Xurshid (1892–1960)

0
131
marta koʻrilgan.

Oʻzbek mumtoz adabiyoti bilan XX asr yangi adabiyotini bir-biriga bogʻlab turuvchi koʻpriklardan biri Shamsiddin Sharafiddin oʻgʻli Xurshiddir. U oʻzbek dramaturgiyasiga poydevor qoʻygan ijodkorlardan biri, shoir, yozuvchi, tarjimon va rejissyordir. Ana shu koʻp qirrali va samarali ijodiy faoliyati uchun 1941 yilda unga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” degan yuksak unvon berilgan.

Xurshid 1892 yili 10 mayda Toshkentdagi Kamolon mahallasida bogʻbon oilasida tavallud topdi. Eski maktab va madrasada tahsil oldi. 1905–1906 yillardan jadid adabiyotining navqiron namoyandalaridan biri sifatida qalam tebrata boshladi. U maʼrifatparvarlik ruhida “Eskilik va yangilik” degan dastlabki pyesasini, keyinroq “Orif va Maʼruf”, “Qora xotun”, “Kichik askar” kabi pyesalarini, “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin”, “Siyovush”, “Oybonu” singari musiqali drama va qator opera librettolarini yaratadi. Uning, ayniqsa, Alisher Navoiy dostonlari asosida yaratilgan ikki dramasi oʻz davrida juda mashhur boʻlgan.

Xurshid tarjimon sifatida ham samarali ijod qildi. Xususan, Shillerning “Qaroqchilar”, V. Shekspirning “Qora arab” (“Otello”), U. Hojibekovning “Arshin mol-olan” kabi mashhur asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Shuningdek, Sharqning buyuk shoirlaridan biri Hofiz Sheroziyning yuzga yaqin gʻazalini ona tilimizga tarjima qildi. Bundan tashqari, u oʻzbek mumtoz adabiyotining yorqin namoyandalari Munis va Ogahiy kabi shoirlar devonlarini nashrga tayyorladi.

Xurshid yetuk gʻazalnavis shoirdir. Uning “Chorgoh”, “Girya”, “Bayot”, “Ushshoq”, “Segoh”, “Dugoh”, “Suvora” kabi kuylarga solingan ohangrabo sheʼrlari mashhur hofizlar tomonidan hamon ixlos bilan aytib kelinadi.

Mohir gʻazalnavis shoir, yetuk dramaturg va tarjimon Xurshidning ijodiy merosi boy, serqirra va sermazmun boʻlib, u hozir Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat Adabiyot muzeyida avaylab saqlanmoqda.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.