Abadiyat kahkashonida

0
996
marta koʻrilgan.

XX asrning ikkinchi yarmi – XXI boshlari oʻzbek sheʼriyati taraqqiyotini Erkin Vohidov ijodisiz tasavvur qilish qiyin. Xususan, uning 60-yillar boshidan eʼtiboran umrining oxirigacha yaratgan oʻnlab dostonlari va sheʼriy qissalari, “Oltin devor” komediyasi, “Istanbul fojeasi” tragediyasi, “Yoshlik devoni”, “Kavkaz sheʼrlari”, “Alvon lolalar”, “Kanada turkumidan” singari turkumlari oʻzbek sheʼriyatining janr imkoniyatlari naqadar kengligini tasdiqladi.

 

Shoir keyingi yillarda oʻnlab janrlarda badiiy barkamol namunalarni yaratdi. “Tirik sayyoralar”, “Yaxshidir achchiq haqiqat”, “Kuz yomgʻiri”, “Donishqishloq latifalari” kabi koʻrkam turkumlar buning yaqqol tasdigʻidir.

Shoir sheʼriyatida hayot goʻzalligini, maʼnaviy-axloqiy goʻzallikni madh etish, kuylash ustuvor badiiy pafos sifatida koʻzga tashlanadi.

E. Vohidovning “Palatkada yozilgan doston” asari 1966 yili Toshkent ahli boshiga nogahoniy tushgan zilzila falokatiga bagʻishlangan. Tabiiy ofat odamlarning qatʼiyat va sabotiga, qalb qudrati va matonatiga zoʻr sinov boʻldi. Odamlar sabot-matonatini, iroda-ishonchini toblab, egnidagi changni qoqib ishga otlanadi (“Devorlar darz ketsa ham yuraklar butun”).

Dostonda hayot materialining mohiyati, yaʼni zilzila orqali yorqin namoyon boʻlgan oʻzbek xalqi maʼnaviyatidagi jasur va tanti, yuksak iroda xislatlari, psixologiyasida sodir boʻlgan yangi sifat belgilari – yaratuvchilik mehnati va layoqati asarga koʻplab publitsistik unsurlarni olib kirgan.

Erkin Vohidov ijodida shaxs va jamiyat psixologiyasini vobasta aks ettirish yetakchi oʻrin tutadi. Bu borada inson umrining mohiyati, tiriklik maʼnolari bilan bogʻliq badiiy fikr evolyutsiyasini kuzatishga harakat qilaylik.

 

Garchi shuncha magʻrur tursa ham,

Piyolaga egilar choynak.

Shunday ekan, manmanlik nechun,

Kibru havo nimaga kerak?

Kamtarin boʻl, hatto bir qadam

Oʻtma gʻurur ostonasidan

Piyolani inson shuning-chun

Oʻpar doim peshonasidan.

Mazkur “Kamtarlik haqida” sheʼri 1956 yili yozilgan. Ayni shu davrda yaratilgan “Poʻlat”, “Fursat – oltin…”, “Chumoli”, “Goʻzallik”, “Yoʻq, halovat istamayman” singari qator sheʼrlarida inson umrining mazmuni, yashash falsafasi gʻoyat rangin maʼno qirralari bilan jilolanadi. Erkin Vohidov lirikasining mavzu va gʻoyalari xilma-xil boʻlsa-da, ular bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq, ularni yagona davr va insonning ijtimoiy falsafiy kontseptsiyasi birlashtirib turadi. Shoir hayot haqidagi lirik-falsafiy mushohadalarida tabiat-jamiyat-inson masalalariga javob izlashga intiladi.

“Kamtarlik haqida” sheʼrida kamtarlik, olijanoblik fazilatlari insonni komillikka yetaklaydi, degan maʼno ustuvor. Choynak bilan piyola badiiy detallari esa ana shu bosh gʻoyani obrazli ifodalashga xizmat qilayotir. Badiiy fikr umumlashmasi oʻquvchini oʻylashga, oʻz umrining kechish tarzidan, oʻtayotgan damlardan muayyan xulosa chiqarishga undaydi.

“Fursat – oltin…” sheʼrida esa badiiy maʼnoning oʻzgacha holatga singdirilgan va rivojlantirilgan tadrijini kuzatish mumkin. Lirik qahramon ayrim tengqurlarining oltinga teng vaqtni huda-behuda sarflayotganidan, har bir daqiqadan samara undirishdek tansiq imkoniyatdan foydalanmayotganidan koʻngli halak (“Benaf oʻtgan hayoting uchun vaqt oldida berursan javob”).

Tiriklik – insonga berilgan benazir imkoniyat. Undan qay tarzda foydalanish har kimning sajiyasiga, maʼnaviy-aqliy saviyasiga bogʻliq. Bu narsa vaqt va tarix deb atalmish buyuk sinov oldidagi insoniy burchini ado etish masʼuliyati hamdir. Burch va masʼuliyat hissi insonning maʼnan komilligini namoyon etuvchi xususiyatlardan biri. Shoir pand-nasihat yoki daʼvat orqali emas, obrazli holatlar tasviri vositasida oʻquvchini fikrlashga undaydi. Ibratli xulosalar chiqarishi uchun asos yaratadi.

“Poʻlat” sheʼrida esa badiiy maʼno oʻzgacha talqinda tajassum topadi.

 

“Poʻlat dastavval oybolta boʻldi;

Soʻng zambarak boʻlib quyildi.

Qilich ham u,

miltiq va nagan.

U bomba ham boʻlib portlagan”.

Lekin olgan jahonni faqat

Pero boʻlib quyilgach poʻlat.

 

Inson aqli-tafakkuri cheksiz qudratga, hadsiz imkoniyatlarga ega. U olamni bilish, tushunish va oʻzlashtirish borasida buyuk xilqat. Oyboltani yasay olgan, zambarakni, bombalarni kashf etgan ham inson. Ular Inson aqli mahsuli. Oddiygina pero ham inson tafakkurining moʻjizasi. Demak, urush-janjallar, qirgʻin-barotlar yoʻli bilan emas, tinchlik-hamjihatlikda yashab ham inson olam sir-sinoatlarini anglab yetishi, oʻzlashtirishi mumkin ekan. Shoirning oddiygina poʻlatni badiiy obrazga aylantirishidan, unga ramziy maʼnolar yuklashidan biz shu taxlit ibratli fikr oʻqiymiz.

Koʻramizki, Erkin Vohidov olamni, odamni koʻrish, anglash hamda anglatishidagi oʻziga xos ifoda usullari orqali betakror shaxsiyatini namoyon etgan benazir sheʼriyatini yaratdi. Lirik miniatyuralaridagi (toʻrtlik, sakkizlik, oltilik, ruboiy) falsafiy mushohadakorlik koʻproq psixologik holatlar, kayfiyatlar hamda oʻychan manzaralar yaratish orqali voqif topdi (“Goʻzallik”, “Oydin kecha…”, “Surat”, “Manzara” va boshqalar).

Erkin Vohidovning ilk ijodiy uslubida namoyon boʻlgan kechinmali oʻychanlik yoxud fikrchan psixologizm shoir lirikasining janrlari tabiatini kengaytirib yubordi. Bu narsa, birinchidan, xilma-xil janrlarda (qasida, ballada, elegiya, sheʼriy ertak, gʻazal, muxammas, ruboiy, toʻrtlik, sonet) hamda poyetik shakllarda (oltilik, sakkizlik, lirik lavha, uchlik, ikkilik singari) inkishof topgan boʻlsa, ikkinchidan, lirikaning muayyan janrlari (qasida, gʻazal, ballada) tarkibida zuhur etilgan sifat oʻzgarishlaridir.

Shoirning XX asr oxiri XXI asr boshlari lirikasida tasdiq, inkor, iqror singari munosabat turlarining keskin sifat oʻzgarishlardagi ifodasini kuzatish mumkin. Xususan, bu jihatlar shoir lirikasining janrlari tizimini latifa, ertak, rivoyat, naql, ruboiylar hisobiga boyitib, kengaytirib yubordi. “Tirik sayyoralar”, “Donishqishloq latifalari”, “Yaxshidir achchiq haqiqat”, “Qumursqalar jangi” turkumlari misolida kuzatadigan boʻlsak, shoir sheʼriyati keyingi yillarda ijtimoiy-falsafiy tahlil hisobiga yanada teranlik, koʻlamdorlik kasb etdi.

 

Fazolarning qay burchagiga

Fikri bilan yetadir inson.

Ammo ne bor oʻz yuragida

Bilmay oʻtib ketadir inson,

U yashaydi tilsimlar aro,

Har kashfiyot yangi marradir.

Uning oʻzi sirli bir dunyo,

Dunyo esa faqat zarradir.

 

Erkin Vohidov sheʼrlarida koʻngil koʻzgusida aks etgan ijtimoiy voqelik, borliq oʻz mohiyati, falsafasi, ruhiyati bilan yashaydi. Bu hol shoir sheʼrlarining aksariyati syujetli ekanligini taʼminlaydi. Hayotbaxsh didaktika davr ruhini idrok etgan holda umrni ezgulikka baxshida etish, goʻzalliklar yaratish fikrini ilgari suradi.

Millatning maʼnaviy-axloqiy, intellektual xislat-fazilatlarini ulugʻlashga, bashariy qadriyatlarni tarannum etishga, tasdiqlashga xizmat qilib kelayotgan shoir badiiyatining oʻzi boqiy qadriyat kasb etdi. Madaniy hayotimizda goʻzallik hodisasi boʻlib qoldi. Maʼnaviy-intellektual kamolotga xizmat qilgan goʻzallikning umri uzoq. Boisi, u hamisha el-yurt ardogʻida.

 

Noʻmon RAHIMJONOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.