Yo‘ldosh Sulaymon (1935–2003)

0
177
marta ko‘rilgan.

Yo‘ldosh Sulaymon 1935 yili Qo‘qonning Oydinbuloq qishlog‘ida tavallud topgan. O‘rta maktabni bitirgach, ma’lum muddat o‘zi o‘qigan maktabda muallimlik qilgan. 1960 yilda Farg‘ona davlat pedagogika institutini tugatib, maktabda, madaniyat o‘choqlarida, gazetalarda turli lavozimlarda ishladi. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘limini boshqardi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatdi.

Yo‘ldosh Sulaymon adabiyotimizning qutlug‘ dargohiga bolalar shoiri sifatida kirib kelgan edi. Uning “Biz sayohatchilarmiz”, “Hamma havas qiladi”, “Rahima-chi, vahimachi” kabi she’riy to‘plamlari beg‘ubor bolalik, beg‘araz do‘stlik, samimiylik, tabiatga mehr-muhabbat tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshgandir.

Yo‘ldosh Sulaymon ocherknavis va hikoyanavis sifatida ham barakali ijod qildi. Uning “Katta yo‘lga chiqquncha” (1967), “Da’vatingni eshityapman, hayot” (1971) kabi ocherklari va “Boqiy umr” hujjatli qissasi badiiy puxtaligi, hayotiyligi, ehtirosli his-tuyg‘ularga boyligi bilan ajralib turadi. Adibning “Sen mening quyoshimsan” nomli ocherklar to‘plamiga kirgan asarlari shu jihatdan, ayniqsa, e’tiborlidir. Ular shoirning asrlar mobaynida suv, erk, yer, vatan uchun kurashgan xalq haqidagi samimiy tuyg‘ulari kitobxon qalbiga chiroq tutadi.

Yo‘ldosh Sulaymonning “Subhidam” (1973), “Vafo” (1979) romanlari yozuvchi ijodida sezilarli iz qoldirdi. Har ikki asarda xalqimizning XX asr boshlaridagi hayoti qalamga olingan. Xususan, “Subhidam” romanida voqealar ancha murakkab, syujet chizig‘i ham shunga yarasha jiddiy. Unda ikki sevishgan yoshning ruhiy dramasi 20-yillardagi siyosiy-ijtimoiy kurashlar fonida tasvirlangan. Asarning bosh qahramoni Qo‘ldoshali o‘z sevgilisi Saodatni yo‘qotib qo‘yadi. Qo‘ldoshalining dushmanlari esa uni “Saodat boy otasi bilan xorijga o‘tib ketgan” deb aldashadi. Qo‘ldoshali ham sevikli yorining dardida Afg‘onistonga o‘tib ketib, musofirlik azob-uqubatlariga giriftor bo‘ladi.

Yo‘ldosh Sulaymon mustaqillik yillarida yana ham samarali ijod qilib, bir qator asarlar yaratdi. “Qo‘qonnoma” (1992), “Marg‘ilonnoma” (1994), “Gulnoma” (1994), “Farg‘onanoma” (1995) shular jumlasidandir. Adib bulardan tashqari, “Shahrizod bo‘l bir kecha” (1993), “Farg‘onaning quliman” (1997) kabi she’riy to‘plamlar, “Hirotga sayohat” (1996) kabi bolalarga bag‘ishlangan she’riy guldasta, “Jalada qolgan gul” (1997) kabi hujjatli qissa yaratdi. Mazkur qissada o‘zbek ayoli Tojixon Shodiyevaning ayanchli taqdiri qalamga olinadi. Yo‘ldosh Sulaymon “Armon” (1998) nomli so‘nggi romanida vodiy aholisining urush arafasidagi hayoti, kayfiyati, holati, ta’bir joiz bo‘lsa, ma’naviy-axloqiy qiyofasini tasvirlashga harakat qilgan.

Yo‘ldosh Sulaymonov 1997 yilda samarali ijodiy faoliyati uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

 

“O‘zbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.