Xoja Muhammad Porso (1348-1420)

0
180
marta koʻrilgan.

Tasavvuf ilmining Naqshbandiya maktabi islom olamiga mutasavvuf shayxlar bilan bir qatorda yetuk olimlarni ham yetishtirib bergan edi. Ana shunday zotlardan biri Xoja Muhammad Porso al-Buxoriydir. Uning ismi-sharifidagi “al-Buxoriy” qoʻshimchasiga asoslanib aytish mumkinki, Porso Buxoroda tugʻilgan. U madrasalarda oʻqib, Qurʼon, hadis, kalom kabi turli diniy ilmlarni chuqur oʻrganib, zamonasining zabardast kishilaridan biri boʻlib yetishdi va Bahovuddin Naqshbanddan soʻng Markaziy Osiyoda naqshbandiya oqimining eng yirik vakili hamda targʻibotchisi sifatida mashhur boʻldi.

Abdurahmon Jomiy oʻzining “Nafohot ul-uns” nomli asarida koʻrsatishicha, Muhammad Porsoning toʻliq ismi Muhammad bin Mahmud al-Hofiz al-Buxoriydir. “Porso” uning laqabi boʻlib, bu laqabni unga Bahovuddin Naqshband bergan. “Rashahot” muallifi buning tafsilotini quyidagicha bayon qiladi: “Muhammad Porso koʻchada muntazir holda turardilar. Nogoh ichkaridan Hazrati Xoja (Bahovuddin)ning kanizaklari chiqib qoldi. Hazrati Xoja kanizaqdan: “Koʻchada turgan kim?” – deb soʻradilar. “Bir porso (dindor) yigit turibdi”, dedi kanizak. Hazrati Xoja tashqariga chiqib, Xoja Muhammadni koʻrdilar va unga: “Siz porso ekansiz”, dedilar. Shu kundan boshlab el orasida u “Porso” laqabi bilan mashhur boʻlib ketdi. Xoja Muhammad Porsoning Bahovuddin Naqshband bilan boʻlgan oʻzaro munosabatlari shu davrda yashagan Muhammad Boqirning “Maqomoti Xoja Bahovuddin Naqshband” nomli asarida mukammal bayon qilingan.

Xoja Muhammad Porso “Tuhfat uz-zoirin” kitobida koʻrsatilishicha, Bahovuddin Naqshbandning ikkinchi xalifasi edi. Bahovuddin Naqshband oʻzining bu shogirdiga katta umid bilan qaragan va uning tarbiyasini oʻz nazoratiga olgan.

“Rashahot”da Xoja Muhammad Porsoning quyidagi hikoyasi keltiriladi: “Hijoz yoʻlida Xojai Buzrug (Bahovuddin) kasalga chalindilar va vasiyatlar qildilar. Shu asnoda doʻstlar huzurida bu majlisga yuzlanib: “Xojagonlar xonadonining xalifalaridan bu zaifga nimaiki yetgan boʻlsa va bu yoʻlda nimaniki topgan boʻlsa, bu omonatlarning barini senga topshirdim. Bu omonatlarning barini Haq subhonahu xalqiga yetqiz”, dedilar. Hijoz safaridan qaytganmizda esa doʻstlar huzurida: “Bizda nimaiki boʻlsa, sen hammasini toʻliq olding”, dedilar. Hayotlarining oxirida esa: “Bizning vujudga kelishimizning sababi Muhammad (Porso)ning zuhuri edi”, dedilar”.

Bahovuddin Nakshband vafoti oldidan Xoja Muhammad Porsoni oʻz oʻrniga tayin qilganligini uning yaqinlaridan boʻlgan Xoja Ali Domod quyidagicha tavsiflaydi: “Hazrati Xoja Bahovuddin oxirgi bemorliklari paytida hozirgi muborak jasadlari yotgan qabrni kovlashga buyurdilar. Qabrni kovlab boʻlib, ularning huzurlariga keldim. Oʻzlaridan soʻng irshod ishiga kimni buyurar ekanlar, degan fikr koʻnglimdan oʻtdi. Ular toʻsatdan menga oʻgirilib: “Hijoz yoʻlida ayttan gapim gapdir, kimki bizni orzu qilsa, Xoja Muhammad Porsoga nazar qilsin”, dedilar”.

Mazkur misollar Xoja Bahovuddin Nakshbandning shogirdiga nisbatan hurmat va eʼtiqodining dalilidir.

Xoja Muhammad Porso oʻz ustozi kabi musulmonlarning ahvoli haqida qaygʻurib, podshohlar ishiga ham aralashib turgan. “Rashahot”da keltirilgan bir hikoya avvalida Xoja Muhammad Porsodagi karomat quvvatining kuchliligida dalolat qilinsa, soʻng davr ulamolarining hamda podshohning ilmu fanning sof boʻlishi borasida qaygʻurganliklari koʻrsatiladi.

“Rashahot” muallifi Ali Safiyning yozishicha, Xoja Muhammad Porso kuchli karomat sohibi boʻlsa-da, biroq buni iloji boricha yashirishga harakat qilgan. Ammo, qattiq zarurat tugʻilgandagina uni oshkor qilishga majbur boʻlgan. Shunday voqealardan birining tafsiloti quyidagicha:

“Hadischi olimlarning peshvosi shayx Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad al-Jazariy alayhir rahmat Mirzo Ulugʻbek zamonida Samarqandga kelgan edilar. Baʼzi gʻarazgoʻy kishilar: “Hazrati Xoja Muhammad Porso Buxoroda koʻp hadislarni naql qiladilar, ularning asnodlari toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi hech kimga maʼlum emas. Hazrati Shayx buni tekshirib koʻrsalar yomon boʻlmas edi”, dedilar.

Hazrati Shayx bu ishning payiga tushdilar. Mirzo Ulugʻbekni ham bunga koʻndirib, Buxoroga odam yubordilar va Hazrati Xoja (Muhammad Porso)ni Samarqandga kelishlarini iltimos qildilar. Shunday qilib, Shayx Samarqandning shayxulislomi boʻlgan Xoja Isomiddin hamda ulamolarning eng ulugʻlari bilan birga katta majlis tashkil qildilar. Xoja Muhammad ham majlisga yetib keldilar. Shayx undan iltimos qilib, asnodi bilan birgalikda bir hadis aytishni soʻradilar. Xoja Muhammad aytgach, Shayx: “Bu hadisning toʻgʻriligiga shubha yoʻq, biroq uning asnodi bizga maʼlum emas”, dedilar. Bu soʻzdan hasadchilar xursand boʻlib, bir-biriga koʻz qisdidar. Xoja Muhammad esa bu hadisning ikkinchi asnodini ham aytib berdilar. Shayx yana oʻzining yuqoridagi soʻzini takrorladi. Xoja Muhammad qancha asnod aytsa ham soʻzi bu yerda maqbul boʻlmasligini fahmladilar. Soʻng bir lahza muroqabaga berildilar, biroz sukutdan keyin Shayxga qarab: “Siz falon hadis kitobini tan olasizmi va undagi asnodlarni moʻtabar der hisoblaysizmi?” – dedilar. Shayx: “Ha, u kitoblardagi asnodlarning hammasi eʼtiborli va ishonchga loyiqdir. Hadis fanini tahqiq etuvchilardan hech kim unga shubha qilmaydi, agar siz aytgan asnodlar shu kitobdan boʻlsa, u paytda bizning hech qanday eʼtirozimiz yoʻq”, dedilar.

Hazrati Xoja (Muhammad Porso) Xoja Isomiddinga qarab: “Sizning kutubxonangizda falon tokchada, falon kitobning tagida, falon rangli va falon jidsli kitob bor, unda biz aytgan asnod falon varakdan soʻng, falon sahifada batafsil keltirilgan, iltifot qilib, xodimlaringizdan bir kishini yuborsangiz, uni tezda olib kelsa”, dedilar.

Xoja Isomiddin, bu asnod oʻsha yerda bormi-yoʻqmi, deb ikkilanib turardi Majlisdagilar esa hangu-mang boʻlib oʻyga tolgan edilar. Hazrati Xojaning bu shaxsiy kutubxonada boʻlmaganliklari hammaga maʼlum edi. Shunday qilib, Xoja Isomiddin oʻz yaqinlaridan birini zudlik bilan uyiga yuborib, agar aytilgan narsalar u yerda boʻlsa, olib kelishni buyurdi. U kishi aytilgan belgilar boʻyicha kitob va asnodni topib, majlisga keltirdi. Aytilgan hadis oʻsha asnodlar bilan oʻsha sahifada hech bir tafovvutsiz mavjud edi. Buni eshitgan majlis ahlidan hayrat ovozlari baland koʻtarildi. Shayx va boshqa ulamolar taajjub ichida qoldilar. Ayniqsa, Xoja Isomiddinning hayrati boshqalarnikidan ziyoda edi, chunki u bu asnodli kitobning oʻz uyida borligidan bexabar edi. Bu qissani eshitgan Mirzo Ulugʻbek Hazrati Xojani chaqirtirganidan  xijolat boʻldi. Hazrati Xojadan yuz bergan bu karomat odamlar orasida ularga nisbatan aqidalarini mustahkamladi”.

“Rashahot”da Xoja Muhammad Porsoning oʻsha davrdagi siyosiy voqealarga ham aloqador boʻlgani haqida maʼlumotlar keltirilgan. Uning faoliyatidan Amir Temurning farzandi Muhammad Jahongirning oʻgʻli Xalil Mirzo, shuningdek, Xuroson shohi Shohrux yaxshi xabardor boʻlganlar. Porso Shohrux bilan turli masalalar boʻiicha yozishmalar ham olib borganligi manbalarda qayd etilgan.

Xoja Muhammad Porso nafaqat valiyultoh, balki oʻz davrining yirik olimlaridan ediki, uning Oʻzbekiston FA Abu Rayhon Be-runiy nomidagi Sharqshunoslik institutida quyidagi asarlari saqlanmoqda:

1. “Risolai qudsiya” (“Xoja Bahovuddinning qudsiy kalimalari haqidagi risola”).

2. “Az anfozi qudsiyai mashoyixi tariqat” (“Tariqat mashoyixlarining qudsiy kalimalaridan”).

3. “Eʼtiqodot” (“Eʼtiqod haqida risola”).

4. “Tahqiqot” (“Tasavvuf istilohlari haqida risola”).

5. “Tafsiri Qurʼon” (“Qurʼon tafsiri”).

6. “Al-hadis ul-arbaʼuna” (“Qirq hadis”).

7. “Risola dar odobi murid” (“Murid odoblari haqida risola”).

8. “Risolai kashfiya” (“Karomatlar haqida risola”).

9. “Risolai mahbubiya” (“Doʻstlik haqida risola”).

10. “Sharhi “Fiqhi Kaydoniy” (“Fiqhi Kaydoniy” asarining sharhi”).

11. “Fasl ul-xitob bivusuli-ahbob” (“Doʻstlar visoliga yetishishda oq ila qorani ajratuvchi kitob”).

12. “Muxtasari taʼrixi Makka” (“Makka shahrining qisqachatarixi”).

13. “Fusuli sitta” (“Olti fasl”).

14. “Maktubi Xoja Muhammad Porso va Mavlono Zaynuddin” (“Xoja Muhammad Porsoning Mavlono Zaynuddinga maktuby? ‘).

15. “Maqomoti Xoja Alouddin Attor” (“Alouddin Attor maqomoti”).

16. “Maqomati Xoja Bahovuddin Naqshband” (“Xoja Bahovuddin Naqshband maqomati”).

17. “Muqaddima li-jomiʼ ul-kalim” (“Jomiʼ ul-kalim” kitobiga muqaddima”).

18. “Haftodu du firqa” (“Yetmish ikki firqa”). Institutda Xoja Muhammad Porsoning qoʻli tekkan va oʻz muhrini bosgan boshka bir muallifning asari ham saqlanmoqdaki, bularning barchasi uning yetuk olim boʻlishi bilan birga, oʻzining shaxsiy kutubxonasiga ham ega ekanligini koʻrsatadi.

Xoja Muhammad Porso ikki marta haj safarini ado etgan. Dastlab Bahovuddin Naqshband bilan, keyin 1419 yili Buxorodan Termiz, Balx va Hirot orqali Nishopurga, undan esa Madinaga kirib boradi. Haj ziyoratini amalga oshirgach, kasalga chalinib, 72 yoshida vafot etadi. Amir ul-moʻminin Abbos maqbarasi yoniga dafn etiladi. Shayx Zaynuddin al-Xavofiy Misrdan taroshlangan oq tosh keltirib, uning qabriga qoʻyadi.

Muhammad Porsoning “Risolai qudsiya” asari Xoja Bahovuddin Naqshbandning qudsiy kalimalarini sharhlashga bagʻishlangan. Bu kalimalar Bahovuddin Naqshbandning oʻz ogʻzidan eshitilgan boʻlib, Muhammad Porso ularni jamlab yurgan. Bu haqda uning oʻzi shunday deydi: “Bu soʻzlar (ularning) muborak ogʻizlaridan chiqqan soʻzlardan bir tomchisigina boʻlib, bu zaif banda… bu qudsiy kalimalardan baʼzilarini sadoqat va irodat yuzasidan tabarruk ona vairshod sifatida qalamga olib yurardi”. Muhammad Porso oʻzining bu asarida ulugʻvor ustozining qudsiy kalimalarini keltiribgina qolmay, ularni sharhlab ham beradi. Asar Bahovuddin Naqshband hayoti, uning xizmatlari va maʼnaviy olamini ochib berish hamda Naqshbandiya sulukining asoslari haqida chuqur maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi bilan nihoyatda qimmatlidir.

Porsoning shariat va tariqat masalalariga bagʻishlangan va unga katta shuhrat keltirgan asari “Fasl ul-xitob bivusuli-l-ahbob” (“Doʻstlar visoliga yetishda oq ila qorani ajratuvchi kitob”) nomli asaridir. Katta hajmga ega boʻlgan bu kitob islom ulamolari orasida qoʻllanma sifatida foydalanilgan. Asar bir necha marta chop etilgan.

Oʻtmishda shariat, tariqat va firqalar toʻgʻrisida qandaydir bahs tugʻilib qolsa, albatta “Fasl ul-xitob”ga murojaat qilib, Porsoning fikrini hujjat sifatida koʻrganlar va unga suyanganlar. Mazkur asarning mundarijasi bilan tanishib chizishning oʻzi asarda muhim masalalar keng yoritilganligadan guvoh beradi. Asar 494 ta masalaga bagʻishlangan boʻlib, bu masalalarning hammasi islomda bahsli hisoblangan va Porso bu masalalarni turli asarlarga suyangan holda yechib bergan.

Umuman olganda, Xoja Muhammad Porso Markaziy Osiyo xalqlari maʼnaviyatida, islom va tasavvuf tarixida chuqur iz qoldirgan allomadir.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.