Zafar Diyor (1912–1946)

0
2395
marta koʻrilgan.

Oʻzbek bolalar adabiyotining koʻzga koʻringan vakillaridan biri Zafar Diyor 1912 yili Namangan viloyatining Chust tumanida, kambagʻal dehqon oilasida tugʻildi. Avval eski maktabda, soʻng bolalar uyida taʼlim va tarbiya oldi.

Boʻlgʻusi shoir 1927 yilda Oʻzbek erlar bilim yurtiga oʻqishga kirib, uni 1933 yilda aʼlo baholar bilan tugatdi; shu ilm oʻchogʻida adabiyot muallimi boʻlib xizmat qildi. 1941 yilda esa Toshkent Davlat pedagogika institutini tugatdi.

Shoir ijodi garchi erta boshlangan va koʻpgina sheʼrlari yoshlar gazetalari va “Yosh kuch”, “Kolxozchi bolalar” kabi jurnallarda chop etilgan boʻlsa ham, “Qoʻshiqlar” nomli birinchi sheʼriy toʻplami 1938 yilda nashr etildi. Shoirning ijodiy faoliyati jurnalistika bilan chambarchas bogʻliqdir. U 1941 yildan to umrining oxirigacha respublika gazetalarida masʼul kotib, boʻlim mudiri vazifalarida ishladi. Shoirning “Qoʻshiqlar” toʻplamidan soʻng “Tantana” (1938), “Sheʼrlar” (1939), “Bizning qurolimiz”, “Bizning oila” (1942), “Sovgʻa” (1944) kabi sheʼriy toʻplamlari chop etildi.

Zafar Diyor Ikkinchi jahon urushi yillarida rang-barang janrlarda samarali ijod qildi. Uning “Qurol bering menga ham!” sheʼri H. Olimjonning “Qoʻlingga qurol ol!” asariga hamohang. Shuningdek, “Orzu”, “Temurchilar maktubi”, “Otam kelar yaqinda”, “Tabassum”, “Toʻqqizinchi may” kabi sheʼrlari yoshlarni qahramonlik, vatanparvarlik va doʻstlik ruhida tarbiyalashda muhim rol oʻynaydi. Zafar Diyor mohir bolalar shoiri boʻlishi bilan birga, yana navqiron naslning suyukli dramaturgi ham edi. Uning uch qismdan iborat “Baxtli yoshlik”, “Uch ogʻayni” pyesalarida bolalar oʻrtasidagi doʻstlik, ahillik ardoqlanadi. U adabiy-tanqidiy maqolalar muallifi, tarjimon va nosir ham edi.

Zafar Diyor 1946 yil 14 aprelda vafot etdi. Vafotidan keyin “Kichkina bogʻbon haqida doston” (1947), “Chaman” (1948), “Gunafsha” (1952), “Qanotli doʻstlar” (1958), “Suv bilan suhbat” kabi toʻplam va saylanmalari nashr etilgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.