Abdurahmon Akbar

0
159
marta ko‘rilgan.

Abdurahmon Akbar 1962-yilda Yangiyo‘l tumani Niyozbosh qishlog‘ida tavallud topgan. U 1987-yilda hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. A. Akbar “Kichkintoy va paxtaoy”, “Ehtiyotkor toshbaqa”, “Uyquchining tushlari” kabi o‘ndan ortiq she’riy kitoblar muallifi.

Abdurahmon Akbar ijodi rang-barang mavzuda, shirali, ta’sirli yozilganligi bilan ajralib turadi. Aksariyat she’rlarining qahramonlari ko‘ngillari osmon kabi musaffo, shaloladek quvnoq, orzulari buloqlar suvidek toza, shamoldek tinim bilmaydigan bolakaylar ekanligining guvohi bo‘lasiz.

Kichkintoylar dunyoni o‘zgacha idrok qiladilar. Kattalar uchun oddiy tuyulgan narsalar ular ko‘z o‘ngida fojiali ko‘rinishi, kattalar uchun og‘riqli va armonli tuyulgan yechilmas masalalar esa ular nazarida oddiy, yechimini topishi qiyin emas. Masalan, mana bu she’riy parchadagi kabi:

Meni ko‘rsa tog‘amning ko‘zlariga yosh kelar,

Botirim, polvonim deb opichlab yurar uzoq.

Yoshi dadajonimdan ancha kichik bo‘lsa-da,

G‘o‘zasi kabi rangpar, paxtasidek sochi oq.

Ona, tog‘amning nega bitta ham bolasi yo‘q?

Qiliqlari, yuzlari menga rosa o‘xshaydi,

Menga o‘xshab arazchi, menga o‘xshab hazilkash.

Ammo bitta gapiga sira tushunolmayman,

Nimaydi, ha, “Bunchalar, bunchalar qiyin yashash?”

Ona, tog‘amning nega bitta ham bolasi yo‘q?

Shoirnnig “Iltimos” deb atalgan she’rining adabiy qahramoni tog‘asining ushalmagan armoniga mana bu yo‘sinda nuqta qo‘yishga bel bog‘laydi:

Ertakdagi parilar sarvqomat desalar,

Ulardan go‘zal derdim Lobaroy kennoyimni.

Kasal bo‘lib qolasiz yig‘layversangiz agar,

Desam ham ko‘zin yoshlab solib berdi joyimni,

Ona, tog‘amning nega bitta ham bolasi yo‘q?

Akam, opachalarim xafa bo‘lishsa bo‘lar,

Mening aytganimga ham bir borgina kiringlar,

Ko‘nmasangiz agarda uydan qochib ketaman,

Meni kichik tog‘amga o‘g‘il qilib beringlar.

Ona, tog‘amning axir bitta ham bolasi yo‘q.

Bu Abdurahmon Akbarning armon haqidagi she’ri:

A’lochi qiz edi Nigora,

Darslaridan sira qolmasdi.

Ahvol so‘rab borgan paytimiz –

U o‘rnidan tura olmasdi.

Shoir she’rlarining ikki xususiyati mazkur satrlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Birinchisi: Nigoraning darslardan sira qolmasligi, lekin uning yura olmasligi zamirida ilojsizlik, taqdirning achchiq haqiqati yotadi. Va ikkinchi xususiyat – bolalar she’riyatida ham tabiat tasvirini voqealar rivoji bilan uyg‘unlikda berish:

Sog‘aymadi sinfdoshimiz

Oxirgi kun qorayganda qosh.

…Derazada bizlar keltirgan

Atirgullar qolgandi so‘lib…

Armon va ilojsizlikka she’rning so‘nggi misralari go‘yo so‘nggi nuqtani qo‘ygandek bo‘ladi:

Ko‘zimizni qizartirdi g‘am,

Qalbimizdan armon ketmadi.

Ko‘taraylik tobutin desak,

Bo‘yimiz yetmadi, yetmadi…

Bu kabi qarama-qarshiliklar ko‘plab shoirlarning ijodiga xos. Asosiy fikr bu emas. Asosiysi shundaki, Abdurahmon Akbar o‘z ijodiy izlanishlari bilan hozirgi zamon o‘zbek bolalar she’riyatiga lirik kayfiyat va bola kechinmalarini qahramon tilidan berishning o‘ziga xos uslubini olib kirdi.

Shoir “Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinar” nomli she’rida bolakaylarni mard, botir va ziyrak bo‘lishga da’vat etadi:

Kech kirib, ko‘kda hali

Oy kezmagan pallada,

Norni kuchuk quvlabdi

Sukut to‘la dalada.

Yetib olsa tishlaydi

Degan xayolga borib,

Chopibdi Nor bechora

Oyog‘in qo‘lga olib.

Ortda qolibdi dala,

Ortda qolibdi ariq.

Toshko‘chaga yetganda

Toyib ketibdi qattiq…

Ko‘zin ochib qarasa,

Yuragi urib duk-duk,

O‘zin Laychasi emish

O‘sha… “quvlagan” kuchuk.

Taniqli adabiyotshunos Rahmatilla Barakayevning Abdurahmon Akbar ijodiga bergan bahosi ham e’tiborga loyiq. Muallif “Istiqlol davri bolalar adabiyoti: an’ana, vorislik va izlanish” nomli tadqiqotida shoir ijodining quyidagi qirrasiga alohida e’tibor qaratadi: “Abdurahmon Akbarning mumtoz adabiyotimizdagi qofiyali nasr (saj)ni eslatuvchi “Shoir dadam haqida she’riy hikoyalar” turkumini she’riy shaklga sig‘magan fikrlar tizimi deyish to‘g‘riroq bo‘lar edi. Abdurahmon bu she’rlari bilan bolalar adabiyotimizga fikrlovchi, o‘ychan bola timsolini olib kirdi. Besh she’riy hikoyadan tarkib topgan turkum shoir dadasining armon-u iztiroblarini, dard-u tashvishlarini eshitib qolib, jajji yuragiga sig‘dira olmay, to‘lqinlanib so‘zlayotgan bolakay tilidan hikoya qilinadi. Jumladan, “Dadamning qalbi” she’riy hikoyasida shunday deyiladi:

“Armon uyasimish dadamning qalbi, dadamning qalbida kularmish sevinch. Dadamning qalbida ummon bor emish. Bor emish dadamning qalbida ilinj.

Yozgan uch-to‘rt she’ri dadam qalbining topgan quvonchi-yu ozori emish. Dadamning yuragi dunyo ko‘rmagan sonsiz fikrlarning mozori emish…”

Ichki qofiyalanishga uyg‘un bo‘lgan so‘z takrorlari va bolakayning mo‘jaz taxayyul olamiga sig‘magan nogahoniy qiyoslar ushbu turkumga mansub she’riy hikoyalarning shaklan va mazmunan mukammalligini ta’minlaydi.

A. Akbarning shakliy izlanishlari ham e’tiborga molik. Uning raqamli she’rlari kichik maktab yoshidagi bolalar she’riyatini yangicha shakl va mazmun bilan boyitdi:

Aka, qanday yuribsiz,

Soz ketyaptimi xizmat?

Askarlikka ko‘nikib

Ketgandirsiz batamom.

Buvim, qo‘ni-qo‘shnilar

Sizga yo‘llashdi salom.

Q3oq-q3oq ch3moma

Terib qaytsak adirdan.

Ko‘chamizni nomlashib,

Ketishibdi yangidan.

Ul. Zarechnaya” emas,

Bilib qo‘ying, aka, siz,

Endi bizning uy-hovli

1lik” ko‘cha, 18!

Paxtakor” ham ketma-ket

Q3ib turibdi zafar.

lmas, 3ta, to‘p urdi

Ilhom kechagi safar…

(“Salom xat”)

Sinchkov bolalarning tiyrak nigohi bahorda tabiatning gul ochib yangilanishi, adirlardan bolalarning zavq-shavq bilan quchoq-quchoq chuchmomalar terib kelishlari bormi, Mustaqillik sharofati bilan ko‘chalarimiz nomlari milliylashgani (“3apeuHan” emas – “Birlik”) bormi, “Paxtakor”ning ketma-ket zafar quchayotgani bormi, aslida yosh bola qiyofasiga musavvir shoirning g‘aroyib mo‘yqalami chizayotgan turfa chizgilardir…

Bunday she’riy usul o‘zbek bolalar adabiyoti uchun yangilik. Bu she’rlarning o‘ziga xosligi haqida fikr yuritilganda, dastavval, ijodiy izlanish mahsuli sifatida baholash joiz. Zero, yosh kitobxon she’r o‘qir ekan, hatto uning g‘ayritabiiy shaklidan ham zavq topadi. Harflar raqamlar bilan uyqalashib ketgan bunday she’riy usul yosh kitobxon uchun ham hayratli, ham qiziqarli topilma.

Shoirning ijodini kuzatgan adabiyotshunos Zamira Ibrohimova Abdurahmon Akbarning hayotiy voqea va xayoliy tasavvurlardan ta’sirchan manzaralar yaratgani haqida, jumladan, shunday yozadi: “Bu manzaralar xuddi aqlli farzand oilaga fayz-baraka, ota-onaga rahmat olib kelganday, ko‘ngillarda mamnuniyat tuyg‘ularini paydo qilib, yosh kitobxonning xayolot olamini boyitadi, kengaytiradi: o‘quvchi chirildoqlarning sokin oqshomni to‘ldirib kuylashlarida osoyishtalik gashtini anglagandek, yog‘gan yomg‘ir tomchilaridagi mo‘jizani tuygandek, asalari, chumolilarning mehnatiga xos go‘zallik, fayzziynatni ko‘rgandek bo‘ladi”.

Yetti qalam, yetti rang,

Yetti ohang – kamalak.

Qayerlarda yuribsan,

Quyosh – sochi jamalak?

Qalamlaring topildi,

Qalamdonni qo‘yatur,

Kel, quyoshjon, tezroq kel.

Rasm chizib ber bizga,

O‘chirg‘iching bo‘lar yel…

Million yilki, ahvol shu,

Yerliklar kutib tolar.

Qalamlar bor paytda

Quyosh “yo‘qolib” qolar.

Bulut – qog‘oz ham tayyor.

San’atingdan bahramand

Bo‘laylik bizlar bir bor.

(“Kamalak”)

Bolalar olamida mayda va ahamiyatsiz narsalar uchramaydi, ya’ni kattalar mutlaqo nazarga ilmaydigan, e’tibor bermaydigan, ular uchun ahamiyatsiz ko‘ringan narsalar bola nazarida o‘zgacha, ajib bir qiyofada jonlanadi. Masalan, jajji Zeboxon birinchi marta qo‘shaloq giloslarni ko‘rib, ularning o‘rtoq bo‘lib olishganidan (“O‘rtoqlar”) quvonadi. Yoki Sevinchoy issiq choydan ko‘tarilayotgan bug‘ni ko‘rib “choyim uchib ketayapti” deb (“Sevinchoy haqida she’r”) hayratlanadi. Yulduzoy esa o‘ziga yoqqan fasl haqida samimiyat bilan “Yozda yoz fasli, kuzda bo‘lsa kuz” (“Eng to‘g‘ri javob”) deb ko‘nglidagini aytadi.

Darhaqiqat, ularning dunyosida yolg‘on yo‘q. Shoir bolalikning musaffo olami har kuni quvonchlarga, kashfiyotlarga to‘liq ekanligini nozik did bilan kuzatadi va mahorat bilan badiiy qiyofalarda gavdalantiradi: Gilos qoqib bergandim Zeboxonga erinmay.

Oldiga qo‘shalog‘i

Qarang, tushib qolibdi.

Qiqirlar Zebogina

Ularni qo‘ldan qo‘ymay:

Dada, giloslarimiz

O‘rtoq bo‘lib olibdi!

(“O‘rtoqlar”)

Shoir ko‘pgina she’rlarida hayotning “anglab bo‘lmas murakkab” tomonlari haqidagi fikrlarni ilgari surishga intiladi. “Yolg‘iz farzand”, “Umid haqida she’r”, “Iltimos”, “Chivin” kabi she’rlarida nafaqat tabiatni, bolalarni ham asrash, qadrlash kerakligi kuyunchaklik bilan uqtiriladi. Bu she’rlarga xos umumiy xususiyat shundaki, ularda kattalar adabiyoti mavzusiga doir insoniy dardlar aks etgan. Shoir yosh kitobxonga ishonadi, uning nimalarnidir tushunmay qolishidan cho‘chimaydi.

So‘zimizni muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, Abdurahmon Akbar qalamiga mansub she’r va tarjimalarda bolalar dunyosiga chuqurroq kirib boriladi, ularda fikr aniq va lo‘nda ifodalanadi. Asarlar tilining sodda va ravonligi, tasvir vositalarining puxtaligi, jahon bolalar she’riyatining eng yaxshi an’ana va usullarini, shakllarini o‘zida omuxta qilganligi bilan nafaqat yosh kitobxonlar, shu bilan birga katta yoshdagi adabiyot, she’riyat muxlislari e’tiborini ham torta oladi. Yoshlarning barkamollikda, bugunning va kelajakning egasi ekanini his etib ulg‘ayishlariga ko‘mak beradi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.