Abdulla Avloniy

0
4027
marta koʻrilgan.

Buyuklarning, el-yurtga xizmati singgan ulugʻ kishilarning nomlari mangulikka daxldor boʻladi. Asrlar osha unday odamlarning xizmatlari koʻz-koʻz qilinaveradi. Ana shunday ulugʻ zotlardan biri, mashhur muallim, tashkilotchi, shoir Abdulla Avloniydir. Prezidentimiz qachon taʼlim-tarbiya haqida gapiradigan boʻlsa, albatta, Abdulla Avloniy haqida toʻxtaladi. Uning ibratomuz soʻzi va ishini misol qilib aytadi: “Men Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir” degan fikrini koʻp mushohada qilaman,” – deb, bu muallimning bosib oʻtgan hayot yoʻlini yoshlarga ibrat qilib koʻrsatadi.

Ha, ana shunday maqtovga loyiq inson, oʻzbek madaniyatining ulkan vakillaridan biri, pedagog, jamoat arbobi va yozuvchi Abdulla Avloniy 1878yilda Toshkent shahrida toʻquvchi oilasida dunyoga keldi.

Abdulla Avloniy boshlangʻich diniy maktabda va madrasada oʻqidi, ilm-fanga ixlos qoʻydi. Oʻzbek va boshqa Sharq xalqlari adabiyotini berilib oʻrgandi. Abdulla Avloniy 14 yoshidan boshlaboq sheʼrlar yozishni mashq qila boshladi. Uning bu davrda yozgan ilk sheʼrlari oʻsha davr vaqtli matbuot sahifalarida bosilib turdi.

Abdulla Avloniy xalqni ilm-fan nurlaridan bahramand qilishni oʻzining birdan bir burchi deb bildi va 1904yilda oʻzi yashab turgan joyda – Mirobodda maktab ochdi.

Abdulla Avloniy maktab har tomonlama bolani oʻziga tortishi uchun harakat qiladi. Uning qoʻlidan duradgorlik ishlari ham kelar edi. Shuning uchun u yozuv taxtasi, parta yasab, barcha oʻquv jihozlarini oʻzgartirdi. Bu yerda oʻqiydigan bolalarning koʻpchiligini kambagʻallarning bolalari tashkil etganligi sababli muallim boybadavlat doʻstlarining koʻmagida “Jamiyati xayriya” tashkil etadi. Bu bilan bolalarga bepul kiyim-bosh, oziq-ovqat, daftar, qalam berilishini taʼminlaydi.

Avloniy ochgan maktabning shuhrati tobora ortib, oʻquvchilarning soni koʻpaya boradi.

Abdulla Avloniy oʻzi tashkil qilgan maktabda bolalar diqqatini asosiy fanlarga jalb etib, ularning tezda savodini chiqarishga va aniq fanlardan bahramand boʻlishlariga harakat qildi. U bolalarga jugʻrofiya, tarix, adabiyot, til, hisob, handasa, hikmat (fizika) kabi fanlardan maʼlumotlar berdi.

U 1907yilda “Shuhrat” deb nomlangan gazeta tashkil etdi va uning sahifalarida mehnatkash xalq manfaatlarini himoya qilishga doir fikrlarni targʻib etdi. Jumladan, gazetaning birinchi sonida: “Matbuot har insonga oʻz holini koʻrsatuvchi, ahvol-olamdan xabar beruvchi, qorongʻu kunlarni yorituvchi, xalq orasida fikr tarqatuvchi, ilm, ittifoq, hikmat gʻoyalarini yoyuvchidir”, deb yozgan edi.

Abdulla Avloniy “Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar” deb nomlangan toʻrt qismdan iborat boʻlgan darsligida yoshlarni maorif-madaniyatga chorlaydi, yaramas xulq-odatlarni esa tanqid qiladi.

Oʻsha davr xalq pedagogikasida Abdulla Avloniyning “Birinchi muallim” – “Alifbe”, “Ikkinchi muallim” – “Oʻqish” kitoblari katta rol oʻynadi.

Bu kitoblarda Avloniy oʻtmish adabiyotimizning eng yaxshi anʼanalarini davom ettirdi, ilm va maʼrifatning ahamiyatini yangichasiga talqin etdi.

“Birinchi muallim”da Avloniy dastavval 32 harfni yolgʻiz yoziladigan shakllarini bir sahifa alifbo tartibida bergan. Shu sahifada alifning soʻzning boshida, oʻrtasida va oxirida yozilishini koʻrsatgan, soʻng alifni barcha “bosh harflar”ga qoʻshib, boʻgʻinlar hosil qilgan.

“Ikkinchi muallim”da axloq-odobga doir, halollik va poklikka oid turli sheʼrlar, hikoya, masal va ertaklar jamlangan, rangbarang allegorik qiyofalardan ustalik bilan foydalangan.

Kitob “Maktab” sheʼri bilan boshlanadi. Unda kimki maktabga borsa, oʻqisa, savodxon boʻlsa, juda koʻp narsalarga erishishi chiroyli taʼriflanadi:

Maktab dur-u gavhar sochar,

Maktab sizga jannat ochar,

Maktab jaholatdan qochar,

Gʻayrat qilib oʻqing, oʻgʻlon!

 

Maktab sizni inson qilur,

Maktab hayo ehson qilur,

Maktab gʻami vayron qilur,

Gʻayrat qilib oʻqing, oʻgʻlon!

Darslikda koʻplab ibratomuz sheʼr, hikoya va ertaklar berilgan.

Abdulla Avloniy 1904yildan umrinmg oxiriga qadar oʻqituvchi boʻlib ishladi. U koʻplab sheʼrlar, “Maktab gulistoni”, “Turkiy guliston yoxud axloq” kabi darsliklar bilan hozirgi zamon oʻzbek bolalar adabiyotiga poydevor qoʻygan edi. Uzoq yillar qayta-qayta nashr etilgan “Turkiy guliston yoxud axloq” Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”, Nosir Xusravning “Saodatnoma”, Saʼdiyning “Guliston” va “Boʻston”, Jomiyning “Bahoriston”, Navoiyning “Mahbub ul-qulub”, Donishning “Farzandlarga vasiyat” asarlari kabi oʻziga xos tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Unda Abdulla Avloniy oʻzining ijtimoiy va axloqiy qarashlarini bayon etgan. Asarning soʻzboshisida muallif bu haqda shunday yozadi: “Men bu asarimni maktablarimizning yuqori sinflarida taʼlim bermak ila barobar ulugʻ adabiyot muhiblari – axloq havaskorlarining eʼtiborlariga taqdim qildim”.

Darslikdagi har bir boʻlim taʼlim-tarbiyaning muhim bir masalasiga bagʻishlangan boʻlib, ularning biri ikkinchisini toʻldiradi, takomillashtiradi. Har bir boʻlimda kichik hajmli, ibratli hikoyalar keltiriladi, sheʼriy parchalarda yoki hikmatli soʻzlarda “qissadan hissa” chiqariladi. Yozuvchi bu asarida xalq ogʻzaki ijodidan keng foydalangan.

Abdulla Avloniyning “Bahor keldi”, “Bulbul”, “Bola ila gul”, “Yolgʻonchi choʻpon”, “Tulki ila qargʻa” kabi juda koʻp sheʼrlari kichik yoshdagi bolalarga bagʻishlangan.

“Maktab bolasi” sheʼri boshlangʻich sinf oʻquvchilari hayotidan olib yozilgan. Asarda ishyoqmas, dangasa bolaning qalbida oʻqishga muhabbat uygʻonishi umumiy yoʻsinda bayon etiladi:

Yoʻlga soldi til ila yoʻldoshin,

Maktabga moyil ayladi boshin.

Soldi oʻrtogʻining soʻzina quloq,

Bosdi ul ham oʻquv yoʻlina oyogʻ.

Ikkisi birga boʻldilar mullo,

Chiqdi xat-u savod ham imlo.

Shu tariqa shoir qissadan hissa chiqarar ekan, “Yaxshi bilan yursang yetarsan murodga” gʻoyasini ilgari suradi.

Abdulla Avloniy oʻzbek adabiyotida drama janrining rivojlanishiga ham katta hissa qoʻshdi. Uning “Advokatlik osonmi?”, “Pinak”, “Biz va siz” pesalari adabiyotimiz tarixida oʻchmas iz qoldirdi.

Abdulla Avloniy 1934yilda vafot etdi. U maʼrifatchi, shoir, dramaturg, jurnalist, rejissor, tarjimon, aktyor, jamoatchi, muallif sifatida xalqimiz qalbida mangu saqlanib qoldi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.