Shukrullo (1921)

0
2798
marta koʻrilgan.

Isteʼdodli shoir, nosir va dramaturg Shukrullo (Shukrullo Yusupov) 1921 yilda Toshkentda tugʻilgan. Dastlabki maktab taʼlimini olgach, pedagogika bilim yurtida (1935), soʻngra Toshkent davlat pedagogika institutida oʻqigan.

U turli gazeta va jurnallarda, adabiy-badiiy nashriyotlarda ishladi, oʻqituvchilik qildi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi boʻldi. Shukrulloning dastlabki sheʼrlari urushdan oldin yaratilgan boʻlsa-da, u 40-yilning oxirlarida ijodning katta yoʻliga chiqib oldi.

Uning dastlabki sheʼriy toʻplami “Birinchi daftar” va “Qalb qoʻshiqlari” 1949 yilda nashr etilgan. Shoir 1948 yilda chop etilgan “Chollar” dostonida yangi yerlarni oʻzlashtirishga kirishgan zamondoshlari obrazini yaratdi. Keyinchalik yaratilgan “Ikki qoya” (1964), “26-tongotar” (1970) kabi poemalari bilan oʻzbek dostonchiligi rivojiga munosib ulush qoʻshdi.

Shukrullo ham 50-yil boshlarida qatagʻon jabrini tortdi. Yozuvchi “Kafansiz koʻmilganlar” romanida qamoqda oʻz boshidan kechirgan qiyinchiliklarni, turli adolatsizliklarni bor boʻyi bilan tasvirlagan.

Shukrullo ijodida maʼnaviy-axloqiy masalalarni tasvirlash asosiy oʻrinni egallaydi. Xususan, uning “Hayot ilhomlari”, “Umrim boricha”, “Inson va yaxshilik” (1931), “Inson ‒ inson uchun” (1964) kabi sheʼriy toʻplamlariga kirgan koʻpchilik sheʼrlarida insondagi eng muhim maʼnaviy-axloqiy fazilatlar ulugʻlanadi. Shoirning “Zarralar” (1973), “Suyanchiq” (1977), “Yashagim keladi” (1978), “Sening baxting” (1988) kabi sheʼriy guldastalarida ham hazrati Inson mavzusi bosh oʻrinda turadi.

Shukrullo dramaturg sifatida ham qalam tebratib keladi. Uning “Xatarli yoʻl”, “Tabassum oʻgʻrilari” (1977), “Oʻgʻrini qaroqchi urdi” (1984) kabi dramalari respublika teatrlari sahnalarida namoyish etilgan.

Shukrullo mohir publitsist va nosir sifatida kitobxonlarga maʼlum. Bu oʻrinda uning adabiy-falsafiy maqolalardan tashkil topgan “Qasosli dunyo” (1994) kitobini eslash kifoya. Undagi publitsistik maqolalar turli yillarda yozilgan boʻlsa ham, zamondoshimiz maʼnaviyatini mustahkamlashga xizmat qilishi, uni kamolot sari yetaklashi tabiiydir.

Shukrullo “Javohirlar sandigʻi”, “Kafansiz koʻmilganlar”, “Tirik ruhlar” deb nomlangan xotira-romanlar muallifidir. Ular maʼlum maʼnoda avtobiografik xarakterga ega boʻlganidan oʻz maʼno-mazmuniga koʻra bir-birini toʻldiradi. Bu uchala asarni inson haqidagi, insonga xos va uni bezab turadigan fazilatlarni ulugʻlaydigan romanlar deyish mumkin.

Shukrullo bolalar uchun ham asarlar yaratdi. Uning “Bahor sovgʻasi” (1962), “Yulduzlar” (1964) kabi sheʼriy toʻplamlarida bolalarning takrorlanmas ichki dunyosi, orzu-istaklari, intilish va maqsadlari Vatanga boʻlgan muhabbat tuygʻusi bilan uygʻunlashib ketadi. Ularda doʻstlik, ona tabiat tasviri yetakchilik qiladi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Shukrullo Respublika Davlat mukofoti laureatidir.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.