‘lgan makonlarga. Men bilmaydigan, men tushunmaydigan begona tog‘lar oralaridagi sarvlar bo‘y cho‘zgan, yovvoyi o‘tlar qator-qator gullagan va hamma yoqni enlab kuchli islar taraladigan qoyalarning oralariga… Bag‘irlarida rahmat va mar­hamatlarni olib kelayotgan shu qora-qizg‘ish bulutlar bino bo‘lgan yovvoyi hududlarga. Men ham o‘z oromimu osoyishimga qaytay! o‘oyatda tartibli, hamma narsa o‘z o‘rnida, doimo badastir turadigan, sira o‘zgarish ro‘y bermaydigan, doimo osoyishta va tinch, hech dolg‘alanmaydigan… o‘z makonlarimga! Yo‘q, shoshma… ketma!”

Qahramon bilan ofatning oniy to‘qnashuvi qahramonga u avval hech tuymagan bir farog‘atni baxsh etadiki, bu – paradoksdir. Bir tomondan, har doimgi tinch-osoyishta hayotiga qaytishni, boshqa tomondan, Sofiya qurboniga aylanishni xohlaydi u. Bunday hissiy qarama-qarshiliklarni g‘arbliklar Freyd ilmiy iste’molga olib kirgan o‘lim instinkti, ya’ni sub’yektning avval boshdan kechirilmagan holat, ya’ni yo‘qlikka intilishi sindromi bilan izohlagan bo‘lar edilar. Lekin I.Sulton chuqur o‘rgangan Jaloliddin Rumiy va boshqa mutasavvif ijodkorlar merosi buni ­boshqacha talqin qilishga undaydi. Rumiy ta’lim beradiki, dunyodan etakni silkish insonni Xudoga yaqinlashtiradi.

Uning nazdida, bizlar doimo izlanishdamiz va shu sabab barchamiz darbadarmiz. “Boqiy darbadar” nomi ham ana shu qanoatdan kelib chiqqan. Hatto romandagi eng salbiy personaj bo‘lmish professor Ziyo (intellekt ramzi) – dunyoni fan va texnologiyalar yordamida birlashtirishga intilgan olim ham o‘z iddaolari noto‘g‘ri ekaniga iqror bo‘ladi. Ilohiy haqiqatni izlayotgan o‘g‘lining maktubini o‘qigach, bunday  o‘yga cho‘madi: “Yuragi unga o‘g‘lining haq ekanini, butun olam ahli ilgarilab borayotgan turli-tuman yo‘llar orasida o‘g‘lining tutgan yo‘li aniqroq va haqiqatga yaqinroq ekanini sezdirib turardi”. O‘g‘il esa otasining orzularidan iztirobda: “Bularning oldida dunyo nima? Taraqqiyot nima? Hammasi birlashganida ham, oddiygina qum zarrasi kabi ahamiyat kasb etarmikan?” Baribir, ota tan oladiki, o‘g‘il haq: fan, taraqqiyot, globallashuv, ya’ni inson qo‘li bilan  bunyod etilajak ezguliklar Tangri tortiq etajak mukofotlar bilan tenglasholmaydi. Xudoning zaruriyligini tan olish, ba’zi g‘oyalar aralashganiga qaramay, I.Sulton personajlarida  ko‘zga aniq tashlanadi.

Biroq I.Sultonni indeanist yozuvchilardan globallashuvga mo‘tadil yondashuvi ajratib turadi. Patritsia Greysga o‘xshash indeanist adiblar ibtidoiy hayotga qaytishni yoqlab, zamonaviy voqelikni qoralaydi.

I.Sulton ijodi, amerikalik o‘quvchi nuqtai nazaricha, indeanist adabiyot, fusunkor realizm, postsovet adabiyoti va postmodernizm­ga o‘xshash bir qancha adabiy yo‘nalishlarga mansubdir. o‘arb o‘quvchisi uchun betakror tarafi esa unda indeanistik yondashuvning tasavvuf g‘oyalari bilan uyg‘unlashib ketganidir. Aksar indeanistlar masihiylik va boshqa dunyo dinlarini insonni tabiat, ilohiyot bilan xususiy aloqadan judo qilishda ayblaydi. I.Sulton esa bunday qarash noto‘g‘ri degan fikrni dalillaydi.

Men katta ishtiyoq bilan Isajon Sulton asarlarini ingliz tiliga tarjima qilmoqdaman. Maqsadim – o‘arb kishisi o‘zi uchun yangi, betakror adabiyotni kashf etishida unga baholiqudrat ko‘maklashish.

Ayni vaqtda atoqli o‘zbek adibi Cho‘lponning “Kecha va kunduz” hamda Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanlarining ingliz tiliga tarjimasini poyoniga yetkazdim…

 

Kristofer FORT

(AQSH, Michigan universiteti)

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.