Turgʻun Poʻlat (1928–1974)

0
111
marta koʻrilgan.

Turgʻun Poʻlat 1928 yilning 20 noyabrida Namangan viloyatining Uychi tumanidagi Mashad qishlogʻida xizmatchi oilasida tavallud topdi. Biroq bolaligi urush davriga toʻgʻri kelganidan bor-yoʻgʻi 9–sinfgacha oʻqiy oldi. Hayotning oʻzi ham muallim, ham dorilfunun vazifasini bajardi. Otasi kabi u ham ona qishlogʻi Mashadda hisobchi boʻlib mehnat faoliyatini boshladi.

Keyinchalik viloyat qishloq xoʻjalik bankida ishni davom ettirdi. Ayni chogʻda “Namangan haqiqati” viloyat gazetasi bilan hamkorlik qilib, ilk sheʼrlari, publitsistik maqola va felʼyetonlarini chop ettirdi. Porovardida mohir jurnalist va adib sifatida elga tanila bordi. Ayniqsa, uning 50-yillar oʻrtalarida Toshkentga koʻchib kelishi orzu va istaklarining roʻyobga chiqishida muhim oʻrin tutdi.

“Adabiyotga bolalikdan havasim zoʻr edi, ‒ deb yozadi u tarjimai holida, ‒ mana shu intilish meni jurnalistika dargohiga olib keldi. Avval Namangan viloyat gazetalarida, soʻngra hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida, “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida, Oʻzbekiston telegraf agentligida adabiy xodim, boʻlim mudiri, muharrir, tarjimon lavozimlarida ishladim. “Sharq yulduzi” jurnalida boʻlim mudiri boʻldim. Asosan 1951 yildan beri ocherk, hikoya, felʼyetonlarim bilan gazeta va jurnallar sahifalarida qatnashib kelaman. Baʼzi-baʼzida tarjimonlik ham qilib turaman. V. Ovechkinning “Rayonning ish kunlari” ocherkini, P. Brovkaning “Daryolar tutashganda” romanini, P. Pokrishkinning “Urush osmoni”, A. P. Saburovning “Zafarli bahor” esdaliklarini oʻzbekchaga agʻdarganman. 1971 yilda oʻzimning “Vodiylarni kezganda” ocherkli kitobim bosilib chiqdi”.

Garchi Turgʻun Poʻlat adabiyotning qutlugʻ dargohiga sheʼriy mashqlari bilan kirib kelgan boʻlsa-da, asosan, nasr borasida jiddiy shugʻullanib, “Ayollar isyoni” (1967), “Jigʻildon qori”, “Toʻraxoʻja” (1970) kabi hajviy hikoyalarini yaratdi. Adib “Hoji hisobchining hikoyalari” turkumi va “Mirrixdan kelgan mehmon” (1973) kitobi bilan adabiy jamoatchilikning eʼtiborini qozondi.

Shuningdek, uning “Tabarruk zaminda” (1970), “Xotinboz” (1972) hamda vafotidan keyin nashr qilingan “Yalovbardor” (1986) kabi kitoblari adabiy davralarda yaxshi baho oldi.

Adib “Ichkuyov” (1975) qissasi bilan 70-yillar oʻzbek nasri tarixida qoldi. Zero, “Ichkuyov” 70-yillar oʻzbek nasrida yangi fikr, yangi qarash, hayot haqiqatini roʻy-rost koʻrsatish nuqtai nazaridan muhim asar edi. Shu tufayli ham bu asar tez orada koʻp qismli telefilm boʻlib, zangori ekranga koʻchdi. 1979 yilda ana shu film ijodkorlari qatorida adibga ham Respublika Davlat mukofoti berildi.

Mustaqillik yillarida Turgʻun Poʻlatning “Ichkuyov” nomli saylanma asarlar toʻplami yangidan nashr etildi va unga adibning tugallanmay qolgan “Odamiy ersang…” nomli romani ham kiritildi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.