Tavallo (1882–1937)

0
587
marta koʻrilgan.

Shoirning asl ismi-sharifi Toʻlagan Xoʻjamyorov boʻlib, “Tavallo” uning adabiy taxallusidir. Tavallo 1882 yil Toshkentning Koʻkcha dahasida, ziyoli oilasida tugʻilgan. Avval eski maktabda, keyin mashhur “Beklarbegi” madrasasida tahsil oladi.

Toshkentning Eski Joʻva mavzesida joylashgan mazkur madrasada Muqimiy, Furqat kabi mumtoz shoirlar ham istiqomat qilishgan, bahs-munozara, mushoiralar uyushtirilgan. Ana shunday ijodiy muhit Tavalloning shoirlik havasiga qanot bagʻishlaydi. Shuningdek, uning shoir sifatida shakllanishida oʻz davrining mashhur shoiri Yusuf Saryomiyning ham taʼsiri katta boʻlgan.

Tavalloning sheʼrlari XX asr boshlarida turli matbuot sahifalarida tez-tez uchrasa ham, kitob holidagi “Sabzavor” sheʼriy toʻplami 1914 yilda chop etilgan. Xuddi shu yili tatar shoiri Abdulla Toʻqay vafotining bir yilligi munosabati bilan yozgan sheʼrida oʻz millati ravnaqi yoʻlida Abdulla Toʻqaydek xizmat qilishga ahd etgani, qatʼiy kurashga bel bogʻlaganini maʼlum qiladi.

1905 yilda jadidchilik harakatiga qoʻshilgan Tavallo “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Fargʻona” gazetalarida oʻz maqola va sheʼrlari bilan faol ishtirok etadi. Toshkentda namoyish etilgan Mahmudxoʻja Behbudiyning “Padarkush” asarini sahnalashtirishda tashkilotchilik qiladi. 1916 yilga kelib u matbuotda eʼlon qilingan va qilinmagan sara sheʼrlarini jamlab, “Ravnaq ul-islom” degan nomda chop ettiradi.

Toʻplam garchi islomiy ruhda nomlangan boʻlsa-da, aksariyat qismi hajviy, ijtimoiy sheʼrlardan tashkil topgan. Eng muhimi, sheʼrlarining barchasi otashin maʼrifatparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan, mavzu jihatdan esa rang-barang, janriga koʻra xilma-xilligi bilan ajralib turadi.

 

Ey qoʻlum, pul tutma hech, millatga yordamlashmasang,

Boʻlma xushnud, ey dilim, millat gʻamin gʻamlashmasang, –

 

deya millatga, uning taqdiri, kelajagiga boʻlgan ehtiromini ifodalaydi.

Vatan va millat istiqboliga boʻlgan ishonch, muhabbat shoir ijodining asosiy mazmun-mundarijasini tashkil etadi. Atoqli adib Oybek oʻzining “Bolalik” qissasida shuni koʻzda tutgan holda Tavallo ijodiga katta hurmat-ehtiromini izhor qiladi.

Tavallo oktyabr toʻntarishidan soʻng shoʻro idoralarida ham ishladi. “Mushtum” jurnalida faol ishtirok etdi. Ammo 1937 yilda mustabid tuzum qurboniga aylandi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.