Tohir Malik (1946–2019)

2
8595
marta koʻrilgan.

Tohir Malik (Tohir Hobilov) 1946 yilning 27 dekabrida ziyoli oilada dunyoga keldi.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakulteti kechki boʻlimida oʻqidi. Qurilishda duradgor, gʻisht teruvchi boʻlib ishladi. Keyinchalik hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida adabiy xodim, boʻlim boshligʻi vazifalarida ishladi (1966).

Harbiy xizmatni oʻtab qaytgach, Respublika radiosida, “Choʻlpon”, Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotlarida, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qildi. 1995 yildan buyon Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida oʻzbek tilidan dars beradi.

Oʻzbek adabiyotida kam eʼtibor berilgan fantastika janriga aynan talabalik yillarida qoʻl urdi; bir qator asarlari kitobxonlar eʼtiborini oʻziga tortdi. “Hikmat afandining oʻlimi” (1972) asari oʻzbek adabiyotida fantastika yoʻnalishidagi birinchi qissa sanaladi. Shu yoʻnalishdagi bir qator hikoyalari, “Falak” (1976), “Zaharli gʻubor” (1978), “Somon yoʻli elchilari” (1979), “Tiriklik suvi” (1984) qissalari, “Devona” romani (1985, dastlab “Chorrahada qolgan odamlar” nomida nashr etilgan), “Qora farishta” (2005) kitobi chop etildi; bu asarlar rus hamda boshqa xorij tillariga tarjima qilindi.

Adib XX asr boshlaridagi oʻzbek ziyolilari faoliyatini oʻrganib, Abdulla Avloniy hayoti misolida “Savohil” (1987, avval “Qaldirgʻoch” nomida nashr etilgan) romanini va Mirzakalon Ismoiliy xotirasiga atab “Ozod inson haqida qoʻshiq” (2008) qissasini yozdi. Bu mavzu keyinchalik “Soʻnggi oʻq” (1990), “Ov” (1997) qissalarida davom etdi. “Soʻnggi oʻq” asosida yetti qismli telefilm yaratildi. Uning maʼnaviyat masalalariga, axloqiy qadriyatlarga bagʻishlangan “Bir koʻcha, bir kecha” (1988), “Iblis devori” (2006), “Eng kichik jinoyat” (2007) asarlari ham kitobxonlarga manzur boʻldi. “Iblis devori” asosida badiiy film suratga olindi. Adib insonning maʼnaviy-ruhiy olamini tadqiq etishga koʻp eʼtibor qaratdi. Buning samarasi oʻlaroq “Jinoyatning uzun yoʻli” (2001), “Ayovsiz ilon” (2009), “Aql va Oqil” (2010), “Kelinlar daftariga” (2010), “Tilingni asra”, “Mehmon tuygʻular” maʼrifiy asarlari hamda uch kitobdan iborat “Odamiylik mulki” (2012) asari dunyoga keldi.

Tohir Malikning yana “Alvido… bolalik” (1989), 5 kitobdan iborat “Shaytanat” (1994,1995,1997,2001,2011), “Murdalar gapirmaydi” (1994), “Yomonlikdan yiroq boʻling” (2001), “Talvasa” (2007), “Tilla kalamush” (2007), “Voy, onajonim” (2009), “Sohilsiz dengiz”, “Padarkush” (2011), “Samum” (1-2 kitob, 2012–2013), “Charxpalak”, “Halovat”, “Shaytanatning jin koʻchalari”, “Nomus”, “Kuyov bola, sizga aytar soʻzim bor” (2012), 12 jildli “Tanlangan asarlar“, Munojot” (2013), “Umidlar dashti”, “Umidimiz yulduzlariga” (2014), “Poʻrtanali ummonda suzar hayot qayigʻi (1-2 kitob, 2015) kabi roman, qissa, hikoyalar, badealar kitoblari nashr etildi.

Adib tarjimon sifatida “Tashnalik” (bulgʻor hikoyalari, 1980), E. Amitning “Kapalak” (1981), A. Hakimovning “Oqsoq boʻri” (roman, 1981), F. Dostoyevskiyning “Maʼsuma” (roman, 1985), V. Ikskulning “Nomus va ajal” (2010), “Nomus va qasos” (2011), K. Gotssining “Bugʻuga aylangan qirol” (pyesa, 2011), L. Tolstoyning “Sakrash” (1980) asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Ayni paytda adibning asarlari ham arab, rus, qirgʻiz, qozoq, uygʻur tillariga tarjima qilindi.

Adib qator kinossenariylar va radiopyesalar muallifi hamdir.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik 1996 yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Yozuvchi 2019 yil 16 may kuni vafot etdi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan foydalanildi.

2 Mulohaza

  1. Agar Qora farishta nomli kitob bo’lganda bundanda zo’r bo’lardi. Iltimos agar iloji bo’lsa qora farishtani saytga qo’ying

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.