Toshpo‘lat Ahmad (1942)

0
159
marta ko‘rilgan.

Toshpo‘lat Ahmad 1942 yil 13 dekabrda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Denov qishlog‘ida tug‘ildi. Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil oldi (1959–1964).

Ish faoliyatini o‘rta maktab o‘qituvchiligidan boshlagan Toshpo‘lat Ahmad, keyinchalik “Buxoro haqiqati” (hozirgi “Buxoronoma”) gazetasida (1965–1975; 1993–1996), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limida (1975–1993) xizmat qildi. 1996 yildan yana O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limining mas’ul kotibi va ayni paytda “Buxoro mavjlari” jurnalining bosh muharriri vazifasida faoliyat olib bormoqda. Bu yillarda uning “Buxoro yulduzi” nomli hujjatli qissasi (1971), “Qasam va qasos” (1973), “O‘g‘lingman, hayot!” (1974), “Qalbning oppoq gavhari” (1975) kabi ocherklar to‘plami, “Ochiq eshik” nomli hikoyalar to‘plami (1975), “Minorlar va chinorlar” (1980), “Oydin xayollar” (1984), “Tabassum bog‘i” (1986), “Ahli muslim mehrobi” (1991), “Imon qal’asi” (1994) singari she’riy kitoblari nashr etildi.

Toshpo‘lat Ahmad tarjimon sifatida Jalol Ikromiyning “Qora quzg‘unlar” romanini, shuningdek, Rasul Hamzatov, Vladimir Solouxin, Avetik Isaakyan, Ovanes Sheroz, Loyiq Sherali, Ahmad Muxtor singari shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.

Keyingi yillarda shoirning Buxoroning 2500 yilligiga bag‘ishlangan “Sharq tumori” (1996), “Fig‘on” (1994), “Buxoronoma” (Saylanma, 1997), “Chorbakr” (1996), “Gavhari jonim” (2009), “202 atirgul” (2013) nomli kitoblari chop etildi. “Fig‘on” pyesasi sahna yuzini ko‘rdi. “Qutlug‘ ostona” (2006), “Sharq gavhari” (Saylanma, 2007), “Qalam va alam” (2008), “Navro‘zingdan o‘rgilay” (2010), “Sajdagoh” (dostonlar, 2011) asarlari e’lon qilindi.

Toshpo‘lat Ahmadning asarlari rus, tojik, turkman, venger, ispan, turk, qozoq tillariga tarjima qilingan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Toshpo‘lat Ahmad 1998 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2007 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan. U “Oltin qalam” xalqaro mukofoti sohibi.

 

“O‘zbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.