Xoja Ahror (1404-1490)

2
339
marta koʻrilgan.

Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahror – Markaziy Osiyo xalqlarining XV asr ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy va tafakkur rivojida muhim oʻrin tutgan. Naqshbandiya tariqatining nazariy, amaliy jihatlarini boyitib, bu taʼlimotning mashhur boʻlishiga hissa qoʻshgan tarixiy shaxsdir. U hijriy 806 yil ramazon oyida (1404 yil, mart) Shosh – Toshkent viloyati muzofotlaridan Bogʻistonda dunyoga kelgan. Otasi Xoja Mahmud va buvalari maʼrifatli kishilardan boʻlib, dehqonchilik va tijorat bilan shugʻullangan. Ona tarafidan Xoja Ahror mashhur Shayx Xovandi Tahurga borib ulanadi.

Xoja Ahror boshlangʻich maʼlumotni Toshkent madrasalarida olib, yoshlik chogʻlaridanoq muqaddas joylarni ziyorat qilishga moyillik koʻrsatadi va 23–24 yoshlarda togʻasi, zamonasining bilimdon kishilaridan boʻlgan Xoja Ibrohim uni Samarqandda oʻqitishni maqsad qilib qoʻyadi. Xoja Ahror koʻproq tasavvuf ilmiga qiziqadi. Shu maqsadda Hirotga kelib, 1428–1431 yillar orasida Shayx Bahovuddin Umar, Shayx Zayniddin Xavofiy kabi taniqli mutasavvuf bilimdonlari suhbatida boʻladi. Soʻng Chagʻoniyonning Xulgʻatu mavzeida istiqomat qiluvchi Xoja Bahovuddin Naqshbandning shogirdi boʻlgan Yaʼqub Charxiy (vofoti 1447)ga qoʻl berib, undan Naqshbandiya tarikati asoslarini oʻrganadi. 1431–1432 yillar orasida Xoja Ahror Toshkentga qaytib, Naqshbandiya tariqatining yirik arbobi Bahovuddin Naqshband taʼlimotining davomchisi sifatida tanilib, ayni vaqtda dehqonchilik va tijorat ishlari bilan mashgʻul boʻladi.

Manbalarda koʻrsatilishicha, Xoja Ahrorning xoʻjalik faoliyati tez orada juda keng rivoj topadi. Chunonchi, “Rashahot” asari muallifi Faxriddin Api Xoja Ahror yerlari Toshkent viloyatidan to Amudaryo sohillarigacha boʻlgan hududda 1300 dan ortiq ekinzorlarni tashkil etganini eslatadi. Shunisi eʼtiborga sazovorki, tadqiqot ishlarida aniqlanishicha, mayda mulkchilar soliqlardan qutulmoq uchun oʻz yerlarini Xoja Ahror ixtiyoriga oʻtkazishgan. Xoja Ahrorning hukmdorlar oddidagi nufuzi shariatda belgilangandan (ushr, mol, zakot) tashqari favqulodda soliqlarni mehnatkashlar gardaniga yuklashdan ularni himoya etgan. Xoja Ahror yerlarining koʻpayib borishiga bu omil ham bir sabab boʻlgan, xolos. Dehqonchilik, chorvachiliqdan tashqari Xoja Ahrorning shaharlarda ham hunarmandchilik rastalari, ustaxonalari boʻlgan va bulardan ham katta daromad kelib turgan.

Savdo-sotiq masalalarida Xoja Ahror nafaqat Movarounnahr hududida, balki Xuroson, Hindistonga ham mollarni yuborib, savdo qilgan. Shuni ham aytib oʻgmoq lozimdirki, Xoja Ahror oʻz xoʻjalik faoliyatidan olgan daromadning koʻpgina qismini aholi boshiga tushgan ogʻir soliqlarni toʻlash, diniy va madaniy qurilishlarni amalga oshirish kabi ishlarga sarflagan. Chunonchi, Umarshayx Mirzo Toshkent aholisidan 250 000 dinor hajmida soliq talab qilganida Xoja Ahror bu mablagʻning hammasini oʻzi toʻlab, yana 70 000 dinorni ham soliq yigʻuvchilarga topshirgan. Shuningdek, Xoja Ahror tomonidan Samarqandda, Toshkentda va Kobudda ham madrasalar qurdirilganligi manbalardan maʼlum.

Naqshbandiya tariqatining asosiy gʻoyasi: mehnat bilan mashgʻul boʻlish va ayni vaqtda dil Alloh bilan boʻlmogʻi lozimligi Xoja Ahror tomonidan eʼtirof etilgani va amalda qoʻllanilgani uning oʻz soʻzidan ravshandir. “Hazrat Abdulxoliq Gʻijduvoniy buyurmishlarki, – deydi u Ali Safiyning “Rashahot” asarida keltirilishicha, – xalqning ogʻirini yengil qilmoq darkor, ammo bunga halol kasb bilangina erishiladi. “Koʻl ish bilan, dil yor (Alloh) bilan” shiori Xojagon tariqatida muqarrd”.

Xoja Ubaydull6h”»Ahrorning mamlakat siyosiy hayotida faol ishtiroki 1451–1452 yillarga oiddir. 1447 yili Temuriylar davlati bosh hukmdori Shohruxning, 1449 yili esa Movarounnahr hukmdori Mirzo Ulugʻbekning vafotidan soʻng bir necha yil Temuriy shahzodalar orasida taxt uchun kurash boradi. 1451 yili shahzodalardan biri Abu Saʼid Mirzo Toshkentda boʻlib, Xoja Ahrorni oʻziga maʼnaviy madadkor deb taniydi va shu yili Mirzo Abdullo bilan boʻlgan jangda qoʻli baland kelib Samarqandni egallaydi hamda Xoja Ahrorni Toshkentdan Samarqandga koʻchirib keladi. Xojaning Samarqandda muqim turishi ana shu 1451 yildan boshlanadi. Uning mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda ishtiroki 1454 yilga oid boʻlib, shu yili Xuroson hokimi Abulqosim Bobur Samarqandni qamal qilganida Xoja Ahror shahar himoyachilariga bosh boʻlib, dushmanni sulh tuzishga majbur etadi. Shu bilan Xoja Ahrorning shahzodalar orasidagi nizolarni sulh bilan yakunlab, mamlakatda osoyishtalik oʻrnatishga qaratilgan siyosiy faoliyati umr boʻyi davom etadi. Uning 1458 yili Shohruxiyada oʻzaro qonli toʻqnashuvga tayyor uch huqmdor: Sulton Abu Saʼid (1451–1469)ning oʻgʻillari Sulton Ahmad Mirzo, Umarshayx Mirzo va Yunusxon (1462–1487)ning oʻgʻli Sulton Mahmudlar orasidagi nizoni sulh bilan bartaraf qilganligi manbalarda koʻp talqin etilgan.

Xoja Ahror Valiy 1490 yilda vafot etgan va Samarqandda dafn etilgan.

Xoja Ahror qalamiga mansub uch risola bizgacha yetib kelgan. Ulardan biri  “Faqarot ul-orifin” (“Oriflar soʻzlaridan parchalar”) nomi bilan mashhur boʻlib, unda Xoja Ahrorning va baʼzi boshqa tasavvuf namoyandalarining tariqatga oid fikrlaridan namunalar keltirilgan. “Volidiya” deb nomlangan ikkinchi risolasini Xoja Ahror oʻz otasi iltimosiga koʻra yozgan. Unda tariqat yoʻliga kirgan kishining axloq odobi, faqr va fano tushunchalari haqida soʻz boradi. Bu risola oʻz davrida mashhur boʻlib, Jomiy va Alisher Navoiylar u bilan yaqindan tanishganlar. Zahiriddin muhammad Bobur esa uni forsiydan oʻzbek tiliga sheʼriy tarjima qilgan. Uchinchi risola “Havroiyya” deb atalib, mashhur mutasavvuf shoir Abu Saʼid Abulxayrning (XI asr) ushbu “Havro” (“Hurlar” yoki “Farishtalar”) soʻzi bilan boshlanuvchi bir ruboiysini sharhlashga bagʻishlangan.

Bulardan tashqari Xoja Ahror tomonidan oʻz zamondoshlariga yozilgan anchagina ruqʼa – nomlari ham bizgacha yetib kelganki, ularni ham mazkur asarlar sirasiga kiritish joiz, chunki ularda muallifning oʻz davri maʼnaviy, ijtimoiy va siyosiy hayotida tutgan oʻrni aks etadi. Xatlar turli toʻplam va manoqiblar sahifalari orqali bizgacha yetib kelgan. Ulardan eng muhimi “Majmuayi murosalot” deb nomlangan XV asr dastxatlar toʻplami tarkibidagi ruqʼalardir. Toʻplam Alisher Navoiy buyrugʻi bilan tuzilgan va shuning uchun “Navoiy albomi” deb ham ataladi (OʻzR FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi, raqam 2178). Unda Xoja Ahrorning 128 dona ruqʼalari mavjud. Ular Samarqanddan Hirotga  Husayn Boyqaroga va aksari, Alisher Navoiyga yozilgan. Bu haqda “Nasoim ul-muhabbat” asaridagi Navoiyning oʻz soʻzlari tasdiqlaydi: “… Alarning bu haqir ila iltifotlari koʻp bor uchun vahiy osor ruqʼalari bilan musharraf qilib, ishlarga maʼmur qilur erdilar, ul ruqʼalarni muraqqa yasab, jazval va takallufot bila asrarmen”. Mazmun jihatdan ruqʼalarni uch turkumga boʻlib sharhlash mumkin: birinchisi – bu Movarounnahr va Xurosonda hukmronlik qilgan Temuriy hukmdorlar, chunonchi, Badaxshon hokimi Sulton Mahmud (1459–1494), Movarounnahr hokimi Sulton Ahmad (1468 –1493) hamda Sulton Husayn Boyqarolar orasidagi siyosiy, hududiy munosabatlarga doir xatlar. Ularda Xoja Ahror Temuriy shahzodalar oldiga oʻzaro nizolarni tinchlik yoʻli bilan hal etish, urushlar tufayli aholining jonu moliga zarar yetkazmaslik kabi talablarni qoʻyadi va buni amalga oshirishni Navoiydan iltimos qiladi.

Ikkinchi tur xatlarda esa Xoja Ahror shariat qonun-qoidalarini mustahkamlash va bu orqali mamlakatda adolat oʻrnatish, musulmonlar, yaʼni oddiy raiyatlarga jabru zulm oʻgkazishdan zolimlar qoʻlini koʻtoh qilish kabi fikrlarni ifodalaydi, baʼzan esa adolatsizlikka uchragan biror jabrdiydaning aniq nomini aytib, yordam koʻrsatishni soʻraydi.

Uchinchi turkum xatlarga kelsak, ular Xoja Ahror va uning yaqin muridlarining Xuroson hududida olib bergan xususiy xoʻjalik hamda savdo-sotiq ishlariga va shular bilan bogʻliq soliq yigʻinlar masalasiga oiddir. Bu xatlarda Xoja Ahror oʻz davrining yirik yer-suv, mol-mulk egasi sifatida gavdalanadi, oʻzining va yaqin kishilarining manfaatlari Xurosonda ham himoya qilinishiga intiladi. Ammo, aytib oʻgish lozimki, bu turdagi xatlar orasida ham baʼzan oddiy adolattalab kishilar huquqini himoya qilishga qaratilgan iltimoslar uchrab turadi.

Maʼlumki, XV asr Temuriylar davlatida Movarounnahr va Xurosonda iqtisodiy, madaniy, ilm-fan sohalarida yuksalish davri boʻlgan. Shu bilan birga Temuriylar davlatining inqirozi ham ana shu asrga toʻgʻri kelib, oʻzaro taxt uchun kurashlar natijasida oddiy xalq ahvoli ogʻirlasha borgan. Shariat tomonidan belgilangan ushr, mol va zakotlardan tashqari har xil vaqtlarda turli munosabatlar bilan olinadigan soliqlar soni 30 ga yaqin adadni tashkil etar edi. Ulardan baʼzilari (tamgʻo, yorgʻu) moʻgʻullar hukmronligi davrida joriy etilgan boʻlib, baʼzi vaqtlarda hali ham qoʻllanib kelardi. Ana shunday bir sharoitda Xoja Ahror musulmonlar boshidan jabr-zulmni daf etmoq uchun din va shariatni dastur qilgan holda sultonlarga murojaat qilmoq lozimligini Naqshbandiya tariqatining vazifalaridan deb uqtiradi. Xoja Ahror saroy xizmatidan voz kechmoqchi boʻlgan Alisher Navoiyga xat yozib, aytadi: “… Eshitishimcha, onhazrat, yaʼni sultonga mulozamat qilishdan goho malolat chekar ekansiz. Iltimos shuki, musulmonlarga madad yetkazmoq va biror faqirning dili mushkullikdan xalos topib, shod boʻlmogʻi uchun xotiri sharifingizni saroy xizmatidan uzmang… Biror kishi ham musulmonlar gʻamini yeyishni oʻylamay qoʻygan bu vaqtda ularga gʻamxoʻrlik qilish – eng xayrli ishdir!..”

Sobiq sovetlar davrida Xoja Ubaydulloh Ahror haqida bir qancha tadqiqotlar yozilib, uning iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy hayotdagi faoliyati yoritilgan boʻlsada, hukmron mafkura nuqtai nazaridan salbiy baholanardi. Keyingi tadqiqotlarda (A. N. Boldirev), ayniqsa, Markaziy Osiyo respublikalari istiqlolga erishgandan soʻng (B. Valixoʻjayev, A. Muhammadxoʻjayev va boshqalar) Xoja Ubaydulloh Ahror shaxsiyati va faoliyatiga yangicha, har taraflama yondoshib, uning jamiyat taraqqiyotida tutgan oʻrni haqqoniy ravishda yoritilmoqda.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

2 Mulohaza

  1. ho`ja ahrori valiy hazratlari avlodlari haqida to`liq malumot bormi.U kishining avlodlari afg`onistonga ketgan deb eshitgandim.to`liq ma`lumot bormi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.