Sulton Akbariy (1923–1997)

0
167
marta koʻrilgan.

Adabiyotimizda baxshiyona uslubda qalam tebratgan shoirlar anchagina. Sulton Akbariy ‒ shulardan biri. Binobarin u oʻz ovozi, oʻz uslubiga ega shoirlardandir.

Sulton Akbariy 1923 yilning kech kuzida Toshkentda tugʻilgan. Oʻrta maktabni tugatib, mehnat faoliyatini gazetalarda adabiy xodimlikdan boshlagan. Toshkent davlat pedagogika institutining soʻnggi kursidan frontga ketadi. Jangdan qaytgach, yana jurnalist sifatida faoliyat olib boradi.

U “Xorazm haqiqati” gazetasida boʻlim boshligʻi lavozimida ishlab yurgan kezlarida Qoʻngʻirot temir yoʻli qurilishi haqida “Choʻldan maktublar” nomli turkum ocherklarini eʼlon qildi.

1948 yili Toshkentga qaytib, 1952 yilgacha gazetalarda faoliyat koʻrsatdi. Moskvadagi oliy adabiyot kursida tahsil oldi. Soʻngra “Toshkent” badiiy adabiyot nashriyotida bosh muharrir, “Toshkent haqiqati”, “Guliston”, “Oʻqituvchilar gazetasi” kabi gazeta va jurnallarda masʼul lavozimlarda ishladi.

Sulton Akbariyning dastlabki sheʼriy toʻplami 1950 yilda eʼlon qilindi. Shundan keyin uning 20 ga yaqin sheʼriy toʻplamlari, dostonlari chop etildi. Ular orasida “Imonim, eʼtiqodim”, “Yaralangan qoʻshiqlar”, “Suluv suluv emas, suygan suluv”, “Shukrona”, “Mehrigiyo”, “Dovon va devon” kabi sheʼriy majmualari alohida ajralib turadi.

Sulton Akbariy mohir dostonnavis sifatida ham koʻplab asarlar yaratgan. Ular orasida ayniqsa, “Girdob” (1964) dostoni kitobxon va adabiy jamoatchilik eʼtiborini qozongan. “Qatagʻon” (1992) dostonida sovet davlatining mudhish siyosati, gʻayriinsoniy boshqaruvining tub mohiyati keskin ochib tashlangan.

Sulton Akbariy tarjimon sifatida ham samarali ijod qilgan. Oʻzbek tiliga oʻgirgan asarlari orasida qirgʻiz eposi “Manas”dan qilingan tarjimalari alohida oʻrin egallaydi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.