Togʻay Murod (1948–2003)

0
3216
marta koʻrilgan.

Togʻay Murod 1948 yili Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi Xoʻja Soat qishlogʻida tugʻildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida (1967–1971), Moskvadagi Adabiyot institutida (1985–1987) tahsil oldi. Respublika radiosida (1972–1975), “Oʻzbekiston fizkulturachisi” gazetasi (1976–1978), “Fan va turmush” jurnalida (1982–1984) xizmat qildi.

1976 yili Togʻay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” degan ilk qissasi “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgach, kitobxonlar ogʻziga tushdi. Shundan soʻng birin-ketin “Ot kishnagan oqshom” (1979), “Oydinda yurgan odamlar”(1980), “Momo Yer qoʻshigʻi” (1985) kabi oʻzbek milliy qissachiligining yangi namunalari dunyoga keldi. Ular yuksak baholanib, adib Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi yillik mukofotiga sazovor boʻldi.

Adib 1986–1991 yillarda “Otamdan qolgan dalalar” romanini yaratdi. 1994 yili unga mazkur asari uchun Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti berildi. “Otamdan qolgan dalalar” – ijtimoiy roman. U nafaqat adib ijodida, balki oʻtgan asrning 90-yillar adabiyotida katta voqea boʻldi. Unda mustabid tuzumning qattol siyosati, oʻzbek dehqonining ogʻir, mashaqqatli mehnati va nursiz hayoti real boʻyoqlarda ochib tashlangan.

Togʻay Murod mohir tarjimon sifatida J. Londonning “Boyning qizi” dramasi va bir nechta hikoyalarini (1974–1975), Ye. Seton-Tompsonning mashhur “Yovvoyi yoʻrgʻa” asarini tarjima qildi (1989).

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asari asosida ikki qismdan iborat badiiy film yaratildi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.