Tomas Eliot (1888–1965)

0
114
marta koʻrilgan.

Shoir, dramaturg va adabiy tanqidchi – Tomas Sternz Eliot (1888–1965) sheʼriyatda modernizm oqimining yirik vakillaridan biridir.

U 1888 yil 26 sentyabrda Sent-Luis (AQSH) shahrida badavlat va martabali protestantlar oilasida dunyoga keldi. Uning bobosi cherkov qurgan va universitet kollejiga asos solgan, oʻz davrining maʼrifatparvar ruhoniylaridan edi. Otasi ishlab chiqarish kompaniyasining prezidenti, onasi adabiy faoliyat bilan shugʻullangan. Eliotlar xonadonidagi anʼanalar: eʼtiqodlilik, talabchanlik, odob-axloq meʼyorlariga, oʻz xatti-harakatlariga masʼullik tuygʻularining shakllanishi boʻlajak adibga katta taʼsir oʻtkazgan. Yangi Angliyaning puritanlarga xos qatʼiy tamoyillari va oʻz burchiga sadoqat, eʼtiqodga sodiqlik yillar davomida yosh Eliotning hayotiy yoʻlini belgilab berdi. Ayni vaqtda u muhtaram ota-bobolari yoʻlidan boshqa soʻqmoqlarga ham oʻtib ketganini, ammo oʻz yoʻlini topa olganligini taʼkidlash joiz.

1910 yilda Garvard universitetini toʻrt yillik tahsilini uch yilda tamomlab, u ikkinchi vatani boʻlib qolgan Yevropaga yoʻl oldi. Bu davrda u falsafa, din va maʼlum tarixiy davrlar (Italyan tiklanish davri, Yelizaveta davridagi Angliya va XVII asr)ga boʻlgan qiziqishlari ortgan edi. Eliotning ilk toʻplamlariga burjua jamiyatining soxtaliklari, shaharning shovqin-suronli hayotida inson shaxsining yemirilishi haqidagi fojeaviy sheʼrlar xos boʻldi. Chinakam puritanlar avlodi sifatida u muntazam ibodat, intizom va tinimsiz mehnat bilan oldidagi mashaqqatli toʻsiqlarni yengib oʻtdi.

Boʻlgʻuvchi avangard shoir oʻz zamoni adabiyot maydoniga isyon bilan kirib keldi. Uning ijodidagi asosiy mavzu – ruh inqirozi boʻldi. Eliot oʻsha davrda moddiy qadriyatlarga ruju qoʻygan insoniyatning Xudo tomonidan berilgan ilohiy neʼmatlarni mensimasligini tanqid qilish, dahriylikni qoralash gʻoyalariga suyandi.

Uning ilk sheʼrlari 1916 yilda Amerikaning “Littl revyu” jurnalida chop etildi. Birinchi jahon urushi davrida adabiyotda muntazam ravishda yangi sheʼriy yoʻllarni ochishga intildi. Bu yillarda yaratilgan koʻplab asarlari uning ruhiy va ijodiy yoʻlini qatʼiy belgilab olganligidan dalolat berardi. Masalan, “Xoval odamlar” (1925) sheʼrlar turkumi Eliotga “umidsiz shoir” degan laqab keltirdi. “Alfred Prufrokning sevgi qoʻshigʻi” (1917) toʻplamiga esa ijodining ilk bosqichida yaratilgan, zamondoshlari tomonidan anglo-amerika modernizmining manifesti sifatida eʼtirof etilgan sheʼrlari kiritilgandi. 1919 yilda uning “Sheʼrlar” kitobi chop etildi. 1922 yilda Eliotning Injil va Danteona ruhdagi satrlari jamlangan, urushdan keyingi yillarning “Yoʻqotilgan avlod”i qarashlarini mujassam etgan “Hosilsiz yer” poemasini eʼlon etdi. Bu yillarga kelib Eliot adabiyotshunos, tanqidchi sifatida ham shuhrat qozondi. 1920 yilda uning estetik qarashlari jamlangan “Muqaddas oʻrmon” toʻplami nashr qilindi. Unda Eliot unutilayozgan Jon Donne, shuningdek, “metafizik shoirlar” Endryu Marvell va Jon Vebster kabi ingliz adabiyotining namoyandalarini yuqori baholab, zamondoshlarining yodiga solishga intildi.

1927 yilda T. Eliot Buyuk Britaniya fuqaroligiga qabul qilindi. Taraqqiyotining burjua-kapitalistik yoʻlini rad etgan holda, Eliot ruhiy jihatdan nasroniylikning axloqiy meʼyorlariga amal qilishni (“Kul bosgan muhit”, 1930), ibtidoiy diniy eʼtiqodga qaytishni targʻib etdi, ijodini konservatizm tomon yoʻnaltirdi. Shuningdek, u tarjimon sifatida 1930 yilda fransuz shoiri Sen-Jon Persning “Anabasis” poemasini ingliz tiliga oʻgirdi.

Ijodining soʻnggi bosqichlarida (“Toʻrt kvartet”, 1943) baqo va fano, avlodlarning ruhiy rishtalari mavzulariga muntazam murojaat etib turdi.

Eliot oliy tafakkur shoir edi, uning asarlari zamondosh ijodkorlarning ijodidan tubdan farqlanadi. Shoir oʻz ijodida murakkablikni maqsad qilib olmadi, balki bu murakkablik uning anglangan va hal etilgan muammolarining serqirraligi bilan belgilanadi.

1948 yilda “Zamonaviy poeziyaga qoʻshgan katta novatorlik hissasi uchun” Eliotga Nobel mukofoti berildi. 1948 yilda Britaniyaning Xizmatlari uchun ordeni, 1954 yilda fransuzlarning Faxriy legion ordeni va olmonlarning Ganzey ittifoqi taʼsis etgan Gyote mukofoti bilan taqdirlandi.

Tomas Eliot 1965 yil 4 yanvarda Londonda vafot etdi va Vestminster abbatligiga qarashli Ist-Koker hududida – Somerset qishlogʻida dafn etildi. Xuddi shu yerdan bobosi Endryu Eliot XVII asr oʻrtalarida Amerikaga yoʻl olgan edi…

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.