Tilavoldi Joʻrayev (1946–2011)

0
235
marta koʻrilgan.

Tilavoldi Joʻrayev 1946 yilning 10 mayida Fargʻona viloyati Yozyovon tumaniga qarashli Boʻtqachi qishlogʻida dehqon oilasida tugʻildi. Fargʻona Pedagogika institutining chet tillar fakultetida tahsil oldi.

U talabalik yillaridan badiiy tarjimaga ragʻbat koʻrsatdi. E. Xeminguey, U. Saroyan, Borxes, Fuentes hikoyalari va qissalarini bevosita ingliz tilidan oʻzbekchalashtirishga kirishdi. Universitetning ingliz tili fakultetidagi muallimlik faoliyati (1968–1995) uning dunyoqarashiga katta oʻzgarishlar olib kirdi. Soʻz sehrini his qilish barobarida badiiy asarni tanlab oʻqish va idrok qilish malakasini egalladi. Yillar davomida ushbu xususiyatlar koʻrkam maʼnaviy-intellektual madaniyat sifatida shakllandi.

Gerbert Uellsning “Doktor Moro oroli” romanini (1993), Kennet Grexemning “Hammamiz ham darbadar” qissasini (2004) ingliz tilidan oʻzbek tiliga oʻgirdi. “Inglizcha-oʻzbekcha ijtimoiy-siyosiy soʻzlar lugʻati”ni tuzdi. Moskvadagi chet tillar institutida malakasini oshirib kelgach, talabalarga ingliz tili va adabiyotidan ham saboq berdi.

“Uni oʻchmaydigan traktor” nomli birinchi hikoyasi 1988 yili “Fargʻona haqiqati” gazetasida bosilib chiqdi. “Qishloqliklar” nomli hikoyalar majmuasi esa 1993 yilda nashr etildi.

Tilavoldi Joʻrayev yozuvchi va adabiyotshunos olim sifatida maʼnaviy madaniyatimizda oʻz oʻrniga ega. “Yaxshi hammaga kerak” qissasi (2000), “Arvohlar tunda izgʻiydi” romani (2004), “Bozor” romani (2010) adib nomini elga tanitdi. Olimning “Jeyms Joys” risolasi (1993), “Ong oqimi va tasviriylik” (1994) monografiyasi, Chimyon sanatoriysi tarixi va suvining shifobaxsh xususiyatlari haqidagi “Oʻzbekiston Matsestasi” (1999) risolasi, “Nurli yoʻl va ezgu niyat ijobati” publitsistik asari nashr qilindi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.