Tolib Yoʻldosh (1918–2002)

0
2916
marta koʻrilgan.

Bolalar va kattalarning ardoqli shoiri Tolib Yoʻldosh 1918 yil Toshkentning Chilonzor mavzei, Gulbozor mahallasida oddiy mehnatkash oilada dunyoga kelgan. U turmush tashvishlari bilan boʻlib, qirq yoshidan soʻng ilm egallashga kirishadi.

Tayyorlov va kechki kurslarda oʻqidi. Tolib Yoʻldoshning birinchi sheʼriy toʻplami “Boʻri bilan chol” 1943 yilda chop etilgan. “Shundan beri, ‒ deb yozadi shoir tarjimai holida, ‒ qirqqa yaqin toʻplam nashr ettirdim, yarmi bolalarga, yarmi kattalar uchun”. T. Yoʻldoshning “Baxtiyorlar qoʻshigʻi”, “Porloq erta”, “Polizda”, “Doʻmboqlar”, “Koptok nega qochadi”, “Oʻsmirlar oʻylari”, “Oq terakmi, koʻk terak”, “Quyosh bilan suhbat” kabi yigirmaga yaqin sheʼriy toʻplamlarida begʻubor yoshlar qalbi, orzu maqsadlari, intilishlari, quvonch va tashvishlari oʻzining yorqin ifodasini topgan.

Shoirning bolalarga bagʻishlangan koʻpchilik sheʼrlari Z. Diyor, Q. Muhammadiy, Q. Hikmat kabi shoirlarning sheʼrlari kabi sodda, ravon va aniq badiiy ifodaga ega ekanligi bilan eʼtiborlidir.

Shoirning koʻp sheʼrlari topishmoq shaklida namoyon boʻladi. Oqibatda bolaning diqqat-eʼtibori sheʼrga tortiladi. Bolalarga bagʻishlangan bir qator sheʼrlari esa oʻzining maʼno va mazmuniga koʻra jiddiy, salmoqli, oʻy-xayolga chorlab turishi bilan ajralib turadi. Jumladan, “Toʻrt fasl” sheʼrida yilning koʻklam, yoz, kuz va qishi haqida ajoyib bir manzara yaratadi.

Tolib Yoʻldoshning bolalarga bagʻishlangan asarlari orasida ertaklar, ertak-dostonlar ham anchagina. Uning “Ovchi”, “Toʻqlikka shoʻxlik”, “Xumcha bilan nimcha”, “Qoʻrqoq quyon”, “Oʻrmonliklar orzusi”, “Toshmat uchgan” kabi oʻnlab ertaklari, xayoliy sarguzasht janriga xos uslubda yaratilgan. Bu hol esa bolalarning romantik kayfiyatiga juda mos boʻlib, ularning ichki dunyosini toʻlaroq ochib berish imkoniyatini beradi.

Shoirning koʻp asarlari, hali aytganimizdek, kattalarga bagʻishlangan. Ular janr jihatidan toʻrtliklar, sakkizliklar va hajvlardan iborat. Bu jihatdan adibning “Oshiq koʻngil” (1974) toʻplamiga jamlangan “Yetuklik”, “Yellar va oʻylar” turkumidagi sheʼrlar oʻzining mazmundorligi, falsafiy teranligi, badiiy puxtaligi bilan oʻquvchini oʻziga jalb etadi.

Tolib Yoʻldosh ijodida hajv ham katta oʻrin egallaydi, hatto bu mazmundagi asarlari “Mushtum kutubxonasi” turkumida alohida kitob holida nashr ham etilgan. Xususan, “Ajabsanda” hajviy sheʼriy toʻplami oʻquvchilar eʼtiboriga tushgan.

Tolib Yoʻldosh gʻazalnavis shoir sifatida ham maʼlum. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor aytganidek: “U faqat qalb amri bilan, ichki bir ehtiyoj bilan” ijod qilib, hurmat qozongan adib sifatida bugungi adabiy jarayonda oʻz oʻrniga ega.

Mustaqilligimizning yetti yilligi munosabati bilan Tolib Yoʻldosh “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.