Sharof Rashidov (1917–1983)

0
3016
marta ko‘rilgan.

Taniqli adib, yirik davlat arbobi Sharof Rashidov 1917 yilning 6 noyabrida Jizzaxda dehqon oilasida tavallud topdi. O‘rta maktabda dastlabki ma’lumotni olgach, 1934 yilda Jizzax pedagogika texnikumida o‘qidi. 1941 yilda Samarqand davlat universitetini tugatganidan so‘ng, mehnat faoliyatini muallim va muxbirlikdan boshladi. 1938–1941 yillarda Samarqand viloyati gazetasida ishladi. 1941–1942 yillarda Ikkinchi jahon urushida qatnashadi. Frontdan qaytgach, 1944–1947 yillarda Samarqand viloyati miqyosida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatadi.

1947–1949 yillarda hozirgi “O‘zbekiston ovozi” gazetasiga muharrirlik qildi. 1949–1950 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, 1950–1959 yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi Rayosatining raisi, 1959–1983 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi lavozimlarida xizmat qildi.

Sharof Rashidov o‘tgan asrning 30-yillaridan badiiy ijod bilan shug‘ullanib, dastlab she’riyatda qalam tebratdi. Uning birinchi she’riy to‘plami “Samarqand kuylari” nomi bilan bosilib chiqdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida yozgan she’rlari 1945 yilda “Qahrim” to‘plamida chop etildi. U ayni chog‘da adabiyotshunos va munaqqid sifatida ham qalam tebratdi.

Adib “G‘oliblar” (1953) qissasini qayta ishlab, 1972 yilda roman shaklida nashr ettirdi. “Bo‘rondan kuchli” romani 1958 yilda, “Qudratli to‘lqin” romani esa 1964 yilda dunyoga keldi. Bu asarlarda xalqimizning urushdan keyingi tiklanish yillaridagi matonatli mehnati badiiy ifodasini topgan.

Ijodkorning “Kashmir qo‘shig‘i” (1957), “Komde va Mo‘dan” (1959) kabi lirik qissalari va “Koinot” (1957) kinoqissasi an’anaviy Sharq dostonchiligi uslubida bitilgan bo‘lib, yoshlik, bahor, go‘zal hayot nashidasi madhiga bag‘ishlangan. Adib hayotining so‘nggi yillarida yaratilgan “Dil amri” qissasi urush yillarida belorus tuprog‘ida jang qilgan o‘zbek jangchilarining hayoti tasviriga bag‘ishlangan.

 

“O‘zbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti 2016) kitobidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.