Adabiyotshunoslikning yangi bosqichi

0
401
marta ko‘rilgan.

Ma’naviy-madaniy merosni tahlil va tadqiq etish, hozirgi adabiy jarayon hodisalarini tanqidiy o‘rganish, o‘zlashtirish, estetik baholash adabiyot ilmining asosini tashkil qiladi. Mazkur ustuvor yo‘nalishlar qatorida, yana adabiyot nazariyasi, poetika, she’rshunoslik, matnshunoslik, manbashunoslik, xalqaro adabiy aloqalar va adabiy ta’sir masalalari, folklorshunoslik, mumtoz adabiyot tarixi, tarjimashunoslik, adabiy-estetik, badiiy-falsafiy tafakkur takomili, muayyan bosqichlardagi dinamikasi, qomusiy izohli adabiy terminlar lug‘atlarini yaratish, bibliografik ko‘rsatkichlar tuzish singari soha-yo‘nalishlari ham adabiyot ilmining tarkibiy qismini belgilaydi. Ular adabiyotshunoslikning alohida fan tarmoqlari tariqasida ilmimizning sajiya-salohiyatidan, har bir takomil bosqichidagi holatidan, miqyosi va darajasidan voqif etadi.

Ma’lumki, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy tizimlarning o‘zgarishi, avvalo, dunyoqarashlarning o‘rin almashuvidir. Bu, shubhasiz, yangi tushunchalar, talqinlar, tasavvurlar silsilasini yuzaga keltiradi. Bu – dunyo shevalarini, inson va jamiyat munosabatlarini, ijtimoiy voqelikni yangicha idrok qilayotgan e’tiqodning shakllanishi, o‘zligini namoyon etishi demakdir. Mustaqillik asnosida, umumbashariy qadriyatlarga tayangan, go‘zallik-ezgulik-adolat prinsiplariga asoslangan adabiyot ilmi qaror topdi; yangi-yangi talqin va tahlil metodlari, usullari bilan o‘z imkoniyatlarini kengaytirib bormoqda, ildiz otib, palak yozmoqda. Bu borada, Prezidentimiz Islom Karimovning “Istiqlol va ma’naviyat”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” asarlarida ilgari surilgan ijtimoiy-falsafiy, adabiy-estetik nazariy g‘oyalar adabiyotshunosligimiz uchun ham metodologik asos vazifasini o‘tamoqda.

“Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaliy natijasi o‘laroq, adabiyot va san’at, madaniyat, matbuot sohasi mafkuraviy tazyiqdan butunlay xalos bo‘lganini qayd etish lozim, – deya ta’kidlaydi Davlatimiz rahbari “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida. – Har qanday ijod namunasi, badiiy asar sinfiy bo‘lishi va qandaydir g‘oyaga, kommunistik mafkura manfaatlariga xizmat qilishi kerak, degan qarashlar bugun o‘tmishga aylandi. Erkin ijod uchun, milliy qadriyatlarimiz va boy ma’naviyatimizni, xalqimiz tarixini, uning bugungi sermazmun hayotini to‘laqonli va haqqoniy aks ettirish uchun zarur sharoitlar yaratildi” (133-bet). Mazkur ijtimoiy-adabiy muhitning qutlug‘ samaralari sifatida, birinchidan, adabiyotshunoslikda badiiy asarlarni g‘oyaviy-tematik tahlil qilishga butkul chek qo‘yildi. Adabiy asar mazmunini badiiy qadriyat, ijodkor izlanishlarini ma’naviy-intellektual qadriyat, adabiy jarayonni esa, hamisha harakatdagi go‘zallik hodisasi, badiiyat tarixi tariqasida o‘rganish tamoyili qaror topdi. Shu ma’noda, xoh adabiyot tarixi, xoh madaniy-diniy meros, xoh bugungi kun adabiy hayoti hodisalari o‘rganilgan, nazariy umumlashtirilgan tadqiqotlarda, ilmiy asarlarda yaxlit bir konsepsiya yetakchilik qilmoqda. Xususan, badiiy barkamol asar fenomeni nafaqat ijodkor shaxsiyati va dunyoqarashining, shuningdek, o‘zi yaratilgan ijtimoiy-ma’naviy sharoit bilan jamiyatning ham ma’lum darajadagi ko‘zgusidir, degan falsafiy-estetik nuqtai nazardir.

Xususan, akademik Azizxon Qayumovning 12 kitobdan iborat saylanma asarlari nihoyasiga yetdi. Ustoz adabiyotshunosning bir umrlik ijodiy izlanishlarini o‘zida mujassamlashtirgan mazkur jildlarda eramizning ilk tongi IV–VII asrlarga mansub tosh bitiglarning badiiy xususiyatlari tadqiq etilgan “Qadimiyat obidalari”dan XIX asr o‘rtalari – XX asr boshlarigacha bo‘lgan adabiy jarayon (“XVI asr o‘zbek adabiyoti”, “Qo‘qon adabiy muhiti”, “Hind adabiy sarmanzillari”); ulkan so‘z san’atkorlarining adabiy merosi, badiiy-estetik, ijtimoiy-falsafiy, ma’rifiy-axloqiy qarashlari o‘rganilgan (“Xorazmlik ulug‘ alloma”, “Ahmad Farg‘oniy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Abu Ali ibn Sino”, “Amir Temur qissalari”, “Shohruhbek Mirzo”, “Ulug‘bek Mirzo”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiyoti”, “Chimyonli shoir Huvaydo”, “Komil Xorazmiy”, “Shoir Furqat”) iste’dodli asarlari mumtoz adabiyotimiz sarvati va salobatini namoyon etish barobarida, olimning zukko tahlil madaniyatini, ilmiy-nazariy tafakkur darajasini ham tasdiqlaydi.

Ushbu silsilada Alisher Navoiy hayoti va ijod yo‘liga, badiiy mahoratiga, asarlarining ijtimoiy-estetik ahamiyatiga doir, tarixiy-tipologik tahlil asosiga qurilgan tadqiqotlar salmoqli o‘rin tutadi. Akademik Izzat Sultonning qayta nashr etilgan “Navoiyning qalb daftari” asarida ham yangicha nuqtai nazar balqib turadi. Xususan, ijodkor shaxsiyatiga, asarlariga tarixiy-madaniy, intellektual hodisa tariqasida yondashiladi, o‘rganiladi, nazariy umumlashtiriladi.

Ikkinchidan, adabiyot ilmining turli fan sohalari (falsafa, folklor, tarix, falakiyot, tasviriy va amaliy san’at, din, kino, teatr, musiqa bilan aloqalari, bir-biriga ta’sir ko‘rsatish, ta’sirlanish jarayonlari chuqurlashdi. Shu ma’noda, estetikaning go‘zallik va xunuklik, fojelik va komiklik, ko‘tarinkilik va tubanlik singari kategoriyalarining ma’no ufqlari kengayib ketdi. Endilikda, badiiylik, badiiy shartlilik, badiiy obraz, timsol, ramziylik, muallif shaxsiyati estetikaning universal kategoriyalari sifatida o‘rganila boshlandi. Bir so‘z bilan aytganda, badiiy ijod estetikasi va uning voqelikka, inson ong-shuuriga munosabati, ushbu jarayonning ijtimoiy-falsafiy mazmunini yoritish ustuvorlik kasb etdi. Professor Naim Karimovning “Cho‘lpon”, “Maqsud Shayxzoda” ma’rifiy-biografik romanlari bilan “XX asr adabiyoti manzaralari” fundamental tadqiqoti 1-kitobini, professor Umarali Normatovning “Qodiriy mo‘jizasi” monografiyasi bilan adabiy-tanqidiy maqolalar, esse, xotira, qayd va suhbatlardan tarkib topgan “Nafosat gurunglari” majmuasini, professor Anqaboy Quljonovning uch jildlik saylanma asarlarini, professor Abdug‘afur Rasulovning “Tanqid, talqin, baholash”, “Badiiylik – bezavol yangilik” adabiy-ilmiy maqolalar, talqinlar, etyudlar, “Betakror o‘zlik” adabiy-tanqidiy maqolalar majmualarini ta’kidlash joiz. Ularda adabiy xarakterning mulki borliq bilan murakkab munosabatlarga kirishuvi, san’at asarining betakror, o‘ziga xos dunyo ekanligi, undagi so‘z, timsollar aro aloqalar, adabiy avlodlar, badiiy asar va ijodkor fenomeni, so‘z san’ati jarayonlari hamda muammolari xususida bahs yuritiladi.

Professor Naim Karimovning “Maqsud Shayxzoda” ma’rifiy-biografik romanida shoir, dramaturg, adabiyotshunos olim, tarjimon va pedagog Maqsud Shayxzodaning hayoti, taqdiri haqida zamondoshlarining xotiralari, maxfiy ma’lumotlar asosida, Ozarbayjon, Dog‘iston, O‘zbekistonda kechgan hayoti sahifalari katta mehr-muhabbat, samimiyat, yuksak ehtiros bilan aks ettiriladi. Siyosiy-mafkuraviy tazyiqlar iskanjasini yorib chiqqan, el-yurt-millat yuragiga yo‘l topgan beqiyos aql-tafakkur ziyolaridan boxabar qiladi. Naim Karimov so‘z san’ati, ilmiy-badiiy tafakkur madaniyatining bosh vazifasi, bu – insonni ma’nan va axloqan, intellektual jihatdan tarbiyalash, shaxsiyatini ma’rifat shu’lalari bilan ziynatlashdan iborat, deb biladi. Ushbu konsepsiya Naim Karimov estetik qarashlaridagi ma’rifiy g‘oyalar mag‘zini tashkil qiladi. Xususan, Maqsud Shayxzoda tirikligi, hayoti, faoliyati badalida ezgu so‘z vositasida odamlarni ruhoniy go‘zallikka, haqiqatparvarlikka, insonsevarlikka undab yashadi. Uning taqdiri ma’naviy-axloqiy komillikning benazir timsolidir. Inson sha’ni va shaxsini oyoqosti qilishga qaratilgan diktatura tuzumiga, zulm – yovuzlikka qarshi isyondir. Despotizmga asoslangan sho‘ro tuzumi inson shaxsini bukishi, tutqunlik asoratiga solishi, ming bir qiynoqlarga giriftor qilishi mumkin. Va, lekin, erkin fikrini, ozod ruhini, adolatli so‘zini qul qilolmaydi, degan ma’rifiy g‘oyalar “Maqsud Shayxzoda” asarining yuksak badiiyatini belgilaydi.

Ana shunday holatlarda ezgu so‘z, adolatli fikr go‘zallikka, hayot haqiqatiga tiklangan haykal misoli muhtashamdir, degan ma’rifiy ma’nolar olim estetik qarashlarining ustuvor yo‘nalishini tashkil etadi. Odamlarni, jamiyatlarni axloqiy-aqliy kamol topdirish adabiyotning va, demakki, badiiy so‘z san’atining bosh maqsadidir, degan ma’no Naim Karimov asarida balqib turgan yana bir fazilat.

Professor Abdug‘afur Rasulovning “Betakror o‘zlik” asari adabiy-tanqidiy maqolalardan tarkib topgan. U Abdulla Qahhor (“Abdulla Qahhor universiteti”, “Saralar sandig‘idagi roman”, “Sarob”da yozuvchi mahorati”, “Badiiy tasvir vositalari”, “Sarob”da psixologik tasvir”), Rahmat Fayziy (“Hazrati inson yodi”), Pirimqul Qodirov (“Zamon san’atkor talqinida”), O‘lmas Umarbekov (“Asarlari yashayaptiki…”), Xudoyberdi To‘xtaboyev (“G‘aroyib saltanat”, “Betakror uslubning kashf etilishi”, “Hoshimjon. Sehrli qalpoqcha. Sariq dev”, “Akrom bilag‘on Hoshimning do‘sti, Garri Poterning og‘asi”, “Sho‘rpeshona Orifjon”, “Mangu muammo”), Tursunboy Adashboyev (“Ijodiy o‘zlik sari yo‘l”) badiiyati chizilgan, Homil Yoqubov (“Tanqid maydonida turish mashaqqati”), Ozod Sharafiddinov (“Ozod Sharafiddinovni anglash”), Ibrohim G‘afurov (“Munavvar siymo”) singari adabiyotimiz ilmining yorqin siymolari ijodiy qiyofasi yoritilgan kuzatishlari bo‘ladimi, barchasida badiiy asarning tahlili adabiy-estetik qarashlari bilan uyg‘un olib boriladi. So‘zning adabiy matnda, badiiy asar bag‘rida nechog‘liq katta salohiyat, ijtimoiy-estetik ahamiyat kasb etishi hassoslik bilan tahlil qilingan. Va, eng muhimi, oddiy so‘z estetik mazmunga aylanish jarayonida umumbashariy qadriyat maqomiga ega bo‘ladi, degan qonuniyatni asoslashga erishadi.

Uchinchidan, keyingi yillar adabiyotshunosligimizda namoyon bo‘lgan yetakchi tamoyillardan yana biri – bu o‘zbek adabiyotining yetuk badiiyat namunalarini jahon kontekstida tahlil qilishda ko‘zga tashlanmoqda. Jahon badiiyati tarixini yaratib kelayotgan asarlar bilan muqoyasada izchil, qat’iy yo‘nalish kasb etadi. Qiyosiy adabiyotshunoslik, adabiy ta’sir va xalqaro adabiy aloqalar yo‘nalishida tipologik, tarixiy-analitik tahlil metodlari asosida qutlug‘ samaralarga erishilmoqda. Bu jihatdan taniqli adabiyotshunos Pariza Mirzaahmedovaning rus tilidagi “Klassika va zamonaviylik adabiy aloqalar yo‘nalishida” (“Klassika i sovremennost v aspekte vzaimodeystviya”) monografiyasi hamda “Chingiz Aytmatov va zamonamizning madaniyatshunoslik masalalari” asari, Pariza Mirzaahmedova mas’ul muharrirligida chop etilgan “Adabiy aloqalar milliy adabiyotlar taraqqiyotining manbai tariqasida” (“Vzaimodeystviye kak istochnik obogash’eniya natsionalnoy literaturi’”) jamoaviy tadqiqoti, adabiyotshunos Ulug‘bek Saidovning “Sharq va G‘arb: madaniyatlar tutashgan manzillar”, “Globallashuv va madaniyatlararo muloqot” monografiyalari, Murod Ibrohimov (marhum)ning “Adabiyot – mening borlig‘im” tadqiqot va maqolalar kitobi ushbu yo‘nalish takomilida salmoqli o‘rin tutadi. Adabiyotshunos olima Muhabbat Sharafiddinovaning “XX asr o‘zbek nasri jahon adabiyoti kontekstida” monografiyasi, iste’dodli adabiyotshunos Zamira Qosimovaning rus tilidagi “Milliy va jahon adabiyoti an’analari nuqtai nazaridan zamon va inson konsepsiyasi: A. Fitrat, A. Qodiriy, Cho‘lpon asarlari misolida” nomli doktorlik dissertatsiyasi, yosh adabiyotshunos Dilshoda Ibrohimovaing nemis tilida yozilgan va rus tiliga o‘girilgan “Xildenbrand haqida qo‘shiq asari, uning sharqona va g‘arbona mushtarak xususiyatlari (Matn strukturasi, qiyosiy tahlil muammolari)” mavzuidagi tadqiqoti xalqaro adabiy aloqalar borasida jiddiy samaralarga erishilayotganining dalolatidir.

Adabiyotshunos Ulug‘bek Saidovning “Sharq va G‘arb: madaniyatlar tutashgan manzillar” tadqiqotidan o‘rin olgan: “Fitrat va Milton yoxud o‘zgani tanish orqali o‘zlikni anglash”, “Attor va G‘arb falsafasi”, “Umar Xayyom va Dante falsafasida inson talqini”, “Tarixiy xotira va milliy o‘zlikni anglash”, “Barkamol avlod tarbiyasi – milliy yuksalish omili”, “Erkinlik g‘oyasi takomili” kabi fasllar falsafiy adabiyotning umumbashariy mohiyati to‘g‘risida, o‘tkinchi davrning azaliy va abadiy ziddiyatlari izdihomida inson tafakkurining ma’naviy-intellektual qadriyatlar, madaniy tarix yaratishi xususida bahs yuritadi.

Adabiyotshunos Murod Ibrohimovning “Adabiyot – mening borlig‘im” kitobidan o‘rin olgan “Rus adabiy-nazariy tafakkur tarixiga doir (XX asrgacha)” tadqiqotida olim jahon estetikasida muayyan bosqichni tashkil qilgan davriy hodisani yoritadi. Lomonosov, Belinskiy, Chernishevskiy kabi mutafakkirlar adabiy-estetik qarashlarini tadqiq etadi. Bu borada, “Realistik san’at qonuniyatlari”, “Go‘zallikning falsafiy-estetik talqini”, “Real tanqid va ijodkor dunyoqarashi”, “Xalqchillik nazariyasining mukammallashtirilishi”, “Adabiyotshunoslik sohalari aro sintezlashuv” singari boblar yuqori ilmiy-nazariy saviyasi bilan ajralib turadi.

Professor Muhammadjon Xolbekovning xalqaro adabiy aloqalar borasidagi salmoqli risola va monografiyalari (“O‘zbek adabiyoti Fransiyada”, “O‘zbek-fransuz adabiy aloqalari”) jamoatchilik nazariga tushgan edi. Keyingi yillarda taniqli olimning “Amir Temurning Yevropa qirollari bilan yozishmalari”, “Alisher Navoiy asarlari fransuz tilida” risolalari, “Jahon adabiyotida umuminsoniy tamoyillar” tadqiqoti ushbu yo‘nalishda yanayam sobitqadam izlanishlar olib borayotganligini tasdiqlaydi.

Bir-biridan uzoq hududlarda joylashgan xalqlar badiiy madaniyatining o‘zaro aloqalari, adabiyotlarning biri ikkinchisiga ta’siri, aks ta’sirlanish jarayonlari milliy ma’naviyatlar taraqqiyotini belgilash barobarida jahon adabiyotining ham sifat-mazmun jihatdan yangi takomil bosqichini tayin etadi, degan nuqtai nazar professor Muhammadjon Xolbekov tadqiqotlariga alohida fayz bag‘ishlaydi; ilmiy xulosalarining yangiligini, nazariy salmog‘ini ko‘rsatadi. Ushbu hodisaning tabiiy va qonuniy hosilasi tariqasida milliy ruhga tayangan bashariy qadriyatlarning yuzaga kelishi, shubhasizdir, deydi professor Muhammadjon Xolbekov.

To‘rtinchidan, o‘zbek adabiy-estetik tafakkurining jahon madaniyatida tutgan o‘rni, ijtimoiy-falsafiy qadri, ahamiyatiga oid tadqiqotlar ham alohida yo‘nalish kasb etdi. Bu – istiqlol yillari adabiyotshunosligimiz erishgan qutlug‘ samaralar sirasidandir.

Sharqning badiiy-falsafiy, ma’naviy ummonidan bahramand bo‘lgan san’atkorlar jahon madaniyati tarixida nihoyatda ko‘p. Ular qatorida Ovrupo tarixida muqaddas Qur’on oyatlaridan ta’sirlanib asar yaratgan, ilohiy hikmatlarni kashf eta olgan ijodkorlar ham bor. Gyotening “G‘arbu Sharq devoni”, Pushkinning “Qur’ondan iqtibos” she’riy turkumi fikrimiz dalilidir. Adabiyotshunos D. Qambarovaning “Qur’on baxsh etgan ilhom” monografiyasida Pushkinning “Qur’ondan iqtibos” asari Qur’onning arabiy matni, ruscha tarjimasi va Gyotening Qur’on ta’sirida yozgan she’rlari bilan qiyosiy tahlil qilingan.

Adabiy aloqa va ta’sir masalalari ijodkorlarning ongi-dunyoqarashidagi evrilishlar, badiiy asarlari poetikasi bilan bog‘liq kechishiga oid ilmiy ishlar ham nufuzlidir. Bu borada, R. Vohidov, M. Hoshimovaning “Adabiy qardoshlik sarhad bilmaydi”, K. Quramboyevaning “Mirtemir va qaroqalpoq adabiy muhiti” tadqiqotlarini ko‘rsatish joiz.

Beshinchidan, istiqlol sharofati bilan qodiriyshunoslik, fitratshunoslik, cho‘lponshunoslik alohida fan tarmoqlari sifatida yuzaga keldi, shakllandi. Va, bugungi kunda yangi-yangi tadqiqotlar bilan o‘z hadlarini kengaytirib bormoqda. Oybekning dastlabki tadqiqoti “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li” ushbu yo‘nalishga tamal toshini qo‘ygan edi. Akademik Izzat Sultonning “Yozuvchi Abdulla Qodiriy haqida” “Ulkan adib saboqlari”, “Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlari” asarlari, “Adabiyot nazariyasi” darsligining asosiy fasllari Abdulla Qodiriy ijodi tahliliga bag‘ishlangan; akademik Matyoqub Qo‘shjonovning “Abdulla Qodiriyning tasvirlash san’ati”, “Qodiriy erksizlik qurboni”, Ahmad Aliyevning “Abdulla Qodiriy”, “Ijod va izlanishlar” asarlari, professor Sobir Mirvaliyevning “Abdulla Qodiriy” tadqiqoti, professor Umarali Normatovning “Qodiriy bog‘i”, “Haqiqat taqozosi” badealari, professor Bahodir Karimning “Abdulla Qodiriy: tahlil va talqin” monografiyasi, Habibullo Qodiriyning “Otam haqida”, “Qodiriyning so‘nggi kunlari” asarlari qodiriyshunoslik takomilida fayzli o‘rin tutadi.

Oltinchidan, tarjimashunoslikda anchadan beri adabiy jarayonni ilmiy-nazariy umumlashtirishga qaratilgan salmoqli tadqiqotlar yaratilmayotgan edi. Professor Ninel Vladimirovaning “XX asr o‘zbek nasri ravnaqi va badiiy tarjima muammolari” (rus tilida) monografiyasi, atoqli adabiyotshunos, zakiy tarjimon Ibrohim G‘afurovning “Tarjimashunoslik asoslari” o‘quv qo‘llanmasi, Zuhriddin Isomiddinovning “Turkiy epos va tarjima masalalari” monografiyasi tarjimashunosligimiz tarixi va nazariyasini yaratishda salmoqli o‘rin tutadi.

Yettinchidan, hozirgi adabiy jarayon hodisalarini ijodiy shaxsiyatlar maydoni, mahoratshunoslik – badiiyat tarixi, hayotiy hamda ijtimoiy haqiqatlarning sintezi tariqasida nazariy umumlashtirish mayli ildiz otib bormoqda. Bu borada professor Naim Karimov qalamiga mansub “Qurbon Beregin” asarini, professor Umarali Normatovning “Ijod sehri”, adabiyotshunos Ibrohim G‘afurovning “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat”, “Dil erkinligi” asarlarini, professor No‘mon Rahimjonovning “Asqad Muxtor poetikasi”, “Tarixiy qissalar haqiqat izlaydi” (hammualliflikda), “Halima Xudoyberdiyeva lirikasi” (hammualliflikda), “Mustaqillik davri o‘zbek she’riyati” monografiyalarini, professor Qozoqboy Yo‘ldoshevning “Yoniq so‘z”, professor Yo‘ldosh Solijonovning “Haqiqatning sinchkov ko‘zlari”, professor Hakimjon Karimovning “Adabiyot nazariyasining ilmiy asoslari”, Dilrabo Quvvatovaning “XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek poemachiligida janr va uslub rang-barangligi”, Tohir Shermurodovning “Jozib izhor izlab” kitoblari, o‘nlab olimlarning risolalari, monografik tadqiqotlari ilmiy-adabiy jamoatchilik e’tiborini tortdi.

Taniqli adabiyotshunos, yozuvchi, tarjimon Ibrohim G‘afurov ikki jilddan iborat asarlarining yuksak ilmiy-nazariy, badiiy saviyasini alohida ta’kidlash joiz. “Hayo – xaloskor” kitobiga keyingi yillarda yozilgan mansuralari, mumtoz adabiyot, mumtoz siymolar, mumtoz tarix yo‘lidagi badealari, hikoyalari kiritilgan. Muallif mo‘jaz lirik asarlarini: “mening romanlarim”, deb ataydi. Darhaqiqat, ular rang-barang hayot, g‘aroyib inson umrlarining har soniyasida bo‘lib turgan, hali yozilmagan, lekin, asli mo‘jizaga teng jonli romanlarning qaymog‘i, javhari kabi go‘zal taassurot qoldiradi. Ularda davr ichida o‘rtanayotgan, boy kechinmalar botinida yashayotgan, insonlikning asl ma’nosini qidirayotgan zamondoshimiz gavdalanadi. U o‘quvchini go‘zal ko‘ngil va go‘zal aql dunyolarida tinimsiz ro‘y berayotgan ajib fikrlar, go‘zal tuyg‘ular bazmiga chorlayotgandek bo‘ladi.

“Mangu latofat” kitobidagi “Millatning billurlashuvi” faslida millatning tug‘ilishi, shakllanishi, milliy ongning uyg‘onishi va juda murakkab, qiyin tarixiy, ijtimoiy jarayonlarda o‘zini tanishi, hozirgi zamon dunyosiga kirib borishi haqidagi najib kuzatishlari, o‘y-xayollari aks etgan risolalari (“Adiblar gulshani”, “Axloqni sog‘inish”) jamlangan. Adabiy-badiiy badealarida axloq, ma’naviyat, insonning hozirgi zamondagi o‘rni to‘g‘risida bahs yuritiladi. Dostoyevskiy “dunyoni go‘zallik qutqaradi”, degan umidbaxsh hikmatni aytgan edi. Ibrohim G‘afurov Dostoyevskiyga payrov bo‘lib, dunyoni aslida hayo, odob va axloq qutqaradi, degan g‘oyani ilgari suradi. Muallifning chuqur e’tiqodiga ko‘ra, “mangu latofat” bu – hayo, odob va axloqdir. Qalbimizda mujassam mangu go‘zal, samoviy axloq insonning insoniyligi uchun yagona mezondir.

Sakkizinchidan, shonli istiqlol yillari so‘z san’atkorlari shaxsiyati bilan badiiyati, asarlarining yaratilish tarixiga oid adabiy ijod psixologiyasi yangi yo‘nalish sifatida sobit qadamlarini tashladi. Bu borada, ustoz adabiyotshunos Ozod Sharafiddinovning “Cho‘lponni anglash” asari, Naim Karimovning “Cho‘lpon” ma’rifiy-biografik romani, No‘mon Rahimjonovning akademik Izzat Sulton dramalarining yozilish tarixiga, adabiy-estetik qarashlariga oid “Badiiy asar biografiyasi” tadqiqot-qo‘llanmasi, Sh. Ergashevaning Saida Zunnunova lirikasi bilan dostonlari yaratilishiga bag‘ishlangan “Ko‘ngilning mohipaykari” risolasini ta’kidlagim keladi.

To‘qqizinchidan, adabiyotshunoslik ilmida atoqli adiblar va adabiyotshunoslar haqidagi xotiralar yangi bir tamoyil tariqasida takomillashib bormoqda. Mazkur yo‘nalishning yangiligi, fazilati shundaki, ijodkor shaxsiyati, iste’dodi va asarlarini milliy-bashariy qadriyat tarzida o‘rganish, baholash madaniyati yuz ko‘rsatdi.

Yana bir xususiyat bu – adiblaru olimlarning adabiy-estetik, falsafiy, ma’rifiy-axloqiy qarashlarini davr-jamiyat-ijtimoiy voqelik bilan yaxlit birlikda yagona jarayon sifatida yondashish, tahlil qilish, umumlashtirish mayli bo‘rtib ko‘zga tashlanadi. Bu borada “G‘afur G‘ulom zamondoshlari xotirasida”, Maqsud Shayxzodaning 100 yilligiga atalgan “Zamon allomasi”, “Asqad Muxtor zamondoshlari xotirasida”, “Shuhrat zamondoshlari xotirasida”, “Shukur Xolmirzayev zamondoshlar xotirasida”, “Bolajonlik saodati” (Safar Barnoyev zamondoshlari xotirasida), “Professor G‘affor Mo‘minov dildoshlari xotirasida”, “Professor Asil Rashidov do‘stlar nigohida”, “Sobitlik” (professor Hamidjon Homidiy haqida), “Ko‘ngil sezib turar” (professor Pirmat Shermuhamedovga oid), Umrzoq O‘ljaboyevning “Xotiraga ko‘chgan umrlar” majmualari ahamiyatlidir.

O‘ninchidan, adabiyot haqidagi fan taraqqiyotida adiblarning adabiy-estetik qarashlari ham salmoqli o‘rin tutadi. Erkin Vohidovning “Iztirob”, Abdulla Oripov tanlangan asarlarining to‘rtinchi jildi hamda “Adolat ko‘zgusi” majmuasi mundarijasini belgilagan adabiy-tanqidiy maqolalar, Muhammad Alining “Oshiq bo‘lmay haq diydorin ko‘rsa bo‘lmas”, Mirpo‘lat Mirzoning “Surur”, Ulug‘bek Hamdamning “Badiiy tafakkur tadriji” asarlari adib shaxsiyati, iste’dodi va ijodining hayotda, jamiyatda nechog‘liq muhim o‘rin tutishi, asarlarining badiiyati, mahorati xususida so‘z yuritadi. Yana shuni ta’kidlash lozimki, Zulfiya, I. Sulton, Shukrullo, R. Bobojon, H. G‘ulom, O. Yoqubov, P. Qodirov, M. Qoriyev, O‘. Umarbekov, U. Nazarov, Sh. Xolmirzayev, O‘. Hoshimov. O. Muxtor, I. G‘afurov. X. Do‘stmuhammad, A. Dilmurod, I. Otamurod, N. Eshonqul singari shoir-yozuvchilarning badiiy ijod sirlari, adabiy jarayon psixologiyasi, adabiy mehnat va badiiy mahorat, so‘zning ijtimoiy ahamiyati va estetik ta’sir salohiyati, badiiy idrok va ifoda san’ati, tasvir usullari va imkoniyatlariga doir suhbatlari, chiqishlari, maqolalari ham adabiyotshunoslikning nazariy masalalarini o‘rganishda salmoqli o‘rin tutadi.

So‘z san’atida azal-azaldan yozilmagan bir qonuniyat bor. Xususan, katta adabiyotni benazir iste’dod egalari – katta shaxslar yaratadi. Bu narsa, avvalo, so‘z san’atkorining iste’dod darajasi va shaxslik miqyosi, nuqtai nazari bilan adibning estetik g‘oyalari, qarashlari badiiy obrazlarga singdirilgan holda ifodalangani bois, yuksak qadr-qimmat topadi. Betakror mazmun-mohiyat kasb etadi. Estetik hodisa sifatida badiiy madaniyatda yangi sahifa bo‘lib qoladi. Fitrat, A. Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek. M. Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, I. Sulton, A. Muxtor, O. Yoqubov, P. Qodirov, U. Nazarov, R. Parfi, Sh. Xolmirzayev, O‘. Hoshimov, A. Oripov, J. Kamol, N. Aminov singari ijodkorlar ijodi nafaqat turkiy xalqlar adabiyotida, shuningdek, jahon badiiyatida ham betakror go‘zallik hodisasidir, degan nuqtai nazar olimlarimiz ijodiy izlanishlari mehvarini tashkil qiladi.

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqadigan ayrim xulosalarimiz quyidagilardan iborat:

  1. Adabiyotshunosligimizda adabiy hodisalarni, badiiy asarlarni, ijodkor fenomenini ma’naviy madaniyatning, milliy qadriyatlarning o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘lishi tariqasida o‘rganish, baholash, ilmiy xulosalar chiqarish tamoyili qaror topdi.
  2. Adabiyotshunoslikning ham adabiyot va san’at singari davr didini, millatning badiiy-estetik saviyasini, jamiyat ma’naviyatini kamol topdirishda betakror o‘rni bor. Ilm ahli o‘z zamonasidagi ana shu yuksak mas’uliyatni teran anglagan holda, adabiyotni, madaniy-tarixiy-diniy merosni umubashariy qadriyat sifatida o‘rganishi, baholashi, asnosida, nazariy umumlashtirish madaniyati tobora takomillashib bormoqda.
  3. Keng o‘quvchilar ommasi ilm ahlidan, avvalo, badiiy asar va yozuvchi fenomenini tushuntirib berishini kutadi. Shu ma’noda, ana shu bir-biri bilan uzviy bog‘liq ikki hodisa millat tarixiy taraqqiyotining muayyan bosqichidagi madaniyatining, ma’naviy-intellektual darajasining bir belgisidir, degan tamoyil yetakchilik qilmoqda. Badiiy adabiyotning umumiy holati adabiyotshunoslik ilmining ham darajasini belgilab beradi. Tarix, falsafa, din, san’at, kino, teatr, musiqa, tasviriy va amaliy san’at ijodkor shaxsiga nechog‘liq katta ta’sir ko‘rsatayotgan paytda, asarlarni ana shu omillar sintezi sifatida o‘rganish, o‘zlashtirish tamoyili kuchaydi. Tarixiy, qiyosiy, biografik tahlil metodi tobora ustuvor mavqe kasb etib bormoqda.

Endi, kemtikliklar, yetishmovchiliklar haqida bir-ikki og‘iz mulohaza.

Birinchidan, yosh tadqiqotchi yoxud atoqli olim bo‘ladimi, u yoki bu masala xususida ilmiy ish yozishga taraddudlanar ekan, izlanishni bibliografiya tuzishdan boshlaydi. Shu ma’noda, bibliografiya ilmiy tadqiqotning bismillosi, deyish mumkin. Taniqli adabiyotshunos Sherali Turdiyev bilan Boyis Qoriyev (Oltoy)ning “O‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligi bibliografiyasi” (1900–1941 yillar)ning to‘ldirilgan ikkinchi nashri yuzaga keldi. Albatta, u bibliografik ko‘rsatkichlarga bo‘lgan katta tashnalik oldida bir tomchi, xolos. Vaholanki, nasr, nazm, dramaturgiya va hokazo adabiyotning barcha tur hamda janrlari bo‘yicha yaratilgan adabiyotshunoslik tadqiqotlariga, gazeta va jurnal maqolalari jamlangan bibliografiyalarga nisbatan ma’naviy-intellektual ehtiyoj hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda.

XX asr tongidan bugungi kungacha vaqtli matbuotda, davriy nashrlarda e’lon qilingan adabiyotshunoslik va tanqidchilik asarlari bibliografiyasini yaratish bugungi kunning eng muhim talablaridan biridir.

Ikkinchidan, Ninel Vladimirovaning “XX asr o‘zbek nasri rivoji va badiiy tarjima muammolari” tadqiqoti bilan Ibrohim G‘afurovning “Tarjimashunoslik asoslari” o‘quv qo‘llanmasi tarjimashunoslik tarixi va nazariyasini yaratishda nufuzli o‘rin tutadi. “Jahon adabiyoti” jurnalining tashkil etilganiga ham yigirma yil bo‘layapti. Shu orada, jahon klassikasining barkamol namunalari o‘zbek kitobxonining ma’naviy mulkiga aylandi. Homerdan tortib Platon, Aristotel, Dante, Shekspir, Tolstoy, Dostoyevskiy kabi jahon badiiy so‘z sehrgarlarining, Konfutsiy, Nizomiy, Dehlaviy, Rumiy, Attor singari Sharq ma’naviyati gultojlari milliy madaniyatimizdan sobit o‘rin oldi. Badiiy-ilmiy asarlar tarjimasining ulkan xirmoni ko‘tarildi. Va, lekin, keyingi yillarda Ibrohim G‘afurovning muqaddas “Qur’oni karim”ning to‘rt muallif tomonidan amalga oshirilgan o‘ziga xos tarjimalarining ma’nolar teranligiga bag‘ishlangan muhtasham tadqiqotidan bo‘lak, madaniy hayotimizda iz qoldirgan chiqishlar kuzatilmayapti. Asliyatlardan (ingliz, fransuz, nemis, ispan, arab, xitoy, yapon, hind tillaridan) tarjima qilayotgan tarjimonlarning yangi avlodi yetishdi. Bu mustaqillikning betimsol sharofatidir. Endilikda, tarjimashunoslarning yangi avlodini tarbiyalash, voyaga yetkazish vazifasi turibdi. Ilmimizda tarjimashunoslikni mustaqil fan sifatida namoyon etish mas’uliyati ham bor.

Uchinchidan, badiiy-estetik tafakkurning boshqa fan sohalari bilan aloqasi kuchayishi natijasida, ushbu yo‘nalishlar bilan bog‘liq ko‘plab yangi terminlar paydo bo‘ldi. Absurd, absurd san’at, avangardizm, aksiologiya, aleatorika, analitik estetika, antifazis, antromorfizm, apokalipsis, assotsiatsiya, asteizm, astrofizm, atributsiya, attikizm va hokazo. Adabiyot nazariyasi, estetika, falsafa bilan bog‘liq adabiyotshunoslik terminlarining qomusiy lug‘atlarini yaratishdek g‘oyat samarali va zavqli, mashaqqatli yumushlar ham adabiyotshunosligimiz zimmasida.

Xullas, adabiyotshunoslik ilmini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish borasidagi sharafli izlanishlar uning kelajagiga katta umid uyg‘otadi.

 

No‘mon RAHIMJONOV,

professor

 

“Sharq yulduzi”, 2011–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.