Abay – buyuk qozoq shoiri va maʼrifatparvari

0
3821
marta koʻrilgan.

Qaysi xalq, qaysi millat haqida soʻz bormasin, avvalo uning ziyolilari, yozuvchiyu shoirlari esga olinadi, milliy qahramonlarining xayrli ishlariga urgʻu beriladi. Qozoq mumtoz adabiyoti haqida gap ketganda, albatta, Abayni yodga olamiz. U mazkur adabiyotning asoschilaridan biri, buyuk shoir va maʼrifatparvar edi.

Abay (Ibrohim) Qoʻnonboyev 1845 yilda Qozogʻistonning Semipalatinsk uyezdiga qarashli Chingiztov hududida chorvador oilasida dunyoga kelgan. Uning oilasi mahalliy zodagonlardan edi. Bobosi Oʻskenboy va katta buvasi Irgʻizboy oʻz urugʻiga boshchilik qilgan biylardan boʻlgan. Ibrohim dastlab Semipalatinskdagi madrasada mulla Ahmad-Rizo qoʻlida savod chiqargan. Bu yerda u arab, fors tillarini oʻrganish bilan birga, rus maktabiga ham qatnab, rus tili va adabiyotini oʻrgandi. Besh yillik boshlangʻich maktabni tugatar chogʻida yosh Ibrohim sheʼrlar mashq qilishni boshlaydi. 13 yoshga toʻlganda otasi Qoʻnonboy uni urugʻ oqsoqollarining faoliyati bilan tanishtira boradi.

Abay bir tomondan Sharq adabiyotining buyuk vakillari A. Firdavsiy, A. Navoiy, Nizomiy ijodi, ikkinchi tomondan, A. S. Pushkin, L. N. Tolstoy, M. Ye. Saltikov-Shchedrin asarlari bilan qiziqib, oʻz bilimini oshirdi. Uning ijodi sheʼr yozish va oʻlan aytishdan boshlangan. Abayning koʻplab oʻlanlari xalq orasida mashhur. U oʻz davrining ilgʻor ziyolisi sifatida maʼrifatparvarlik gʻoyalarini targʻib etdi. Abay xalqni savodxon qilishga daʼvat etdi. Xususan, xotin-qizlarga quldek munosabatda boʻlish, ijtimoiy zulm va qoloqlikka qarshi isyoni ijodida ham oʻz aksini topgan. Ulugʻ shoirimiz – Mirtemir tarjimasidagi quyidagi satrlar fikrimizni tasdiqlaydi:

 

Men netay, axir kimgaumid bogʻlay?

Qoʻrqoq qullar yurtida ne baxt chogʻlay?

Bir yoʻlchi topilmasmi sarson elga?

Men izlay, men

axtaray, men soʻroqlay…

 

Abayning “Qorongʻi tunda togʻlar mudraydi” sheʼri juda mashhur boʻlib, ayni paytda xalq qoʻshiqlaridan biriga aylangan. Shoirning oʻzi ham qoʻshiqlarni sevgan va oʻlanlarni miriqib kuylagan. Quyidagi misralarda bunga iqror boʻlamiz:

 

Yaxshi qoʻshiq, yaxshi kuy,

Hayotingda qoʻshiqni

Suysang agar mencha suy.

Hasratlaring chekinar,

Unutasan dunyoni.

Yurak zavqqa chulgʻanar

Qoʻshiq tinglagan oning.

(Mirpoʻlat Mirzo tarjimasi).

 

Abayni novator shoir sifatida namoyon etuvchi “Bahor”, “Yoz”, “Kuz”, “Qish” sheʼrlari borki, ularda yaxshilikka intil va yomonlikka qarshi tur, degan gʻoya ilgari suriladi. “Masgud”, “Azim haqida rivoyat” dostonlarida esa Sharq mumtoz ohanglari asosiy oʻrin tutadi. “Iskandar” dostonida Aristotel shaxsidagi aql-idrok bilan Makedonskiy shaxsiyatidagi hirs-ochkoʻzlik qarama-qarshi qoʻyiladi.

Abay birinchi qozoq bastakori ham hisoblanadi. U oʻz sheʼrlariga xalq kuylari asosida kuy bastalagan. Uning oʻnlab kuylari bugun ham sevib tinglanadi. Ayniqsa, oʻzining “Koʻzimning qorasi” sheʼriga bastalagan kuyi va shu asosida ijro etiladigan qoʻshiq xalqqa manzur boʻlgan.

Abay rus va Yevropa madaniyatini oʻz xalqiga tanitgan buyuk shoirdir. U A. S. Pushkinning “Yevgeniy Onegin” asaridan parchalarni qozoq tiliga tarjima qildi. Uning 170 ta sheʼri, 56 ta tarjimasi, dostonlari hamda “Nasihatlar”i bugungi davr kishisi uchun ham oʻqib-oʻrganiladigan katta maktabdir. Ayniqsa, nasihatlari har bir zamon yoshlari hayotida asqotadi: “Agar har bir harakating tufayli haqiqatga erisha oladigan boʻlsang, oʻlsang ham bu yoʻldan qaytma, mahkam tur! Axir, oʻzing shubha qilgan narsaga oʻzgalar qanday qilib ishonch bildirsin? Oʻzing hurmat qilmagan narsani oʻzgalar nega hurmat qilsin?”

(N. Fozilov tarjimasi).

Abayning “Oʻlanlar” va “Abay Qoʻnonboyev” nomi ostida ayrim asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Shoir vatanparvarlik ruhidagi ijodi bilan qozoq milliy ziyolilari tugʻilishiga katta taʼsir koʻrsatgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida paydo boʻlgan “Alash-Oʻrda” harakati uni oʻzlarining maʼnaviy rahnamosi deb bilgan. Bu kabi maʼlumotlar shoir tarjimai holini oʻrgangan birinchi biograf Alixon Bukeyxanovning 1905 yilda “Semipalatinsk varaqasi” gazetasida chop etilgan “Abay (Ibrohim) Qoʻnonboyev” – taʼziyanomasida ham oʻz aksini topgan. Oradan ikki yil oʻtib, u Abay siymosini aks ettirgan yodnomasini rus tilidagi jurnalda bosib chiqaradi.

Abay katta oila vakili boʻlib, uning bobolari, ota-onasi, ukasi, toʻrt oʻgʻli haqida maʼlumotlar bor. Ukasi Shokarim ham shoir, yozuvchi, tarjimon, bastakor, tarixchi-filosof edi. Ikki katta oʻgʻli uzoq yashamagan, xastalik tufayli vafot etgan. Uchinchi oʻgʻli Magʻaviya otasining xohishiga koʻra, dostonlar yozgan. Uning “Medgat-Qosim” dostoni ijodining salmoqli qismini tashkil qiladi. Magʻaviyaning asli kasbi huquqshunos boʻlib, umrining soʻnggigacha mahalliy sudya boʻlgan. Toʻrtinchi oʻgʻli Toʻraqul esa “Alash-Oʻrda” partiyasi vakili, jamoat arbobi edi. Uning ham shoir va yozuvchi sifatida bir qator asarlari saqlanib qolgan, Yevropa va rus adabiyotidan tarjimalar qilgan.

Ayni paytda Qozogʻistondagi koʻplab maskanlar ushbu buyuk qozoq shoirining nomi bilan yuritiladi, pochta markalari, Qozogʻiston banknotida uning surati tushirilgan. Mamlakatimiz poytaxtidagi markaziy koʻchalardan biriga Abay nomi berilgan. U 1904 yilda vafot etgan.

Muxtasar aytganda, Abay Qoʻnonboyev hayoti va ijodi oʻqib-oʻrganiladigan ulkan saboq maktabidir. Davlatimiz rahbarining joriy yil 13 martdagi “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida”gi qarori esa bunga yanada keng yoʻl ochadi.

 

Xolida FAYZIYEVA

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.