Zohir Aʼlam (1943–2014)

0
253
marta koʻrilgan.

Zohir Aʼlam 1943 yili Toshkentning Balandmachit mahallasida tugʻildi. Toshkent davlat universitetida (hozirgi OʻzMU) tahsil oldi (1960–1965). “Oʻzbekiston” nashriyotida, “Sharq yulduzi” jurnalida xizmat qildi.

Zohir Aʼlamning birinchi kitobi “Baxtli bilet” 1972 yilda chop etildi. Shundan soʻng “Muqaddima” (1978), “Hammasi bir binoda”, “BAM manzaralari” (1978), “Kiyik koʻzlari” (1981), “Oʻsma ketar, qosh qolar” (1981), “Afandining qirq bir pashshasi” (1986), “Zarb” (1987) kabi kitoblarini chop ettirdi.

Adibning “Ota oʻgitlari” (1985) hujjatli qissasida Oʻrta Osiyoda ilk bor limonni “oʻtroqlashtirish” ustasi sifatida tanilgan bogʻbon Zayniddin Faxriddinov haqida hikoya qilinadi. Shu yillarda “Afandining qirq bir pashshasi” nomli pyesasi bolalar qoʻgʻirchoq teatrida sahnalashtirildi. Asar rus va bolgar bolalar teatrlarida ham oʻynaldi.

Zohir Aʼlam publitsist sifatida ham samarali ijod qildi. Uning “Boyovut” (1986), “Mayiz atrofidagi gaplar” (1990), “Jomboy hangomalari” (1991) kabi ocherk va maqolalarida davrning dolzarb ijtimoiy-maʼnaviy muammolari oʻz ifodasini topdi.

Zohir Aʼlam badiiy tarjima sohasida ham samarali ijod qilib, bolgar mumtoz adabiyoti namoyandasi Pavel Vejinovning “Toʻsiq” (1980), “Oʻlchamlar” (1990) kabi qissalarini, rus adibi Sergey Zaliginning “Komissiya” (1985) romanini, Mikola Makiavellining “Hukmdor” (2002), Gerodotning “Melpomena” (2008), Plutarxning “Aleksandr Maqdunli” (2009) asarlarini, Menandrning “Mijgʻov” (2013) komediyasini tarjima qildi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.