Sattorxon Abdulgʻafforov (1843-1901)

0
199
marta koʻrilgan.

Sattorxon Abdulgʻafforov Markaziy Osiyoda ijtimoiy tafakkurni rivojlantirish tarixida alohida oʻrin egallaydi. Sattorxon 1843 yili Chimkent shahrida yirik mudarris oilasida tugʻilgan. U 1862 yili Toshkentda “Shukurxon” madrasasini bitirib, 1864 yilgacha Chimkent shahrida muftiylik qilgan. 1873 yili Sattorxon Chimkentda ochilgan birinchi rus-tuzem maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Mana shu vaqtdan boshlab umrining oxirigacha Sattorxon ilm-fan, dunyoviy bilimning tolmas targʻibotchisi boʻlib qoldi.

Sattorxon Chimkentda ikki yil oʻqituvchilik kilgach, 1876 yil aprel oyida Qoʻqon shaxriga qozi qilib tayinlanadi. Oʻsha yili iyul oyida Sattorxon Joʻrabek, Shermuhammad va Abdulla Niyozovlar bilan birga Sankt-Peterburgda Sharqshunoslar Xalqaro sʼyezdida ishtirok etib, olimlar va xalqlar oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik haqida gapirdi.

Sankt-Peterburgdan qaytgach, Sattorxon qozilik vazifasini davom ettirdi va oʻz lavozimidan maʼrifatparvarlik gʻoyalarini roʻyobga chiqarish yoʻlida foydalandi, dunyoviy bilimlarni tinmay targʻib qildi. Sattorxon 1879 yilda Qoʻqon shahar bilim yurtining faxriy nazoratchisi qilib tasdiqlandi. Bu lavozimda ham Sattorxon oʻz burchini sharaf bilan bajardi. “Men, – deb yozgan edi Sattorxon, – har vaqtda musulmonlarni oʻz foydamiz uchun rus tilini oʻrganmoqligi zarur ekanligini bayon qilur edim”.

Sattorxon 1881 yilda Toshkentga qaytib keldi. 1883 yilda u “Turkiston viloyatining gazeti”ga tarjimon boʻlib ishga kirdi va shu davrda Ovroʻpo madaniyati va dunyoviy bilimlarini targʻibot qiluvchi bir qancha maqolalar yozdi. Sattorxon 1884 yildan 1889 yilgacha Toshkent oʻqituvchilar seminariyasida oʻzbek va fors tillaridan dars berdi va oʻzining maʼrifatparvarlik faoliyatini tinmay davom etdirdi. 1889 yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan Turkiston oʻlkasi shaharlarining oʻqituvchilari sʼyezdi ishida faol ishtirok etib, mahalliy yoshlarni yangi maktablarga jalb qilish, bu yoʻldagi barcha toʻsiqlarni tugatish choralari haqida gapirdi. U chorizm maʼmurlarining ayrim tadbirlarini xato deb bilib, ularni tanqid qildi.

1889 yilda Sattorxon Sirdaryo viloyat Soliq komissiyasida tarjimonlik qildi. Bu komissiya 1893 yilda tugatilgach, Sattorxon Chimkent shahriga qaytib, u yerda 1899 yilgacha qozilik lavozimida ishladi. 1899 yilda Toshkentga qaytib kelib, oʻzining vafotiga qadar (1901) shu yerda yashadi.

Sattorxonning hayot yoʻli murakkab yoʻl edi. Bu yoʻlda u ayrim masalalarda ikkilandi ham, lekin ilm-fanni, sharq madaniyati yutuqlarini, Ovroʻpo madaniyatini targʻib qilishda, mamlakatni qoloqliqdan chiqarish zarurligini uqtirishda hech vaqt ikkilanmadi va umrining oxirigacha bu fikrga sodiq boʻlib qoldi. Sattorxon oʻzining maʼrifatparvarlik faoliyatini Furkat, Muqimiy, Zavqiylar bilan hamkorlikda olib bordi. Maʼrifatparvarning ijtimoiy qarashlari uning “Musulmon eshonlar”, “Rossiya istilosiga qadar Qoʻqon xonligining ichki ahvoli haqida qisqacha ocherk” nomli risolalarida va koʻpgina maqola va nutqlarida oʻz aksini topgan.

Sattorxon jamiyat taraqqiyotini ilm-fanda, xalqqa maʼrifat tarqatishda deb bildi. Uning fikricha, aqlga muvofiq har qanday jamiyatning farovon yashashi uchun bilim boʻlmogʻi zarur. Inson nima? U nima uchun yaratilgan va qayerga boradi? Uning baxti nimada? “Bu savollarning kaliti, – deydi Sattorxon, – bilimdadir”.

Sattorxon ilm-fanning kishilik jamiyati taraqkiyotini taʼminlovchi asosiy vositalardan biri ekanligini taʼkidlash bilan birga, uni turli millat va dinga mansub boʻlgan xalklarni birbiriga yaqinlashtiruvchi kuch deb qaraydi. Mana shu fikrga qatʼiy amal qilgan holda Sattorxon oʻz xalqini boshqa xalqlar, jumladan Ovroʻpo xalqlari bilan yaqindan aloqaga kirishishi zarurligini uqtiradi. “Shu tufayli biz umuminsoniy hayot va ilmiy taraqqiyot ishtirokchilari boʻlishimiz mumkin”, deydi u.

Sattorxon oʻz vatandoshlarini maʼrifatga, boshqa tillarni, jumladan, rus tilini oʻrganishga chaqiradi. U oʻz fikrlari taʼsirini kuchaytirish va isbotlash uchun islom dini, shariat qonun-qoidalaridan, oʻzining keng bilimlaridan moxirlik bilan foydalanadi.

Sattorxon mahalliy bolalarni musulmon maktablari bilan bir qatorda rus-tuzem maktablariga jalb qilish zarurligi va bu yoʻlda amaliy choralar koʻrish kerakligini uqtiradi. “Eng avval, – deydi Sattorxon, – bu maktablarga nisbatan kishilarda ishonch hosil qilish zarur. Bu yoʻlda toʻsiq boʻlib turgan sabablardan biri shuki, bu maktablarda musulmonlar manfaatlarini himoya qiladigan va oʻz ishtiroki bilan musulmon yoshlarini tarbiya qilishda ularni zoʻrlik bilan ruslashtirishga qaratilgan maqsad yoʻqligiga kafil boʻladigan, ularni diniy eʼtiqodlariga zarar yetkazmasligini boʻyniga oladigan kishilarning yoʻkligidir. Shuning uchun rus maktablariga musulmon muallimi kiritilib, unga yerliklarning bolalarini mahalliy tilga oʻrgatish va musulmon dinidan boshlangʻich taʼlim berish vazifasi yuklatilsa, mahalliy aholining rus maktablariga nisbatan ishonchsizligi tugatilgan boʻlur edi”. Koʻrinib turibdiki, Sattorxon chor maʼmurlarining “ruslashtirish” siyosatini sezgan va bu siyosatga qarshi norozilik bildirgan.

Sattorxon xalq taqdiriga achindi, uni jaholat va zulmat dunyosidan chiqarish haqida qaygʻurdi, jamiyatdagi adolatsizliklarga nafrat bilan qaradi va oʻzbek xalqining tarqqiyot, mustaqillik uchun olib borgan kurashiga oʻz hissasini qoʻshdi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.