Yuriy Kazakov (1927-1982)

0
206
marta koʻrilgan.

Sogʻinch va mung musavviri

 

Yuriy Kazakov (1927-1982) oʻtgan asr yangi rus hikoyachiligining eng yirik vakillaridan biridir. Yozuvchi tabiatni ham, inson ichki dunyosini ham yuksak mahorat bilan tasvirlaydi. Uning asarlarini oʻqib, tasavvuringiz yangi-yangi manzaralar, holatlar bilan boyiydi. Koʻnglingiz koʻpdan beri sogʻingan tuygʻulariga yetishadi, sogʻinch va mung ohanglari toʻlqinida oqadi goʻyo. Adib shoirona chizgilari va tasvirlari bilangina oʻziga xos emas. U hayotning achchiq haqiqatlari, odam bolasining turfa feʼl-atvorini ham xuddi tip-tiniq oynadagiday aks ettirib beradi. Mutolaadan soʻng turli oʻylar, kechinmalar ogʻushida oʻzingiz bilan oʻzingiz qolasiz, mulohazaga berilasiz…

Yuriy Kazakov 1927 yil 8 avgustda Moskva shahrida ishchi oilasida dunyoga keldi. Shaharning Arbat tumanidagi 30-uyda voyaga yetdi.

1946 yili qurilish texnikumini, 1951 yili Gnesinalar nomidagi musiqa bilim yurtini tugatdi. Shundan soʻng  K. Stanislavskiy va V. Nemirovich-Danchenko nomidagi Moskva akademik musiqa teatriga ishga kirdi. Biroq koʻp oʻtmay musiqa uning yoʻli emasligini tushunib yetdi.

Yozuvchining “Yangi dastgoh”, “Birinchi uchrashuv”, “Dilsiyoh politsiyachi”, “Ming dollar”, “Moviy koʻl” singari ilk asarlari 1950-yillarda dunyo yuzini koʻrdi. Yosh ijodkorning ov mavzusiga bagʻishlangan hikoyalari tezda koʻpchilikning eʼtiboriga tushdi. Kazakov 1958 yili Gorkiy nomidagi adabiyot institutini tamomladi.

U Rus Shimoliga koʻp bor sayohat qildi. Uni bu yerning aslini yoʻqotmagan tabiati, ming yillardan beri oʻzgarmagan hayot tarzi maftun etdi. Mana shu kayfiyat unga bir umr hamroh boʻldi, yozganlarida aks etdi. Adib koʻp yillar mobaynida “Shimol kundaligi”ni yozdi. Bu toʻplamdan yoʻl hikoyalari, tarixiy yodnomalar, pomorlar[1] haqidagi xotiralar oʻrin oldi. Soʻnggi asarlaridan biri – “Qor oʻrasidan chiqqan bola” qissasi nenets millatiga mansub Tiko Vilka ismli tugʻma isteʼdod egasining kutilmagan hayot yoʻli toʻgʻrisida hikoya qiladi.

Kazakov sevimli yozuvchisi Ivan Bunin haqida asar yozishni niyat qilgandi. 1967 yilning bahorida boʻlajak asariga material yigʻish uchun Fransiyaga bordi. U yerda rus adiblari Boris Zaysev va Georgiy Adamovich bilan uchrashib, ular bilan mashhur yozuvchi haqida suhbatlar qurdi.

1969 yili yozuvchining “Eman oʻrmonlarida kuz” hikoyalar toʻplami bosilib chiqdi. 1970 yili esa mashhur hikoyalari – “Sham” va “Sen uyqungda qattiq yigʻlading” eʼlon qilindi.

Kazakov hayotining soʻnggi oʻn yilida kam yozdi, yozganlarini yanada kamroq eʼlon qildi.

Yozuvchi 1982 yil 29 noyabrda olamdan oʻtdi. Moskvadagi Vagankovo qabristoniga dafn etildi. Vafotidan soʻng tugallanmagan va eʼlon qilinmagan asarlaridan iborat “Ikki kecha” kitobi nashr etildi.

Yuriy Kazakov asarlari Yevropaning aksariyat tillariga tarjima qilingan.

“Noviy mir” jurnali eng yaxshi hikoyalar uchun Yuriy Kazakov nomidagi mukofotni taʼsis etgan.

Asarlari, kitoblari:

  • “Moviy va yashil”, 1956
  • “Teddi”, 1957
  • “Arktur – tozi it”, 1958
  • “Manka”, 1958
  • “Kichik stansiyada”, 1959
  • “Qarang, it qochyapti!”, 1961
  • “Yoʻlda”, 1961
  • “Qoʻnoq”, 1963
  • “Yigʻlagayman, boʻzlagayman”, 1963
  • “Laʼnati Shimol”, 1964
  • “Izgʻirinda qolgan yuraklar”, 1966
  • “Eman oʻrmonlarida kuz”, 1961, 1969, 1983
  • “Shimol kundaligi”, 1977
  • “Sen uyqungda qattiq yigʻlading”, 1977
  • “Bugʻu shoxi”, 1980
  • “Lopshengaga ketamiz”, 1977 (1983 yili nashr qilingan)
  • “Saylanma”, 1985
  • “Ikki kecha”, 1986
  • “Yana yodingga ol Leningradni” // “Zvezda” jurnali, 1990 yil, 1-son
  • “Uzoq hayqiriqlar”, 2008

Yuriy Kazakov asarlari asosida bir qator filmlar suratga olingan.

 

Orif Tolib tayyorladi

 

2014



[1] Pomorlar – Oq dengiz va Muz okeani qirgʻoqlarida yashovchi tubjoy rus aholisi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.