Turdi Farogʻiy (XVII asr)

0
2747
marta koʻrilgan.

XVII asrda yashab ijod qilgan Turdi Farogʻiy oʻzbek adabiyoti tarixida oʻziga xos mavqega ega boʻlgan shoir va mutafakkirlardan biridir. Shoir oʻz sheʼrlarini koʻp hollarda “Turdi” nomi, baʼzan esa “Farogʻiy” taxallusi bilan yozgan. “Farogʻ” Jizzax hududidagi qishloqlardan birining nomi boʻlish ehtimoli bor.

Turdi Farogʻiyning hayoti va ijodi haqida tarixiy manbalarda aniq maʼlumotlar saqlanib qolmagan. Bu toʻgʻrida asosan uning bizgacha yetib kelgan sanoqli sheʼrlari boʻyicha fikr yuritish imkonimiz bor, xolos. Turdi ijodini oʻrganishga A. Fitrat, O. Shara-fuddinov, H. Yoqubov kabi olimlar katta hissa qoʻshdilar. Shoirning A. Majidiy tomonidan topilgan va 1924–25 yillarda nashr etilgan sheʼrlar qoʻlyozmasi 30-yillardagi qatagʻonda yoʻqolib ketgan boʻlib, uni qaytadan topish va ilmiy muomalaga kiritish 1959-yili ushbu satrlar egasiga nasib etdi. Shoir asarlari qoʻlyozmasining kayta topilishi uning asarlari matnlarini toʻgʻri oʻqish va qayta nashr etishda katta ahamiyatga ega boʻldi. Bu qoʻlyozma hozir Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida – 1407 raqam bilan saqlanmoqda.

Turdi taxminan XVII asrning 40-yillarida tugʻilib, Buxorodagi Ashtarxoniy hukmdorlardan Nodir Muhammad va uning oʻgʻillari – Abdulazizxon hamda Subhonqulixonlar davrida faoliyat koʻrsatgan. U bir sheʼrida oʻz oʻgmishini eslab:

 

Ahli davlatlar bilan yoru harif, hamdush edim,

Hoyu huyi bazmlarda shahd noʻshonoʻsh edim,

Xush zamonlar yuz qazoni boshida sarxush edim…

 

deb yozishidan anglanildiki, u odsin oʻtgan bir zamonlarda amaldorlar safida qaynoq va suronli hayot kechirgan, yuz urugʻining koʻzga koʻringan siyosiy arboblaridan boʻlgan. Shu bilan birga u oʻzi ham shu urugʻga mansub boʻlgani ehtimoddan uzoq emas.

Turdi oʻzbek va fors tillarini yaxshi bilardi. U qarigan chogʻlarida yozgan “Dar mazammati sipohigari” degan sheʼrida oʻzining asosiy kasb-kori sipohiylik (“harbiylik”) boʻlganini, shu kasbi bilan uzoq yillar davomida nimalarnidir tamaʼ qilib, shohlarga xizmat qilganini, lekin oxir-oqibatda hech narsaga erisha olmaganini afsus-nadomat bilan maʼlum qiladi.

Lekin harbiylik bilan bir qatorda Turdi oʻz zamonasining eng oʻqimishli, Sharq adabiyotidan mukammal xabardor, hayot, jamiyat haqida keng tushunchaga ega bir kishi boʻlib yetishgan edi. Uning jamiyatda tutgan mavqei esa oʻz atrofida yuz berayotgan voqea va hodisalarga faol aralashishni taqozo etgan. Aftidan u oddiy askar emas, balki qoʻshin boshliqlaridan biri, baʼzan biron siyosiy guruhning rahbari boʻlgan yoki biron shunday guruhga yon bosgan.

XVII asr Buxoro siyosiy hayotidagi eng muhim voqea Ashtarxoniylardan Nodir Muhammadning taxtga chiqishi, oradan koʻp oʻtmayoʻgʻli Abdulazizxon hukmdorlikni undan tortib olishi, bu ahvol bilan kelisha olmagan kichik oʻgʻli – Subhonqulixonning esa akasiga qarshi uzoq yillar davomida kurash olib borishi va nihoyat 1680 yilda oʻz maqsadiga erishuvi boʻlgan edi. Subhonqulixon davlat tepasiga kelgach, raqibiAbdulazizxonni Madina shahriga ketishga majbur etish bilan birga Turdi kabi unga yaqin turgan kishilarni ham quvgʻin ostiga oladi.

Subhonqulixon davrida zulm va jaholat avj olib, ayrim urugʻ va aymoqlarning manfaatlariga katta ziyon yetgan, mulklari tortib olingan, poraxoʻrlik kuchaygan. Ilm, madaniyat ham orqaga ketgan. “Tarixi Mxoniy” asari muallifi Yusuf Muhammad Munshi xabar berishicha, u 2000 bayt sheʼr yozgan jiyani shoir Qosim Sultonni ham vaqti klganda ayamaydioʻldirtiradi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay mamlakatda qattiq noroziliklar yuz berib, bu pirovardida yangi hukmdorga qarshi uyushgan xalq qoʻzgʻolonlariga aylanadi. Turdi shubhasiz, xalq tomonida turib, bu harakatlarda ishtirok etadi.

Lekin bu qoʻzgʻolonlar Subhonqulixon tomonidan ayovsiz ravishda bostirildi. Turdining shundan keyingi hayoti Xoʻjand tomonlarda, muhtojlik va uzluksiz maʼnaviy tushkunliqda kechgan. Uning Xoʻjand hokimi Oqboʻtabiy dargohidan ketib, Jizzax hokimiga mute boʻlib yashagan vaqtida yozgan turkiy muxammasi buning yorqin dalilidir. Uning bizgacha yetib kelgan sheʼrlarining katta qismi shu davrda yaratilgan. Turdi taxminan 1699–1700 yillarda vafot etgan.

Turdining adabiy merosi 18 sheʼrdan iborat boʻlib, ulardan 12 tasi Sharq sheʼriyatining gʻazal, 5 tasi muxammas va bittasi fard turiga oiddir. 434 misra hajmidagi bu merosning 165 misrasi Subhonqulixon toʻgʻrisidagi mashhur hajviyani tashkil etadi. biroq shu merosi bilan ham Turdi oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixidan muhim oʻrin egallagandir.

Diqqat bilan nazar tashlansa, Turdi ham oʻz ijodini boshqa shoirlar kabi anʼanaviy ishq mavzuidan boshlagani, bu sohada oʻzigacha mavjud ijodiy tajribani puxta egallagani seziladi. Shoirning:

 

Turkona xirom ayladi ul shoʻxi diloro,

Dil mulkini bir goʻshai chashm ayladi yagʻmo,

 

matlai bilan boshlangan ishqiy gʻazali lirikaning yaxshi namunalaridan deb baholashga loyiq. Yana diqqatga sazovor tomoni shundaki, Turdining lirik gʻazallari boshqa shoirlarnikidan oʻzining nihoyatda ixchamligi, yaʼni 3–4–5 baytdan iboratligi bilan ajralib turadi. Turdining tasavvufiy sheʼrlari ham gʻoyat goʻzal va falsafiy teran mazmunga boy.

Turdi oʻzining tasavvuf bilan bogʻliq qarashlarini “Burun” radifi bilan yozilgan turkiy muxammasida shunday bayon etgan:

 

Lobaqodur qalbiy, qalbing bogʻlama iqbolinga,

Boʻlma gʻarra oriyat dunyovu mulku molinga,

Yod etib goʻru qiyomat, yigʻla doim holinga,

Bur nazar mo-u manidin, yonib oʻz ahvolinga,

Ibrat ila boq, koʻzung tufroqqa toʻlmasdan burun.

 

Lekin Turdi gʻazallarining aksariyati hali hech kim kalamga olmagan, oʻtkir ijtimoiy-siyosiy va falsafiy-axloqiy mavzularga bagʻishlangan. Ayniqsa shoirning quyidagi gʻazalida yurtni boshqarayotgan beklarga murojaat qilib, ularni keng feʼlli, oʻzaro ittifoq boʻlishga, bir-birini qabilachilik belgilariga qarab kamsitmaslikka chaqirishi, uni oʻz davrining eng yuksak fikrli, vatanparvar va haqiqiy insonparvar kishi boʻlganidan dalolat beradi:

 

Tor koʻngullik beklar, manman demang, kenglik qiling,

Toʻqson ikki boʻli oʻzbek yurtidur, tenglik qiling.

 

Birni qipchoqu xitoyu birni yuz, nayman demang,

Qirqu yuz ming son boʻlub, bir xon oyinlik qiling.

 

Bir yaqodin bosh chiqarib, barcha bir toʻngʻa kirib,

Bir oʻngurlik, bir tirizlik, bir yaqoyenglik qiling…

 

XVII asr sharoitida Buxoro xonligida turkiy, xususan, oʻzbek urugʻlari oʻrtasida oʻzaro nizolar kuchaygan boʻlib, shoir ularning bir-biridan uzoqlashib, mamlakatning esa mayda boʻlaklarga boʻlinib ketishini ularning oʻzlari uchun ham gʻoyat xatarli deb bilar, buning oldini olishga intilar edi. Shu bilan birga u xonlikning boshqarishda ishlayotgan, “oʻzbekman!” deb talonchilik bilan shugʻullanayotgan vakillarini dinsizlikda ayblashi, muttaham, bebosh sifatida fosh etishi achchiq hayotiy haqiqatga asoslangan edi.

Turdining shoh asari, albatta Subhonqulixon toʻgʻrisidagi hajviy muxammasidir. Shoir fikricha, Subhonqulixon davlat tepasiga kelishi bilan butun mamlakatda ahvol yomon tomonga oʻzgargan, osoyishtalik oʻrnini tartibsizlik, adlu karam oʻrnini oʻzaro nifoq egallagan.

Turdi yozishicha, Subhonqulixonning aybi shundaki, u taxtga oʻltirishi bilanoq tajribali, ishbilarmon mulozimlarni quvib, ularning oʻrniga oʻz atrofida davlatni boshqarish ishidan butunlay xabarsiz, fikr-mulohazalari sayoz, axloqan tuban kishilarni yigʻa boshlagan. Subhonqulixon va uning beklariga xos nuqsonlarni foshetishda Turdining hajviy qalami satrdan satrga, banddan bandga tobora oʻtkirlasha boradi. Shoir bu shoh haqida:

 

Bidʼatu zulm ani xilqatu asli zoti…

Fuqaro boʻldi bu shoh asrida koʻzi zoru nahif,

Zulmdan boʻldi raiyat elikim xoru zaif –

 

deb yozsa, uning beklariga:

 

Ey yuzi qora, koʻzi koʻr, qulogʻi kar beklar…

Yedingaz barchangiz itdek fuqaroni etini;

Gʻasb ila molin olib, qoʻymadingizlar bitini…

 

deb xitob qiladi. Subhonqulixon faoliyatida ham ayrim ijobiy tomonlar boʻlib, Turdi esa ulardan butunlay koʻz yumadi. Masalan: u shohlik bilan bir qatorda tibbiyot masalalari bilan izchil shugʻullangan va oʻz davrida “Tibbi Subhoniy” degan asarni yozgan. Biz 1972 yili Afgʻonistonda boʻlganimizda, Balxga yaqin Dehdodi qishlogʻi masjidida Subhonqulixonning katta kutubxonasi boʻlgani haqida maʼlumotga ega boʻlgan edik.

Toʻgʻrirogʻi, Turdi bu asarida Subhonqulixon qiyofasida qattiqqoʻl, johil shoh timsolini yaratishga harakat qilgan va bunga erishgan. Bunda Subhonqulixon obrazini biz toʻla tarixiy real shaxs sifatida emas, balki adabiy tip sifatida baholamogʻimiz zarur. Bu hajfiy asari bilan Turdi oʻzbek hajviyotini Alisher Navoiydan keyin yangi bir yuksaklikka koʻtardi.

Turdi Shayx Saʼdiy gʻazaliga bogʻlagan muxammasida esa oʻz ulugʻ salafi asarida insonparvarlik gʻoyalarini yanada chuqurlashtirdi. Saʼdiy bu gʻazalida shunday yozgan edi:

 

Nest on lolaki, dar bodiyaho jilvagarand,

Kushtagonandki, az xok bar ovarda sarand.

 

Mazmuni:

 

Sahrolarda jilva qilayotgan narsalar lola emas,

Balki soʻyilgan odamlardirki, tufrogʻdan bosh chiqarib turibdilar.

 

Turdi bu bayt oldiga quyidagi uch satrni qoʻshib, yangi band yaratgan va Saʼdiy gʻazallarini toʻldirgan:

 

Bargi har toza gule shohidi maddi nazarand,

Varaqi safhai manzur zi ahli basarand.

Xoʻshklab, dogʻ va dil tashna ba xuni jigarand.

Nest on lolaki, dar bodiyaho jilvagarand,

Kushtagonandki, az xok bar ovarda sarand.

 

Mazmuni:

 

Gulning har bir yaprogʻi kishi diqqatini oʻziga tortadi,

Uning har bir gulbargi esa ziyrak kishilarga manzur boʻladiganbir varaqdir.

U gullar labi qurigan, dili dogʻ, jigarining qoniga tashnadirlar.

Sahrolarda jilva qilayotgan narsalar lola emas,

Balki soʻyilgan odamlardirki, tufrogʻdan bosh chiqarib turibdilar.

 

Turdi muxammasining yana bir qimmatli tomoni shundaki, uning shu muxammasi tufayli Saʼdiyning boshqa qoʻlyozmalarda yoʻq bir gʻazali bizgacha yetib kelgan. Biz 1996 yili Sherozda boʻlganimizda, u yerdagi “Saʼdiy markazi” ilmiy xodimlari ham bu gʻazalni ulugʻ shoir asarlarining Eron nashrlaridan topib bera olmadilar.

Turdi oʻz sheʼrlarida Sharq sheʼriyatidagi badiiy sanʼatlardan mahorat bilan istifoda etgan holda, birinchi oʻringa hayotiy mazmunni qoʻyadi, koʻp oʻrinlarda uning sheʼriy uslubiga falsafiy tafakkur xosdir.

U oʻz ijodida hamma vaqt fikrni oʻtkir va tiniq holda, katta bilim va tushunchalar asosida, oʻziga va oʻz orzulariga, oʻz asarlarini jamiyat hayotini oʻzgartiraolish kuchiga qattiq ishonib qalam tebratgan.

Shuning uchun uning adabiy merosi bizning davrimizda ham katta maʼno kasb etib, kishilarimizning tarbiyasida muhim oʻrin tutmokda va xalqimizning chinakam maʼnaviy mulkiga aylangandir.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.