Absurddagi maʼno va maqsad

0
82
marta koʻrilgan.

Absurd haqida qachon, qayerda, qanday davrada gap ketsa, birinchi galda, u hayotning maʼnisizligini, yashashning qizigʻi yoʻqligini targʻib qiluvchi adabiy oqim ekanligi taʼkidlanadi. Shunda beixtiyor xayolimizga “Agar absurd, chindan ham, hayotning maʼnisiz, turmushning tuturuqsiz ekanligini targʻib qilsa, adabiyotning maʼnisizlik, mantiqsizlikni tasvirlashidan, targʻib qilishidan nima foyda? Axir, har qanday adabiy asar insonni hayotdan zavqlanishga, oʻz orzu-niyatlariga yetishga, maʼlum maqsad bilan yashashga va unga erishish uchun kurashishga undashi shart emasmi? Bu vazifasini bajara olmasa, uning insoniyatga nima keragi bor?

 U holda adabiyot oʻzining insonshunoslik mohiyatidan uzoqlashib ketmaydimi? Axir, Yaratguvchi zot oʻz bandasiga soʻzlash va fikrlash qobiliyatini bejiz ato etmagan-ku? Taqdirini aql tarozusiga solib, fahm-farosat bilan ish tutsa boʻlmaydimi? Umidsiz yashash mumkinmi?” degan talay savollar keladi. Jumladan, bu savollar meni ham koʻp qiynaydi va ularga javob topishga tinimsiz urinaman. 

Ammo absurd taʼlimoti haqidagi ilmiy manbalar kamligi, borlari ham bir-birini inkor etishi, fikrlarning xilma-xilligi, yetarli asoslanmaganligi kishini qoniqtirmaydi. Bu haqda maʼlumot olishni istaganlar asosan Frantsuz adibi va faylasufi Alber Kamyuning “Sizif haqida afsona” deb atalgan essesini tanlaydilar. Chunki bu asar absurd mohiyati toʻgʻrisida ham nazariy, ham badiiy usulda yetarli maʼlumot bera oladi. Shunga qaramay, baribir, kitobxon qalbida yanada koʻproq bilish, Sizifning maʼnisiz ishni amalga oshirish uchun nega uringanligini anglashga ehtiyoj tugʻilaveradi.

Xayriyatki, mana shu maʼnaviy ehtiyojni qondirishga yordam beradigan kitob oʻzbek adabiyotida ham paydo boʻldi! Uni mutolaa qilgan oʻquvchi absurd nima, uning mohiyati, absurd qahramon, absurd asar qanday boʻlishi kerakligini anglab olishi mumkin. Bu asar isteʼdodli yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammadning “Donishmand Sizif” romanidir. Chunki bu asar yozuvchi tomonidan absurd nazariyasi va amaliyotiga oid koʻplab ilmiy hamda adabiy manbalarni sinchiklab oʻrganish, oʻzaro taqqoslash, tahlil etish samarasi sifatida dunyoga kelganligi sezilib turibdi. Voqelik va muammoga ham olim, ham ijodkor nigohi bilan yondashgan X.Doʻstmuhammad Alber Kamyuning gʻoyaviy niyatlarini Sizif obrazi orqali yanada kengaytiradi, uning xarakteriga yangicha fazilatlarni qoʻshadi, boyitadi, badiiy jihatdan isbotlab beradi. Natijada absurd taʼlimoti maʼnisizlik targʻibotchisi emas, aksincha, hayotni maʼno va mazmun bilan boyitish insonning oʻziga bogʻliq ekanligini, buning uchun u umid bilan yashashi, fikr qilishi lozimligini bilib olamiz. Asar ana shu gʻoyaviy niyatni oʻziga asos qilib olganligi va badiiy jihatdan ishonarli ifodalab bera olgani bilan ham qimmatlidir. 

Kamyuning “Sizif haqida afsona” essesi bilan “Donishmand Sizif” romanini taqqoslab oʻqish absurd mavzusining mohiyatini chuqurroq anglab yetishga imkoniyat yaratadi. Muallifning oʻzi ham Sizif xarakterining shakllanishini, donishmandlik darajasiga koʻtarilish jarayonini tasvirlashda Kamyuning falsafiy qarashlariga asoslanganligi voqealar davomida aniq seziladi. Asar markazida xudolar qahriga uchragan birgina Sizifning taqdiri turadi. Maʼlumki, Kamyu Yunon mutafakkirlari va Yevropa olimlaridan farqli oʻlaroq, xarakteridagi oʻjarlik, qaysarlik, boʻysunmaslik odatlarini asragan holda Sizifni birinchi galda Inson sifatida qabul qiladi: “Men tuganmas azob-uqubatlari tomon horgʻin, biroq shaxdam qadamlar bilan tushib kelayotgan ODAMni koʻrib turaman, — deb yozadi Kamyu. — U shu paytda nimalarni oʻylayotgan ekan? Shu asnoda nafas olishi bilan hamohang ravishda uning ongi ham uygʻona boshlaydi. Quyiga, xudolar tomonidan mangu inʼom etilgan gʻoriga qaytar ekan, Sizif har daqiqada oʻz qismatidan yuqoriga koʻtariladi. U oʻz toshidan ham qattiqroq irodaga ega boʻla boshlaydi”. 

Xurshid Doʻstmuhammad Sizifni xuddi Kamyu taʼriflaganidek, ongining shakllanishi jarayonini ifodalashga koʻproq eʼtibor beradi. U ahdidan qaytmaydigan qatʼiyatli, yuksak irodali inson sifatida tasvirlanadi. Hukmni ijro etishga kirishar ekan, “Men insonman! Meni yengib boʻlmaydi! Zinhor yengilmayman!” deya ahd-paymon qiladi. “Xarsangtoshni ho-ov anavi choʻqqiga olib chiqish uning yagona maqsad-maslagiga, umrining maʼno-mazmuniga aylanib” qoladi. U “shu xarsangga kuchi yetmay magʻlub boʻlishini tasavvuriga sigʻdirolmaydi, zinhor-bazinhor sigʻdirolmaydi ham! Mana shu baqaloqqa kuchim yetmasa, insonligim qayda qoladi” degan gapni qayta-qayta takrorlayveradi. Muallif qahramon tabiatidagi bu fazilatni “Sizif shunaqa inson. Nimagaki qoʻl ursa, dadil va ishonch bilan kirishadi” degan taʼrif bilan yanada mustahkamlaydi. 

Absurd qahramon maʼnisiz hayotni mazmun bilan boyitish uchun qatʼiy iroda va yuksak aql-farosat bilan ish tutishi lozim. Shu maʼnoda yozuvchi oʻz Sizifini gʻoyat irodali inson qiyofasida aks ettiradi: “Sizif uchun oʻz irodasidan boʻlak madadkor, xaloskor yoʻq edi”. Iroda esa insonda sabr-toqat, bardosh tufayli shakllanadi. Agar Sizifdan “kimdir isming nima deb soʻrasa, hech ikkilanmay, ismim matonat yoki ismim bardosh” deb javob bergan boʻlardi. Ana shu irodasi, sabr-bardoshi tufayli u “arslon — izidan, erkak — soʻzidan” qaytmaydi deya ishga astoydil kirishadi va gʻolib chiqadi. Tabiatidagi bu fazilat Sizifni oʻzbek oʻquvchisiga yanada yaqinlashtiradi. Chunki oʻzbek millatiga xos ahd-paymonli yigitgina shu maqolni shior qilib olishi mumkin.

Sizifning ongi, tafakkuri asosan xarsangtosh bilan muloqotda kamolga yetadi. Uningcha “toshda ham fikr va ruh mavjud”. U bilan suhbat Sizifga “anglash, idrok etish imkonini” beradi. Toshni tepalikka dumalatib chiqish, uning ortidan yana quyiga tushishda “istaydimi-yoʻqmi, oʻy-xayoli tinim bilmaydi, ushbu tinimsizlikdan taskin topadi”. Ana shu tinimsiz mashgʻulot Sizifning “feʼli-xoʻyini oʻzgartirdi, u boshqacha odam, boshqacha inson”ga aylandi. Tafakkuri doimiy harakatda boʻlganligi tufayli Sizif oxir oqibatda donishmandlik choʻqqisini zabt etadi. Tosh bilan muloqot va tinimsiz mashaqqatli mehnat Sizifning hayotiga mazmun, quvonch olib kirdi.

Asar voqealari Sizif — insonning mashaqqatli mehnat tufayli gʻalaba qozonishi, makkor Zevs boshchiligidagi xudolar hukmini muvaffaqiyat bilan bajarganligi sahnasi bilan tugaydi. Sizif bir tomondan maʼbudlarning hukmini ado etgani uchun quvonadi, faxrlanadi. Ikkinchi tomondan, qilgan ishidan qoniqmaydi. Axir, u “yumaloq, dumaloq, yapaloq xarsangtoshni” butunicha baland qoyaga dumalatib olib chiqishi lozim edi-da! Tosh esa dumalayverib-dumalayverib, insonning irodasi, sabr-toqati va mashaqqatli mehnati oldida yengilib, parchalanib ketadi. Sizif ana shu parchalarni koʻtarib tepalikka olib chiqib oʻrnatadi. Zero, yozuvchi X.Doʻstmuhammadning oʻjar, qaysar Sizif haqida roman yozish istagi ham ana shu gʻoya bilan hamohangdir. Bu bilan adib “Tinimsiz mashaqqatga, jamiki uqubatga” yolgʻiz inson chidashi, bardosh berishi mumkin, ammo na tosh, na temir, na metin, na boshqa mavjudot dosh berolmaydi degan gʻoyani ilgari suradi va yana insonning yengilmas irodasi, sabr-toqati, qatʼiyati kabi fazilatlarini ulugʻlaydi. 

“Donishmand Sizif”da bu dunyo oʻtkinchi, unda shaxsiy manfaatlar quliga aylanmaslik, aksincha, oldingga aniq maqsadni qoʻyib, kuchli iroda bilan yashasang, albatta murodingga yetasan, degan yuksak falsafiy gʻoya ilgari suriladi. Shu jihatdan bu asarni tom maʼnodagi falsafiy-intellektual roman deb atash mumkin. U oʻquvchini jiddiy mushohada va mulohazaga undaydi. Sizif timsolida yozuvchi “Odam yengilmadi, tosh yengildi, toshga qoʻshib togʻ yengildi, choʻqqi yengildi, maʼbudlarning maʼbudi yengildi” degan muhim gʻoyani ilgari suradi. Sizif chindan ham mashaqqatli mehnati tufayli gʻalaba qozonadi. Uning bu gʻoliblik gʻururidan oʻquvchi “Mehnat mashaqqatidan odam oʻlib qolmasligiga amin boʻl(a)di. Mehnat qilgan yashaydi. Baxt — mehnatsevarniki, mehnat mashaqqatlaridan qoʻrqmaganniki” ekanligiga ishonadi. 

Xullas, Xurshid Doʻstmuhammadning “Donishmand Sizif” romanini oʻqib, absurd hayotning maʼnisizligi, yashashning mantiqsizligini targʻib etuvchi, shu gʻoyasi bilan insonning hafsalasini sovutishga xizmat qiluvchi tushkunlikka asoslangan oqim emas, balki umid bilan yashagan odam maqsadiga albatta erishadi degan qutlugʻ gʻoya targʻibotchisi ekanligiga amin boʻlamiz. Chunki Kamyu ham, X.Doʻstmuhammad ham insonning bu maʼnisiz dunyoda umid bilan yashashi lozimligini taʼkidlaydilar. Zero, umidbaxshlik absurd taʼlimotining muhim qirrasini tashkil etadi. Buning yorqin misoli umidini soʻndirmay gʻalaba qozongan Sizifdir. Umid, aniq maqsad bilan yashashga intilish, iroda va mehnatsevarlik unga baxt va omad keltirdi. Romanning muhim tarbiyaviy ahamiyati ham ana shundadir.

 

Yoʻldosh SOLIJONOV

filologiya fanlari doktori, professor

 

uzhurriyat.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.