Xurshid Davron (1952)

0
740
marta koʻrilgan.

Xurshid Davron 1952 yilning 20 yanvarida Samarqand viloyati, Samarqand tumanidagi Chordara qishlogʻida xizmatchi oilasida tugʻildi. 1969 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakulteti kechki boʻlimiga oʻqishga kirib, kunduzi qurilish tashkilotlarida ishladi.

Harbiy xizmatdan qaytgach (1971–1973), oʻqishni davom ettirdi. 1974–1992 yillarda turli nashriyotlarda muharrir, boʻlim mudiri, 1994–1996 yillarda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat jamoatchilik markazi rahbari oʻrinbosari vazifalarida ishladi. 1996 yildan eʼtiboran Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasida xizmat qiladi.

Xurshid Davronning ilk sheʼrlari 1976 yilda, birinchi kitobi (“Qadrdon quyosh”) 1979 yili bosilib chiqdi. Shundan soʻng shoirning “Shahardagi olma daraxti” (1979), “Tungi bogʻlar” (1981), “Uchib boraman qushlar bilan” (1983), “Toʻmarisning koʻzlari” (1984), “Bolalikning ovozi” (1986), “Qaqnus” (1987), “Bahordan bir kun oldin” (1989), “Bibixonim” singari kitoblari dunyoga keldi.

Xurshid Davronning tarixiy-maʼrifiy mavzular yoʻnalishidagi izlanishlari natijasida “Samarqand xayoli” (1991), “Sohibqiron nabirasi” (1995), “Shahidlar shohi” (1998), “Bibixonim” (2006), “Kubroning tushlari” (2010) nomli qissalari yaratildi.

Xurshid Davron buyuk ajdodlarimiz hayoti va faoliyati haqida bir qator dramatik asarlar yozdi. “Boburshoh” (1996) asari “Bobur sogʻinchi” nomi bilan Muqimiy nomidagi oʻzbek davlat musiqiy teatrda sahnaga qoʻyildi. “Algʻul yoki Mirzo Ulugʻbek” dramasi 2008 yili dastlab radiospektakl, keyinchalik televizion spektakl sifatida namoyish etildi. Bulardan tashqari “Temurnoma” nomli 21 qismli teleserial (1996), “Jaloliddin Xorazmshoh” (Noʻmiq Kamol asari) nomli 5 qismli telespektakl (1998), shuningdek, “Buxoroyi sharif” film-operasi, “Ming bir rivoyat” teleloyihasi Xurshid Davron ssenariylari asosida yaratildi. U Mirzo Ulugʻbek tavalludining 600 yilligi (1994), Amir Temur tavalludining 660 yilligi (1996) munosabati bilan Samarqand shahrida, Buxoro va Xeva shaharlarining 2500 yilligiga bagʻishlab Parijdagi YUNYeSKO qarorgohida oʻtkazilgan teatrlashtirilgan tomoshalar va yana xalqaro “Sharq taronalari” musiqa festivallari (1993–2015) ssenariylari muallifi hamdir.

Xurshid Davron tarjimon sifatida N. Zabolotskiyning “Turnalar” (1985), M. Chaklaysning “Ot oʻyin” (1986), O. Vatsiyetisning “Tomoshabogʻ” (1987), “Dengiz yaproqlari. Yapon sheʼriyati antologiyasi” (1988), tatar xalq dostoni “Edigey” (2012), Sharq va Gʻarb shoirlarining muhabbat toʻgʻrisidagi sheʼrlaridan iborat “Qirq bir oshiq daftari” (1989) majmuasini, J. Rumiy, A. Axmatova, M. Svetayeva, O. Mandelshtam, M. Mushfiq, O. Umar, Yu. Emro, N. Hikmat va boshqa koʻplab shoirlarning asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Oʻzining ham sheʼrlari qirqdan ortiq jahon tillariga tarjima qilindi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron 1989 yilda Mahmud Qoshgʻariy nomidagi Xalqaro mukofot, 1997 yilda “Doʻstlik” ordeni, 2009 yilda Xalqaro “Oltin qalam” milliy mukofoti bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.